Sayt test holatida ishlamoqda!
17 May, 2025   |   19 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:27
Quyosh
05:03
Peshin
12:24
Asr
17:26
Shom
19:40
Xufton
21:10
Bismillah
17 May, 2025, 19 Zulqa`da, 1446

Bag‘rikenglik – bizga xos

17.12.2019   2248   7 min.
Bag‘rikenglik – bizga xos

Dolzarb mavzu

Jahonda xalqlar ko‘p, dinlar xilma-xil. Asrlar davomida insoniyatning ma’naviy olamini to‘ldirib, ezgu amallarga undab kelayotgan dinlarning mohiyatiga razm solsak, hamohanglik, mushtaraklik g‘oyalarni ilg‘aymiz. Hatto ularning da’vati ham nihoyatda o‘xshash: odamlar, ahil-inoq yashang, o‘zganing haqidan xazar qiling, bir-biringizga yomonlik sog‘inmang, qo‘ldan kelgancha yaxshilik qiling, mehr-muruvvatli bo‘ling...

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil sentyabr oyida Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tgan BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” nomli maxsus rezolyutsiyani qabul qilish to‘g‘risidagi tashabbusi keng jamoatchilik tomonidan ijobiy baholandi. 2017 yilning 21 dekabr kuni BMT Bosh Assambleyasining yalpi sessiyasida “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik“ bo‘yicha rezolyutsiyasining qabul qilinishi tarixiy voqeasi bo‘ldi.

 O‘zga din, e’tiqod vakillariga Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam ham alohida hurmat ko‘rsatganlariga tarixda misollar ko‘p.

Alloh taolo Qur’oni karimda boshqa din vakillariga yaxshilik qilishga undab bunday marhamat qiladi: «Din to‘g‘risida sizlar bilan urushmagan va sizlarni o‘z yurtingizdan (haydab) chiqarmagan kimsalarga nisbatan yaxshilik qilishingiz va ularga adolatli bo‘lishingizdan Alloh sizlarni qaytarmas. Albatta, Alloh adolatli kishilarni sevadi» (Mumtahana surasi, 8-oyat).

Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom boshqa din va e’tiqod vakillariga nisbatan bag‘rikeng bo‘lishda namuna ko‘rsatibgina qolmay, ummatni hamisha ana shu yo‘ldan borishga chaqirganlar. Hadisi sharifda: «Xalqning barchasi Allohning izmidadir. Ularning Allohga mahbubrog‘i ahliga naf beruvchirog‘idir», deyilgan (Imom Bazzor rivoyati).

“Nurul basar” asarida ajoyib bir rivoyat keltiriladi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam vafot etganlaridan so‘ng hazrat Abu Bakr roziyallohu anhu qizlari Oysha onamizning huzurlariga borib, Payg‘ambarimizdan qolgan, biroq biz bilmagan biror ezgu ish haqida so‘raydilar. Oysha onamiz o‘ylanib turib: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam har tunda tahajjud namozini o‘qir, so‘ngra falon ko‘chadagi yahudiyning uyiga borib, uni parvarish qilib kelar edilar”, deydi. Abu Bakr roziyallohu anhu ham shu kundan boshlab yarim tunda tahajjud namozini o‘qib, o‘sha yahudiyning uyiga boradi. Ko‘zlari ko‘rmay olgan, oyoq-qo‘llari ishlamaydigan, tishlari to‘kilib tushgan yahudiy eshikdan kirgan kishini payqab: “Uch kundan beri kelmayapsan, tinchlikmi? Biram qo‘pol bo‘lib qolibsan. Uch kun avval kelganingda halim eding. Taomni ham chaynab bergan eding. Bugun esa chaynamading ham. Sen kelishing bilan uyim nurga, ziyoga to‘lib ketardi. Qo‘llarimni ushlasang, barcha og‘riqlar to‘xtar edi. Xonagi kirishing bilan muattar hid taralar edi. Bugun bulardan nishona ham yo‘q. Yoki anavi jodugarning diniga kirdingmi?” deb so‘raydi. Abu Bakr roziyallohu anhu: “Jodugar”, deb kimni nazarda tutayapsiz?” deydi. Yahudiy: “Muhammadni-da?” deydi. Shunda Abu Bakr roziyallohu anhu yig‘lab: “U jodugar emas. U zot uch kun oldin vafot etdilar. Yillar davomida sizni parvarish qilgan, taomlarni chaynab bergan, kelishi bilan xonadoningiz muattar hidga to‘lgan zot Muhammad alayhissalom edilar”, deydi. Haligi yahudiy Rasulullohning bag‘rikengliklarini, oliyjanobliklarini eshitib, darhol musulmon bo‘ladilar.

Dinimiz g‘oyat go‘zal. Bu din, Yunus Emro ta’biri bilan aytganda, maxluqni Xoliq hurmati tufayli e’zozlaydi. Bejiz sohibqiron Amir Temur “Tuzuk”larida: “Mening qo‘l ostimdagi qirq aymoq xammasini teng ko‘rdim. Barlosni tatardan, tatarni naymandan, naymani yuzdan ustun qo‘ymadim. Barcha muvaffaqiyatlarim garovi shundadir” deb yozmagan.

Islom diniga ko‘ra, boshqa e’tiqodda bo‘lgan ahli kitoblarning ibodatxonalari ham xuddi masjidlar kabi himoyaga olinadi, ularni besabab buzish yoki biror zarar yetkazish dinimizda taqiqlanan. O‘tmishda Bag‘dod va Damashq madrasalarida ahli kitoblardan ko‘plab mudarrislar ta’lim berishgan. Hatto ayrim islom hukmdorlarining xos tabiblari va kotiblari nasroniy yoki yahudiylardan bo‘lgan.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kim ahli zimmaga biror zahmat yetkazsa, qiyomat kuni Meni o‘zining dushmani sifatida ko‘radi” (Imom Ahmad ibn Hanbal, “Musnad”), deganlar. 

Abu Mansur Moturidiyning asarlarida ham bag‘rikenglik g‘oyalari bayon qilingan. Jumladan, Moturidiy  Qur’oni karim oyatlarining tafsiriga bag‘ishlangan, islom olamida juda keng tanilgan “Ta’vilotu ahlis sunna” asarida Haj surasi 40-oyat tafsirida: “Cherkov va sinagogalarni vayron etish man qilinadi. Shu bois musulmonlar yurtida shu davrgacha ular buzilmay saqlanib qolgan. Bu masalada ahli ilm orasida ixtilof yo‘qdir”, deb ta’kidlaydi. 

Buyuk vatandoshimiz Burhoniddin Marg‘inoniyning “Hidoya” asarida: “Chunonchi islomning beshta farzidan biri bo‘lgan “Zakot”ni olishga islom diniga e’tiqod qiluvchilar haqli deb hukm chiqarilgan bo‘lsa, boshqa dinga e’tiqod qiluvchilar ichida ham moddiy yordamga muhtoj kishilarga xayr-ehson, sadaqaning boshqa hamma turlari berilishi mumkin, deb hukm chiqariladi. Buning dalili Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Barcha dinlarning ahllariga sadaqa beraveringlar”, – degan hadislaridir”, deyilgan. 

Mamlakatimiz tom ma’noda diniy bag‘rikenglikning tarixiy merosxo‘ri sifatida jahon hamjamiyatida e’tirof etilmoqda. XV asr boshlarida Temur saroyida bo‘lgan Kastiliya elchisi guvohlik berishicha, Temur Samarqandda turli din vakillarini yig‘adi, ularga iltifot ko‘rsatadi. Boshqa manbalarda keltirilishicha, Temurning o‘g‘illaridan biri xristianlarning ehtiyojlarini qondirish uchun mas’ul qilib tayinlanib, u barcha xristian mamlakatlari bilan mavjud aloqalar uchun ham javobgar edi. 

Bugun O‘zbekistonda yashayotgan 130 dan ortiq millat va elak vakillari chinakam baxtiyordirlar. Chunonchi, Yurtimizda inson sha’ni, qadr-qimmati har narsadan ustun ekanligi qonun bilan belgilab qo‘yilgan. Zotan, Islom dinida kishining dini, joni, nasabi, moli, obro‘si alohida himoyaga olingan.

Islomda e’tiqod erkinligini belgilovchi asosiy qoida Baqara surasining 256-oyatida marhamat qilingan: «Dinda zo‘rlash yo‘q, zero, to‘g‘ri yo‘l yanglish yo‘ldan ajrim bo‘ldi».

Din tanlashda majburlash yo‘q. Har kim o‘zi xohlagan dinga e’tiqod qiladi. Bu qoidada insonning aqli borligi, birov majbur qilmasdan har kim o‘zi xohlagan yo‘lni tanlab olishi bayon qilingan. Oyati karimada: «Ayting: (Bu Qur’on) Rabbingiz (tomoni)dan (kelgan) Haqiqatdir. Bas, xohlagan kishi imon keltirsin, xohlagan kimsa kofir bo‘lsin» (Kahf surasi, 29-oyat).

Aynan ushbu qoida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 31-moddasida ham qayd etilgan: «Hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi. Har bir inson xohlagan dinga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik huquqiga ega. Diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘yilmaydi».

Muxtasar aytganda, bag‘rikenglik, totuvlik tamoyillariga rioya qilgan kishi davrimizning ham, muqaddas dinimizning ham talablarini bajargani uchun jamiyatda izzat-e’tibor topadi hamda ulug‘ ajrlarga erishadi.

 

Mirodil MIRJALILOM,

Qibray tumani bosh imom-xatibi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Bosh imom-xatib juma namoziga Tayloqdagi “O‘rta” masjidga bordi

16.05.2025   6643   1 min.
Bosh imom-xatib juma namoziga Tayloqdagi “O‘rta” masjidga bordi

Bugun, 16 may kuni Samarqand viloyati bosh imom-xatibi Ahmadxon domla Alimov Tayloq tumanidagi “O‘rta” masjidga bordi. Domla juma namozidan oldin “Kamtarga kamol, manmanga zavol” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy ma’ruza qildi.


Ma’ruzada insonning ichki kamolotga erishishida kamtarlikning naqadar muhim ekani, manmanlik va kibr kabi xulqlarning inson va jamiyat uchun keltirishi mumkin bo‘lgan salbiy oqibatlari haqida so‘z yuritildi. Shuningdek, Islom axloq-odobining oliy qoidalari, nafsni tarbiyalash, jamiyatda o‘zaro hurmat va insofni qaror toptirish kabi mavzular keng yoritildi.


Juma namozini o‘qish asnosida yurt tinchligi, el-yurt farovonligini so‘rab duo qildilar.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

Bosh imom-xatib juma namoziga Tayloqdagi “O‘rta” masjidga bordi Bosh imom-xatib juma namoziga Tayloqdagi “O‘rta” masjidga bordi Bosh imom-xatib juma namoziga Tayloqdagi “O‘rta” masjidga bordi Bosh imom-xatib juma namoziga Tayloqdagi “O‘rta” masjidga bordi Bosh imom-xatib juma namoziga Tayloqdagi “O‘rta” masjidga bordi Bosh imom-xatib juma namoziga Tayloqdagi “O‘rta” masjidga bordi
O'zbekiston yangiliklari