Sayt test holatida ishlamoqda!
08 Yanvar, 2025   |   8 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:35
Asr
15:30
Shom
17:14
Xufton
18:33
Bismillah
08 Yanvar, 2025, 8 Rajab, 1446

RO‘ZA – BADAN ZAKOTI

19.12.2019   4202   50 min.
RO‘ZA – BADAN ZAKOTI

“Sovm” so‘zining lug‘aviy ma’nosi yemoq, ichmoq, kalom, sayr-sayohat va boshqa narsalardan tiyilishdir.

Istilohiy ma’nosi – Ramazon oyida Alloh taologa ibodatni qasd qilib, subhdan to quyosh botguncha yeb-ichish hamda shahvoniy hirsini qondirmoqdan o‘zini tiyib turish va shunga niyat qilishdir. Es-hushi, sog‘ligi joyida, balog‘at yoshiga yetgan, shahrida muqim bo‘lgan mo‘minlar hamda pokiza holdagi mo‘minalar tutib berishi shart bo‘lgan farz ibodatdir.

“Ramazon” so‘zi arabcha bo‘lib, bunday nomlanishi hikmatlarini ulamolar bunday izohlaydi:

  1. Yoz oxirida, kuz mavsumining boshlarida yog‘adigan va yer yuzini chang-g‘uborlardan tozalaydigan yomg‘ir ma’nosidagi “ramza” so‘zidan olingan. Bu yomg‘ir yer yuzini tozalaganidek, Ramazon oyi ham mo‘minlarni gunohlardan poklaydi.
  2. Quyoshning shiddatli haroratidan toshlarning qizib ketishi ma’nosidagi “ramaz” so‘zidan olingan. Bunday qizigan toshlar ustida yurgan kishining oyoqlari kuyadi, qiynalib ketadi. Shunga o‘xshash ro‘za tutgan kishi ham ochlik va suvsizlikning mashaqqatini tortadi, ichi yonadi. Qizigan tosh oyoqlarni kuydirganidek, Ramazon ham mo‘minlarning gunohlarini kuydirib, yo‘q qiladi.
  3. Qilich va o‘qlarni charxlash uchun ikkita tosh orasiga qo‘yib, urmoq ma’nosida keluvchi “ramz” so‘zidan olingan. Bu oy Ramazon deyilishiga sabab, arablar bu oyda qilichlarini charxlab, tayyor qilib qo‘yishar edi.
  4. Ba’zilar arab harfi bilan yozilgan “ramazon” so‘zidagi harflarni bunday sharhlagan: “r” harfi rahmat; “m” harfi mag‘firat; “z” harfi (zamon) jannat kafolati; “o” harfi do‘zaxdan omonda bo‘lish; “n” harfi mag‘firatli va halim Zot bo‘lgan Alloh taolo tomonidan bo‘ladigan nur.

Bu ulug‘ ro‘za ibodati hijratning ikkinchi yili Ramazon oyida quyidagi oyat bilan farz qilingan:

يَٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُواْ كُتِبَ عَلَيۡكُمُ ٱلصِّيَامُ كَمَا كُتِبَ عَلَى ٱلَّذِينَ مِن قَبۡلِكُمۡ لَعَلَّكُمۡ تَتَّقُونَ١٨٣

«Ey imon keltirganlar! Sizlardan oldingi (ummat)larga farz qilingani kabi sizlarga ham ro‘za tutish farz qilindi, shoyad (u sababli) taqvoli bo‘lsangiz» (Baqara, 183).

Ushbu oyati karima va Yahyo (alayhissalom) vasiyatlaridan ko‘rinib turibdi, ro‘za ibodati ham xuddi namozdek faqat Muhammad (alayhissalom) ummatlariga emas, balki avval yashab o‘tgan xalqlarga ham farz qilingan. Demak, o‘tmish payg‘ambarlar va ummatlari Alloh uchun uning amriga ko‘ra, o‘zlariga buyurilganidek ro‘za ibodatini ado etishgan, endigi ro‘za navbati Muhammad (alayhissalom) va u kishining ummatlariga. Oyati karima so‘ngida aytilganidek, ro‘za tutish bilan kishi taqvodorlardan bo‘ladi. Ya’ni, yeyish-ichishga halol bo‘lgan barcha nozu ne’matlardan, o‘z juftu haloli bilan lazzatli onlarga berilishdan (garchi ular boshqa vaqtda muboh bo‘lsada) tiyilib yurish orqali nafs tarbiya qilinadi, gunohlardan saqlanishda sabr fazilatini shakllantiradi, sabr esa imonning yarmidir, shaytoni la’inga qarshi kurashgan bo‘ladi. Och qolgani uchun fe’lida ojiz bandaga xos xokisorlik, kamtarlik paydo bo‘ladi, qolaversa, yeyish-ichish, nafs qondirish Alloh taoloning suyukli, pokiza qullari bo‘lmish farishtalarga begonadir, hayvonlarda mavjud bo‘lgan, yuqori turadigan xislat.

Shuningdek, Qur’oni karimda:

۞وَلَقَدۡ كَرَّمۡنَا بَنِيٓ ءَادَمَ وَحَمَلۡنَٰهُمۡ فِي ٱلۡبَرِّ وَٱلۡبَحۡرِ وَرَزَقۡنَٰهُم مِّنَ ٱلطَّيِّبَٰتِ وَفَضَّلۡنَٰهُمۡ عَلَىٰ كَثِيرٖ مِّمَّنۡ خَلَقۡنَا تَفۡضِيلٗا٧٠

«Darhaqiqat, (Biz) Odam farzandlarini (aziz va) mukarram qildik va ularni quruqlik va dengizda (ot-ulov va kemalarga) mindirib qo‘ydik hamda ularga pok narsalardan rizq berdik va ularni O‘zimiz yaratgan ko‘p jonzotlardan afzal qilib qo‘ydik» (Isro, 70), deyilgan oliy maqomda yaralgan bo‘laturib, bu mukarramlikka nodonlarcha, hayosizlarcha dog‘ tushirayotgan ba’zi kishilar sanoqli kunlarda maloikalarga iqtido qiladi, ularga o‘xshagandek bo‘ladi. Shu ma’nodan kelib chiqib, ro‘zadorlar qiyomat kuniga atab yozib borilayotgan nomai a’mollari (amallar yozib boriladigan daftari)ga “taqvodor kishi” deb yoziladi.

Suyukli Payg‘ambarimiz (alayhissalom) bir necha hadisi shariflarida biz mo‘minlarni ro‘zaga targ‘ib qilganlar: “Ey yigitlar jamoasi! Qay biringiz uylanishga qodir, imkoniyatli bo‘lsa, bas uylansin, chunki uylanish kishini ko‘z zinosi, farj zinosidan saqlaydi, kim qodir bo‘lmasa, bas u ro‘za tutsin, chunki ro‘za uning uchun (gunohdan) saqlovchidir” (Muttafaqun alayh).

Ya’ni, ochlik bilan shahvat so‘nib turadi, qon tomirlari torayadi, shayton vasvasasi kesiladi. Chunki Payg‘ambar (alayhissalom): “Albatta, shayton odam bolasining qon tomirida yuradi, shuning uchun uning yo‘lini ochlik bilan toraytiring”, deganlar.

Yuqoridagi oyati karimaning davomida Alloh taolo: “Sanoqli kunlarda”, deya marhamat qildi. Bu Ramazoni sharif oyining kunlari bo‘lib, u ba’zan yigirma to‘qqiz, ba’zan o‘ttiz kundan iboratdir. Bir yilda uch yuz ellik to‘rt kun ichida faqat yigirma to‘qqiz yoki o‘ttiz kungina ro‘zani ado etish Allohning bizlarga bo‘lgan marhamati, albatta. Alloh taolo biz mo‘minlarga osonlikni xohlaydi, qiyinlikni emas. Boshqacha aytadigan bo‘lsak, Alloh bizga xohlagan narsalarning bari oson narsalardir. Agar bir oy emas ikki oy, uch oy, hatto olti oy ro‘za tutishni farz qilganda edi, albatta, biz mo‘minlar uni so‘zsiz ado etgan bo‘lardik. Ammo bu bizga qiyinchilik tug‘dirar edi. Ramazon oyida kun bo‘yi och qolib, chanqab, xohishimizga qarshi borib, nafsga bir mushtlab qiynalishimiz turgan gap, ancha sabr qilishimizga to‘g‘ri keladi. Ko‘pchilik ro‘zador bo‘lgani uchun qo‘li ishga bormay, kunni dam olib o‘tkazishga majbur bo‘ladi. Shu tomondan qarasak, bir oy yetarli deb o‘ylaymiz va bunga shukr qilamiz. Ammo bu muborak oyga ichki tomondan nazar solsak, faqat shu oyga xos fazilatlardan xabardor bo‘lsak, Payg‘ambar (alayhissalom) aytganlaridek, yil o‘n ikki oy Ramazoni sharif bo‘lishini orzu qilgan bo‘lardik. Hadisi sharifda keladi: “Agar ummatlarim Ramazon fazilati va undagi ummatlarimga bo‘ladigan mukofotlar ko‘pligini bilganlarida edi, yil bo‘yi Ramazon bo‘lishini orzu qilishar edi”.

Ramazon oyi hijriy-qamariy yilning to‘qqizinchi oyi bo‘lib, barcha oylarning sultonidir.

Ramazon oyi nima uchun oylar sultoni deyilgan? Bu oyni boshqa oylardan ajratib turuvchi ba’zi jihatlarni keltirib o‘tsak:

  1. Qur’oni karimda nomi ochiq zikr etilgan oy faqat Ramazon oyidir.

﴿شَهۡرُ رَمَضَانَ ٱلَّذِيٓ أُنزِلَ فِيهِ ٱلۡقُرۡءَانُ هُدٗى لِّلنَّاسِ وَبَيِّنَٰتٖ مِّنَ ٱلۡهُدَىٰ وَٱلۡفُرۡقَانِۚ

«Ramazon oyi – odamlar uchun hidoyat (manbai) va to‘g‘ri yo‘l hamda ajrim etuvchi hujjatlardan iborat Qur’on nozil qilingan oydir» (Baqara, 185).

  1. Qur’on mana shu oyda nozil qilingan, Qur’oni karimda zikr qilingan hamda ming oydan xayrli bo‘lgan kecha ham mana shu oydadir.

﴿لَيۡلَةُ ٱلۡقَدۡرِ خَيۡرٞ مِّنۡ أَلۡفِ شَهۡرٖ٣

«Qadr kechasi ming oydan yaxshiroqdir» (Qadr, 3).

  1. Mana shu oyda insonlarga Alloh taolo tomonidan ro‘za tutish farz qilingan. Bu haqda Qur’oni karimda bunday deyilgan:

﴿يَٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُواْ كُتِبَ عَلَيۡكُمُ ٱلصِّيَامُ كَمَا كُتِبَ عَلَى ٱلَّذِينَ مِن قَبۡلِكُمۡ لَعَلَّكُمۡ تَتَّقُونَ١٨٣ أَيَّامٗا مَّعۡدُودَٰتٖۚ

«Ey imon keltirganlar! Sizlardan oldingi (ummat)larga farz qilingani kabi sizlarga ham ro‘za tutish farz qilindi, shoyad (u sabab) taqvoli bo‘lsangiz. Sanoqli kunlarda...» (Baqara, 183–184).

  1. Fitr sadaqasini berish bu oyga xos qilingan.
  2. Taroveh namozi Ramazon oyida o‘qiladi. Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilingan hadisda: “Ramazon kechasining fazilatiga ishonib, savob umidida taroveh namoziga turgan kishining ilgari qilgan barcha gunohlari mag‘firat qilinadi”, deyilgan (Imom Buxoriy).
  3. Ramazon oyining oxirgi o‘n kunini e’tikofda o‘tkazish sunnatdir. Oysha (roziyallohu anho)dan rivoyat qilingan hadisda: “Payg‘ambarimiz Muhammad (sollallohu alayhi va sallam) to Alloh taolo omonatini olmagunicha Ramazon oyining oxirgi o‘n kunligida e’tikof o‘tirishni kanda qilmadilar. So‘ngra, u zotdan keyin zavjalari ham shundoq e’tikof qiladigan bo‘ldi”, deyilgan (Imom Buxoriy).

Alloh taolo mo‘min bandalariga Ramazon oyida ro‘za tutishni farz qilgan.

﴿شَهۡرُ رَمَضَانَ ٱلَّذِيٓ أُنزِلَ فِيهِ ٱلۡقُرۡءَانُ هُدٗى لِّلنَّاسِ وَبَيِّنَٰتٖ مِّنَ ٱلۡهُدَىٰ وَٱلۡفُرۡقَانِۚ فَمَن شَهِدَ مِنكُمُ ٱلشَّهۡرَ فَلۡيَصُمۡهُۖ

«Ramazon oyi – odamlar uchun hidoyat (manbai) va to‘g‘ri yo‘l hamda ajrim etuvchi hujjatlardan iborat Qur’on nozil qilingan oydir. Bas, sizlardan kim bu oyda (o‘z yashash joyida) hozir bo‘lsa, ro‘zani tutsin» (Baqara, 185).

Ro‘za Odam (alayhissalom) davridan beri tutiladi. Avvalgi ummatlar ham ro‘za tutgan. Masalan, Dovud (alayhissalom) bir kun ro‘za tutar, bir kun tutmas edi. Buning eng fazilatli ro‘za ekanini Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam) bildirganlar.

Abdulloh ibn Amr (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) menga: “Allohga eng mahbub ro‘za Dovud (alayhissalom) ro‘zasidir. U bir kun ro‘za tutib, bir kun tutmas edi”, dedilar» (Imom Buxoriy).

Nasroniylarda bir yili ro‘za yilning jazirama issiq oyiga to‘g‘ri keldi. Shunda ularning olimlari bir joyga jamlanib, ro‘zani yilning mo‘tadil fasli bahorga o‘tkazishga qaror qildi. Bunga kafforat sifatida ro‘zaga o‘n kun ilova qilib, ro‘zani qirq kunga chiqardi. Keyinchalik hukmdorlarining xastalanishi yoki oralarida kasallikning tarqalishi tufayli yana o‘n kunga oshirishdi. Keyinchalik ro‘zaning shaklini ham o‘zgartirib, parhez holiga keltirishdi.

Ro‘za tutish Muhammad (alayhissalom) ummatiga hijratdan o‘n sakkiz oy o‘tgach, Sha’bon oyining o‘ninchi kuni, Badr urushidan bir oy oldin farz qilindi. Islomning besh shartidan to‘rtinchisi Ramazon oyi ro‘zasini tutishdir.

Ro‘za tengi yo‘q ibodatdir. Alloh taoloning yer yuzini hisobsiz nozu ne’matlar bilan to‘ldirgani, bandalariga qanchalik mehribon va rahmli ekanini ko‘rsatadi. Ba’zan inson g‘aflat ta’sirida yoki sabablarga berilib, bu haqiqatni ko‘ra olmay, ularni esdan chiqaradi. Ramazon oyida ahli imonlar bir onda jamoatga aylanadi. Azaliy sultonning ziyofatiga da’vat etilib, kechga yaqin “Dasturxonga marhamat”, degan da’vatni kutayotgandek vaziyatga tushadilar. Bu bilan cheksiz marhamat va shafqatga azim ibodat bilan javob qilishadi.

Alloh taolo muqaddas Qur’oni karimda “Ramazon oyi” deb, bu oyning nomini keltirishining o‘zi Alloh taoloning dargohida uning naqadar qadr-qimmatga ega ekaniga dalildir. Insoniyat uchun hidoyat manbai bo‘lmish, haq bilan botilni ajratuvchi ochiq bayonotlar va hujjatlarni o‘zida mujassam qilgan Qur’oni karim ham ushbu muborak oyda nozil qilingan. Bu haqda Qur’oni karimda bunday marhamat qilinadi:

﴿شَهۡرُ رَمَضَانَ ٱلَّذِيٓ أُنزِلَ فِيهِ ٱلۡقُرۡءَانُ هُدٗى لِّلنَّاسِ وَبَيِّنَٰتٖ مِّنَ ٱلۡهُدَىٰ وَٱلۡفُرۡقَانِۚ فَمَن شَهِدَ مِنكُمُ ٱلشَّهۡرَ فَلۡيَصُمۡهُۖ وَمَن كَانَ مَرِيضًا أَوۡ عَلَىٰ سَفَرٖ فَعِدَّةٞ مِّنۡ أَيَّامٍ أُخَرَۗ يُرِيدُ ٱللَّهُ بِكُمُ ٱلۡيُسۡرَ وَلَا يُرِيدُ بِكُمُ ٱلۡعُسۡرَ وَلِتُكۡمِلُواْ ٱلۡعِدَّةَ وَلِتُكَبِّرُواْ ٱللَّهَ عَلَىٰ مَا هَدَىٰكُمۡ وَلَعَلَّكُمۡ تَشۡكُرُونَ١٨٥

«Ramazon oyi – odamlar uchun hidoyat (manbai) va to‘g‘ri yo‘l hamda ajrim etuvchi hujjatlardan iborat Qur’on nozil qilingan oydir. Bas, sizlardan kim bu oyda (o‘z yashash joyida) hozir bo‘lsa, ro‘zani tutsin. Kim bemor yoki safarda bo‘lsa, (tuta olmagan kunlarining) sanog‘i boshqa kunlardadir. Alloh sizlarga yengillikni istaydi, og‘irlikni xohlamaydi. Bu – hisobni to‘ldirishingiz hamda hidoyatga boshlagani uchun Allohga takbir (hamdu sano) aytishingiz va shukr qilishingiz uchundir» (Baqara 185).

عَنْ وَاثِلَةَ بْنِ الْأَسْقَعِ أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: “أُنْزِلَتْ صُحُفُ إِبْرَاهِيمَ عَلَيْهِ السَّلَام فِي أَوَّلِ لَيْلَةٍ مِنْ رَمَضَانَ وَأُنْزِلَتْ التَّوْرَاةُ لِسِتٍّ مَضَيْنَ مِنْ رَمَضَانَ وَالْإِنْجِيلُ لِثَلَاثَ عَشْرَةَ خَلَتْ مِنْ رَمَضَانَ وَأُنْزِلَ الْفُرْقَانُ لِأَرْبَعٍ وَعِشْرِينَ خَلَتْ مِنْ رَمَضَانَ”.

Vosila ibn Asqa (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Rasululloh (alayhissalom): “Ibrohim (alayhissalom)ga sahifalar Ramazonning birinchi kechasida nozil qilindi, Tavrot Ramazonning oltinchi kechasida, Injil Ramazonning o‘n uchinchi kechasida, Furqon (Qur’oni karim) esa Ramazonning yigirma to‘rtinchi kechasida nozil qilindi”, dedilar» (Imom Ahmad).

Ilohiy kitoblarning barchasi Ramazon oyida tushirilishi bu oyning boshqa oylarga nisbatan fazli buyukligiga dalildir. Bashariyatni baxtu saodatga erishtiruvchi muqaddas kitoblarni Ramazon oyida nozil qilgan Alloh jalla va a’lo ularning ikki dunyo saodatiga sabab bo‘ladigan ro‘za ibodatini ham shu oyda ado etilishini farz qildi. Yuqorida kelgan ro‘za haqidagi oyati karimaning davomida aytiladi: “Kim bu oyga shohid bo‘lsa (Ramazon oyiga yetib kelsa), bas, u ro‘za tutsin”. Ya’ni, erkagu ayol, kattayu kichik barobar, balog‘atga yetgan bo‘lsa bas, Ramazon oyiga sog‘-omon yetsa, ro‘zani tutsin.

Ulug‘ ro‘za ibodatini shu oyda ado etish farz qilinishi ham, Ramazonning ulug‘ oy ekaniga dalildir. Mohi Ramazon fazilatini anglatadigan ko‘plab hadisi shariflar vorid bo‘lgan.

عن أَبي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ يَقُولُ: قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: “إِذَا دَخَلَ رَمَضَانُ فُتِّحَتْ أَبْوَابُ الْجَنَّةِ وَغُلِّقَتْ أَبْوَابُ جَهَنَّمَ وَسُلْسِلَتْ الشَّيَاطِينُ”. وفي رواية: “فتحت أبواب الرحمة”.

Abu Hurayra (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Ramazon oyi kirishi bilan jannat eshiklari (bir rivoyatda: rahmat eshiklari) ochiladi, do‘zax eshiklari berkitiladi va shaytonlar zanjirband qilinadi”, dedilar» (Muttafaqun alayh).

Hadisi sharifdan ma’lum, har yil Ramazon oyi kelishi bilan, bu oy barakotidan yuqoridan rahmat eshiklari, Ramazon ahllarining joylari bo‘lmish jannat darvozalari ochib qo‘yiladi, do‘zax eshiklari yopiladi, mo‘minlarni to‘g‘ri yo‘ldan ozdiradigan shaytonlar esa kishanlab qo‘yilar ekan. Bularning bari Ramazon hurmati, ro‘zadorlar hurmati uchun bo‘ladigan go‘zal ilohiy muomaladir. Qolaversa, mo‘minlarga Ramazon hurmatini joyiga qo‘yishlari uchun ibrat, ilohiy darsdir.

Salmon Forsiy (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Sha’bon oyining oxirgi kunida (Sha’bon Ramazondan oldingi oy) Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bizlarga bunday xutba (mav’iza) qildilar: “Ey insonlar! Sizlarga bir muborak oy soya solib turibdi. Bu oyda savobi ming oylik ibodat savobidan ortiqroq bo‘lgan Qadr kechasi mavjud. Bu oyda kunduzi ro‘za tutish farz qilindi, kechasi qoim bo‘lib, ibodat qilish nafldir. Bu oyda kim ixtiyoriy bir yaxshi amal qilsa, unga xuddi farz amalini qilgan savobi berilur, boshqa oyda bunday emas, agar kim, bir farzni ado etsa, unga yetmishta farzni ado etganning savobi berilur. Bu oy sabr oyidir. Sabrning mukofoti esa jannatdir. Bu oy o‘zaro yordam, xayru saxovat, ezgulik oyidir, mo‘min kishining rizqu ro‘zi barakali bo‘ladigan oydir, kim bu oyda bir ro‘zadorga iftorlik bersa, gunohlari kechiriladi, do‘zaxdan ozod bo‘lishiga sabab bo‘ladi, hamda shu ro‘zadorning savobicha ajrga erishadi”.

Shunda biz: “Yo Rasululloh, bir ro‘zadorni ovqatlantirish hammaning ham qo‘lidan kelavermaydi-ku?” deb so‘radik. Rasululloh (alayhissalom): “Men va’da qilgan bu ajru mukofotni bir ro‘zadorga bir qultum suv yoki bir dona xurmo bergan kishiga Alloh nasib etadi. Bu oyning avvali rahmat, o‘rtasi mag‘firat, oxiri do‘zaxdan ozod qilishdir. Bu oyda to‘rt narsani aytib olinglar, bu to‘rt narsadan ikkitasi bilan Rabbingizni rozi qilgan bo‘lasiz. Ular “La ilaha illalloh” bilan istig‘for aytishingizdir! Ikkitasi esa o‘zlaring muhtoj bo‘lgan narsa: Allohdan jannatni so‘rang, do‘zaxdan panoh tilang! Kim bir ro‘zadorning chanqog‘ini qondirsa, qiyomat kuni Alloh taolo uni havzi Kavsardan bir qultum bilan sug‘oradi (shu bir qultum havzi Kavsar sharbatini ichgan) to jannatga kirguncha chanqamas”, dedilar» (Imom Bayhaqiy).

Payg‘ambar (alayhissalom) Ramazon oyi kirishidan oldin bu oyning hurmati, qadr-qimmati haqida chuqur ma’nolarni qamragan purhikmat hadisi shariflarini ummatlariga bayon qildilar.

Bir yillik kechalar ichida eng ulug‘ bir kecha bor, bunda qilingan toat-ibodatlar ming oy, ya’ni bir necha yillab qilingan ibodatlardan afzalroq, (ming oy sakson uch yildan ziyodroq vaqt), savobi ko‘proq, chunki bu kechaning qadr-qimmatini Alloh taolo shu kechada muqaddas Kalomini nozil qilish bilan uni osmonlarga yetkazib qo‘ygan. Bu kechaning Ramazon kechalaridan biri bo‘lishi ham bu oyning fazilati buyukligiga dalildir.

Alloh taolo bu oyning qadrini oshirish uchun yana bir bezak bilan ziynatladi, kim bu oyda bir ixtiyoriy nafl ibodat qilsa, unga farz amalning savobi, bir farzning evaziga esa, yetmishta farz amalining savobini va’da qildi. Aslida, eng ulug‘ savoblar faqat farz amallar uchun beriladi. Boshqa oylarda nafl amalga farzning ana shunday ulug‘ ajri berilmaydi, ammo Ramazon oyida esa Alloh taolo ummati Muhammadiyaga yanada marhamat qildi. Ahli davlat kishilarimiz shu ma’noga muvofiq har yili mollarining zakotini faqat Ramazon oyida berishni odat qilishgani ham bejiz emas.

Rasululloh (alayhissalom) bu oyni sabr-toqat oyi dedilar. Chunki bu oy toat-ibodatni ko‘proq bajarib olishimiz kerak bo‘lgan oy, imtiyozlaridan yaxshigina foydalanib qolishimiz kerak bo‘lgan oydir, buning uchun sabr-toqatli bo‘lish lozim. “Sabrning mukofoti esa jannat bo‘ladi”, deganlar Payg‘ambar (alayhissalom). Mo‘minning maqsadlaridan biri va eng buyugi jannat rohat-farog‘atiga erishish emasmi?! Oyati karimada aytilgan:

﴿قُلۡ يَٰعِبَادِ ٱلَّذِينَ ءَامَنُواْ ٱتَّقُواْ رَبَّكُمۡۚ لِلَّذِينَ أَحۡسَنُواْ فِي هَٰذِهِ ٱلدُّنۡيَا حَسَنَةٞۗ وَأَرۡضُ ٱللَّهِ وَٰسِعَةٌۗ إِنَّمَا يُوَفَّى ٱلصَّٰبِرُونَ أَجۡرَهُم بِغَيۡرِ حِسَابٖ١٠

«(Ey Muhammad!) Mening imon keltirgan bandalarimga ayting: “Parvardigoringizdan qo‘rqing! Bu dunyoda ezgu ish qilgan zotlar uchun (oxiratda) chiroyli (oqibat – jannat) bordir. Allohning Yeri kengdir. Albatta, sabr qiluvchilarga (oxiratda) mukofotlar hisobsiz berilur”» (Zumar, 10).

Bu oyati karimani ba’zi mufassirlar: sabr qiluvchilarga qiyomat kuni ajr-mukofotlari berilayotganda hisoblab o‘tirmasdan birdaniga berib yuboriladi, deb ta’vil qilgan.

Rasululloh (alayhissalom): “Bu muborak oyda mo‘minning rizqi ko‘payadi”, dedilar. Chindan ham, bunga har yili Ramazon oyi kelganda barchamiz guvohmiz. Ro‘zg‘orimiz barakali, savdo va boshqa ishlar yurishgan, bitmayotgan ishlar bitgan, insofsizlar insofga kelib qolgan va hokazo ko‘p ijobiy o‘zgarishlarga guvoh bo‘lamiz. Chunki bu oyda osmon eshiklari ochilib, Alloh taoloning rahmati yog‘iladi.

Ramazon ro‘zasini tutgan birgina ro‘zadorga yengil iftorlik bergan kishining gunohlari kechiriladi (bu ro‘zadorning hurmatidan), biror gunohi evaziga do‘zaxga hukm qilingan vaqtda undan qutulib qoladi. Nafaqat gunohi kechirilib azobdan qutulib qoladi, balki ana shu qiynalib ro‘zani ado etgan kishi oladigan savobni, u qancha olsa, shunchasini nomasiga bitib qo‘yiladi. Bunday ulug‘ mukofotga ozgina ichimlik yoki ozgina yemakni, u xurmomi, uzummi, mayizmi – ro‘zadorga og‘zini ochish uchun bersak bo‘ldi, savobga erishamiz. Faqat bunda ixlos va ana shuning savobiga umid bo‘lishi lozim.

Payg‘ambar (alayhissalom) Ramazonni uch qismga bo‘ldilar – rahmat dahasi, mag‘firat dahasi va do‘zaxdan ozod qilish dahasi. Bu uch dahaning o‘ziga xos fazilati olamlarning Rabbisigagina tegishli bo‘lgan xulqlardir. Ya’ni, rahmat dahasi, bu Alloh taoloning rahmatidir. Alloh taoloning rahmati bandasiga yaxshilikni iroda qilgani, mag‘firati esa xatoyu kamchilik, gunohlarini o‘tib yuborishidir, do‘zaxdan ozod qilish ham faqat u Zotga tegishlidir. Demak, Alloh taolo Ramazonning avvalgi o‘n kunligida ro‘zador mo‘minlarga rahmat nazari bilan boqadi, ularga ko‘p yaxshiliklar nasib etadi. Mag‘firat dahasida esa, kichik gunohlarni kechiradi, uchinchi dahada rahmat-mag‘firatga erishgan mo‘minlar endi do‘zaxdan ozod qilinadi.

Bunday katta va’dalar faqat Ramazonga xosligi bu oyning ulug‘ligiga dalildir. Qolgan o‘n bir oyda qilgan ma’siyatlarimiz, qimmatli vaqtimiz – umrimizni qadriga yetmay, amal daftariga orttirganimiz kir-dog‘lar Ramazon oyi bilan yuviladi. Mohi Ramazon rahmat Payg‘ambari (sollallohu alayhi va sallam)ning ummatlariga Alloh taoloning buyuk tuhfasidir. Uning qadriga yetishimiz, qo‘limizdan kelganicha shukrini ado etishimiz lozim.

Payg‘ambar (alayhissalom) buyurganlaridek, tavhid kalimasi – “La ilaha illalloh”ni ko‘proq aytib olishga harakat qilish kerak. Umr g‘animat, vaqt g‘animat. Gunohlarimizga, Alloh taolo va Rasuli (sollallohu alayhi va sallam)ga qilgan isyonlarimizga tavbayu istig‘forni ko‘paytiraylik. Ayniqsa, Ramazonning sahar chog‘larida bunga e’tibor beraylik.

Shaytonlaru jinlar, Fir’avnu Kisrolar, kofirlaru munofiqlarning borar yeri bo‘lmish jahannamdan ko‘proq panoh tilab olaylik!

Ro‘zadorlarga beriladigan ulkan mukofotlar haqida Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) bunday marhamat qiladilar:

عَنْ سَهْلِ بن سَعْدٍ رضي الله عنه: أَنّ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: “فِي الْجَنَّةِ ثَمَانِيَةُ أَبْوَابٍ بَابٌ مِنْهَا يُسَمَّى الرَّيَّانَ لا يَدْخُلُهُ إِلا الصَّائِمُونَ”.

Sahl ibn Sa’d (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Jannatda sakkizta eshik bor. Ulardan biri Rayyon deb nomlanib, undan faqat ro‘zadorlar kiradi”, dedilar» (Muttafaqun alayh). Qiyomat kuni: “Ro‘zadorlar qani? Rayyonga marhamat”, deyiladi. Bu nidoni eshitgan ro‘zadorlar asta-sekin Rayyonga kirib borishadi. Oxirgisi kirib bo‘lgach, Rayyon eshigi yopiladi, boshqa hech kimga kirishga ruxsat berilmaydi.

عَن أَبِي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صلَّى اللهُ عَلَيهِ وَسَلَّمَ: “كُلُّ عَمَلِ ابْنِ آدَمَ يُضَاعَفُ، الْحَسَنَةُ بِعَشْرِ أَمْثَالِهَا إِلَى سَبْعمِائَةِ ضِعْفٍ...”

Abu Hurayra (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Rasululloh (alayhissalom): “Odam bolasining qilgan har bir yaxshi, ezgu amaliga beriladigan ajr-savobi o‘ndan yetti yuz barobarigacha ko‘paytirib beriladi”, dedilar» (Muttafaqun alayh). Ya’ni, mo‘minning bitta qilgan farz, vojib, sunnat yoki mustahab amali savobi o‘n, ba’zan yetti yuz barobargacha ko‘paytirib yoziladi va qiyomat kunida shuncha mukofot beriladi.

Bu haqda Qur’oni karimda:

﴿مَّثَلُ ٱلَّذِينَ يُنفِقُونَ أَمۡوَٰلَهُمۡ فِي سَبِيلِ ٱللَّهِ كَمَثَلِ حَبَّةٍ أَنۢبَتَتۡ سَبۡعَ سَنَابِلَ فِي كُلِّ سُنۢبُلَةٖ مِّاْئَةُ حَبَّةٖۗ وَٱللَّهُ يُضَٰعِفُ لِمَن يَشَآءُۚ وَٱللَّهُ وَٰسِعٌ عَلِيمٌ٢٦١

«Alloh yo‘lida mollarini ehson qiluvchilar (savobining) misoli go‘yo bir donga o‘xshaydi, u har bir boshog‘ida yuztadan doni bo‘lgan yettita boshoqni undirib chiqaradi. Alloh xohlagan kishilarga (savobini) yanada ko‘paytirib beradi. Alloh (karami) keng va bilimdon Zotdir» (Baqara, 261).

Alloh istagan bandalariga bir necha barobar qilib beradi. Alloh fazlu karami keng, bilguvchidir (ya’ni ushbu oyati karimada qilingan bir yaxshi amal yetti yuz barobar bo‘lib qaytishiga ishora qilinmoqda).

Alloh taolo aytur: “Magar ro‘za amaliga emas (chunki unga bu mukofot ham ozlik qiladi, sababi) ro‘za Men uchundir. Ro‘zador Mening roziligim uchun yeb-ichish va shahvatini qondirmoqdan o‘zini tiydi, shundoq ekan uning ajrini Men O‘zim beraman”. Bandai mo‘minning barcha ibodati Alloh taolo uchun bo‘lsa-da, bu o‘rinda Alloh taoloning: “Ro‘za Men uchundir” deb uni istisno qilishidagi ayni haqiqatu hikmatni yolg‘iz Allohning o‘zi bilsada, ulomalarimiz bu haqda ba’zi fikrlarni aytib o‘tishgan, masalan, Qurtubiy bunday deydi: “Boshqa ibodatlar xatti-harakatlardan iborat bo‘lgani uchun aksar hollarda riyo aralashishi mumkin. Ammo ro‘za ibodati esa, harakatdan xoli, shuning uchun u riyodan ham xoli bo‘ladi”.

“Uning mukofotini O‘zim beraman” deyishidagi hikmatu haqiqatni ham Alloh taoloning O‘zi biladi. Barcha amallarning ajru mukofotini O‘zi berishi barchamizga ma’lum, biroq bundan ro‘za mukofotini O‘zim beraman, deb istisno qilishi, ro‘za mukofotining juda ulug‘ ekani va ajri hisobsiz bo‘lishini bildiradi.

Qur’oni karimda:

﴿قُلۡ يَٰعِبَادِ ٱلَّذِينَ ءَامَنُواْ ٱتَّقُواْ رَبَّكُمۡۚ لِلَّذِينَ أَحۡسَنُواْ فِي هَٰذِهِ ٱلدُّنۡيَا حَسَنَةٞۗ وَأَرۡضُ ٱللَّهِ وَٰسِعَةٌۗ إِنَّمَا يُوَفَّى ٱلصَّٰبِرُونَ أَجۡرَهُم بِغَيۡرِ حِسَابٖ١٠

«(Ey Muhammad!) Mening imon keltirgan bandalarimga ayting: “Parvardigoringizdan qo‘rqing! Bu dunyoda ezgu ish qilgan zotlar uchun (oxiratda) chiroyli (oqibat – jannat) bordir. Allohning Yeri kengdir. Albatta, sabr qiluvchilarga (oxiratda) mukofotlar hisobsiz berilur» (Zumar, 10), oyatidagi “sabr qiluvchilar” so‘zini mufassirlar “ro‘zadorlar” deb tafsir qilgan.

Hadisi sharifda aytiladi: “Ro‘zador uchun ikkita shodlik bor, birinchi shodligi: kun botgach og‘iz ochib, iftorlik qilayotganda bo‘ladi”. Ya’ni, Alloh taolo bergan nozu ne’matlardan yeb-ichib, ochligi va chanqog‘i ketadi, tabiiy bir surur paydo bo‘ladi, qolaversa, ro‘zani to‘la ado etdi, ibodatini tugatdi, bunga albatta shodlanadi. “Ikkinchi shodligi: Parvardigorga yo‘liqqan vaqtda bo‘ladi”. Chunki u Alloh taolo amriga itoat etib ro‘zani ado etgan. Rabbisiga isyon qilishdan qo‘rqib, Uning yuzini istab ma’lum bir rohatlardan tiyilgan edi. Ilohiy ma’noga ega maxsus ibodatni xolis Alloh taolo uchun bajardi, ana endi Rabbisining huzuriga borganda shunday ulug‘ mukofotlar oladi, u ko‘zi ko‘rmagan, qulog‘i eshitmagan, hatto xayoliga kelmagan mukofot bo‘ladi.

“Ro‘zadorning og‘zidan keladigan hid Alloh taolo huzurida mushkdan ham ko‘ra yoqimliroqdir”.

“Sizlardan birortangiz ro‘za tutsa behayo so‘zlarni aytmasin, so‘kinmasin va ovozini ko‘tarmasin, bordi-yu uni birov so‘kib, haqorat qilsa yoki urishmoqchi bo‘lsa, unga: “Men ro‘zadorman!” desin” (Muttafaqun alayh).

Hozirgi kunda ko‘pchiligimiz, ayniqsa, yoshlarimiz o‘zaro, shunchaki muomalada ham so‘kinishi bir-biriga baqirib haqoratlashi sir emas. Shunday ulug‘ Ramazon oyida oila boshliqlari ham jufti halollarini “shirin haqoratlar” bilan siylab turishi, bozor va do‘konlardagi xaridor hamda sotuvchi o‘rtasidagi, atrofdagilarni lol qoldiradigan tomoshalarini har kuni uchratish mumkin, na uning va na buning ro‘zadorligi xayoliga keladi.

Azizlar! Barchamiz Muhammad (alayhissalom) ummatlarimiz, ul zot bizning foydamizni ko‘zlab aytgan har bir so‘zlari, pand-nasihatlariga jon qulog‘imizni tutib amal qilsak, ikki dunyo saodatiga erishamiz. Ramazondan boshqa oylarda rosa chegaradan chiqib oldik, endi bu ulug‘ oyning hurmatiga rioya qilaylik. Ro‘za tutdikmi, ro‘zadek og‘ir-vazmin bo‘laylik, sabr oyidamiz. Shuning uchun turli asabbuzarlikka yo‘l qo‘ymay, sabrli bo‘laylik. Bunday holatlarda og‘zimiz berkligini xoh tilimiz yoki dilimiz bilan aytishga uyalmaylik, shunday qilsak, har qanday holat yaxshi tomonga o‘zgaradi.

Jumhur fuqaholar ittifoq qilib aytgan: “Ro‘za va ro‘zadorga tegishli oyati karima va hadisi shariflarda aytilgan va’dalar, ro‘za hurmatini qilib, til va amalda gunohlardan o‘zini tiygan kishiga beriladi”. Bunga quyidagi hadisni dalil keltirish mumkin:

عن أبي هريرة رضي الله عنه قال: قال رسول الله صلَّى الله عَلَيهِ وَسَلَّمَ: “مَن لَمْ يَدَعْ قولَ الزُّورِ والعمَلَ بِهِ فَليسَ للهِ حاجةٌ فِي أَن يَدَعَ طَعَامَهُ وشَرَابَهُ”.

Abu Hurayra (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Rasululloh (alayhissalom): “Kim yolg‘on so‘zni va yolg‘onga amal qilishni to‘xtatmasa, Alloh taolo uning yemay-ichmay qo‘yishiga muhtoj emas”» (Imom Buxoriy, Abu Dovud va Termiziy).

Ibn Hajar Asqaloniy: “Albatta, Alloh taolo hech narsaga muhtoj emas. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning bunday deyishlari majoziy ma’noda bo‘lib, uning tutgan ro‘zasi maqbul emasligi, bunday ro‘zador ilohiy lutfdan benasib qolishini bildiradi”, degan.

Yana bir hadisi sharifda g‘iybatdan ro‘zani ochilishi aytilgan. Bu haqda jumhur ulamolar: “Ro‘zador halol narsalardan ro‘za tutib, g‘iybatga o‘xshash haromlardan tiyilmagan bo‘lsa-da, tutgan ro‘zasi ochilmaydi, gardanidan ro‘za soqit, ammo savobidan mahrum bo‘ladi”, degan.

Ro‘za tutgan kishi ma’naviy ro‘zani ham tutmog‘i lozim. G‘iybat, bo‘hton, yolg‘on, chaqimchilik va shunga o‘xshash boshqa yomon xulqlar shariatimizda taqiqlangandir. Bulardan mo‘min odam nafaqat Ramazon oyida, balki boshqa vaqtda ham saqlanishi kerak. Ramazon ro‘zasida esa umuman qilmaslik lozim. Aks holda fahsh va munkar ish qilib yurgan namozxonning o‘qigan namozidan foyda bo‘lmaganidek, g‘iybat, yolg‘onga o‘xshash harom ishlarni qilgan ro‘zadorning ham tutgan ro‘zasidan foyda bo‘lmaydi. Shu o‘rinda Imom Muhammad G‘azzoliy (rahmatullohi alayh)ning mavzuga doir so‘zlarini keltirsak: “Ro‘zaning darajasi uchta bo‘lib, birinchisi ko‘pchilik mo‘minlar tutadigan ro‘za, bu avvalda tafsiloti o‘tgandek, qorin va farjni man qilingan narsalardan tiyib turish, xolos. Ikkinchi darajasi, xos kishilarning tutgan ro‘zasi bo‘lib, nafaqat qorin va farjni, balki bularga qo‘shib quloq, ko‘z, til, qo‘l va oyoq, hamda boshqa a’zolarni ham gunohlardan tiyishdir (ya’ni butun a’zolarning tutgan ro‘zasi). Uchinchi darajasi, xos kishilarning ham xosroqlari tutgan ro‘za bo‘lib, bu avvalgi har ikki darajaga qo‘shimcha, qalbni ham past tuban narsalarni hazm qilishdan, dunyo g‘amu tashvishlaridan, umuman, Alloh taolodan boshqa barcha narsalarning tafakkuridan tiyib turishdir. Bu eng yuqori saviyali ro‘za bo‘lib, unda Alloh va oxiratdan boshqa narsa haqida fikrlasa, ro‘za ochiladi. Bu xil ro‘za payg‘ambar va siddiqlarning ro‘zasi. Ikkinchi darajali ro‘za solih – oqillarning ro‘zasidir. Ularning barcha a’zolari harom va makruhlardan saqlanib ro‘za tutadi. Islom shariatida bizdan shu xil ro‘za talab etiladi”.

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: “مَنْ صَامَ رَمَضَانَ إِيمَانًا وَاحْتِسَابًا غُفِرَ لَهُ مَا تَقَدَّمَ مِنْ ذَنْبِهِ”.

Abu Hurayra (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Qaysi bir mo‘min ro‘za farzligi uchun va uning savobidan umidvor bo‘lib Ramazon ro‘zasini tutsa, o‘tgan gunohlari kechiriladi”, dedilar» (Muttafaqun alayh).

Bu va’dalar birovning rioyasi uchun, otasidan, akasidan yo eridan qo‘rqqani uchun va yoki kelinimi, boshqasidanmi uyalgani uchun ro‘za tutgan kishi va yana tutayotgan ro‘zasi dardiga shifo yoki og‘irligini yo‘qotish ma’nosidagi parhez va boshqa shunga o‘xshash dunyoviy, ko‘ngil mayllari sabab ro‘za tutgan kishi uchun emas.

عَن أَبِي هُرَيْرَةَ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: “إِنَّ اللَّهَ لَا يَنْظُرُ إِلَى صُوَرِكُمْ وَأَمْوَالِكُمْ وَلَكِنْ يَنْظُرُ إِلَى قُلُوبِكُمْ وَأَعْمَالِكُمْ”.

Abu Hurayra (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Alloh taolo sizlarning tashqi ko‘rinishingizga yoki molu davlatingizga nazar qilmas, balki qalbingizga (undagi niyat, qasdingizga) va qilayotgan amallaringizga qaraydi”, dedilar» (Imom Muslim).

Ushbu hadisi sharifda Payg‘ambar (alayhissalom) bizlarni ilohiy o‘lchovlarning biridan xabardor qildilar. Alloh taolo shu o‘lchovi bilan mo‘min bandalarini ham, ularning ibodatlarini ham sarhisob qiladi. Alloh taolo bandasiga qalbiga va qilgan ishlariga qarab baho beradi. Qalb niyat, maqsad, ixlosning makonidir. Shunga ko‘ra, qilingan har qanday ibodatga zarracha riyo qo‘shilsa, u ma’siyatga, ilohiy nazarda jirkanch ishga aylanadi, aksincha, har qanday dunyoviy ish sof niyat va ixlosdan kelib chiqsa, u savobli amalga aylanadi.

Abu Said Xudriy (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Payg‘ambar (alayhissalom): “Qaysi bir banda Alloh taolo yo‘lida bir kun ro‘za tutsa, Alloh azza va jalla shu bandasining yuzini do‘zaxdan yetmish yillik masofaga uzoqlashtiradi”, dedilar» (Muttafaqun alayh).

Bu hadisi sharifda ham ikki narsaga e’tibor berishimiz kerak, chunki Payg‘ambar (alayhissalom) katta marhamatni va’da qilyaptilar. Birinchidan, tutiladigan ro‘za Alloh yo‘lida va Uning roziligi uchun bo‘lishi kerak, ozgina ham riyo aralashmasligi uchun iloji boricha birovga bildirmaslik lozim. Ikkinchidan, bu hadisda yuqorida xoslaganlari kabi Ramazonga xoslamadilar, balki umumiy qilib “kim bir kun ro‘za tutsa” dedilar. Demak, Ramazon ro‘zasimi, har hafta dushanba, payshanba kunlari yoki har oy o‘rtasida uch kun tutiladigan ro‘zami, bularning bariga mazkur ilohiy marhamat birdek tegishlidir.

Alloh taolo ro‘za oyatining davomida bunday deydi: “Sizlardan biror kishi bemor yoki safarda bo‘lsa (ular tutolmagan ro‘za kunlarining) sanog‘ini boshqa kunlarda tutadi”. Alloh taolo biz mo‘minlarga ro‘zani farz qilgan farmoni oliysida O‘zining Latif (bandalariga lutf ko‘rsatuvchi) Zot ekanini ham uqtirgan. “Barcha mo‘minga Ramazonda ro‘za shart”, degandan so‘ng bemor, musofir, keksa yoshli mo‘minlarga lutf ko‘rsatdi. Ya’ni, ular Ramazon ro‘zasini tutmasliklariga ruxsat berdi. Keyingi kunlarida bemor kasalidan tuzalsa, musofir muqim bo‘lsa, keksalarimiz ham kuch-quvvatga kirib qolishsa, necha qun qazo qilishgan bo‘lsa, bir kuniga bir kun tutib berishadi.

Oyati karimadagi ro‘za tutmaslik ruxsati tekkan bemorga: ro‘za tutish bilan kasali cho‘zilishi, zo‘rayishi ehtimoli bo‘lgan har qanday xastalar, hayz va nifosdagi ayollar kiradi. Kasalligi tuzalgach, ayollar poklangach qazo ro‘zalarini tutishlari shart. Ya’ni, bir kuniga bir kun tutishadi.

Oyati karimadagi “Ro‘zaga qiynaladigan kishilar”ga yoshi ulug‘ otaxon va onaxonlar hamda homilador va emizikli ayollar kiradi.

Ro‘za tutishga yaramaydigan keksalarimiz tutmagan bir kun ro‘zalari o‘rniga bir miskin qornini (o‘rtacha taom bilan) to‘yg‘azishadi yoki shu taom pulini to‘lashadi. Bu oyati karimadagi aytilgan narsa “fidya” deyilib, uning miqdori xuddi fitr sadaqasidek ikki kilo bug‘doy puliga teng. Saxovat qilaman degan keksalar fidya miqdorini oshirishlari mumkin. Bu, aslida, oyati karimada aytilganidek o‘zlariga yaxshidir. Homilador va emi­zikli ayollar fidya bermaydi, balki ro‘zani qazo qilib tutadi.

Oyati karima so‘ngida: “Agar bilsangiz, ro‘za tutishingiz o‘zlaring uchun yaxshiroqdir” deyildi, ya’ni bu: ey mo‘minlar, agar ro‘za tutishdagi behisob hasanot-darajot, maqom-martabalarni hamda ruhiy chiniqish, jismoniy sog‘lomlikdan iborat foydalar aniqligini bilganingizda edi, albatta, Ramazon ro‘zasini tutishni ixtiyor qilgan bo‘lur edingiz, deganidir.

Ro‘zadorga ko‘plab va’da va ilohiy marhamatlarni bashorat qilgan Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) uni uzrsiz tutmaslik yoki ochib yuborishdan qattiq qaytarganlar.

Abu Hurayra (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Payg‘ambarimiz (alayhissalom): “Kim Ramazondan bir kunni ruxsatsiz va kasalliksiz tutmasa, keyin umr bo‘yi ro‘za tutib o‘tsa ham, o‘sha kun ro‘zasini tutib bera olmaydi”, dedilar» (Imom Buxoriy va Sunan egalari).

Ro‘za oyida ro‘zaga qodir bo‘la turib, masalada aytilgan uzrlardan hech biriga sohib bo‘lmagan kishi ro‘za tutmasa, demak, u Ramazonni mensimagan, ro‘za hurmatini oyoq osti qilgan bo‘ladi.

Imom Zahabiy “Al-kaboir” asarida: “Farzlarni qasddan tark qilish, kabira gunohlardan, ro‘zani beuzr tutmaslik zino va aroqxo‘rlikdan ham yomonroqdir”, degan. Zahabiy (rahmatullohi alayh)ning fikri to‘g‘ri, chindan ham Allohning amrini, ya’ni farz amallarini bajarmaslik, bandalar qilmasliklari kerak bo‘lgan gunohni qilib qo‘yishdan yomonroq, bunga Odam (alayhissalom) va Iblis la’in voqeasi misol bo‘ladi.

Buyuk xulq sohibi Payg‘ambar (alayhissalom): “Allohning xulqi bilan xulqlaninglar”, degan ekanlar. Alloh taolo o‘ta marhamatli, karami keng Zot. Payg‘ambar (alayhissalom) o‘zlari ham barcha eng go‘zal xulqlarga ega ekanlari Qur’oni karimda zikr etilgan.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning ana shunday xulqlaridan biri saxovatlilik edi.

Abdulloh ibn Abbos (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: “Payg‘ambar (alayhissalom) odamlarning eng saxovatlisi edilar. Ayniqsa, Ramazon oyida Jabroil (alayhissalom) u zotning huzurlariga kelgan paytda yana ham saxovatpesha bo‘lar edilar. Jabroil (alayhissalom) Ramazonning har kechasida Payg‘ambar (alayhissalom) oldilariga kelar va Qur’on ilmini o‘rgatar edi. Rasululloh (alayhissalom)ning olihimmatliklari esayotgan sha­moldan ham tezroq edi” (Muttafaqun alayh).

Saxiylik, qo‘li ochiqlik, olijanoblik – berishga loyiq bo‘lgan narsani berish mumkin bo‘lgan kishiga berishdir.

Payg‘ambar (alayhissalom) qo‘llari ochiq, juda himmatli bo‘lganlari to‘g‘risida ko‘plab ishonchli rivoyatlar vorid bo‘lgan, ushbu hadis shular jumlasidandir:

Abu Hurayra (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Payg‘ambarimiz (alayhissalom): “Saxovatli kishi Allohga yaqin, jannatga yaqin, odamlarga yaqin va do‘zaxdan uzoqdir, baxil kishi Allohdan uzoq, jannatdan uzoq, odamlardan uzoq va do‘zaxga esa yaqindir. O‘zi johil, biroq saxiy bo‘lgan kishi Allohga obid bo‘lsa-da, baxil bo‘lgan kishidan sevikliroqdir”, dedilar» (Imom Termiziy).

Barcha go‘zal xulqlarni o‘zlarida mujassam qilgan Payg‘ambar (alayhissalom) saxovat fazilatida ham ummatlariga namuna edilar. U zot (sollallohu alayhi va sallam)ning saxiyliklari ulug‘ Ramazon oyida yana ham ko‘p va tez bo‘lardi, hatto shamol tezligidan o‘tardi. Bunga birinchidan, muborak oyning kelishi sabab bo‘lsa, ikkinchidan, ilohiy ilmni Jabroil (alayhissalom) bilan takror qilishlaridir.

Jabroil (alayhissalom) Ramazonning har kechasi kelib, Payg‘ambar (alayhissalom)ga Alloh taoloning ilmini yaxshilab o‘rgatar, tushuntirar edi, shu zahoti u zot (sollallohu alayhi va sallam) xotiralariga o‘chmas bo‘lib muhrlanardi. Shu sabab bo‘lib, Payg‘ambar (alayhissalom) himmatlari dengizdek mavj urardi.

Hadisdan olinadigan ba’zi foydalar:

Har qanday vaqtda saxovatli bo‘lish, ayniqsa, Ramazon oyida ko‘proq himmatli bo‘lish, ahli fazl kishini ko‘proq ziyorat qilish, Qur’on ilmi va tilovatiga berilish juda katta savoblarga noil bo‘lishga sabab bo‘ladi.

Ramazoni sharif Alloh taoloning oyi, Qur’oni karim oyi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) ham har yil Ramazon oyida Qur’onni Jabroil (alayhissalom)ga boshdan oxirigacha o‘qib, o‘tkazib olar ekanlar. Shundan kelib chiqib, yer yuzi musulmonlariga har Ramazonda masjid va xonadonlarda Qur’on tilovat qilish, uni xatm qilish sunnat bo‘ldi.

Ramazonning har kechasida xuftonning farzidan keyin, vitrdan oldin yigirma rakat namoz o‘qish sunnati muakkadadir. Bu taroveh namozi deyiladi.

Bu haqda Payg‘ambar (alayhissalom)dan quyidagi hadis vorid bo‘lgan:

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: “مَنْ قَامَ رَمَضَانَ إِيمَانًا وَاحْتِسَابًا غُفِرَ لَهُ مَا تَقَدَّمَ مِنْ ذَنْبِهِ”.

Abu Hurayra (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Kim imon bilan savob umidida Ramazon kechalari qoim bo‘lsa, o‘tgan gunohlari kechiriladi”, dedilar» (Muttafaqun alayh).

Ramazon oyida tun oxirida subhdan oldin saharlik qilish mustahab bo‘lib, ko‘p ajrli amaldir.

عَنْ أَنس بن مالك رضي الله عنه قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: “تَسَحَّرُوا فَإِنَّ فِي السَّحُورِ بَرَكَةٌ”.

Anas ibn Molik (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Saharlik qilinglar, chunki saharlikda baraka bor”, dedilar» (Muttafaqun alayh).

عَنْ عَمْرِو بن الْعَاصِ رضي الله عنه: أَنّ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: “فَصْلُ مَا بَيْنَ صِيَامِنَا وَصِيَامِ أَهْلِ الْكِتَابِ أَكْلَةُ السَّحَرِ”.

Amr ibn Os (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Bizning ro‘zamiz bilan ahli kitoblarning ro‘zasi o‘rtasidagi farq saharlik qilishdir”, dedilar» (Imom Muslim).

Demak, musulmonlar ro‘zasining ahli kitoblar ro‘zasidan farqi bo‘lib, u saharlik qilishdir. Ahli kitob – yahudiy va nasorolarda saharlik yo‘q edi. Shuning uchun saharlik qilish fazilatli ish bo‘lib, ba’zi rivoyatlarda aytilganidek, bir qultum suv bilan bo‘lsa ham saharlik qilish kerak.

عَنْ سَهْلِ بن سَعْدٍ: أَنّ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: “لا يَزَالُ النَّاسُ بِخَيْرٍ مَا عَجَّلُوا الْفِطْرَ”.

Sahl ibn Sa’d (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Modomiki, odamlar iftorlik qilishga shoshilsalar, doim yaxshilikda bo‘lishadi”, deb marhamat qildilar» (Muttafaqun alayh).

Demak, og‘iz ochish vaqti bo‘lishi bilan iftorlik qilishimiz kerak. Bu sunnat bo‘lib, shom o‘qishdan oldin bir oz nafsni o‘ldirgudek taomlanib olishimiz ko‘p yaxshilikka erishishimizga uzviy bog‘liq ekan.

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَقَالَ اللَّهُ تَبَارَكَ وَتَعَالَى: “أَحَبُّ عِبَادِي إِلَيَّ أَعْجَلُهُمْ فِطْرًا”».

Abu Hurayra (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam) aytdilar: “Alloh taolo: “Menga (ro‘zador) bandalarim ichida mahbubrog‘i iftorlikka shoshilganidir”, dedi”» (Imom Termiziy).

Chunki yahudiy va nasorolar iftorlikni kechiktirardi. Biz mo‘minlar ularga xilof ravishda, iftorlikni qasddan kechiktirmasligimiz lozim.

Qur’ondagi “inzol” so‘zi birdaniga tushirish ma’nosini anglatsa, “tanzil” so‘zi esa, bo‘lib-bo‘lib tushirish ma’nosini anglatadi. Qur’oni karim yigirma uch yil davomida bo‘lib-bo‘lib nozil qilingani barchaga ma’lum. Lekin oyatda birdan nozil qilindi, deyilishining sababi:

  1. Ko‘pchilik tafsirlarda kelgan rivoyatlarga ko‘ra, Qur’on Ramazon oyining muborak Qadr kechasida dunyo osmoniga bir martada nozil qilindi. Keyin yigirma uch yil davomida bosqichma-bosqich, bo‘lib-bo‘lib, yer yuziga tushirildi. Demak, Qur’on dunyo osmoniga Ramazon oyining Qadr kechasida to‘lig‘icha nozil qilindi.
  2. Qur’on bu oyda nozil bo‘la boshladi. Chunki “hammasini zikr qilish ba’zisini ham o‘z ichiga oladi” qoidasiga ko‘ra amalga oshiriladi.

Oyatdagi “...Qur’on nozil qilingan oydir” so‘zidan murod, Ramazon oyidir. Albatta, Qur’oni karimda bu muborak oydan tashqari Allohning maqtoviga sazovor bo‘lgan boshqa biron bir oy ochiq aytilmagan. Ha, Ramazon shunday muborak va ulug‘ oydir. Shu sababli ro‘zaning farz qilinishi Ramazon oyiga xos qilingan. Maz­kur sanoqli va chegarali kunlar ham mana shu muborak Ramazon oyining kunlaridir. Oyatda “...Kim bu oyda (o‘z yashash joyida) hozir bo‘lsa, ro‘zasini tutsin”, deyilmoqda.

Ramazon ro‘zasini tutish Qur’on va u nozil bo‘lgan oyga hurmatning ifodasidir.

Ramazon Qur’on oyidir. Bu oyda nafsoniy istaklarni tark etib, yeyish va ichishdan voz kechish orqali inson farishta sifati bilan sifatlanadi. Bu bilan u Qur’onni xuddi hozir nozil bo‘lgandek tilovat qilish va eshitish, hatto bu ilohiy xitobni Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)dan eshitayotgandek, balki Jabroil (alayhissalom)dan, balki azaliy kalom Sohi­bi­dan eshitishdek holatga muyassar bo‘lishi mumkin.

Alloh taolo Qur’oni karimda insonga xitob qilmoqda. Bu inson uchun eng buyuk sharafdir. Qur’onga hurmat va ehtirom ko‘rsatish uni chiroyli qilib uyning to‘riga osib qo‘yish bilan bo‘lmaydi. Agar sizga ulug‘ kishilarning biridan maktub kelsa, siz uni tarjimonlar yordamida bo‘lsa ham o‘qishga, mazmunini bi­lishga harakat qilasiz. Maktubni ochmasdan, chetga olib qo‘yish aqlli kishining ishi emas. Qur’onda sizga butun olamlar Rabbi xitob qilmoqda. Qur’onni o‘qish va uqish, ma’nosini anglashga harakat qilish insonning eng muhim vazifasidir. Ramazon oyi buni amalga oshirishning eng fayzli va barakali paytidir.

Ramazonda butun Islom olami azim masjid ko‘rinishini oladi. Bu shunday masjidki, hofizlar har tarafdan Qur’on tilovat qilib, ilohiy kalomni zamin ahliga eshittiradi. Har Ramazonda Qur’on o‘z oyatlarini yanada nurli va porloq tarzda ko‘rsatishi, Ramazonning Qur’on oyi ekanini isbotlaydi. Bu ulug‘ jamoatning qolganlari huzur bilan Qur’oni karim xatmlarini ting­laydi, boshqalar esa o‘zlari tilovat qiladi. Shunday vaziyatdagi muqaddas masjidda o‘z nafsiga tobe bo‘lib, yeyish-ichish bilan bu halqadan chiqish qanchalik beodoblik va jamoatning ma’naviy nafratiga duchor bo‘lishga sababchi esa, xuddi shunga o‘xshab, Ramazonda ro‘zadorlarga muxolifotda bo‘lish ham Islom olamining ma’naviy tanbehiga duchor bo‘lishiga sabab bo‘ladi.

Ramazonda qilingan har bir amalga ming savob yoziladi.

Hadislarda bildirilganidek, Qur’onning har bir harfiga o‘n savob bor. O‘nta yaxshilik yozilib, o‘nta jannat mevasi beriladi. Ramazonda har bir harfga o‘n emas, ming, oyatul kursiy kabi oyatlarning har bir harfiga minglab va Ramazon jumalarida bu yanada ko‘proq, “Laylatul Qadr” kechasida esa, o‘ttiz ming savob beriladi. Har bir harfi o‘ttiz ming boqiy jannat mevalarini beruvchi Qur’oni karim shunday bir munavvar daraxt, Ramazonda son-sanoqsiz mevalarni mo‘minlarga taqdim etadi.

Endi ayting, shunday foydali boqiy tijoratdan uzoq turganlar, bu muborak harflarning qadriga yetmaganlar qanchalik zarar qilishgan bo‘ladi?!

Ramazon oxirat tijorati uchun ochilgan g‘oyat foydali bozorga o‘xshaydi. U oxirat hosilini ekish uchun serunum tuproq, amallarning unib-o‘sishi uchun bahor yomg‘iriga o‘xshaydi. Alloh taolo huzurida bandaligimizni namoyon qilib, bezanadigan eng aziz va ulug‘ bayram kabidir. Modomiki shunday ekan, yeyish-ichish kabi nafsni g‘aflatda qoldiruvchi jismoniy istaklarni jilovlash uchun ro‘za tutishga buyurilgan. Bu bilan inson go‘yo vaqtincha jismoniylikdan chiqib farishtaga aylangandek bo‘ladi. Oxirat tijoratiga yo‘nalgani uchun dunyoviy tashvishlarini bir chetga surib, ruhiy parvozga shaylanadi.

Ramazon bu foniy dunyoda, foniy umrda va qisqa bir hayotda boqiy umr, abadiy hayotni bizga taqdim etadi. Qadr kechasi sakson uch yildan ko‘proq umrning samarasini berishi mumkin. Bu haqiqatga Qadr kechasining ming oydan xayrli ekanini bildirgan Qur’on hujjatdir.

Dunyo mamlakatlarida ham ba’zi bir muhim kunlar, yubileylar bayram sifatida keng nishonlanadi. O‘sha kunda davlat boshlig‘i o‘z xalqiga odatdagidan boshqacharoq muomala qiladi. Qabul marosimlari uyushtiradi, mukofotlar beradi, umumiy afv e’lon qiladi.

Modomiki, Ramazon shunday bayram ekan, albatta, shahvoniy va nafsoniy harakatlardan tiyilish uchun insonlarga ro‘za tutish buyurilishi kerak. Ro‘zaning eng mukammali esa, oshqozon ro‘za tutganidek, boshqa a’zolar – ko‘z, quloq, qalb, xayol, fikr kabilarga ham ma’lum ma’noda ro‘za tuttirish bilan bo‘ladi. Ya’ni, haromlardan va bo‘lmag‘ur narsalardan uzoq turish va har bir a’zo ibodat qilishi lozim. Masalan, tilni g‘iybat qilish, yolg‘ondan saqlash yo‘li bilan ro‘za tuttirish hamda Qur’on tilovati, zikr, tasbeh, salavot va istig‘for aytish bilan ibodat qildirish kerak. Ko‘zni nomahramga qarashdan va quloqni yomon narsalar eshitishdan saqlab, ko‘zni ibratga va quloqni haq so‘z va Qur’on eshitishga yo‘naltirish ularga bir navi ro‘za tuttirish demakdir. Insonni eng ko‘p tashvishga qo‘yadigan oshqozonga ro‘za tuttirish orqali ta’til be­rilsa, boshqa a’zolarni bo‘ysundirish oson kechadi.

Mana shu oyda ulug‘ bir kecha borki, uning qadri ming oydan afzal.

﴿إِنَّآ أَنزَلۡنَٰهُ فِي لَيۡلَةِ ٱلۡقَدۡرِ١ وَمَآ أَدۡرَىٰكَ مَا لَيۡلَةُ ٱلۡقَدۡرِ٢ لَيۡلَةُ ٱلۡقَدۡرِ خَيۡرٞ مِّنۡ أَلۡفِ شَهۡرٖ٣ تَنَزَّلُ ٱلۡمَلَٰٓئِكَةُ وَٱلرُّوحُ فِيهَا بِإِذۡنِ رَبِّهِم مِّن كُلِّ أَمۡرٖ٤ سَلَٰمٌ هِيَ حَتَّىٰ مَطۡلَعِ ٱلۡفَجۡرِ٥

«Albatta, Biz uni (Qur’onni Lavhul mahfuzdan birinchi osmonga) Qadr kechasida nozil qildik. (Ey Muhammad!) Qadr kechasi nima ekanini sizga ne ham anglatur?! Qadr kechasi ming oydan yaxshiroqdir. U (kecha)da farishtalar va Ruh (Jabroil) Parvardigorlarining izni bilan (yil davomida qilinadigan) barcha ishlar (rejasi) bilan (osmondan yerga) tushar. U (kecha) to tong otgunicha salomatlikdir» (Qadr, 1– 5).

“Qadr” so‘zining turlicha ma’nolari bor. Jumladan, qadr-qimmat, o‘lchov, miqdor. Bu suraga mazkur so‘zlarning har biri to‘g‘ri kelaveradi. Zero, bu kechaning qadr-qimmati ming oydan ulug‘ligi va bu kechada bir yillik ishlar o‘lchanib, rejalashtirilishi bunga dalildir.

Qadr kechasi Ramazon oyining nechanchi kechasi ekani aniq bayon qilinmagan. Lekin sahobalar Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)dan uni aniqlab, aytib berishlarini ko‘p so‘raganlaridan keyin Ramazon oyining oxirgi o‘n kuni toq kechalaridan izlash kerakligi haqida aytganlar.

Alloh subhonahu va taolo biz mo‘minlarni Ramazon hurmatiga to‘la rioya qiladigan va bu oyning barcha fazilatlaridan bahramand bo‘la oladigan bandalaridan qilsin. Omin, yo Rabbal olamin!

 

KЕYINGI MAVZULAR:

Zakot – moliyaviy ibodat;

Kutubxona
Boshqa maqolalar

Qalbning zangini ketkazuvchi amal

8.01.2025   229   3 min.
Qalbning zangini ketkazuvchi amal

Inson qalbi goh u tarafga, goh bu tarafga o‘zgarib turadi: savobli ish qilganida, qalbi yayraydi, dili cheksiz quvonchga to‘ladi. Gunoh-ma’siyat kirlari esa dil oynasini xiralashtiradi. Oqibatda qalb qorayadi, ko‘ngli xijil bo‘ladi.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Temirga suv tegsa zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab qalblarni ham zang bosadi", dedilar. Shunda: "Yo Rasululloh, uning jilosi nima?" deb so‘raldi. U zot: "O‘limni ko‘p eslash, Qur’on o‘qish", dedilar.

Qalb xuddi temir kabi zanglaydi. Temirga suv tegsa, sirtini zang bosadi. Gunohlar yig‘ilib yig‘ilib qalbni zanglatadi, dilni qoraytiradi, ko‘ngilni g‘ash qiladi. Qalb qorayishi oqibatida inson shuuri o‘tmaslashadi, mehr-oqibat tuyg‘usi kishi bilmas tarzda ko‘tarilib boradi.

Mazkur hadisda aytilishicha, o‘limni eslagan, Qur’on o‘qigan odamning qalbi zanglardan tozalanadi. Qanday qilib, deysizmi? Gap shundaki, o‘limni eslagan kishining o‘tkinchi dunyoga xohishi so‘nadi. O‘limni eslagan, oxiratni o‘ylagan inson gunohlardan tiyiladi, nafasi kirib-chiqib turganida Parvardigoriga tezroq tavba qilishga shoshiladi, o‘zini isloh qiladi. Inson o‘limni eslaganda lazzatlar parchalanadi, hakalab otib turgan nafs xohishlari sal bo‘lsayam jilovlanadi. Bir kunmas-bir kun dunyoni tark etishini bilgan kishi oqibatli bo‘ladi, bir ish qilishdan oldin oxirini o‘ylaydi, mulohaza yuritadi.

Yuqoridagi hadisda aytilishicha, Qur’on tilovati qalbdagi zanglarni ketkazadi. Haqiqatan, Qur’on o‘qish bilan qalb yayraydi, ko‘ngil taskin topadi. Mo‘min banda qiroatdan bir dunyo ma’naviy ozuqa oladi. Shu yo‘sin qalbni qoplagan zang qurumlari asta-sekin tozalanib boradi. Bejizga "Qur’on qalbga malham, dilni tozalaydigan ilohiy davo", deyilmagan.

Ma’lumki, temirga doim ishlov berib turilmasa, ko‘p o‘tmay zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab, Qur’on o‘qilmasa, dilni zang bosadi. Hamisha Qur’on o‘qiydigan inson qalbiga gard yuqmaydi. Tilovat bilan jilolangan qalbi oynadek yarqirab turadi.

Hozirgi "zamonaviy" odamlarning ko‘pi dunyoga hirs qo‘yish dardi bilan og‘rigan. Kishilar orasida o‘zaro ishonch, sadoqat, vafo, mehr-oqibat kamayib ketayotgandek. Bizningcha, buning sababi bitta: o‘limni unutish, Qur’on o‘qimaslik.

Ayrim odamlarga o‘limni eslatsangiz, oxiratdan gap ochsangiz: "Qo‘ying, yaxshi mavzuda gaplashaylik!" deya so‘zingizni bo‘ladi. O‘limni eslash yomonmi?! Har kimning boshida bor-ku bu savdo! O‘limdan qochib-qutulib bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘limga tayyorgarlik ko‘rish kerak. Qanday qilib, deysizmi? O‘limga hozirlik solih amallar bilan bo‘ladi, qorong‘i go‘rni yorituvchi Qur’on tilovati bilan bo‘ladi. Quruq kafanlik olib yoki qabristondan o‘zi uchun alohida joy ajratib qo‘ygan odamni oxirat safariga rostmana shay deb bo‘lmaydi.

Tolibjon domla Xursanmurodov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.

Ali ibn Husomiddin Muttaqiy Hindiy. "Kanzul ummol fi sunanil aqvoli val af’ol". – Bayrut.: Muassasatur risolat, 1989. - B. 210.