Kishi o‘z ixtiyori bilan farzga qo‘shimcha tarzda o‘qiydigan namoz – nafl namoz hisoblanadi. Bu namozni Alloh taolo mo‘minlar zimmasiga farz kabi majburiy qilmagan, balki ixtiyoriy tarzda ado etiladi.
Nafl namozlari ikki xil bo‘ladi:
Nafl namozlarni o‘qish tartibi
Kunduzgi nafl namozlarini to‘rt rakatdan, kechqurungi nafllarni esa ikki rakatdan o‘qish sunnat amallardan. Qiyomda turishga qodir bo‘la turib o‘tirgan holda nafl namozlari o‘qish joiz, lekin savobning yarmiga erishadi. Agar Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) shunday ham namoz o‘qiganlar deb o‘qisa, ham namozning, ham sunnatga amal qilganning savobiga erishadi. Ammo tik turib o‘qishga qodir bo‘lmagan kishining ajri tik turib o‘qigan kishining ajri bilan barobar bo‘ladi. O‘tirib o‘qiydigan kishi, agar uzri bo‘lmasa, boshqa namozlardagi tashahhud o‘qiyotgan kishidek chap oyog‘i ustiga o‘tirib, o‘ng oyog‘ini tik qiladi. Nafl o‘qishga kirishgan kishining namozi, agar ikki rakatni to‘liq tugatmay buzilsa, qazosini o‘qishi vojib.
Tahiyatul masjid namozi
Namozxon masjidga kirganida agar farz namozlari ado etilmayotgan bo‘lsa, masjid bilan salomlashish niyatida o‘qiydigan namozi «tahiyyatul masjid» deyiladi. Bu namozni ikki yoki to‘rt rakat o‘qisa bo‘ladi. Afzali to‘rt rakat o‘qishdir. Agar masjidga kirgan kishi jamoatning ravotib sunnatlarni yoki farzni o‘qiyotganini ko‘rsa, tahiyyatul masjid namozini shu sunnat yoki farzlarga qo‘shib niyat qiladi. Shu bilan u sunnat va yoki farzga qo‘shib tahiyyatul masjidni o‘qiganlik savobini oladi. Ammo niyatni qilmay, sunnat yoki farzning o‘zini o‘qisa, undan tahiyyatul masjid namozini o‘qiganlik savobiga erishmaydi. Tahiyyatul masjidni masjidga kirgan kishi o‘tirmasdan oldin o‘qishi sunnat.
Abu Qatoda (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilingan hadisda: «Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam): “Birortangiz masjidga kirsa, o‘tirishdan oldin ikki rakat namoz o‘qisin”, deganlar» (Imom Buxoriy, Muslim, Termiziy, Abu Dovud va Nasoiy rivoyat qilgan).
Hanafiy mazhabida imom xutba qilayotgan bo‘lsa, tahiyyatul masjid o‘qilmaydi. Shuningdek, hanafiy mazhabida namoz o‘qish makruh paytlarda ham tahiyyatul masjid o‘qilmaydi. Namozxon masjidga kirishi bilan farz namozni yoki boshqa bir namozni o‘qisayu, tahiyyatul masjidni o‘qishni niyat qilsa, tahiyyati masjid o‘rniga kifoya qiladi. Bordi-yu, masjidga bir kunda bir necha bor kiradigan bo‘lsa, bir marta o‘qisa kifoya.
Ishroq namozi
Muoz ibn Anas al-Juhaniy (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: «Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam): “Kim bomdod namozini jamoat bilan o‘qisa, so‘ng quyosh chiqquncha Allohni zikr qilib o‘tirsa, so‘ng ikki rakat namoz o‘qisa, unga bir haj va bir umraning savobi to‘liq, to‘liq, to‘liq beriladi”, deganlar» (Imom Termiziy rivoyat qilgan).
Ushbu rivoyatda vasf qilinayotgan namoz «Salotush-shuruq» (Ishroq namozi) deyiladi. «Shuruq» quyosh chiqishini anglatadi. Shuruq choshgoh namozining eng avvalgi vaqtidagi namozdir.
Zuho (choshgoh) namozi
Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: «Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam): “Kim choshgoh namozini bardavom o‘qisa, uning gunohlari dengiz ko‘pigicha bo‘lsa ham mag‘firat qilinadi”, dedilar» (Imom Termiziy rivoyat qilgan).
Bu namozning vaqti quyosh bir nayza bo‘yi ko‘tarilganda kirib (ya’ni quyosh chiqqandan taxminan yarim soat keyin), zavolga bir soat qolguncha davom etadi. Bu «dahvatul kubro», ya’ni katta tong, deyiladi. Zuho namozi ikki rakatdan sakkiz rakatgacha o‘qiladi, eng afzali to‘rt rakatdan o‘qishdir. Chunki Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) ko‘proq to‘rt rakatdan o‘qiganlar. Uning eng afzal vaqti kunduzning to‘rtdan biri o‘tgandan keyindir.
Istixora namozi
«Istixora» so‘zi lug‘atda «xayr, ya’ni yaxshilikni talab qilish» degan ma’noni anglatadi. Musulmon kishi ikki ishdan qaysi birini qilishini bilmay qolganida, xayrlisini tanlash uchun ikki rakat istixora namozi o‘qiydi. Bu namozni har bir muboh ishdan oldin o‘qish mustahabdir.
Hojat namozi
Abdulloh ibn Abu Avfo (roziyallohu anhu)-dan rivoyat qilinadi: «Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam): “Kimning Allohga va Bani odamdan birortasiga hojati bo‘lsa, yaxshilab tahorat qilsin, so‘ngra ikki rakat namoz o‘qisin. Keyin Allohga sano va Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam)ga salavot aytsin. So‘ngra: “Haliymu Karim Allohdan o‘zga hech ilohi ma’bud yo‘q. Ulug‘ Arshning Rabbisi Alloh pokdir. Olamlarning Rabbisi Allohga hamdlar bo‘lsin. Men Sendan: rahmatingni vojib qiluvchi, mag‘firatingni taqozo etuvchi narsalarni va har bir yaxshilikdan g‘animatni, har bir yomonlikdan salomatlik so‘rayman. Mening hech bir gunohimni qo‘ymay mag‘firat qilgin, hech bir g‘amimni qo‘ymay kushoyish et, O‘zing rozi bo‘lgan hech bir hojatimni qo‘ymay, albatta, chiqargin. Ya Arhamar Rohimiyn”, desin”, deganlar» (Imom Termiziy va Ibn Moja rivoyat qilgan).
Avvobiyn namozi
Bu namoz shom namozidan keyin o‘qiladi va olti rakatdir. Avval to‘rt, keyin ikki rakat yoki ikki rakatdan qilib o‘qiladi.
Tahajjud namozi
Bu namozning ozi ikki, ko‘pi sakkiz rakatdir.
Kechasi bir uxlab turib o‘qiladigan namoz «tahajjud namozi» deb ataladi. Shuningdek, bu namoz «qiyom namozi» deb ham ataladi. Dastlab bu namoz vojib bo‘lgan edi, bir yilchadan keyin vojibligi nasx qilingan.
Tahajjud nafl namozlarining eng afzalidir. Chunki bu namoz hamma uxlab yotgan vaqtda o‘qilgani uchun riyodan uzoq, ixlosga yaqin bo‘ladi.
Tahajjud namozini xuftondan so‘ng uxlab, kechaning ikkinchi yarmida o‘qish afzal. Uyg‘onishiga ishonchi bo‘lmasa, xufton namozidan keyin o‘qib olsa ham joiz. “Raddul muhtor” sohiblari tahajjud namoziga: «Har bir xuftondan keyin o‘qilgan namoz» deb ta’rif bergan.
Tasbeh namozi
Tasbeh namozi to‘rt rakatli nafl namozi bo‘lib, har rakatda 75 marta “Subhanallohi valhamdulillahi va laa ilaha illallohu vallohu akbar”, deya tasbeh aytiladi.
Tasbeh namozining o‘qilish tartibi quyidagicha: Niyat qilinib, “Allohu akbar”, deb namozni boshlagach, sano o‘qilgandan keyin 15 marta “Subhonallohi...” o‘qiladi. A’uzu va basmala aytilib, Fotihadan keyin yana bir sura o‘qilgach, 10 marta “Subhonallohi...” aytiladi. Rukuda “Subhonallohi” 10 marta, “Samiallohu li man hamidah” deya turilib, qiyomda 10 marta “Subhonallohi...” o‘qiladi. Sajdada 10 marta, sajdadan takbir bilan turilib, o‘tirgan holatda 10 marta, ikkinchi sajdada ham 10 marta “Subhonallohi...” aytilgach, bu tasbeh bir rakatda jami 75 marta o‘qilgan bo‘ladi.
Keyin ikkinchi rakatga turiladi va rakat avvalida 15 marta, Fotiha va yana bir sura o‘qilgach, 10 marta “Subhonallohi...” aytiladi. Ikkinchi rakat avvalgi rakatdagidek tartibda ado etiladi. O‘tirilgach, tashahhud va salavot o‘qilib, uchinchi rakatga turiladi. Shu tarzda to‘rt rakatda o‘qilgan tasbehlar soni 300 taga yetadi.
Tasbeh namozining fazilati ulug‘ligiga bu hadisi sharif dalolat qiladi. Janobi Faxri Koinot (sollallohu alayhi va sallam) amakilari hazrati Abbos (roziyallohu anhu)ga: “Amaki! Sizga bir yaxshilik qilayinmi?” dedilar va tasbeh namozining o‘qilishini o‘rgatdilar. Bu namozni o‘qigan kishining avvalgi va keyingi, eski va yangi, kattayu kichik, oshkorayu maxfiy, bilib - bilmay qilgan gunohlarining barchasini, hatto Olij vohasining qumlari qadar ko‘p bo‘lsa ham, Alloh taolo kechirishini aytdilar. So‘ng: “Qodir bo‘lsangiz, bu namozni har kuni bir marta o‘qing. Har kuni o‘qiyolmasangiz, har juma kuni bir marta o‘qing. Bunga kuchingiz yetmasa, har oyda bir marta o‘qing. Bunga ham qodir bo‘lmasangiz, hech bo‘lmaganda bir yilda bir marta o‘qing. Buni ham bajarolmasangiz, umringizda bir marta bo‘lsa-da bu namozni o‘qing”, dedilar (Imom Termiziy va Abu Dovud rivoyati).
O‘MI matbuot xizmati
Oisha onamiz roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: "Agar qattiq shamol bo‘lsa, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
اللهُمَّ إِنِّي أَسْأَلُكَ خَيْرَهَا وَخَيْرَ مَا فِيهَا وَخَيْرَ مَا أرْسِلَتْ بِهِ وَأَعُوذُ بِكَ مِنْ شَرِّهَا وَشَرِّ مَا فِيهَا وَشَرِّ مَا أرْسِلَتْ بِهِ
"Allohumma inniy asaluka xoyroha va xoyro ma fiyha va xoyro ma ursilat bihi va a’uzu bika min sharriha va sharri ma fiyha va sharri ma ursilat bihi", deb aytar edilar".
Robbim, Sendan uning yaxshisini, undagi yaxshilikni va u bilan yuborilgan narsaning yaxshisini so‘rayman. Robbim, Sendan uning yomonidan, undagi yomonlikdan va u bilan yuborilgan narsaning yomonligidan panoh so‘rayman.