Qon tomirlar – tanadagi muhim a’zolardan bo‘lib, miyamizdan tortib to oyoqlarimiz ostigacha tarqalgan. Qon tomirlari vena, arteriya, limfa va mayda kapillyar tomirlardan iborat.
Qon tomirlar tanamizning barcha qismlarida mavjud bo‘lib, ular hajmiga ko‘ra turlicha bo‘ladi. Masalan, yurak bilan butun tanani bog‘lovchi arteriyaning eng kattasi aorta bo‘lib, u ichi eng keng tomir hisoblanadi. Uning kengligi 2.5 santimetrni, uzunligini esa qirq santimetrni tashkil etadi. Qolgan tomirlar ham turlicha kattalikda bo‘ladi. Kengligi millimetrdan ham kichik bo‘lgan kapillyar tomirlar ham bor.
Qon tomirlarning tanamizdagi vazifasi nima?
Qon tomirlar kerakli ozuqani qon orqali to‘qima va hujayralarga yetkazib beradi. Hujayralardan moddalar almashuvi natijasida hosil bo‘lgan qoldiq moddalar va karbonat angidrid gazi ulardan mayda vena, kapillyar tomirlariga o‘tib, so‘ngra o‘rta, yirik vena tomirlari orqali yurakning o‘ng bo‘lmasiga kelib quyiladi. Shunday qilib, yurak-qon tomir tizimi tananing hamma to‘qima-hujayralariga oziq moddalar va kislorod yetkazib beradi. Ularda hosil bo‘lgan qoldiq moddalarni qabul qilib, ayirish organlariga yetkazadi.
Olimlar uzoq izlanishlardan so‘ng qon tomirlarining ichki devori silliq, elastik modda bilan qoplanganini, tomirlarning ichki devorida qattiqlik va egrilik yo‘qligini aniqladilar. Agar tomirlarning ichki devori zaharlanish yoki chekish ta’sirida dag‘al bo‘lganida yoki qarilik sababli tomirlarda qattiqlashish (ateroskleroz) yuz berganida, qon o‘sha dag‘allashgan nuqtada to‘xtab, to‘planib, oxiri trombga olib keladi. Tromb esa xatarli kasalliklardan bo‘lib, agar inson darhol davolanmasa, vafot etishi mumkin yoki tromb bilan og‘rigan a’zoni kesib tashlashga to‘g‘ri keladi yoki bo‘lmasa buyrak yetishmovchiligi kuzatilishi mumkin. Bundan tashqari tromb natijasida ichaklar gangrenasi ham bo‘lishi mumkin.
Yaponiya va Britaniyada o‘tkazilgan tadqiqotlar xulosasida aytilishicha, xom sarimsoq qon tomirlari uchun juda foydali bo‘lib, u qon tomirlarning yumshashi va ichki devorlarining egiluvchanligi saqlanishiga xizmat qilar ekan. Qon tomirlari ichki devorlarining egiluvchanligi esa tromb kasalligining oldini olishga xizmat qiladi.
Inson tanasidagi barcha qon tomirlarining uzunligi 97-100 ming kilometrdir. Ya’ni agar tomirlarni bir-biriga ulab, cho‘zilsa, Yer sharini ikki yarim marta o‘rab chiqish mumkin bo‘lardi.
Insonning umri davomida qon tomirlaridan 1,5 million bochka qon to‘xtamasdan, quyuqlashmasdan, trombga aylanmasdan oqib o‘tadi.
Bundan ham aqlni lol qoldiradigan jihati shuki, tananing har bir hujayrasiga ozuqa va kislorod yetib borishi uchun ushbu qon tomirlarning miqdori, uzunligi, kengligi va har birining joylashgan o‘rni aniq o‘lchovga egadir.
Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday deb marhamat qilgan:
وَفِي الْأَرْضِ آيَاتٌ لِّلْمُوقِنِينَ وَفِي أَنفُسِكُمْ أَفَلَا تُبْصِرُونَ
“Va yer yuzida chuqur ishonuvchilar uchun belgilar bordir. Va o‘zlaringizda ham. Yoki ko‘rmayapsizlarmi?!” (Zariyat surasi, 20-21-oyatlar).
Inson Alloh taoloning qudratiga dalolat qiluvchi narsalar borasida ko‘proq tafakkur qilishi, buning uchun u avvalo o‘z tanasini o‘rganishi, ularning qanday ishlashini anglab yetishi, tana a’zolarini ehtiyot qilishi, olamlar Robbi unga qanday ulkan ne’matlar ato etganini his qilib, ko‘proq shukr qilishi lozimdir.
Alloh taolo barchamizni O‘zining hidoyatidan ayirmasin va xotimamizni go‘zal qilsin!
Internet ma’lumotlari asosida Nozimjon Hoshimjon tayyorladi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi taniqli ulamo Abduqahhor G‘afforov (Shoshiy)ning vafoti munosabati bilan chuqur ta’ziya izhor etadi.
Alloh taolo marhum ulamoni O‘z mag‘firatiga olsin, imonlarini salomat qilsin, solih amallarini o‘zlariga hamroh etsin. Oxiratlarini obod etib, joylarini Firdavs jannatlaridan qilsin!
Ma’lumot o‘rnida Abduqahhor Shoshiy 1939 yili Toshkent shahridagi "Hazrati Imom" dahasida tug‘ilganlar. 1956-1960 yillari Buxorodagi “Mir Arab” madrasasida, 1965-1969 yillari Misrdagi “Al-Azhar” dorilfununida o‘qiganlar. So‘ng O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi xalqaro bo‘limi mudiri, “Mir Arab” madrasasi direktori, Toshkent Islom oliy ma’hadi rektori vazifalarida ishlaganlar. “Islom aqidasi”, “Islom arkonlari”, “Qur’oniy hikoyalar” kabi o‘nlab kitoblar muallifi va tarjimonlari sanaladi.
Haq taolo marhum olimning ahli oilasi, farzandu arjumandlari va yaqinlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlarini yaxshiliklar ila to‘ldirsin. Biz Buyuk Parvardigordan duo qilib so‘raymizki, marhum olimni o‘zining cheksiz rahmatiga olsin, jannat bog‘lariga doxil etsin.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
«Musibat yetganda «Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz», degan sabrlilarga xushxabar bering».
O‘zbekiston musulmonlari idorasi