Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Yanvar, 2025   |   10 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:32
Shom
17:16
Xufton
18:35
Bismillah
10 Yanvar, 2025, 10 Rajab, 1446

Oilada farzand tarbiyasi: HAQLARGA RIOYA QILISH: OTA-ONA HAQI

18.12.2019   4953   22 min.
Oilada farzand tarbiyasi: HAQLARGA RIOYA QILISH: OTA-ONA HAQI

HAQLARGA RIOYA QILISH

Farzand dunyoga kelgan kundanoq ota-onasi va atrofidagilardan bevosita o‘z haqini talab qila boshlaydi. Qorni ochsa, “to‘yg‘az” deb, sovqotsa, “kiyintir”, deb xarxasha qiladi. Zeriksa, “meni o‘ynatgin”, deydi. Kattalar e’tiborsiz bo‘lsa, turli-tuman qiliqlari bilan o‘ziga qaratadi. O‘yinchoqlar olib berishga majbur qiladi. Bular – bolaning haqlari. Talablarini me’yori bilan qondirish esa kattalarning vazifasi.

Lekin bolaga ota-onasining, amma-xolasining, aka-ukasining, qo‘ni-qo‘shni, mahalla-ko‘y, qolaversa, jamiyatning ham haqi borligini asta-sekin tushuntira borish zarur. Toki bola faqat o‘zini o‘ylaydigan emas, balki boshqalar haqida ham qayg‘uradigan bo‘lsin.

Xo‘sh, biz zikr etayotgan haqlar qaysilar? Bular:

  1. Ota-ona haqi.
  2. Qarindoshlik haqi.
  3. Qo‘shnichilik haqi.
  4. Muallim (ustoz) haqi.
  5. Do‘st-birodarlar haqi.
  6. Kattalar (keksalar) haqi.

 

Ota-ona haqi

Ota-ona rozi – Xudo rozi, degan ibora bor. Demak, ota-ona farzanddan rozi bo‘lmasa, Xudo undan rozi bo‘lmas ekan. Ularning xizmatini qilish, hurmatini joyiga qo‘yish, keksayganlarida boqish, kiyintirish, ularning oldida ovozini ko‘tarmaslik, vafot etganlaridan so‘ng haqlariga duo qilish va hokazo... farzandlarning burchidir.

Payg‘ambarimizning (sollallohu alayhi va sallam) ota-onani e’zozlash, hurmatlashga doir ko‘rsatmalarini ota-onalar, murabbiylar bolalarga go‘dakligidanoq o‘rgatishlari lozim.

Imom Buxoriy “Al-adab al-mufrad” kitobida Ibn Abbosdan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Qaysi bir musulmon farzand savob umidi bilan ertalab ota-onasini ziyorat qilsa, Alloh taolo unga jannatning ikki eshigini ochadi. Agar ulardan birini ziyorat qilsa, unga jannatning bir eshigini ochadi. “Ota-onadan qaysi birini xafa qilguday bo‘lsa, uni rozi qilmaguncha Alloh undan rozi bo‘lmaydi”, dedi. Shunda bir kishi: “Agar ota-onalar bolaga zulm ko‘rsatgan bo‘lsa-chi?” deb so‘radi. “Agar ular bolasiga zulm ko‘rsatgan bo‘lsa ham, farzand ularni ranjitmasligi kerak”, dedi Ibn Abbos».

«Subulus Salom» kitobida Abdulloh ibn Amrdan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi: Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Allohning roziligi ota-onaning roziligida va Allohning g‘azabi ota-onaning g‘azabidadir”, dedilar.

Shuning uchun, Alloh taoloni rozi qilaman degan farzand ota-onasini rozi qilsin. Alloh taoloning g‘azabidan saqlanaman degan farzand ota-onasini g‘azablantirmaslikka harakat qilsin.

Imom Buxoriy Abdulloh ibn Amrdan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: Payg‘ambarimizning (sollallohu alayhi va sallam) huzurlariga bir kishi kelib, jihodga izn so‘radi. Shunda u zot:

“Ota-onang hayotmi?” deb so‘radilar.

“Ha”, dedi.

“Ota-onang haqi borasida jihod qil”, dedilar.

Ularga xizmat qilishing jihoding bo‘ladi, ya’ni: “Ota-onangning ko‘nglini olish uchun jon-jahding bilan harakat qil”.

Imom Ahmad va Imom Nasoiy Muoviya ibn Jahimdan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi:

Jahim (roziyallohu anhu) Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) huzurlariga kelib: “Yo Allohning rasuli, g‘azotga chiqishni xohlayman va sizdan maslahat so‘rab keldim”, dedi.

Shunda Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Onang hayotmi?” dedilar.

“Ha”, dedi.

“Undan ajralma, chunki jannat uning oyog‘i ostida”, dedilar.

Imom Muslim “Sahih” kitobida Abdulloh ibn Amrdan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi:

Payg‘ambarimizning (sollallohu alayhi va sallam) huzurlariga bir kishi kelib: “Allohdan savob umidida jihod va hijrat qilish uchun sizga bay’at qilishga keldim”, dedi.

Shunda Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Ota-onangdan birortasi hayotmi?” deb so‘radilar.

“Ha, ikkalalari ham hayot”, dedi.

“Allohdan savob umid qilasanmi?” dedilar u zot (alayhissalom).

“Ha”, dedi.

“Ota-onang huzuriga borgin va ularga go‘zal muomalada bo‘l”, dedilar.

Ya’ni, ularning xizmatlarini chiroyli holda ado qilsang, Alloh jihodning savobini beradi, dedilar.

Islom ta’limoti ota-onalari zaiflashgan, keksaygan vaqtlarida farzandlari ularning haqini ado qilishlarini jihod va hijratdan ustun qo‘yadi.

Ota-onaga yaxshilik qilish haqida Alloh taolo bunday amr qiladi:

وَٱخۡفِضۡ لَهُمَا جَنَاحَ ٱلذُّلِّ مِنَ ٱلرَّحۡمَةِ وَقُل رَّبِّ ٱرۡحَمۡهُمَا كَمَا رَبَّيَانِي صَغِيرٗا٢٤

«Ularga mehribonlik bilan, xorlik qanotini past tut va (duoda) ayt: “Ey Rabbim! Meni (ular) go‘daklik chog‘imda tarbiyalaganlaridek, Sen ham ularga rahm qilgin!”» (Isro,24).

Imom Buxoriy “Al-adab al-mufrad” kitobida Abu Hurayradan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi:

«Inson vafot etganidan so‘ng darajasi ko‘tariladi. Shunda u: “Ey Rabbim, bu nima? Ya’ni, darajaning ko‘tarilishi nimadan?” deydi. Shunda unga: “Farzanding sening haqingga istig‘for aytdi”, deydi».

Imom Abu Dovud, Ibn Moja va Hokim Molik ibn Robiadan rivoyat qiladi:

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) huzurlarida edik, Bani Salama qabilasidan bir kishi kelib: “Yo Allohning rasuli, ota-onam vafot etganidan so‘ng ham ularga qilishim kerak bo‘lgan yaxshilikdan qoldimi?” dedi.

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Ha, ularning haqiga duo qilish, istig‘for aytish, ulardan keyin ahdiga vafo qilish va do‘stlarini hurmatlash va ular tomonidan bo‘lgan qarindoshlar bilan bog‘lanish”, dedilar.

Abdulloh ibn Umar (roziyallohu anhu) solih farzand bo‘lganlar. Imom Muslim “Sahih” kitobida rivoyat qiladi:

Abdulloh ibn Umar Makka ko‘chasida bir kishiga yo‘liqdi va unga salom berdi. Uning yuklarini ko‘tarib o‘zlari mingan eshakka yukladi. Boshlaridagi sallani unga berdi. Ibn Dinor unga: «Biz: “Alloh sizni solih qilsin, u a’robiy, ozgina narsaga ham rozi bo‘ladi”, dedik. Shunda Abdulloh: “Buning otasi Umar ibn Xattobning do‘sti. Men Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam): “Albatta, yaxshiliklarning afzali kishi otasining do‘stlari ahliga silai rahm qilishi”, deb aytganlarini eshitganman», dedi.

Imom Buxoriy Abu Hurayradan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi:

Bir kishi Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) huzurlariga kelib: “Yo Allohning rasuli, eng avval yaxshilik qilishga kim haqli?” dedi.

“Onang”, dedilar.

“So‘ngra kim?” dedi.

“Onang”, dedilar.

“So‘ngra kim?” dedi.

“Onang”, dedilar.

“So‘ngra kim?” dedi.

“Otang”, dedilar.

Ibn Kasir o‘zlarining “Tafsir” kitoblarida Sulaymon ibn Bariddan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi:

Bir kishi yelkasiga onasini ko‘tarib, Ka’bani tavof qildi. So‘ngra Payg‘ambarimizdan (sollallohu alayhi va sallam): “Onamning haqini ado etdimmi?” deb so‘radi. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Yo‘q, bir oh, deganchalik haqini ham ado etmading”, dedilar.

Islom ikki sababga ko‘ra ona hurmatini otadan yuqori qo‘yadi:

Birinchisi, ona farzandni dunyoga keltirishda otadan ko‘ra ko‘p mashaqqat chekadi, uni to‘qqiz oy qornida ko‘tarib yuradi, emizadi, kechalari bedor bo‘ladi, tarbiyasi bilan mashg‘ul bo‘ladi. Alloh taolo bunday deydi:

وَوَصَّيۡنَا ٱلۡإِنسَٰنَ بِوَٰلِدَيۡهِ حَمَلَتۡهُ أُمُّهُۥ وَهۡنًا عَلَىٰ وَهۡنٖ وَفِصَٰلُهُۥ فِي عَامَيۡنِ أَنِ ٱشۡكُرۡ لِي وَلِوَٰلِدَيۡكَ إِلَيَّ ٱلۡمَصِيرُ١٤

«Biz insonga ota-onasini (rozi qilishni) buyurdik. Onasi uni zaiflik ustiga zaiflik bilan (qornida) ko‘tarib yurdi. Uni (ko‘krakdan) ajratish (muddati) ikki yilda (bitar). (Biz insonga buyurdikki) “Sen Menga va ota-onangga shukr qilgin! Qaytishlik Mening huzurimgadir”» (Luqmon, 14).

Yuqoridagi satrlar bir kishining Rasulullohga (sollallohu alayhi va sallam): “Onamni yelkamga ko‘tarib ikki farsax yurdim... Onamning haqini ado qildimmi?” deganini va Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Shoyad bu ishing onang seni tug‘ishdagi chekkan to‘lg‘oq azobining biriga teng bo‘lsa”, deb javob berganlarini eslatadi.

Shunga o‘xshash voqea:

Bir a’robiy kishi onasini ko‘tarib Ka’bani tavof qilib:

“Men onamning yuvosh uloviman.

Agar tuya undan qochsa ham, men undan qochmayman.

Ulug‘ Rabbim Alloh mendan rozi

Bo‘lsin deb onamni ko‘taraman”,

deb she’r aytardi. So‘ngra u Ibn Abbosga yuzlanib: “Onamning haqini ado qildimmi?” dedi.

Ibn Abbos: “Yo‘q, Allohga qasam, onang seni tuqqan paytida tutgan to‘lg‘oqlarning bittasiga ham teng bo‘lolmaydi”, dedi.

Ikkinchisi, ona yaratilishidan mehribon va rahmdildir. Ota esa tabiatiga ko‘ra qattiqqo‘ldir. Boladan bir ayb o‘tsa, ona kechiradi. Ammo ota kechirmaydi, kerak bo‘lsa jazolaydi. Ona esa jazolamaslikning yo‘lini izlaydi. Shuning uchun ham shariatimiz onalarni hurmatlashga buyuradi. Ular bilan muomalada halimlikka, halimlik bilan javob berishga undaydi.

Ona shunday zotki, bolasi haddan ziyod dilini og‘ritib, oq bo‘lish darajasiga borsa-yu, ammo biron dardga chalinib qolsa, o‘tgan barcha ishlarni unutadi, bolasini bag‘riga bosadi, unga talpinadi. Chunki bola ona vujudining bir parchasi. Hech qachon etni tirnoqdan ajratib bo‘lmaydi.

Abu Lays Samarqandiy Anasdan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi:

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) davrlarida Alqama ismli bir kishi bor edi. U o‘lim to‘shagiga mixlanib qoldi. So‘nggi nafaslarida “Laa ilaha illalloh”ni aytgin, deb qistashdi, ammo uning tili aylanmadi, kalimaga kelmadi. Bu xabarni Rasulullohga (sollallohu alayhi va sallam) yetkazganlarida, u zot (alayhissalom): “Uning ota-onasi bormi?” dedilar. “Uning otasi vafot etgan, keksa onasi bor”, deyishdi. Onasini olib kelishni buyurdilar. U kelgach, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “O‘g‘lingning hayoti qanday edi?” deb so‘radilar. Onasi: “Ey Allohning rasuli, u namoz o‘qirdi, ro‘za tutardi, hisobsiz sadaqa qilardi”, dedi. Shunda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Sen bilan o‘g‘lingning orangiz qanday edi?” deb so‘radilar.

Onasi: “Mendan ko‘ra xotinini ko‘p e’zozlar edi va unga itoat qilardi”, dedi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Onasining norizoligi uni “Laa ilaha illalloh” deb shahodat berishdan to‘sdi”, deb: “Ey Bilol, chiqib o‘tin jamla, o‘g‘ilni kuydiramiz”, dedilar. Shunda Alqamaning onasi: “Yo Allohning rasuli, qalbim mevasi bo‘lgan o‘g‘limni mening oldimda o‘tda kuydirasizlarmi, bunga qanday chidayman?” dedi.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Alloh uni kechirishi seni xursand qiladimi? Unda o‘g‘lingdan rozi bo‘l. Jonim izmida bo‘lgan Zotga qasam, o‘g‘lingga namozi, ro‘zasi va sadaqasi ham foyda bermaydi, modomiki sen undan norozi ekansan”, dedilar.

Shunda ona qo‘lini yuqoriga ko‘tarib: “Alloh guvoh, siz guvoh, yo Allohning rasuli va shu yerda hozir bo‘lganlar guvoh, men o‘g‘limdan roziman”, dedi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Ey Bilol, bor, Alqamadan xabar olgin, u “Laa ilaha illalloh” deya olyaptimi, balki onasi mendan uyalganidan rozi bo‘lgandir”, dedilar. Bilol chiqdi va Alqama yotgan uy eshigiga yetganida uning: “Laa illaha illalloh” deganini eshitdi. Alqama vafot etdi. Uni yuvib kafanladilar va Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) janozani o‘qidilar.

Mana shu sabablarga ko‘ra onaning hurmati otadan ziyodaroq qilindi. Murabbiylarimiz bularni bolalarga tushuntirsinlar. Toki bolalar onaga yaxshilik qiladigan, mehribon va haqini ado etadigan insonlar bo‘lib ulg‘ayishsin.

 

Ota-onaga yaxshilik qilish odobi

Ota-onadan oldinga o‘tib yurmaslik, ulardan yuqoriga chiqib o‘tirmaslik, nasihatlaridan achchiqlanmaslik, ulardan oldin taomga qo‘l cho‘zmaslik, uxlaganida yuqorida yotmaslik va buyurganlarini bajarish kabilar ota-onaga yaxshilik qilish odobiga kiradi.

۞وَقَضَىٰ رَبُّكَ أَلَّا تَعۡبُدُوٓاْ إِلَّآ إِيَّاهُ وَبِٱلۡوَٰلِدَيۡنِ إِحۡسَٰنًاۚ إِمَّا يَبۡلُغَنَّ عِندَكَ ٱلۡكِبَرَ أَحَدُهُمَآ أَوۡ كِلَاهُمَا فَلَا تَقُل لَّهُمَآ أُفّٖ وَلَا تَنۡهَرۡهُمَا وَقُل لَّهُمَا قَوۡلٗا كَرِيمٗا٢٣ وَٱخۡفِضۡ لَهُمَا جَنَاحَ ٱلذُّلِّ مِنَ ٱلرَّحۡمَةِ وَقُل رَّبِّ ٱرۡحَمۡهُمَا كَمَا رَبَّيَانِي صَغِيرٗا٢٤

«Rabbingiz, Uning O‘zigagina ibodat qilishingizni hamda ota-onaga yaxshilik qilishni amr etdi. (Ey inson!) Agar ularning biri yoki har ikkisi huzuringda keksalik yoshiga yetsalar, ularga “Uf!..” dema va ularni jerkima! Ularga (doimo) yoqimli so‘z ayt!

Ularga mehribonlik bilan, xorlik qanotini past tut va (duoda) ayt: “Ey Rabbim! Meni (ular) go‘daklik chog‘imda tarbiyalaganlaridek, Sen ham ularga rahm qilgin!”» (Isro, 23–24).

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Kim otasiga g‘azab bilan chetni ko‘rsatsa, u yaxshi qilmabdi”, dedilar (“Majmai zavoid”, 28-jild).

Oysha onamizdan (roziyallohu anho) rivoyat qilinadi: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) huzurlariga bir kishi bilan bir chol keldi. Shunda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Hoy, yoningdagi kim?” dedilar. U: “Otam”, dedi. Shunda: “Oldinda yurma, undan oldin o‘tirma, ismini aytib chaqirma va uni haqoratlama”, dedilar (“Majmai zavoid”, 28-jild).

Shunday odob bilan sharaflangan ulug‘larimiz hayotidan namunalar:

“Uyunul axbor” kitobida keltiriladi. Umar ibn Zayddan: “O‘g‘lingning senga bo‘lgan mehribonligi qanday?” deb so‘raldi. U kishi: “Kunduz orqamdan, kechasi oldimda yuradi va undan yuqorida yotaman”, dedi. Ya’ni, Umar ibn Zaydning o‘g‘li otasini hurmatlab, kunduzi orqaroqda, kechasi qoqilib, chuqur-chanoqqa tushib ketmasin, deb oldinda yurar ekan.

“Majmai zavoid” muallifi rivoyat qiladi. Abu G‘asson az-Zabiy deydi: «Otam bilan issiqda piyoda ketayotgan edik, oldimizdan Abu Hurayra chiqib qoldi. Abu Hurayra: “Yoningdagi kim?” dedi. Men unga: “Otam”, deb javob berdim. U: “Otangdan oldin yurma, orqasida yoki yonida yurgin, yurganda oralaringdan kishi o‘tadigan bo‘lmasin. Otang yotgan uyning tomida yurma. Otangning nazari tushgan go‘shtni yema, otangning yegisi kelgan bo‘lishi mumkin», dedi.

Mansurning majlisida Solih Abbosiy qatnashdi va gapida “Rahmatli otam” degan so‘zni ko‘p ishlatdi. Shunda xizmatkor Robe’: “Mo‘minlar amirining huzurida rahmatli otam degan so‘zni ko‘p aytmagin”, dedi. Shunda Solih: “Men seni royimayman, chunki sen ota lazzatini tatimagansan”, dedi. Mansur tabassum qilib: “Bu Hoshim qabilasidan bo‘lgan kishilarga tashlanganlarning jazosidir”, dedi.

Ibn Hibbon “Sahih”ida rivoyat qiladi: Bir kishi Abu Dardoga: «Otam meni qo‘ymay (zo‘rlab) uylantirdi. Endi bo‘lsa, menga uning javobini (talog‘ini) berishni buyuradi, men endi nima qilay?” dedi. Abu Dardo: “Men otangga oq bo‘lishga buyurmayman va xotiningni taloq qilishga ham buyurmayman. Xohlasang, Rasulullohdan (sollallohu alayhi va sallam) eshitganimni aytib beraman: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Ota jannat eshigining o‘rtasi, bas, u eshikni himoya qilgin. Agar xohlasang, tark qilgin”, dedilar».

Ibn Moja va Ibn Hibbon “Sahih”da Ibn Umardan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Mening xotinim bor edi. Uni yaxshi ko‘rar edim. Xotinimni otam Umar (roziyallohu anhu) yomon ko‘rar edi. Menga: “Uni taloq qil”, dedi. Men rad etdim. Otam Umar (roziyallohu anhu) meni Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) huzurlariga olib bordi va bor gapni u kishiga aytib berdi. Shunda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) menga: “Uning javobini bergin”, dedilar».

 

Ota-onaga oq bo‘lish – katta gunoh

Oq bo‘lish “bo‘ysunmaslik”, “qarshi chiqish”, “ozor berish”, “osiy bo‘lish” va haqini ado qilmaslik degan ma’nolarni anglatadi. Haqini ado qilish degani ota-ona g‘azablanganida, farzand unga tik qaramasligidir. Garchand o‘g‘il haq-u, ota nohaq bo‘lganida ham. Ota-onaning farzanddagi haqi ulug‘, ularning aytganlarini qilish vojib, biroq ular amri Allohning amriga teskari bo‘lmasligi kerak. Allohga ma’siyat bo‘ladigan ishda maxluqqa, ya’ni ota-onaga, kattayu kichikka itoat qilinmaydi. Aytaylik, ota farzandiga ichkilik olib kelib ber, deb buyuradi. Alloh ichkilikni harom qilgan. Farzand chiroyli muomala bilan uni rad qilishga haqli. Va shunga o‘xshash boshqa Alloh qaytargan narsalarda ham otaning istagini bajarmasa, farzand gunohkor bo‘lmaydi.

Ota-onaga oq bo‘lish farzandning Alloh qaytargan yo‘llarga kirib, el-yurt oldida ularning yuzini yerga qaratish, bergan tuzlariga norozi qilishdir. Qarigan chog‘ida yedirmay, ichirmay, kiyintirmay, xo‘rlab qo‘yishdir. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) oq bo‘lishdan ogohlantirganlar va uning oqibatlarini bayon qilib, oxiratda savol-javobi qattiq bo‘lishini aytganlar.

Imom Buxoriy va Imom Muslim Abu Bakrdan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Sizlarga katta gunohlarning eng kattasi xabarini beraymi?” dedilar.

Biz: “Ha, yo Allohning rasuli”, dedik. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Allohga shirk keltirish, ota-onaga oq bo‘lish, – yonboshlagan holda edilar o‘tirib olib, – yolg‘on so‘zlash va yolg‘on guvohlik berish...” deb takror-takror aytaverdilar. Biz u kishini: “Qani to‘xtasalar edi!” dedik.

Imom Ahmad va Nasoiy, Bazzoz va Hokim Abdulloh ibn Amrdan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladilar: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Uch toifa kishiga Alloh jannatni harom qildi: doimiy hamr (aroq) ichuvchiga, ota-onaga oq bo‘lgan farzandga va o‘z ahliga axloqsizlikni o‘rgatgan dayusga”, dedilar.

Imom Buxoriy va Imom Muslim Abdulloh ibn Amrdan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Katta gunohlardan biri kishi o‘z otasini so‘kmog‘idir”, dedilar. Bir kishi: “Ey Allohning rasuli, kishi o‘z otasini ham so‘kadimi?” dedi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Ha, bir kishi ikkinchi bir kishining ota­sini so‘kadi, shunda u bu kishining otasini yoki onasini so‘kadi, u buning onasini so‘kadi”, dedilar.

Hokim Abu Bakrdan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Har qanday gunohning (jazosini) Alloh xohishi ila qiyomatgacha kechiktiradi. Faqat ota-onaga oq bo‘lishning (jazosini) o‘lishidan oldin, hayotligida o‘z egasiga beradi”, dedilar. Ya’ni, ota-onaga oq bo‘lgan kishi buning jazosini to tirik ekan, bu dunyodayoq oladi.

Imom Ahmad Muoz ibn Jabaldan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Menga Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) o‘nta so‘zni vasiyat qilib: “Allohga shirk keltirma, agar o‘ldirilsang ham, kuydirilsang ham, ota-onangga oq bo‘lma, agar uydan ketishingga buyursalar ham...” dedilar».

Asbahoniy Abu Abbosdan, u kishi Avom ibn Hushabdan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: “Bir qishloqqa keldim. Yonida qabriston bor edi. Asr vaqtidan so‘ng qabristondagi bir qabr ochildi va undan eshak boshli bir odam chiqdi. Va uch marta eshakday hangradi. So‘ngra qabrga kirdi va qabr yopildi. Shu payt bir kampir ip yigirib o‘tirardi. Yonimdagi odam kampirni ko‘rsatib:

– U uning onasi, – dedi. Men voqeani so‘radim. «U aroq ichib mast bo‘lardi. Uyga kelganida onasi: “Ey o‘g‘lim, Allohdan qo‘rqqin, qachongacha ichasan?” der edi. Shunda u onasiga: “Muncha eshakday hangraysiz?” der edi. Bas, ajali yetib, asr vaqtida vafot etdi. Endi har kuni asr vaqtida qabr yoriladi va uch marta eshakday hangraydi, so‘ngra qabr yopiladi», dedi.

Qarang, farzand ota-onasini nima deb haqoratlasa, o‘zi o‘sha narsaga aylanib qolar ekan... Bu nihoyatda ta’sirli rivoyatni farzandlar davrasida o‘qib, tadabbur qilinsa, foydasi katta bo‘ladi. Farzandlar yoshligidanoq ota-ona haqlarini o‘ylay boshlaydi. Islom ta’limotida ko‘rsatilganidek, farzand ota-ona haqlarini chiroyli qoim qilsa, u nafaqat o‘zini, yashab turgan jamiyatining ham haqini ado etgan bo‘ladi. Chunki ota-ona hurmatini o‘rniga qo‘yish bu ijtimoiy masaladir. Qaysi oilada, qaysi mahallada bu tarbiya yaxshi yo‘lga qo‘yilar ekan, o‘sha oila, o‘sha mahalla gullab yashnaydi. Bu esa oxir-oqibat jamiyatning ravnaq topishiga olib keladi. Ota-ona rozi – Xudo rozi, degan hikmatning qimmati ham shunda.

Ota-onaning roziligini olishga intilish fazilati barcha fazilatlarning negizi, borliqdagi har qanday haq-huquqlarning kelib chiqadigan asosidir. Ota-onalar, bola tarbiyasi bilan shug‘ullanayotgan tarbiyachilar farzandlarga quyidagi odatlarni singdirishlari maqsadga muvofiq:

  1. Gunohga sabab bo‘lmasa, ota-onaning buyurganlarini albatta bajarish.
  2. Ota-onaga muloyim so‘zlash.
  3. Uyga kirganlarida, hurmati uchun o‘rnidan turish.
  4. Har tong salom berish, uyqudan oldin xayrli tun tilash.
  5. Mol-mulkini saqlash.
  6. So‘ragan narsasini berish.
  7. Ulardan maslahat so‘rash.
  8. Ota-ona haqiga duo va istig‘for aytish.
  9. Ular mehmon kutishsa, oldida muntazir bo‘lib turish.
  10. Ota-ona aytishini kutmay, ularni xursand qiladigan ishlarni bajarish.
  11. Otaning oldida ovozni baland ko‘tarmaslik.
  12. Gaplashayotganlarida oraga gap qo‘shmaslik.
  13. Ruxsat berishmasa, uydan chiqmaslik.
  14. Uxlayotganlarida bezovta qilmaslik.
  15. Ota-onadan ahli ayolini va farzandlarini ustun (afzal) ko‘rmaslik.
  16. Ota-ona noto‘g‘ri ish qilib qo‘ysalar kechirish, ko‘rmaslikka olish.
  17. Kulgili gap bo‘lsa ham, ularning huzurida o‘zini tutish.
  18. Ular yaxshi ko‘radigan ovqatni ilinish.
  19. Ota-onadan oldin taomga qo‘l cho‘zmaslik.
  20. Ularning oldida cho‘zilib yotmaslik.
  21. Oyoq uzatmaslik.
  22. Uyga ulardan oldin kirmaslik, oldilariga tushib yurmaslik.
  23. Chaqirganlarida tezlik bilan javob bermoq.
  24. Ular hayot paytlarida ham, vafot etganlaridan keyin ham do‘stlarini hurmat qilish.
  25. Ota-onasining hurmatini qilmaydigan kishilar bilan do‘stlashmaslik.
  26. Ularning haqlariga duo qilish, vafot etganlaridan keyin Allohning quyidagi kalomini ko‘p aytish:

رَّبِّ ٱرۡحَمۡهُمَا كَمَا رَبَّيَانِي صَغِيرٗا٢٤

«...Ey Rabbim! Meni (ular) go‘daklik chog‘imda tarbiyalaganlaridek, Sen ham ularga rahm qilgin!» (Isro, 24).

 

 

KЕYINGI MAVZULAR:

Qarindoshlar haqi;

Qo‘shni haqi;

Ustoz haqi;

Do‘st haqi;

Kutubxona
Boshqa maqolalar
Videolar

Sirdaryo viloyati Sirdaryo tumanida o‘tkazilgan amaliy tadbir (videolavha)

10.01.2025   790   1 min.

 

Videolavhalar