Joriy yilning 16 dekabr kuni Abu-Dabi (BAA) Milliy ko‘rgazma markazida BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasiga a’zo davlatlar konferensiyasining sakkizinchi sessiyasi o‘z ishini boshladi. Unda O‘zbekiston adliya vazirligi delegatsiyasi ham ishtirok etmoqda.
Ishtirokchilarga O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi ko‘rilayotgan choralar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berilgan. Mamlakatda ushbu o‘ta salbiy hodisaning oldini olish va unga qarshi kurashish, huquqiy hamda institutsional asoslarni mustahkamlash bo‘yicha qat’iy qadamlar qo‘yilayotgani ta’kidlandi. Davlat siyosati korrupsiya xatarlarining sabablari va shartlarini har tomonlama o‘rganishni, huquqbuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlash va ularga barham berishni, jazoning muqarrarligi prinsipini nazarda tutadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev saylanganidan keyin imzolagan birinchi qonun bu - “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonun bo‘ldi. Bu mamlakat rahbariyati siyosiy yo‘nalishining aniq belgisiga aylandi.
O‘z navbatida, davlat xizmatlarini taqdim etishda jismoniy va yuridik shaxslarga “yagona darcha” asosida davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimi shakllantirildi. Bu fuqarolar va davlat hokimiyati hamda boshqaruvi organlari xodimlari o‘rtasida davlat xizmatlarini ko‘rsatishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan korrupsiya holatlarining oldini olishga yordam beradi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Madinai munavvara shahridagi «Zamzam Pullman» mehmonxonasida bo‘lib turgan ziyoratchilar bilan suhbatlashdilar. Yurtdoshlarimizdan sog‘liklari, kayfiyatlari, ibodatlarini qanday ado etayotganlari, mehmonxonadagi sharoitlar haqida fikr-mulohazalarini so‘radilar.
Bo‘lajak hojilar ziyorat va ibodatlarni bekamu ko‘st ado etishlari uchun ko‘rsatilayotgan xizmatlardan nihoyatda mamnunligini bildirishdi. Ayniqsa, mehmonxona Harami sharifga juda yaqinligi yoshi ulug‘ kishilar uchun ham qulay bo‘layotgani, besh mahal namozni Masjidi Nabaviyda ado etishning shukuhi haqida so‘zladilar. Malakali imom-xatiblardan tashkil topgan ellikboshilar, ishchi guruhi, shifokorlar tunu-kun shay turishganini alohida e’tirof etishdi.
Muqaddas zaminda toat-ibodatlarini xotirjam bajarayotgan ziyoratchilar yaqinlari, oila a’zolari qatorida tez-tez el-yurtimiz, davlatimiz rahbari va boshqa mutasaddilar haqlariga duolar qilib, ofiyat va farovonligimiz bardavomligini Allohdan so‘rashmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati