Bugun O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi. Butun umrini ilmu fan ravnaqi yo‘lida sarflagan fidoyi olim, filologiya fanlar doktori Inoyatullo Suvonqulovdan meros bo‘lib qolgan kutubxonani olimning farzandi Matluba Inoyatullo qizi O‘zbekistonda Islom sivilizatsiyasi markaziga topshirdi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan taqdimot marosimida Sivilizatsiya markazi rahbarlari va xodimlari, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon Ishmatbekov, O‘zRFA Til va adabiyot instituti xodimlari akademik To‘ra Mirzayev, professor Ibrohim Haqqul va boshqa olimu ijodkorlar ishtirok etdilar.
Taqdimot marosimini Markaz rahbari Shoazim Minovarov kirish so‘zi bilan ochdi. So‘ng Markaz rahbari o‘rinbosari Shayx Abdulaziz Mansur, professor Ibrohim Haqqul, akademik To‘ra Mirzayevlar so‘zga chiqib, fidoyi olimning bebaho kitoblar jamlangan kutubxonasining ushbu Markazga topshirilgani juda ham savobli ish bo‘lgani, bu kitoblardan qanchadan-qancha ilm ahllari foydalanishlarini gapirib o‘tdilar.
O‘MI Matbuot xizmati
Dunyoda shunday ishlar borki, Alloh taologa suyukli bo‘ladi. Ulardan biri ko‘ngilni shod etish hisoblanadi.
Bu haqda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam bunday marhamat qilganlar: “Alloh taologa farz ibodatlardan keyin eng maqbul ish – musulmon kishining ko‘ngliga surur (xursandchilik) yetkazishdir”.
Darhaqiqat, o‘zga kishining ko‘nglini olish, uni xursand qilish xayrli amallardandir. Hazrati Alisher Navoiy:
Kimki bir ko‘ngli buzug‘ning xotirin shod aylagay,
Oncha borkim, Ka’ba vayron bo‘lsa, obod aylagay, deya bejiz aytmagan.
Musulmonning ko‘ngliga ozor berish esa, xunuk ishlardandir. Bu haqda xalqimizda: “Dilozordan Xudo bezor”, degan naql bor.
Alloh taolo barchamizni o‘zgalarga ozor berishdan saqlab, Alloh taologa suyukli bo‘lgan ishlarni qilishga muvaffaq aylasin!
Ruhiddin Akbarov,
O‘MIning
Qashqadaryo viloyat vakilligi xodimi