Sayt test holatida ishlamoqda!
11 Mart, 2025   |   11 Ramazon, 1446

Toshkent shahri
Tong
05:24
Quyosh
06:42
Peshin
12:38
Asr
16:39
Shom
18:28
Xufton
19:41
Bismillah
11 Mart, 2025, 11 Ramazon, 1446

Nurul izoh: NAMOZ KITOBI: AZON

17.12.2019   10951   18 min.
Nurul izoh: NAMOZ KITOBI: AZON

NAMOZ KITOBI: AZON

 

NAMOZ KITOBI

*** Vojib bo‘lishining shartlari ***

Kishiga namoz o‘qish farz bo‘lishining uchta sharti bor: Islom, balog‘at, aql. Lekin yetti yoshga to‘lgan bolalar na­moz o‘qishga buyuriladi. O‘n yoshga to‘lganida ham namoz o‘qimasa, o‘rgatish maqsadida faqatgina ko‘l bilan uriladi, tayoq bilan urilmaydi.

Izoh: Hadisi sharifda Payg‘ambarimiz, sollallohu alayhi va sallam: «Farzandlaringiz yetti yoshga to‘lgach, namoz o‘qishga buyuringlar, o‘n yoshga kirganida ham namoz o‘qimasalar (yengil) uringlar va yotoqlarini ajratinglar», deb marhamat qilganlar.

 

*** Vojib bo‘lishining sababi ***

Vojib bo‘lish sababi namoz vaqtlarining kirishidir. Namozning avvalgi vaqti kirishi bilan butun vaqtning bir qismida uni ado etish vojibdir.

Izoh: Namoz lug‘atda duo degan ma’noni anglatadi. Shariatda esa boshlanishi iftitoh takbiri, oxiri salom bo‘lgan maxsus harakat va lafzlardan iborat ibodatdir. Payg‘ambarimizning, sollallohu alayhi va sallam, hijratlaridan bir yarim yil avval, Meroj kechasida farz qilingan.

 

*** Namoz vaqtlari ***

Bir kecha-kunduzda farz namozlarning besh vaqti bor:

  1. Bomdod namozining vaqti subhi sodiqdan boshlab, quyosh chiqqunigachadir. Sharqdan yoyila boshlagan oppoq yorug‘lik bomdod namozining vaqti kirganini bildiradi.
  2. Peshin namozining vaqti quyoshning zavolidan har bir narsaning soyasi o‘zidan ikki marta uzun bo‘lgunichadir.
  3. Asr namozining vaqti narsalarning soyasi o‘zidan ikki marta uzun bo‘lgan vaqtdan boshlab, quyosh botgunigacha davom etadi.
  4. Shom namozining vaqti quyosh botganidan so‘ng boshlanib, qizil shafaq yo‘qolgunicha davom etadi.
  5. Xufton va vitr namozlarining vaqti qizil shafaq yo‘qolgan paytdan boshlanib, subhi sodiq kirgunigacha davnom etadi. Vitr namozi hech kachon xufton namozidan avval o‘qilmaydi.

 

*** Ikki farz namozning birga (jam’) o‘qilishi ***

Ikki farz namozni bir vaqtda o‘qish (ya’ni, jam’ qilish) uzr tufayli bo‘lsa ham, joiz emas. Faqat Arafotda ihromda bo‘lish va hojilar rahbari yoki uning vakiliga iqtido qilish sharti bilan peshin, asr namozlari peshin vaqti ichida, Muzdalifada esa shom va xufton namozlari xufton vaqti ichida jam’ qilib o‘qiladi, Muzdalifaga ketayotib, yo‘lda shom namozini o‘qish joiz emas.

 

*** Mustahab bo‘lgan namoz vaqtlari ***

  1. Erkaklar uchun bomdod namozini so‘nggi vaqtigacha kechiktirib o‘qish.
  2. Peshin namozini yoz paytida jazirama issiq yo‘qolgunigacha kechiktirish, qish paytida esa tezroq o‘qish, faqat havo bulutli bo‘lganida biroz kechiktirish.
  3. Asr namozini, quyoshga qaralsa, ko‘z qamashmaydigan paytdan biroz avvalgi vaqtgacha kechiktirish, lekin havo bulutli kunlarda tezroq o‘qish.
  4. Shom namozini havo ochiq kunlarda tezroq (vaqg avvalida), havo bulutli kunlarda biroz kechiktirib o‘qish.
  5. Xufton namozini tunning uchdan bir qismi o‘tgunigacha kechiktirish, havo bulut kunlari tezroq o‘kish. Uyg‘onishiga ishonganlarning vitr namozini tunning so‘nggi vaqtigacha kechiktirib o‘qishi. Bu hukmlar soati bo‘lmaganlar uchundir.

 

*** Namoz o‘qish makruh bo‘lgan vaqtlar ***

Quyidagi uch vaqtda na farz va na bu vaqtlar kirmasidan avval zimmaga vojib bo‘lgan namozlarni o‘qish joiz emas.

  1. Quyosh chiqishidan boshlab, ko‘tarilgunigacha bo‘lgan vaqtda.
  2. Quyosh tik ko‘tarilib (qiyomga kelib), g‘arb sari mayl qilgunigacha bo‘lgan vaqtda.
  3. Quyosh sarg‘aygan paytdan boshlab, botishigacha bo‘lgan vaqtda.

Faqat quyosh botayotgan paytda o‘qilayotgan asr namozini tamomlash, shu vaqtda o‘qilgan oyatlarning tilovat sajdasini qilish hamda hozir bo‘lgan mayitning janoza namo­zini o‘qish karohat bilan joizdir.

 

*** Nafl va sunnat namoz o‘qish makruh bo‘lgan vaqtlar ***

  1. Ikkinchi fajr (fajri sodiq) kirgach (bomdod namozining sunnatidan tashqari).
  2. Bomdod namozining farzidan so‘ng.
  3. Asr namozining farzidan so‘ng.
  4. Shom namozining farzidan avval.
  5. Juma kuni imom xutba o‘qishga chiqishidan boshlab, juma namozi o‘qib bo‘lingunigacha.
  6. Bomdod namozining sunnatidan tashqari, qaysi namoz bo‘lmasin, muazzin takbir aytayotganida.
  7. (Xoh uyda, xoh masjidda bo‘lsin) hayit namozidan avval, hayit namozidan so‘ng (faqat masjidda).
  8. Arafot va Muzdalifada jam’ qilib o‘qilgan ikki namoz orasida.
  9. Farz namozining vaqti juda kam qolganida (chunki nafl o‘qiladigan bo‘lsa, farz qazo bo‘lib qolishi mumkin).
  10. Kichik yoki katta hojat tang qilib turganida.
  11. Nafsga xush kelgan taom dasturxonga tortilganida.
  12. Namozdan chalg‘ituvchi narsalarning yonida nafl na­moz o‘qish.

 

*** Azon va takbirning hukmlari ***

Muqimlikda va safarda bo‘lsin, xoh yolg‘iz, xoh jamoat bo‘lib farz namozlarini o‘z vaqtida yoki qazosini o‘qish oldidan erkaklarning azon va takbir aytishlari sunnati muakkadadir. Ayollarga esa makruhdir.

Izoh: Payg‘ambarimiz, sollallohu alayhi va samom, bi­lan sahobalar bir kuni musulmonlarga namoz vaqti kirganini bildirish uchun biror usul yo vosita topish hususida suhbatlashib, eng maqul usulni izlashga kirishadilar. Barcha o‘z fikrini ayta boshlaydi. Kimdir zang (qo‘ng‘iroq) chalinsin, dedi. Payg‘ambarimiz «bu nasroniylar odatidir», deb rad qildilar. Kimdir «karnay (quvur) chalaylik» dedi. «Bu yahudiylar odatidir», dedilar Alloh Rasuli. Ba’zi sahobalar nog‘ora chalishni taklif qildilar, Payg‘ambarimiz: «Bu Bizans (shar-qiy Rum) odatidir», dedilar. Ba’zilar olov yoqaylik dedi. Payg‘ambarimiz: «Bu majusiylar odati», deb qabul qilmadilar. Kimdir «masjid tomiga bayroq tikaylik, ko‘rganlar namoz vaqti bo‘lganini bilsin» dedi. Bu fikr ham Payg‘ambarimizga yoqmadi. Aniq bir fikrga kelmasdan tarqalishdi. Abdulloh ibn Zayd ham ularning oralarida edi. O‘sha kunni eslab shunday deydi: «O‘sha tunda shunday xayol-tushunchalar bilan uyquga yotdim. Uyqu va bedorlik aralash holatda chiroyli kiyingan bir kishini ko‘rdim. Devor ustida ko‘liga zang ushlagan holda menga tikilib o‘tirardi. Unga: «Qo‘lingdagini menga sotasanmi?» dedim.

  • Nima qilasan? dedi.
  • Namoz paytida u bilan musulmonlarni masjidga chaqiraman, dedim.

Bundan chiroyliroq usulni o‘rgataymi? dedi va o‘rnidan turib, bizga ma’lum jumlalar bilan azon aytdi. Bir oz o‘tir-ganidan so‘ng yana turib, bizga ma’lum shaklda takbir aytdi. Ertalab uyg‘ongach, darhol Rasulullohning, sollallohu alayhi va sallam, huzurlariga borib, tushda ko‘rganlarimni so‘zlab berdim. Shunda Payg‘ambarimiz, sollallohu alayhi va sallam, «O‘sha yashil libosli kishi sizga o‘rgatgan jumlalarni Bilolga o‘rgating, bizga aytib bersin. Uning ovozi chiroylidir», dedilar. Biroz o‘tgach Hazrati Umar, roziyallohu anhu, kelib, vaziyatdan xabar topgach: «Xuddi shunday tushni men ham ko‘rdim, lekin Abdulloh ibn Zayd bir oz ertaroq harakat qilibdi», dedilar. Bu orada bir necha sahobalar ham kelib xud­di shunday tush ko‘rganlarini aytadilar. Bu xususda Payg‘ambarimizga ham alohida vahiy kelgan edi. Bir rivoyatga ko‘ra, Hazrati Umar, roziyallohu anhu, ko‘rgan tushini aytish uchun, erta tong Payg‘mbarimizning huzurlariga yuguradilar. U zot, sollallohu alayhi va sallam, o‘zlariga ham shunday vahiy kelganini aytadilar. Demak, azon bugungi jumlalari bilan arab tilida ba’zi sahobalarga tush, Payg‘ambarimizga esa, vahiy orqali o‘rgatilgan. Shu bois azon lafzlarini o‘zgartirish, boshqa tilda aytish, tush va ilhom orqali ma’lum qilingan ilohiy maqsadga zid bo‘ladi.

 

*** Azon ***

Azon avvalida to‘rt, oxirida ikki marta takbir (Allohu Akbar) deyiladi. Shahodatlar «Ashhadu alla ilaha illalloh» va «Ashhadu anna Muhammadar rasululloh» lafzlarida tarji’ (ya’ni, jumlalarni baland ovozda aytishdan avval ichida aytib olish) qilinmaydi (tarji’ Shofe’iy mazhabida sunnat, Imomi A’zam mazhabiga ko‘ra, makruhdir).

Takbir xuddi azon kabi aytiladi. Faqat bomdod namozining azonida «Hayya alal falah» jumlasidan so‘ng, «As solatu xoyrum min an-navm» va barcha farz namozlarning takbirlarida ikki marta «Qod qomatis solah» deyiladi. Azon jumlalari alohida-alohida cho‘zib aytilsa, takbir juft-juft qilib, tezroq aytiladi.

 

*** Arabchadan boshqa tilda azon aytish ***

Ma’nolarini to‘la ifoda qilsa ham, azon va takbirni arabchadan boshqa tillarda aytish joiz emas.

 

*** Muazzinga oid mustahab amallar ***

Muazzinning soliq kishi bo‘lishi.

  1. Azonning sunnatlarini va vaqtini bilish.
  2. Azonni tahorat bilan aytish.
  3. Azonni tahorat bilan va qiblaga yuzlanib aytish (faqat musofirning miniladigan hayvon yoki transport vositasi ustida bo‘lishi bundan mustasno).
  4. Azon aytayotganida ovozning uzoqroqqa ketishi uchun barmoqldar bilan quloqlarni berkitib olish.
  5. «Hayya alas-solah»ni aytganida yuzini o‘ngga va «Hayya alal-falah»ni aytganida chapga burishi yoki minoradan boshini chiqarishi.
  6. Mustahab bo‘lgan vaqtga rioya kilish bilan birga jamoatning namozga yetishuvini o‘ylab azon bilan takbir orasida ozroq kutib turish.

Shuningdek, shom namozida uch qisqa oyat o‘qiladigan yoki uch qadam bosadigan darajada kutiladi.

*** Azonning makruhlari ***

  1. Azon kalimalarini noto‘g‘ri talaffuz qilish yoki qo‘shiqqa o‘xshatib aytish (talqin).
  2. Tahoratsiz azon va takbir aytish.
  3. Junub holatda azon aytish.
  4. Balog‘atga yetmagan bolaning, telba, mast, ayol, fosiq (gunohi kabira kilib, shariat amrlarini bajarmagan kishi) va o‘tirgan shaxslarning azon aytishlari ham makruxdir. Bunday hollarda azonni takror aytish mustahabdir. Takbir takror aytilmaydi. Juma kuni (uzr bilan juma namozini qazo qilganlar) peshin namozi uchun azon va tak­bir aytishlari makruhdir.

 

*** Qazo namozlarida azon ***

Qazo namozlarini o‘qish uchun azon va takbir aytiladi. Bir necha qazo namozini bir vaqtda o‘qtsh uchun dastlabkisida azon va takbir aytiladi. Qolganlarida azon tark qilinsa ham, takbirni tark qilish makruhdir.

 

*** Azon eshitilganida nima deyiladi? ***

Azon aytilganida to‘xtab, uni eshitish, azon jumlalarini takrorlash odobdandir. Faqat «Hayya alas-solah» va «Hayya alal-falah»dan so‘ngra (La havla vala quvvata illa billah) hamda bomdod namozida («As-solatu xoyrum min an-navm») jumlalaridan so‘ng, «Sodaqta va barorta» (to‘g‘ri aytding) yoki «Mashaalloh», (Alloh xohlagan narsa bo‘ladi) deydi. Azon tamomlangach, muazzin va eshitgan kishilar quyidagi vasila duosini o‘qiydilar:

Allohumma robba hazihid-da’vatit-tammah. Vas-solatil qoimah, ati Muhammadanil vasiylata val faziylah. Vab’ashu maqomam mahmudanillaziy va’adtah. Varzuqna shafa’atahu yavmal kiyamah. Innaka la tuxliful mi’ad!

Ma’nosi: «Ey ushbu komil da’vat (azon) va namozning haqiqiy egasi bo‘lgan Allohim! Muhammadga, sollallohu alayhi va sallam, shafoatchilik salohiyatini va oliy martabani bergin. Va u zotni O‘zing va’da qilgan Mahmud jannatdagi eng go‘zal maqomga erishtirgin!

 

*** Namozning shartlari ***

Namozning durust bo‘lishi uchun quyidagi shartlar lozimdir:

  1. Hadas (tahoratsizlik, junub, hayz va nifos)dan poklanish.
  2. Vujud, libos va namoz o‘qiladigan joyning namoz durutligiga mone’ bo‘luvchi najosatlardan pok bo‘lishi, oyoq, ko‘l, tizza va peshona qo‘yiladigan joylarning toza bo‘lishi ham shart.
  3. Avrat joylarning to‘silgan bo‘lishi. Yoqa yoki etakdan (avrat joylari) ko‘rinib qolishining zarari yo‘q.

Izoh: Boshqa bir narsa bilan aloqasi, bog‘lanishi bo‘lgan narsa o‘sha boshqa narsaning ichida bo‘lsa, rukn deb ataladi. Masalan, namozda ruku kilish kabi. Agar u o‘sha boshqa narsaga hyech bir ta’sir ko‘rsatmay, faqat unga olib boruvchi bo‘lsa, sabab deb nomlanadi. Masalan, namozning farz bo‘lishi uchun vaqtning kirishi kabi. Agar unga olib boruvchi narsa, o‘sha bosh­qa narsaga tayangan bo‘lsa, u shart deb ataladi. Masalan, namozga tahorat qilish kabi. Agar unga tayanmagan bo‘lsa, alomat deyiladi. Masalan, namozga azon aytish kabi. Demak, shart narsaning tashqarisida bo‘lib, o‘sha narsaning mavjudiyati unga tayangan sababdir. Rukn esa, har qanday bir narsaning ichida bo‘lib, o‘sha narsaning mavjudiyati unga tayangan sababdir.

  1. Qiblaga yuzlanish. Makkada Ka’bani ko‘rib turganlar uchun Ka’baning o‘ziga, ko‘ra olmaganlar uchun Ka’ba tomonga yuzlanish farzdir.
  2. Namoz vaqtining kirishi.
  3. Vaqt kirganiga qanoat hosil qilish.
  4. Niyat qilmoq.
  5. Niyatdan so‘ng darhol takbiri tahrima qilish.
  6. Takbiri tahrimani tik turgan holda rukuga egilmasdan avval qilish.
  7. Niyatni iftitoh takbiridan oldin qilish.
  8. Iftitoh takbirini o‘zi eshitadigan darajada balandroq aytish.
  9. Iqtido qilgan kishining (namozga niyat qilish bilan birga) imomga iqtido qilishga ham niyat qilishi.
  10. Qaysi vaqtning farz yoki vojib namozi o‘qilishini niyat qilish.
  11. Nafl namozlardan boshqa (farz va vojib) namozlarni tik turgan holda o‘qish.
  12. Farz namozlarining ikki rakatida, vitr va nafl namozlarining barcha rakatlarida, Qur’ondan bir oyat bo‘lsa ham qiroat qilish.
  13. Jamoat qiroat qilmaydi. Imom jahran o‘qiganida eshitadi, maxfiy o‘qiganida esa jim turadi. Iqtido qilgan kishining qiroat qilishi tahriman makruhdir.
  14. Ruku qilish.
  15. Peshona botib ketmaydigan joyga sajda qilish. Pax­ta, somon, guruch, tariq va shunga o‘xshash narsalar ustiga sajda qilish durust emas. Chunki bunda peshona barqaror bo‘lmaydi. Agar bu narsalar maxsus qopga joylangan bo‘lsa ham, sajda qilayotganida peshona bilan burunning kattiq joyini yerga tekkizish vojibdir. Faqat burunning o‘zini yerga qo‘yish, peshonada biror uzr bo‘lmasa, joiz emas.
  16. Sajda qilinadigan joyning oyoqlar turgan joydan yarim ziro’dan (taqriban 25 sm) baland bo‘lmasligi. Yarim ziro’dan baland joyga sajda qilish joiz emas. Faqat joy torligi tufayli ayni namozni o‘qiyotgan boshqa kishining yelkasiga sajda qilish mumkin.
  17. Sajdada ikki qo‘l kaftini, ikki tizzani, ikki oyoq barmoqlari uchini yerga qo‘yish, oyoqlarning (yoki oyoq barmoqlarining) ustini yerga tekkizish joiz emas.
  18. Rukuni sajdadan avval qilish.
  19. Birinchi sajdadan so‘ng boshni ko‘tarib, o‘tirishga yaqin holda oz fursat turish.
  20. Ikkinchi sajdani ado etish (ikkinchi sajda ham birinchi sajda kabi farzdir).
  21. Namoz so‘ngida «Attahiyyatu» (tashahhud) o‘qish miqdoricha o‘tirish.

Izoh: Bu hukm Ibn Mas’ud, roziyallohu anhu, Payg‘ambarimizdan, sollallohu alayhi va sallam, rivoyat qilgan hadisi sharifdan chiqarilgan, ya’ni, Payg‘ambarimiz, sollallohu alayhi va sallam, Ibn Mas’udga, roziyallohu anhu, «Attahiyyatu»-ni o‘rgatgach, «buni o‘tirib o‘qiganingizdan so‘ng, namozingizni tamomlagan bo‘lasiz», deb namozni tamomlash tashahhud o‘qishga yoki shuncha miqdor o‘tirishga bog‘liq ekanini bayon qiladilar.

  1. Namozning barcha arkonlarini uxlamay ado qilish.
  2. Namozning sunnat va farzlarini bir-biridan ajrata bilish, uning shakl va harakatlarini bilish. Farz namozining farz ekaniga ishonish, toki farz namozni nafl sifatida o‘qimasin.

 

*** Namozning ruknlari ***

Yuqorida bayon qilingan shartlardan quyidagilari na­mozning ruknlari hisoblanadi:

  1. Qiyom (tik turmoq).
  2. Qiroat
  3. Ruku
  4. Sajda.

Izoh: Namoz ibodataarning eng fazilatlisi bo‘lsa, saj­da namozning eng muhim ruknidir. Payg‘ambarimiz, sollallohu alayhi va samam, sajda haqida shunday deydilar: «Bandaning Parvardigoriga eng yaqin bo‘lgan payti sajda holatidir. Sajda qilgan holda Allohga ko‘p-ko‘p duo qilinglar». Sajda holida insonning manmanlik va ustunlik da’volarini tashlab, kamtarinlik ramzi bo‘lgan tuproqqa teng joylashuvi Alloh huzurida e’tiborlidir. Ibodatlarning eng muhimi bo‘lgan, namoz, insonning nafs va shayton vasvasa qilayotgan manmanlik va kibr-havo tuyg‘ularidan qutulib, buyuk Parvardigori huzurida o‘zining ojiz va zaif banda ekanini tan olishidir. Namoz mo‘minning merojidir va uning eng fazilatlisi xushu’-xuzu’, ichida tavoze’ bilon ado qilinganidir.

  1. Oxirgi qa’dada kamida tashahhud o‘qish miqdoricha
    o‘tirish.

Izoh: Namoz shartlarining bir qismi (tahorat qilish, avrat joylarini yopish, qiblaga yuzlanish, vaqtning kirishi, niyat, iftitoh takbiri kabi) namozni boshlashning durustligi shartlari, qolganlari esa namozni davom ettirish durustligining shartlaridir.

Qavilmagan kiyimning bir tarafi harom bo‘lsa, ikkinchi toza tarafini to‘shab, ustida namoz o‘qish joizdir.

Namoz o‘qiyotgan kishi sallasining ikki uchidan biri iflos bo‘lsa, uni pastga osiltirib, toza tomonini boshida qoldirsa, harakatlanganida toza tomonning iflos uchi qimirlamasa, (bunday salla bilan o‘qilgan) namoz joiz­dir. Agar bunda sallaning iflos uchi ham qimirlasa, u bilan namoz o‘qish joiz emas. Chunki toza tomoni harakatlanganida sallaning iflos uchi qimirlasa, u sallaning asosiy qismidan hisoblanadi. Kishining libosida namozga mone’ bo‘ladigan miqdorda najosat bo‘lib, uni ketkazishga suv yoki biror boshqa suyuqlik topa olmasa, o‘sha holatda namoz o‘qiydi. Suv topilsa, namozni qayta o‘qishi shart emas.

 

KЕYINGI MAVZULAR:

 

NAMOZ KITOBI:

Avrat joylarini yopa olmagan kishining namozi;

Yalang‘och kishilarning namozi;

Qiblaga yuzlanish;

Namozning vojiblari;

Namozning sunnatlari;

Namozning odoblari;

Namoz o‘qish tartibi;

Qo‘lni ko‘tarish sunnat bo‘lgan holatlar;

Boshqa maqolalar

TAOMLANISH  SIRLARI (7-qism)

11.03.2025   1208   11 min.
TAOMLANISH  SIRLARI (7-qism)

TAOMLANISH  SIRLARI (7 qismdan iborat)ni

ULUG‘  USTOZ  ULAMOLARIMIZ  bayon  qilib  berganlar:

     (7-qism)

TAOMLANISHDA

  1. ovqatlanayotganda taomni odob bilan tanovul qilish;
  2. o‘ng qo‘l bilan yeb-ichish;
  3. taomni o‘ziga yaqin joydan, o‘z oldidan yeyiladi;
  4. ovqatlanishdan oldin tuz yalashlik;
  5. mevani qaysi tarafdan olsa ham, zarari yo‘q;
  6. dasturxonga tushgan non uvoqlarini, ushoq va guruch kabi narsalarni odob va ehtirom bilan terib yeyish;
  7. taomni sovutibroq iste’mol etish, chunki issiq-qaynoq taomda baraka bo‘lmaydi;
  8. taom uch barmoq – bosh, ishora va o‘rta barmoqlar yordamida yeyiladi. Ikki barmoqda taom yeyish takabburlik alomatidir;
  9. ikki kishi birga ovqatlanganda biri ikkinchisidan beruxsat dasturxondagi taom yoki mevalardan ikkitadan olib yeyishi maqbul emas;
  10. taomni ayblamaslik;
  11. ishtaha bo‘lsa – yeyiladi, bo‘lmasa – tark etiladi;
  12. taom suzilgan laganning o‘rtasidan emas, atrofidan yemoqlik, zero o‘rtasiga baraka yog‘ilib turadi;
  13. «Ustida ko‘p qo‘l bo‘lgan ovqat – Alloh huzurida ovqatlarning sevimlisidir»
  14. uzoq turib qolgan taomni yemaslik;
  15. og‘izga ketma-ket luqma tashlanmaydi;
  16. ko‘pchilik oldiga chiquvchi kishilarning xom piyoz, sarimsoq kabi badbo‘y narsalarni iste’mol qilishlari odobga to‘g‘ri kelmaydi;
  17. luqmalar o‘rtacha kattalikda olinadi;
  18. og‘izdagi taomni yutmay turib, idishga qo‘l uzatilmaydi;
  19. tishlangan taom idishga qaytarib qo‘yilmaydi;
  20. taomni hidlab ko‘rilmaydi;
  21. taom ustida nafas olinmaydi;
  22. luqmani olib borayotganda og‘iz katta ochilmaydi;
  23. taom yeyilayotgan qo‘l kosa yoki tovoqqa, dasturxonga silkitilmaydi;
  24. tik turgan holda taom yeyilmaydi;
  25. quyuq taomlarni chaynaganda tovush chiqarmasdan chaynashlik;
  26. suyak yoki paylarni qisirlatib chaynamaslik;
  27. ovqatdan chiqqan suyak yoki boshqa narsalarni dasturxonga qo‘ymaslik;
  28. dasturxon atrofida tish kovlamaslik lozim;
  29. quyuq ovqatlarni qo‘lda yegan ma’qul;
  30. ovqatga ham hurmat ko‘rsatiladi;
  31. yaxshi pishmagan ovqat yomonlanmaydi;
  32. qoshiq bilan taomlanishda ham toq songa rioya qilgan yaxshi;
  33. qoshiqni to‘ldirib ovqat yeyilmaydi;
  34. qoshiqdagi sho‘rva yoki boshqa ovqatlar kiyimga tommasligi kerak;
  35. taomlanishda og‘iz idishga yaqin olib borilmaydi;
  36. qoshiq og‘izga butunlay solinmaydi;
  37. ovqatlanish vaqtida behuda gaplar aytilmaydi;
  38. ovqat umumiy idishdan yeyiladigan bo‘lsa, hamma o‘z oldidan olib yeydi;
  39. ovqat issiq holda yeyilmaydi;
  40. suyuq ovqatni ovoz chiqarib, xo‘rillatib ichmaslik;
  41. ovqatni qoshiq bilan ichishda uni to‘ldirib yuborilmaydi, juda kam ham olinmaydi;
  42. donalab sanab yeyiladigan narsalar toq yeyiladi;
  43. imkoni boricha qoshiq bilan emas, balki qo‘l bilan ovqatlanishlik;
  44. nonning barcha bo‘laklarini qoldirmasdan yeyishlik;
  45. nonning yuzini va chetlarini yeb, ichini esa yemaslik nonga hurmatsizlik hisoblanadi;
  46. luqmani kichik qilishlik;
  47. yaxshilab chaynab yeyishlik;
  48. bir luqmani to yaxshi chaynab yutmaguncha, aslo ikkinchi luqmani tishlamaslik;
  49. ovqat yer ekan, og‘izni katta ochmaslik;
  50. taom yeyilayotganda qo‘lini (ng yog‘ini) badaniga va yo kiyimiga artmaslik;
  51. birga ovqatlanayotganlarning yuzlariga, qo‘llariga va yo og‘izlariga, luqmalariga zinhor-bazinhor qaramaslik;
  52. yon-atrofdagilarga aziyat qilmaslik, xalaqit-ozor bermaslik va bezovta qilmaslik;
  53. tirsaklarga tayanmaslik va keng qo‘ymaslik;
  54. nonni ham, go‘shtni ham iloji boricha pichoqsiz bo‘lishlik;
  55. taom yer ekan bir luqmani qo‘liga olganida tovoq ustiga engashmaslik;
  56. luqmani og‘ziga solgach, qo‘lini tovoq chetiga surtmaslik va yo ichiga qoqmaslik;
  57. sirkali ovqatdan bir luqmani yog‘li (boshqa) bir ovqatga aralashtirmaslik;
  58. taom ichidagi suyak va danaklarni og‘ziga tekkizgach, qayta tovoq yo kosa ichiga solmaslik, qo‘ymaslik;
  59. tishlagan non va yo go‘sht parchasini sho‘rva yoki boshqa ovqatlarga solmaslik;
  60. qoshiqni tovoqqa qattiq tashlamaydi;
  61. ovqat qoldiqlari bo‘lishi hamda bu qoldiqlar tovoqqa tomishi mumkinligini inobatga olinib, qoshiq tovoqqa to‘nkarib qo‘yiladi;
  62. qo‘lning moyini nonga, garchi uni yemoqchi bo‘lsa-da, artmaslik zarur;
  63. yog‘li luqma va go‘sht parchasini sirkaga botirmasdan, balki non sirkaga botirilib, ustiga go‘sht qo‘yilib, keyin yeyiladi;
  64. ilikni zarb iblan non sirtiga yoki yuziga, tovoqqa va dasturxonga urmaslik kerak;
  65. ovkat mahali kishini nafratini qo‘zg‘aydigan chirkin, behayo, bema’ni gap-so‘zlarni so‘zlamaslik;
  66. ko‘pchilik bo‘lib ovqatlanilayotganda, birodarlarining ahvolini tushunib, fikr qilgan holatda (kam) yeyishlik. Yolg‘iz o‘zi bo‘lgan chog‘da ham g‘ariblar, miskinlar holini ko‘z oldiga keltirib, kam ovqatlanishlik va ortgan ovqatni g‘arib, ehtiyoji borlarga taqdim etmoqlik;
  67. nonxurushsiz nonning o‘zini yemoqlik;
  68. tik turib va yurib ovqat yemaslik;
  69. yonboshlab ovqatlanmaslik;
  70. haddan ziyod to‘yib ovqat yemaslik;
  71. qo‘l dasturxonga artilmaydi;
  72. ovqatlangandan so‘ng dasturxondagi ushoqlar terib yeyiladi;
  73. ovqatlanishni tuz bilan tugatmoq;
  74. mezbon ovqatlanishni mehmonlardan so‘ng tugatishi lozim;
  75. ko‘pchilik bo‘lgan (to‘y va shu kabi marosimlar)da esa mezbon mehmonlarni kuzatib bo‘lgandan so‘ng ovqatlanadi.

 

ICHIMLIK  ICHISH:

  1. ovqat paytida suv, choy kabi ichimliklarni ko‘p ichmaslik;
  2. taomga, ichimlikka zinhor puflanmaydi;
  3. taomni xo‘rillatib, shapillatib yo turli ovozlar bilan iste’mol qilinmaydi;
  4. tik turgan holda imkon qadar ichimlik ichmagan ma’qul (faqat Zam-zam suvi yoki tahoratdan ortib qolgan suv tik turgan holda, Qiblaga yuzlanib ichiladi);
  5. ichimliklar o‘tirgan holda «Bismillohir rahmonir rahim» bilan ichiladi;
  6. ichib bo‘lgach, «Alhamdulilloh! Xudoga shukr!» deyiladi;
  7. ichimlik idishi og‘zi yopiladigan bo‘lishi kerak;
  8. suv idishini og‘izdan tashqari tutib ichiladi;
  9. suv ichayotganda birdaniga simirmay, bir nafasda emas, balki sekin-sekin, uch bora tanaffus bilan bo‘lib ichish afzal;
  10. suv uch nafas bilan ichiladi. Har nafasda lab idishdan olinadi. Birinchi nafasda bir ho‘plam, ikkinchi nafasda uch ho‘plam, uchinchi nafasda besh ho‘plam ichiladi;
  11. ichilayotgan suvga tuflamaslik;
  12. mesh, paqir yoki boshqa idishlarning og‘zidan ichilmaydi;
  13. soy-daryolarga yotib suv ichilmaydi;
  14. suvga nafas urilmaydi;
  15. suv ichishdan avval idishdagi suv obdon nazoratdan o‘tkaziladi. Uning ichida xas va boshqa narsalar bo‘lmasligi kerak. Agar qorong‘i bo‘lsa, idish labiga biror doka qo‘yib suv ichiladi;
  16. og‘iz va qo‘l yog‘li bo‘lsa, ko‘za yoki obdastani moy qilmaslik kerak. Agar suv idishini ushlashga majbur bo‘lsa, jimjiloq va uzuk barmoq bilan ushlagan ma’qul. Idishning dastasi bo‘lmasa, avval yog‘li qo‘lni artib olish tavsiya etiladi;
  17. boshqalarni suv bilan siylagan kishi o‘zi oxirida ichadi;
  18. duch kelgan, tasodifiy kishidan suv so‘rash to‘g‘ri emas;
  19. ichimlikka, issiq ovqatga puflanmaydi, balki kovlab sovutish yo sovushini kutib sabr qilinadi;
  20. suv beruvchini xayrli duo qilish kerak.

 

OVQATLANGANDAN  KЕYIN

  1. taomlangandan keyin «Alhamdulilloh», «Xudoga shukr!» deb, Allohga shukr qilish;
  2. ovqatlanib bo‘lgandan so‘ng, qo‘lni yalab, so‘ng sochiqqa artiladi. Yuvib, keyin artish ham mumkin;
  3. yog‘li idishlar yalab qo‘yiladi;
  4. qo‘lni artishdan oldin barmoqlarni yaxshilab yalash;
  5. ovqatlanib bo‘lingach, oldin ovqat idishlarini, taom yegan barmog‘larini yalab, keyin qo‘llar yuviladi va sochiqqa artiladi;
  6. taom yeyilgan tovoqni yalab tozalab qo‘yiladi;
  7. mo‘min kishidan qolgan taomni yemoqlik;
  8. ovqatlanib bo‘lingach, dasturxon oldidan yoshlari yoshroqlar boshqalardan bir oz oldinroq turib, ota-ona, ustoz, rahbar, o‘zidan yoshi katta, ulug‘ inson, tabarruk odamlarga xizmat qiladilar;
  9. ota-ona, ustoz, rahbar, o‘zidan yoshi katta, ulug‘ inson, tabarruk odamlar o‘rnilaridan turganlarida, dasturxon yonidan chetlanib, ular xonadan chiqib ketganlaridan keyingina yana qayta o‘z o‘rniga o‘tirish mumkin;
  10. bergan ne’matlari uchun Yaratganga shukrona aytib, taom egalariga, tayyorlaganlarga minnatdorchilik izhor etib, haqlariga duo qilib, keyin dasturxon atrofidan turiladi;
  11. dasturxon oldidan turib ketar ekan, ochu nahor bo‘lganlar, ovqat topolmay xor-zor, sarson-sargardon yurganlarni eslab, shunday holga solib qo‘ymagani uchun Alloh taologa behisob shukrlar aytib, ehtiyojmandlarga ehson qilishlik;
  12. duo qilinmasdan turib ketilmaydi;
  13. taom yegandan so‘ng tish tozalagich cho‘p bilan tishlar orasini tozalashlik;
  14. dasturxon atrofida tishlar orasini tozalamaslik;
  15. mabodo bordi-yu dasturxon atrofida tishlar orasini tozalashga zarurat tug‘ilib qolsa, qo‘llarini, tish tozalagich cho‘pni dasturxonga yo sochiqqa artmaslik;
  16. tishlar orasini tozalar ekan, chiqqan (ovqat qoldiqlari)ni yemaslik;
  17. ovqatlangandan so‘ng idishlar yuvib tozalanadi;
  18. ovqatlangandan keyin ikki qo‘lni bo‘g‘imigacha uch marta yuvib, og‘izni chayish lozim;
  19. Alloh taoloning zikri va ne’matlari shukronasidan g‘ofil bo‘lmaslik;
  20. ovqat hazm bo‘lmaguncha yotmaslik.

 

CHOYXONA  (VA SHU KABI JOY)LARDA:

  1. ko‘ngli tortsa, mo‘min kishidan qolgan taomni yemoqlik;
  2. bir kishilik taomni ikki kishi yeydigan bo‘lib qolsa, bunga mone’ bo‘lmaslik;
  3. to‘lanib ovqatlanadigan joy (choyxona va shu kabi) larda “kim taklif qilsa, barcha xarajatlarni o‘z zimmasiga oladi” degan qoida qo‘llaniladi; lekin orada ota-ona, ustoz, rahbar, o‘zidan yoshi katta, ulug‘ inson, tabarruk odamlar bo‘lishsa, to‘lovni o‘zini hurmat qilganlar o‘z zimmalariga oladilar va to‘lagan mablag‘ to‘g‘risida mutlaqo og‘iz ochmaydilar;
  4. agar “sizni taklif qilaman” yoki "men sizlarni taklif qilaman" degan ibora eshitilsa, demak shuni aytgan kishi to‘laydi;
  5. agar "boraylik" deyilsa, unda hamma o‘z-o‘ziga to‘laydi; agar qandaydir tarzda moliyaviy ishtirok etishni istagan kishi o‘z hissasini ham qo‘shgani afzal;
  6. ko‘pchilik bo‘lgan joyda biror uzri bo‘lmasa, taomga duo qilinmaguncha o‘rnidan qo‘zg‘almagani ma’qul;
  7. ikki kishi bir tovoqda sherik bo‘lsa, navbat bilan toq, ya’ni bir yoki uch qoshiqdan taomlanadi;
  8. mabodo turib ketish zarurati tug‘ilib qolsa, holatga qarab, avvalo yonidagilardan, so‘ng dasturxon atrofidagi ulug‘ (ota-ona, ustoz, rahbar, o‘zidan yoshi katta, ulug‘ inson, tabarruk odam) lardan hamda yig‘in egalaridan uzrini aytib, kechirim so‘rab, ijozat so‘rab turiladi.

 

  • “Hamma narsa ham oiladan boshlanadi” – deydi dono xalqimiz...
  • Demak, oilaning rahbarlari – OTA-ONALAR “farzandlar tarbiyasi” nomli “hayot universiteti”da mashaqqatli va sharafli, og‘ir va savobli, sermahsul va olijanob vazifada mas’ul sanaladi.  
  • Oila a’zolariga ovqatlanish odoblarini aytib turish, dasturxon atrofida o‘zaro yaxshi muloqotda bo‘lish, o‘rni bilan yoshlarning kamchiliklarini bildirib qo‘yish – kattalarning burchidir.
  • Xususan, non va oziq-ovqatlarni iste’mol qilish tartiblarini, non va non mahsulotlarini isrof qilmaslikni o‘rgatish va talab etishdan hech bir ota-ona charchamasligi darkor.
  • HAYOT nomli "Universitet"ning "tillo diplomi"ga ega bo‘lgan,

TAJRIBA nomli "Oliy o‘quv yurt"ning "brilliant sertifikati"ni qo‘lga kiritgan va

AQL nomli "Institut"ning "gavhar hujjati"ni egallagan

oqil va dono OTA-ONALARIMIZ hamisha yoshlarimiz uchun PROFЕSSOR bo‘lib qoladilar...

 

Mehribon Parvardigorimiz o‘zlarimizni ham, farzand-zurriyotlarimizni ham O‘zi buyurgan, Janobi Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam tavsiya etgan, o‘tmishda o‘tganlarimizning ruhlari shod bo‘ladigan, xalqimiz xursand bo‘ladigan, ota-onalarimiz rozi bo‘ladigan yo‘llardan yurishimizni nasib etsin! 
 


Ibrohimjon domla Inomov