Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «Sizdan (ey Muhammad!) bandalarim Mening haqimda so‘rasalar, (ayting) Men ularga yaqinman. Menga iltijo qiluvchining duosini ijobat eturman. Bas, ular ham Meni (da’vatlarimni) ijobat (qabul) etib, Menga imon keltirsinlar, shoyad (shunda) to‘g‘ri yo‘lga tushib ketsalar» (Baqara surasi, 186-oyat).
«Ey Rabbimiz! Biz o‘zimizga (o‘zimiz) zulm qildik. Agar bizni kechirmasang va bizga rahm qilmasang, biz, albatta, ziyon ko‘ruvchilardan bo‘lib qolurmiz» (A’rof surasi, 23-oyat).
«Rabbim! Men Sendan o‘zim (yaxshi) bilmagan narsani so‘rashimdan panoh tilayman. Agar meni kechirmasang va menga rahm qilmasang, albatta, ziyon ko‘ruvchilardan bo‘lib qolurman» (Hud surasi, 47-oyat).
«Ey Rabbim, bu buzg‘unchilar qavmi ustidan O‘zing meni g‘olib qil!» (Ankabut surasi, 30-oyat).
«Ey Rabbim! Meni va zurriyotimdan (ko‘p farzandlarimni) namozni barkamol ado etuvchi qilgin! Ey Rabbimiz! Duoimni qabul et! Ey Rabbimiz! Hisob-kitob qilinadigan (qiyomat) kuni meni, ota-onamni va (barcha) mo‘minlarni mag‘firat qilgin!» (Ibrohim surasi, 40–41-oyatlar).
«Ey osmonlar va Yerni ijod etgan Zot! Dunyoyu oxiratda O‘zing egamdirsan. (Ajalim yetganida) musulmon holimda vafot ettir va meni solihlar (qatori)ga qo‘shgin!» (Yusuf surasi, 101-oyat).
«Tavakkulni Allohga qildik. Ey Rabbimiz! Biz bilan qavmimiz o‘rtasida haqqoniy hukm qil! Sen hukm qiluvchilarning yaxshisidirsan» (A’rof surasi, 89-oyat).
«Ey Rabbim! (Bu qiyin vazifaga) bag‘rimni keng qilgin va ishimni oson qilgin hamda tilimdan tugunni (duduqlikni) yechib yuborgin, (toki) ular (qavmim) gapimni (yaxshi) anglasinlar» (Toho surasi, 25–28-oyatlar).
«Ey Rabbim! O‘zing menga (bu) zolimlar qavmidan najot bergin!» (Qasas surasi, 21-oyat).
«Sendan o‘zga iloh yo‘qdir. Sen (barcha) nuqsonlardan pokdirsan. Darhaqiqat, men (o‘zimga) zulm qiluvchilardan bo‘ldim» (Anbiyo surasi, 87-oyat).
«Ey Rabbim! Meni yolg‘iz tashlab qo‘yma (merosxo‘r farzand ato et!) Sen (O‘zing) vorislarning yaxshirog‘idirsan» (Anbiyo surasi, 89-oyat).
«Rabbim, menga (ham) o‘z huzuringdan pok zurriyot ato et! Darhaqiqat, Sen duoni eshituvchidirsan» (Oli Imron surasi, 38-oyat).
«Ey Rabbimiz, bizni hidoyat yo‘liga solganingdan keyin dillarimizni (to‘g‘ri yo‘ldan) og‘dirma va bizga huzuringdan rahmat ato et! Albatta, Sen Vahhob (barcha ne’matlarni tekin ato etuvchi)dirsan» (Oli Imron surasi, 8-oyat).
«Ey Rabbim! Meni (qabrga) sodiqlik bilan (gunohlarim kechirilgan holimda) kiritgin va (tiriltirganingda ham) sodiqlik (roziliging bilan) chiqargin hamda men uchun o‘z dargohingdan bir madad beruvchi hujjat ato qilgin» (Isro surasi, 80-oyat).
«Ey Rabbim! Menga (kofirlarga) va’da qilinayotgan narsa (azob)ni ko‘rsatsang-chi?! Ey Rabbim! (o‘shanda) meni u zolimlar qavmi ichida (turuvchi) qilmagin!». «Ey Rabbim! Men Sendan shaytonlarning vasvasalaridan panoh berishingni so‘rayman. Yana men Sendan, ey Rabbim, ular mening huzurimga kelishlaridan panoh so‘rayman». «Ey Rabbim! (Gunohlarimizni) mag‘firat et va (holimizga) rahm ayla! Sen (o‘zing) rahm qiluvchilarning yaxshisidirsan». (Mu’minun surasi, 93,-94-,97-,98-,118-oyatlar).
«Ey Rabbim! Menga ilmni ziyoda et!» (Toho surasi, 114-oyat).
«Ey Rabbimiz, bizlar Senga imon keltirganmiz. Bas, bizning gunohlarimizni kechir va bizni do‘zax azobidan asra!» (Oli Imron surasi,16-oyat).
O‘MI matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Madinai munavvara shahridagi «Zamzam Pullman» mehmonxonasida bo‘lib turgan ziyoratchilar bilan suhbatlashdilar. Yurtdoshlarimizdan sog‘liklari, kayfiyatlari, ibodatlarini qanday ado etayotganlari, mehmonxonadagi sharoitlar haqida fikr-mulohazalarini so‘radilar.
Bo‘lajak hojilar ziyorat va ibodatlarni bekamu ko‘st ado etishlari uchun ko‘rsatilayotgan xizmatlardan nihoyatda mamnunligini bildirishdi. Ayniqsa, mehmonxona Harami sharifga juda yaqinligi yoshi ulug‘ kishilar uchun ham qulay bo‘layotgani, besh mahal namozni Masjidi Nabaviyda ado etishning shukuhi haqida so‘zladilar. Malakali imom-xatiblardan tashkil topgan ellikboshilar, ishchi guruhi, shifokorlar tunu-kun shay turishganini alohida e’tirof etishdi.
Muqaddas zaminda toat-ibodatlarini xotirjam bajarayotgan ziyoratchilar yaqinlari, oila a’zolari qatorida tez-tez el-yurtimiz, davlatimiz rahbari va boshqa mutasaddilar haqlariga duolar qilib, ofiyat va farovonligimiz bardavomligini Allohdan so‘rashmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati