Yaqinda «Oila» ilmiy-markazi tomonidan yurtdoshlarimiz o‘rtasida oilalar buzilib ketishining asl sabablari haqida ijtimoiy so‘rov o‘tkazildi. So‘rovnoma natijalariga ko‘ra, oilalarning 22,5 foizi bir-birini tushunmaslik yoki tushunishni xohlamaslik, farzandsizlik oqibatida, 15,6 foizi oilaga o‘zgalarning aralashuvi, 15 foizi o‘zaro janjallar, 11 foizi surunkali piyonistalik tufayli buzilishi ma’lum bo‘lgan.
Chindan ham bugungi kunda, nikoh deya atalmiy muqaddas va ilohiy rishtaning uzulishiga ko‘plab sabablar, jumladan: oila quruvchilarda oila va oilaviy munosabatlar haqida bilimning yetishmasligi, aroqxo‘rlik va giyohvandlik, yosh oilaga ota-onaning behuda aralashuvi, er-xotinlarning bir-birlari bilan bo‘layotgan aloqalarida sabr va bag‘rikenglikning yetishmasligi asosiy omil bo‘lmoqda.
Navoiy viloyati Qiziltepa tumani bosh imom-xatibi Zavqiddin domla Oripov ko‘plab ajrim nizoli, ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalarni isloh qilib keladi. Er-xotinlar, qaynona-qaynotalarga dinimizning ko‘rsatmasini yetkazadi, nasihat qiladi. Yil davomida tumandagi imomlar bilan birgalikda mahallarda jami 403 ta oila isloh qilinib, yarashtirilganligi quvonarli hol.
Shunday xayrli ishlardan biri kuni kecha, 18 dekabr kuni Tavois qishlog‘ida istiqomat qiluvchi Karimovlar oilasini yarashtirish bilan yakun topdi. Tomonlar tinglanganda, arzimas sabab, ya’ni qaynona-kelin munosabatlaridagi sovuqlik, fe’l-atvorlariga moslasha olmaslik ekani ayon bo‘ldi.
Imom domla o‘n bir yildan buyon birga istiqomat qilayotgan qaynona-kelinning hamon insofga kelmasligi, adovatda bo‘lishi bu johillik, nodonlik ekanini uqtirdi.
Dunyodagi barcha maxluqotlarga oid narsalarning chegarasi bo‘lgani kabi, ota-ona haqqining ham chegarasi bor. Bandaning Allohning amriga zid bo‘lgan xohishi rad qilinadi. Xoliqqa ma’siyat bo‘ladigan narsada maxluqqa itoat qilinmaydi.
Islom ta’limotida iloji boricha oilani mustahkamlashga amr qilingan. Boshqa birovning, agar o‘sha birov ota-ona bo‘lsa ham, xohishiga binoan oilani buzishga ruxsat yo‘q. Bu haqiqatni barcha ulamolar o‘zlarining qadimgi va yangi kitoblarida ta’kidlaganlar.
Imom-xatiblar, otinoyilar deyarli har kuni ana shunday notinch oilalarni isloh qiladilar, murosaga keltirish yo‘lida xizmat qiladilar. Bu ularning din, millat, yurt oldidagi mas’uliyatli vazifalaridir. Biz yuqoridagi ma’lumot bilan qaysidir oilaning muammosini oshkor qilish niyatidan yiroqmiz. Maqsadimiz, bu kabi voqealardan arzimas sabablar bilan janjal ko‘taryotgan, turmushiga qanoat qilmayotgan yoxud og‘zining bir chetidan bemalol o‘zicha “taloq” lafzini aytib Alloh taoloning Arshini larzaga keltirayotgan er va xotinlar, qaynona va qaynota, quda-andalar ibrat olsinlar, o‘ylab ko‘rsinlar. Imom yetkazsa, shariatni yetkazadi. Hech bir narsa behikmat sodir bo‘lmaydi, balki Alloh ana shunday oilalarga to‘g‘ri yo‘lni, yechimni eslatish uchun ilm ahlini ro‘para qiladi. Qiyomatda esa yetkazilgan eslatmalarni olgan yoki olmaganligidan qattiq so‘raladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bo‘limi
حدثنا عباس الدوري نا محمد بن بشر العبدي نا مجمع بن يحيى عن عثمان بن موهب عن موسى بن طلحة عن طلحة قال: قلت: يا رسول الله كيف الصلاة عليك ؟ قال: قل :اللهم صل على محمد كما صليت على إبراهيم إنك حميد مجيد وبارك على محمد وعلى آل محمد كما باركت على إبراهيم إنك حميد مجيد.
Muso ibn Talha roziyallohu anhu Talha roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: “Yo Allohning Rasuli, sizga salavot qanday aytiladi?” deb so‘radim.
U zot alayhissalom: “Allohumma solli ’alaa Muhammadin kamaa sollayta ’alaa Ibrohiyma innaka hamiydun majiyd. Va baarik ’alaa Muhammadin va ’alaa aali Muhammadin, kamaa baarakta ’alaa Ibrohiyma innaka hamiydun majiyd”, deb ayt”, dedilar.
Salavotning ma’nosi: “Allohim! Ibrohimga salavot yo‘llaganingdek, Muhammadga ham salavot yo‘llagin. Albatta, Sen maqtovga loyiq va ulug‘vor Zotsan. Ibrohimga barakot berganingdek, Muhammad va Muhammadning oilasiga ham barakot bergin. Albatta, Sen maqtovga loyiq va ulug‘vor Zotsan”.
Abu Said Haysam ibn Kulayb Shoshiyning
“Musnadi Shoshiy” asaridan
Davron NURMUHAMMAD