Jobir roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Juma kunlari Nabiy sollallohu alayhi vasallam bir daraxt yoki xurmo ustida turib xutba qilardilar. Bir kuni ansorlardan bo‘lgan bir ayol yoki erkak: “Yo Rasululloh! Sizga bir minbar yasab beraylikmi?” dedi.
U zot sollallohu alayhi vasallam “Ixtiyorlaring” dedilar. Ular minbar yasab berdilar. Juma kuni kelganda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam minbar tomon ketdilar. Shunda xurmo daraxti xuddi yosh bola baqirgani singari ovoz chiqardi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam minbardan tushib, uni quchoqladilar. Xurmo xuddi yupanayotgan bola kabi hiqqillashga tushdi.
-U (har gal) yonida qilinadigan zikrni endi eshitolmasligidan yig‘lardi”. Imom Buxoriy rivoyatlari.
Ha, daraxt yoki xurmo tanasi Nabiy sollallohu alayhi vasallamni va aytiladigan zikrlar, mav’izalarni yaxshi ko‘rgani uchun u zot sollallohu alayhi vasallam minbarga chiqqanlarida ingragan. Bu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning mo‘jizalaridan biri edi.
Zoologiya ilmiga oid ko‘plab kashfiyotlar qatorida yaqinda, aniqrog‘i 2019 yil 5 dekabr kuni AQSHning Newscientist nashrida o‘simliklarning o‘zidan ovoz chiqarishi bilan bog‘liq ilmiy kashfiyot e’lon qilindi. Olimlarning aytishicha, ba’zi o‘simliklar 20 dan 100 kilogersgacha bo‘lgan oraliqda tovush chiqarar ekan. Bunda tovush havoni bir soniyada 20 mingtadan to 100 ming martagacha tebratadi. Buni ultratovush deyiladi. Hatto bir o‘simlikdan chiqayotgan signalni boshqa o‘simliklar qabul qilib, unga reaksiya bildirar ekan. Shuningdek, o‘simliklar bir-birini xavfdan ogohlantirar ekan. Masalan, o‘simlikka qo‘nish uchun hasharot uchib kelayotgan bo‘lsa, bu haqida bir o‘simlik boshqasiga xabar berar, bu xabarni olgan o‘simlik esa o‘zidan badbo‘y hid chiqarib, hasharotni o‘ziga yaqinlashtirmaslikka urinar ekan.
Qarang, hatto o‘simliklar bir-biriga yaxshilikni ilinadi, afsuski, ba’zan insonda shu fazilat topilmay qoladi.
Avvalroq, aniqrog‘i 2016 yilda Avstraliya milliy universiteti professori Piter Krisp o‘simliklar og‘riqli lahzalarni eslab qolish qobiliyatiga ega ekanligini kashf qilgan edi. Masalan, bir daraxtning bargini uzsangiz yoki uni yoqsangiz, o‘sha daraxt bu jarayonni eslab qolar ekan.
Germaniyaning Bonn universiteti professori Fransishek Balushka o‘simliklarda xotira borligini o‘rganib, ularda og‘riqli vaziyatlarni eslab qolish uchun qisqa xotira borligini e’lon qilgandi.
Xulosa shuki, daraxtlar, o‘simliklar ham atrofida bo‘layotgan ishlarni his qilib, og‘riqli voqealarni eslab qolib, xatar haqidagi xabarni bir-birlariga yetkazib, o‘zidan inson qulog‘i eshita olmaydigan signallarni chiqarar ekan. Ammo bu signallarni biz insonlar eshita olmaymiz. Olimlar ularning tovushlarini maxsus asboblar yordamida aniqlaganlar.
Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan ajralib qolayotgani uchun daraxt tanasi ham o‘zidan ovoz chiqardi, ingradi. Chunki, daraxt uchun bu og‘riqli, alamli hodisa edi. Bu ovozni o‘sha yerda hozir bo‘lgan sahobai kiromlar ham eshitishdi. Bu katta mo‘jizalardan biri edi.
Alloh taolo Nabiy sollallohu alayhi vasallamga cheksiz salovot va salomlar yuborsin, barchamizni O‘zining hidoyatidan ayirmasin va xotimamizni go‘zal qilsin!
Abduddoim Kahelning maqolasi asosida
Nozimjon Hoshimjon tayyorladi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi taniqli ulamo Abduqahhor G‘afforov (Shoshiy)ning vafoti munosabati bilan chuqur ta’ziya izhor etadi.
Alloh taolo marhum ulamoni O‘z mag‘firatiga olsin, imonlarini salomat qilsin, solih amallarini o‘zlariga hamroh etsin. Oxiratlarini obod etib, joylarini Firdavs jannatlaridan qilsin!
Ma’lumot o‘rnida Abduqahhor Shoshiy 1939 yili Toshkent shahridagi "Hazrati Imom" dahasida tug‘ilganlar. 1956-1960 yillari Buxorodagi “Mir Arab” madrasasida, 1965-1969 yillari Misrdagi “Al-Azhar” dorilfununida o‘qiganlar. So‘ng O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi xalqaro bo‘limi mudiri, “Mir Arab” madrasasi direktori, Toshkent Islom oliy ma’hadi rektori vazifalarida ishlaganlar. “Islom aqidasi”, “Islom arkonlari”, “Qur’oniy hikoyalar” kabi o‘nlab kitoblar muallifi va tarjimonlari sanaladi.
Haq taolo marhum olimning ahli oilasi, farzandu arjumandlari va yaqinlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlarini yaxshiliklar ila to‘ldirsin. Biz Buyuk Parvardigordan duo qilib so‘raymizki, marhum olimni o‘zining cheksiz rahmatiga olsin, jannat bog‘lariga doxil etsin.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
«Musibat yetganda «Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz», degan sabrlilarga xushxabar bering».
O‘zbekiston musulmonlari idorasi