Kim Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Alloh huzuridagi zaif inson sifatida, u Zotdan yordam so‘raydigan, hidoyat va mag‘firat tilaydigan, nimaga buyursa, bo‘ysunadigan, ba’zan shiddatli itoblarni qabul qiladigan shaxs sifatida tasvirlangan oyatlarni tilovat qilsa, qalbining to‘rida vijdoniy fayzni topadi. Xoliqning sifati bilan maxluqning sifati, Xoliqning Zoti bilan maxluqning zoti hamda Xoliqning uslubi bilan maxluqning uslubi orasida benihoya farq borligiga qanoat hosil qiladi.
Darhaqiqat, Muhammad sollallohu alayhi vasallam Qur’ondagi suratlari itoatkor qulning suratidir. U zot alayhissalom agar isyon qilsalar, Robbilarining azobiga uchrashdan qo‘rqadilar, U Zotning hududlarini lozim tutadilar, rahmatidan umid qiladilar. Allohning Kitobidan biror harfni o‘zgartirib qo‘yishdan mutlaq ojiz ekanliklarini e’tirof etadilar.
Alloh taolo Yunus surasida marhamat qiladi:
﴿وَإِذَا تُتۡلَىٰ عَلَيۡهِمۡ ءَايَاتُنَا بَيِّنَٰتٖ قَالَ ٱلَّذِينَ لَا يَرۡجُونَ لِقَآءَنَا ٱئۡتِ بِقُرۡءَانٍ غَيۡرِ هَٰذَآ أَوۡ بَدِّلۡهُۚ قُلۡ مَا يَكُونُ لِيٓ أَنۡ أُبَدِّلَهُۥ مِن تِلۡقَآيِٕ نَفۡسِيٓۖ إِنۡ أَتَّبِعُ إِلَّا مَا يُوحَىٰٓ إِلَيَّۖ إِنِّيٓ أَخَافُ إِنۡ عَصَيۡتُ رَبِّي عَذَابَ يَوۡمٍ عَظِيمٖ١٥ قُل لَّوۡ شَآءَ ٱللَّهُ مَا تَلَوۡتُهُۥ عَلَيۡكُمۡ وَلَآ أَدۡرَىٰكُم بِهِۦۖ فَقَدۡ لَبِثۡتُ فِيكُمۡ عُمُرٗا مِّن قَبۡلِهِۦٓۚ أَفَلَا تَعۡقِلُونَ١٦﴾
«Qachonki ularga ochiq-oydin oyatlarimiz tilovat qilinganida, Bizga ro‘baro‘ bo‘lishdan umid qilmaydiganlar: «Bundan boshqa Qur’on keltir yoki uni almashtir», dedilar. Sen: «Men uni o‘zimcha almashtira olmasman. Men faqat o‘zimga vahiy qilingan narsagagina ergashaman. Albatta, men Robbimga osiy bo‘lsam, buyuk Kun azobidan qo‘rqaman», deb ayt, Sen: «Agar Alloh xohlaganida, uni sizlarga tilovat qilmas edim va U uni sizlarga o‘rgatmas edi. Batahqiq, men orangizda undan oldin ham umr kechirdim. Aql yuritib ko‘rmaysizlarmi?» deb ayt» (15-16-oyatlar).
Qur’oni Karimda Xoliq va maxluqning sifatlari orasini ajratib beruvchi ushbu oyatlar ma’nosiga o‘xshash Nabiy sollallohu alayhi vasallamning boshqa insonlar kabi inson ekanliklari, u zotning vazifalari faqatgina yetkazish ekani, Allohning xazinalariga ega emasliklari, o‘zlarini inson sifati va xilqatidan o‘zga farishtasifat deb gumon qilmasliklari kabi ma’nolar ochiq-oydin va ko‘p marta takror kelgan.
Allod taolo Kahf surasida marhamat qiladi:
﴿قُلۡ إِنَّمَآ أَنَا۠ بَشَرٞ مِّثۡلُكُمۡ يُوحَىٰٓ إِلَيَّ أَنَّمَآ إِلَٰهُكُمۡ إِلَٰهٞ وَٰحِدٞۖ ١١٠﴾
«Sen: «Men ham sizlarga o‘xshagan basharman, xolos. Menga, shubhasiz, ilohingiz bitta iloh ekani vahiy qilinur...», degin» (110-oyat).
Ya’ni «Ey Muhammad, odamlarga o‘zingning ularga o‘xshagan odam ekaningni anglat. Sen farishta yoki boshqa biror narsa emassan. Hammaga o‘xshash oddiy odamsan. Boshqalardan farqing shuki, senga Robbingdan vahiy keladi. Usha qat’iy ilohiy ilmning bir parchasi bo‘lmish vahiy odamlarning ilohi yakkayu yagona Alloh ekanini bildirgandir».
Alloh taolo A’rof surasida marhamat qiladi:
قُل لَّآ أَمۡلِكُ لِنَفۡسِي نَفۡعٗا وَلَا ضَرًّا إِلَّا مَا شَآءَ ٱللَّهُۚ وَلَوۡ كُنتُ أَعۡلَمُ ٱلۡغَيۡبَ لَٱسۡتَكۡثَرۡتُ مِنَ ٱلۡخَيۡرِ وَمَا مَسَّنِيَ ٱلسُّوٓءُۚ
«Sen: «O‘zim uchun Alloh xohlaganidan tashqari, na foyda va na zararga molik emasman. Agar g‘aybni bilganimda, yaxshilikni ko‘paytirib olgan bo‘lar edim va menga yomonlik yetmas edi...», deb ayt» (188-oyat).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Allohning suyukli va oxirgi Payg‘ambari, odam avlodining eng ulug‘i bo‘lishlari bilan birga, oddiy bir insondirlar. Ushbu oyati karimada u zotga ushbu oddiy haqiqatni ro‘y-rost aytish amr qilinmoqda. U zot sollallohu alayhi vasallamning bu e’tiroflari ulug‘ haqiqatlarni oshkor qiladi.
Alloh taolo yana An’om surasida marhamat qiladi:
قُل لَّآ أَقُولُ لَكُمۡ عِندِي خَزَآئِنُ ٱللَّهِ وَلَآ أَعۡلَمُ ٱلۡغَيۡبَ وَلَآ أَقُولُ لَكُمۡ إِنِّي مَلَكٌۖ إِنۡ أَتَّبِعُ إِلَّا مَا يُوحَىٰٓ إِلَيَّۚ
«Sen: «Sizlarga: «Huzurimda Allohning xazinalari bor», ham demasman, g‘aybni ham bilmasman. Va yana sizlarga: «Men farishtaman», deb ham aytmasman. Men faqat o‘zimga vahiy qilingan narsaga ergashaman, xolos», deb ayt» (50-oyat).
Bu oyati karimada payg‘ambarlik va Payg‘ambar shaxsi haqidagi haqiqiy tasavvur bayon qilinmoqda. Alloh taolo mushriklar tomonidan turli savollarga tutilayotgan, har xil talablarni eshitayotgan Payg‘ambari Muhammad sollallohu alayhi vasallamga o‘zlarining kim ekanliklarini bayon qilib berishni amr qilmoqda:
«Mendan mol-dunyo, noz-ne’mat kutmang. Payg‘ambar bo‘lganim uchun Alloh menga xazinasini ochib bermagan. Kim menga ergashsa, uni mol-dunyo va noz-ne’matga ko‘mib tashlay olmayman. Men g‘aybni ham bilmayman. Bu mening payg‘ambarlik mas’uliyatimga kirmaydi. G‘aybni faqat Allohning O‘zi biladi, xolos. Kim menga g‘aybni bilishimni shart qilib ergashmoqchi bo‘lsa, bilib qo‘ysinki, men o‘zimga ergashganlarga g‘aybning xabarini bera olmayman. Men odamman. Payg‘ambar farishta bo‘lishi kerak, degan fikrlaringiz bo‘lsa, bu behudadir. Men odamman. Shuning uchun mendan odamga xos tasarruflar chiqadi, farishtaga xos tasarruflar chiqmaydi, bu haqiqatni ham bilib qo‘yinglar. Mening boshqa odamlardan farqim – menga Allohning huzuridan vahiy keladi. Men o‘sha vahiyga ergashaman, xolos».
Alloh taolo bandasiga bergan son-sanoqsiz ne’matlar ichida eng ulug‘laridan biri aql ne’mati hisoblanadi. Ammo aqlni ishlatib, to‘g‘ri yo‘lga solib turadigan narsa vahiydir. Chunki aqlning o‘zi insonga ikki dunyo saodatini topishiga yordam bera olmaydi. Butun inon-ixtiyor aqlning o‘ziga tashlab qo‘yilsa, turli xatolar, burilishlar, buzg‘unchiliklar, hatto halokatlar kelib chiqadi. Bunga o‘zimiz yashab turgan bugungi voqe’lik guvoh. Hozirda inson aqli juda ham rivojlangan deb da’vo qilinmoqda. Ammo o‘sha rivojlangan aql insoniyatning o‘zini kundan-kunga halokat jari tomon tortib ketmoqda. Aqlning eng muhim vazifalaridan biri – Allohdan kelgan vahiyni idrok etish va unga amal qilish yo‘qqa chiqqanda shunday bo‘ladi.
O‘tgan oyatlarda kelgan «ayt» iborasida latif ma’no va maqsad bor. Bu ma’no va maqsad xitobni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga yo‘naltirish va nima demoqlari lozimligini o‘rgatishdan iborat. U zot o‘z havoi nafslaridan nutq qilmaydilar, balki o‘zlariga vahiy qilingan narsaga ergashadilar. Shuning uchun ham «ayt» iborasi Qur’oni Karimda uch yuz martadan ko‘p takrorlangan. Bu narsa Qur’on o‘quvchining yodidan hech qachon chiqmasligi lozim bo‘lgan haqiqatdir. Muhammad sollallohu alayhi vasallamning vahiyga daxllari yo‘q. U zot o‘z lafzlarini unga aralashtirmaydilar. Darhaqiqat, u zotga xitob tashlanadi. U kishi so‘zlovchi emaslar, balki xitob qaratilgan kishidirlar. Eshitganlarini hikoya qiladilar. O‘zlarida paydo bo‘lgan biror narsani vahiy deb ta’bir qilmaydilar.
Vahiyni nozil qiluvchi, so‘zlovchi – Alloh taoloning sifati hamda xitob qaratilgan, vahiyni qabul qiluvchi – Rasulining sifati orasidagi farq ba’zi oyatlarda yanada ochiq-oydin ko‘rinadi. Alloh taolo ba’zi oyatlarda O‘z Nabiysiga yengil yoki qattiq itob qilsa, ba’zi oyatlarda esa uning oldingi va keyingi gunohlarini kechirib, afv etganini bildiradi. Quyida ushbu fikrga ayrim misollar keltiramiz.
Alloh taoloning afv aralash yengil itoblaridan biri U Zotning Rasuliga Tabuk g‘azotida jihoddan qoluvchilarga izn berganlari to‘g‘risida qilgan xitobidir:
Alloh taolo Tavba surasida marhamat qiladi:
عَفَا ٱللَّهُ عَنكَ لِمَ أَذِنتَ لَهُمۡ حَتَّىٰ يَتَبَيَّنَ لَكَ ٱلَّذِينَ صَدَقُواْ وَتَعۡلَمَ ٱلۡكَٰذِبِينَ٤٣
«Alloh, seni afv qildi. Nima uchun to senga rostgo‘y bo‘lganlar ravshan bo‘lmay turib va yolg‘onchilarni bilmasingdan turib, ularga izn berding?» (43-oyat).
Ushbu oyatda Alloh taolo O‘z Rasuli Muhammad sollallohu alayhi vasallamga «Alloh seni afv qildi», deya O‘z afvini e’lon qilib qo‘yib, so‘ngra sababini aytmoqda. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam munofiqlardan ba’zilariga urushga bormaslikka izn berib qo‘ygan edilar.
Aslida shoshilib, ruxsat bergandan ko‘ra, kutib turganlarida yaxshi bo‘lar edi. Chunki izn olganlar kim ekani bilinmay qoldi. Izn bo‘lmaganda ham, baribir ular safarbarlikdan qolar edilar. Shunda ularning munofiqligi hammaga oshkor bo‘lardi. Shuning uchun Alloh Payg‘ambari sollallohu alayhi vasallamga xitob qilib:
«Nima uchun to senga rostgo‘y bo‘lganlar ravshan bo‘lmay turib va yolg‘onchilarni bilmasingdan turib, ularga izn berding?» demoqda.
Bu Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga Alloh tomonidan itob – koyishdir.
Ma’lumki, afv qilish faqatgina gunohdan keyin bo‘ladi. Shuningdek, mag‘firat ham gunohdan keyin qilinadi.
Ushbu fikrni Fath surasidagi oyat oydinlashtiradi:
إِنَّا فَتَحۡنَا لَكَ فَتۡحٗا مُّبِينٗا١ لِّيَغۡفِرَ لَكَ ٱللَّهُ مَا تَقَدَّمَ مِن ذَنۢبِكَ وَمَا تَأَخَّرَ وَيُتِمَّ نِعۡمَتَهُۥ عَلَيۡكَ وَيَهۡدِيَكَ صِرَٰطٗا مُّسۡتَقِيمٗا٢
«Albatta, Biz senga ochiq-oydin fathni berdik. Alloh sening avval o‘tgan gunohlaringni va keyingilarini mag‘firat etishi, O‘z nye’matini senga batamom qilishi va seni to‘g‘ri yo‘lga boshlashi uchun» (1-2-oyatlar).
Albatta, Nabiy alayhissalomga nisbat berilayotgan gunoh boshqa odamlarga nisbat beriladigan gunohga o‘xshamaydi. Chunki payg‘ambarlar ma’sum, ya’ni gunoh sodir etmaydigan zotlardir. Oyati karimada kelgan gunoh tushunchasini Nabiy alayhissalomning ba’zi ijtihodda ikki joiz ishdan avlo bo‘lmaganini tanlaganlari, deb tushunsak, to‘g‘ri bo‘ladi.
Shiddatli itob, ya’ni koyish Anfol surasidagi fidya oyatlarida kelgan. Qattiq ogohlantiruv, po‘pisa darajasidagi ushbu itob Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga va u zotga Badr asirlaridan fidya olishni maslahat bergan sahobalar jumhuriga qaratilgan edi. Ular asirlarni tovonini to‘latib, qo‘yib yuborishni, yaxshi mablag‘ yig‘ib, ko‘proq quvvatga ega bo‘lishni maslahat berishgan edi. Holbuki, ular hali yer yuzida mustahkam kuchga ega bo‘lmagan, asir tutish ular uchun xatarli ekanini, asirlarga shafqat ko‘rsatish boshqalarning oldida ularni zaif ko‘rsatib qo‘yishini bilishmagan edi. Xususan, Badrda asirga tushganlarning orasida mushriklarning peshvolari ham bor edi. Ular yanada katta kuch bilan qaytishlari ehtimoli ham yo‘q emas edi.
Ushbu oyatdagi itob, ya’ni koyish siyg‘asi umumiy bo‘lib, rasullar va nabiylarning sifatlaridagi asosni sezdirib turadi. Bu asos – payg‘ambarlarning ma’sumligi, ular sodir etgan ba’zi xatolar esa Alloh taoloning hikmati va qadariga binoan voqe’ bo‘lishidir. Alloh taolo Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Badr asirlari to‘g‘risidagi qarorni bermaslaridan oldin vahiy tushirib, qarorni o‘zgartirishi ham mumkin edi. Ammo U Zot O‘zi bilgan hikmatga ko‘ra, qaror berilib, ish bitganidan so‘ng ayni o‘rinda qanday yo‘l tutish to‘g‘riroq bo‘lishini bildirib qo‘ydi, xolos. Darhaqiqat, mazkur asirlardan ba’zilari keyin Islomni qabul qilishdi. Alloh taoloning bu ishidagi hikmatlardan biri shu bo‘lsa ajab emas.
Alloh taolo O‘z xitobini to‘g‘ridan to‘g‘ri Rasuliga qaratmadi, balki oyati karimada ular qilmagan ish fidyadan ko‘ra ulug‘roq ish ekani, nabiylardan biri bo‘lgan Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan bunday xato sodir bo‘lishi to‘g‘ri emasligi uchinchi shaxs siyg‘asida eslatildi:
مَا كَانَ لِنَبِيٍّ أَن يَكُونَ لَهُۥٓ أَسۡرَىٰ حَتَّىٰ يُثۡخِنَ فِي ٱلۡأَرۡضِۚ تُرِيدُونَ عَرَضَ ٱلدُّنۡيَا وَٱللَّهُ يُرِيدُ ٱلۡأٓخِرَةَۗ وَٱللَّهُ عَزِيزٌ حَكِيمٞ٦٧ لَّوۡلَا كِتَٰبٞ مِّنَ ٱللَّهِ سَبَقَ لَمَسَّكُمۡ فِيمَآ أَخَذۡتُمۡ عَذَابٌ عَظِيمٞ٦٨
«Nabiy uchun yer yuzida zabardast bo‘lmagunicha asirlari bo‘lishi to‘g‘ri emas edi. Sizlar dunyoning o‘tkinchi narsasini iroda qilasizlar. Alloh esa oxiratni iroda qiladir. Va Alloh o‘ta izzatlidir, o‘ta hikmatlidir. Agar Allohning oldindan yozgani bo‘lmaganida, olgan narsalaringiz tufayli sizga ulkan azob yetar edi» (Anfol surasi, 67-68-oyatlar).
Ko‘rinib turibdiki, Alloh taolo dastlabki davrlarda, to Islom davlati mustahkam bo‘lib, u bilan hamma hisoblashadigan bo‘lgunicha, boshqacha ish tutishni – asirlarga to‘lov olmay, qilmishiga yarasha o‘ldirishni iroda qilgan edi. Ammo hali Nabiy sollallohu alayhi vasallamni bunga amr etmay turardi. Shuning uchun ham Nabiy sollallohu alayhi vasallam o‘z sahobalari bilan maslahatlashib, asirlar uchun to‘lov olishga qaror qildilar. Shundan keyingina Alloh taolo oyatlarini nozil qilib, xatoni tuzatdi.
Alloh taolo ko‘pincha xato sodir bo‘lishidan oldin musulmonlarning ishlariga aralashib, to‘g‘ri yo‘lga yo‘llab turardi. Ba’zi hollarda esa xato sodir bo‘lganidan keyin oyat nozil bo‘lib, xato tuzatilar edi. Bunda hukm yanada qattiq ta’sir qiladi. Yana boshqa hikmatlarini Allohning O‘zi biladi.
Ikkinchi oyatda ikkita katta haqiqat ko‘rinib turibdi.
Birinchisi – Rasululloh sollallohu alayhi vasallam asirlar masalasini Alloh aralashadigan darajada jiddiy masala deb hisoblamaganlar. Yo‘qsa sahobalarga maslahat qilmasdan, albatta, Allohning amrini kutgan bo‘lar edilar.
Ikkinchisi – Qur’onda Muhammad sollallohu alayhi vasallamning hech qanday aralashuvlari yo‘q. Hammasi Alloh taoloning O‘zidandir. Aks holda bu holat yuzaga kelmas edi.
Alloh taolo Badr urushida ishtirok etgan musulmonlarning barcha gunohlarini avvaldan kechib yuborgan edi. Shuning uchun oldindan yozib qo‘yilgan qazoi qadarga binoan ularning bu holatlari ham kechib yuborildi.
Itobning yana bir ko‘rinishi bor bo‘lib, qattiqroq bo‘lgani uchun, Alloh taolo uni ham Nabiysiga to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘naltirmagan. Bunda U Zot uchinchi shaxs siyg‘asi bilan so‘z ochib, bir ko‘rinishni hikoya qiladi va voqe’likni tasvirlaydi. Shu bilan birga, u orqali Muhammad alayhissalomga odob beradi. Ushbu holat ko‘zi ojiz Abdulloh ibn Maktum roziyallohu anhuning qissasida sodir bo‘ladi.
Islomning ilk davrida musulmonlar soni sekinlik bilan o‘sib bordi. Payg‘ambar alayhissalom g‘ayrat qilib, ko‘proq odamni da’vat qilishga urindilar. Ul zoti bobarakot alayhissalom Makkadagi obro‘li, boy-zodagonlar ham Islomga kirib qolsa, dinga, musulmonlarga quvvat bo‘lsa yaxshi bo‘lardi, degan fikrda edilar. U zot Makka a’yonlari bilan birga o‘tirib, ularni Islomga da’vat qilish bilan mashg‘ul bo‘lar edilar. Bir kuni Quraysh qabilasining a’yonlaridan ba’zilarini dinga da’vat qilib turganlarida, ikki ko‘zi ojiz Abdulloh ibn Ummu Maktum ismli sahobiy baland ovoz bilan: «Ey Allohning Rasuli, Alloh o‘rgatgan narsadan menga ham o‘rgating», deya baqirib kelib qoldi. Nabiy alayhissalomning nima bilan mashg‘ul ekanliklarini bilmasdan, bu so‘zlarni bir necha marta takrorladi. Bu Muhammad alayhissalomga yoqmadi: yuzlarini burishtirib, undan yuz o‘girdilar. Shunda Alloh taolo O‘z Rasuliga xitob qilib, Abasa surasidagi ushbu oyatlarni nozil qildi:
عَبَسَ وَتَوَلَّىٰٓ١ أَن جَآءَهُ ٱلۡأَعۡمَىٰ٢ وَمَا يُدۡرِيكَ لَعَلَّهُۥ يَزَّكَّىٰٓ٣ أَوۡ يَذَّكَّرُ فَتَنفَعَهُ ٱلذِّكۡرَىٰٓ٤ أَمَّا مَنِ ٱسۡتَغۡنَىٰ٥ فَأَنتَ لَهُۥ تَصَدَّىٰ٦ وَمَا عَلَيۡكَ أَلَّا يَزَّكَّىٰ٧ وَأَمَّا مَن جَآءَكَ يَسۡعَىٰ٨ وَهُوَ يَخۡشَىٰ٩ فَأَنتَ عَنۡهُ تَلَهَّىٰ١٠ كَلَّآ إِنَّهَا تَذۡكِرَةٞ١١
«Aftini burishtirdi va yuz o‘girdi... huzuriga ko‘zi ojiz kishi kelganiga. Senga ne bildirar, ehtimol, u poklanar. Yoki eslatma olar, bas, eslatish unga manfaat berar. Ammo istig‘no qilganga bo‘lsa... Sen u tomonga intilasan. U poklanmasa, senga hech narsa bo‘lmas. Ammo huzuringga shoshilib kelgan... va qo‘rqqandan esa... Bas, sen undan mashg‘ul bo‘lasan. Yo‘q! Albatta ular (Qur’on oyatlari) eslatmadir» (1-11-oyatlar).
Bu oyatlarda bayoni kelgan haqiqat ham Qur’onning ha-qiqiy ilohiy Kitob ekaniga yorqin dalildir. Qaysi pesh-vo o‘ziga nisbatan aytilgan tanqidning asrlar bo‘yi o‘qila-digan ilohiy Kitobda sobit qolishini xohlaydi?! Ushbu oyat nozil bo‘lganidan keyin Rasululloh alayhissalom Abdulloh ibn Ummu Maktumni doimo izzat-hurmat qilib yurar, «Sababidan Robbim menga itob qilgan zot, marha-bo!» deb qo‘yar edilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘naltirilgan, yuqorida zikr qilinganlardan-da shiddatliroq ogohlantirish va tanbehlarga ham bir necha misollar bor.
Alloh taolo Isro surasida marhamat qiladi:
وَلَوۡلَآ أَن ثَبَّتۡنَٰكَ لَقَدۡ كِدتَّ تَرۡكَنُ إِلَيۡهِمۡ شَيۡٔٗا قَلِيلًا٧٤ إِذٗا لَّأَذَقۡنَٰكَ ضِعۡفَ ٱلۡحَيَوٰةِ وَضِعۡفَ ٱلۡمَمَاتِ ثُمَّ لَا تَجِدُ لَكَ عَلَيۡنَا نَصِيرٗا٧٥
«Agar seni sobit qilmaganimizda, batahqiq, ularga bir oz bo‘lsa-da, moyil bo‘lishingga oz qolar edi. Shunday bo‘lgan taqdirda senga hayot (azobini) ham ikki hissa, mamot (azobini) ham ikki hissa tottirgan bo‘lardik. So‘ngra o‘zing uchun Bizga qarshi yordamchi topa olmas eding» (74-75-oyatlar).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning «qani endi, hamma odamlar mo‘min-musulmon bo‘la qolsa» degan rag‘batla ri juda ham kuchli edi. Ba’zan ko‘ngillariga da’vat foydasini ko‘zlab, murosayu madora yo‘llarini tutish fikri tushar edi. Shunday hollarda Alloh taoloning O‘zi darhol vaziyatga aralashib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni to‘g‘ri yo‘lda sobitqadam qilar edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni vahiy ko‘rsatmalaridan og‘ishdan Alloh taoloning O‘zi asrab turgani hamda shaxsiyatlarining ahamiyati naqadar buyukligi mana shunday hollarda yakqol bilinadi.
Alloh taolo tomonidan bo‘lgan bunday ogohlantirish va tanbehlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga shunday ta’sir qiladiki, uning oldida har qanday tahdid va qo‘rqitish hech narsa bo‘lmay qoladi.
Alloh taolo Haqqo surasida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning shaxslari xususida yanada qattiq ohangda xitob qiladi. Xitob juda ham og‘ir bo‘lgani va faraziy voqe’likni tasvirlagani uchun ham uchinchi shaxs siyg‘asida keladi:
وَلَوۡ تَقَوَّلَ عَلَيۡنَا بَعۡضَ ٱلۡأَقَاوِيلِ٤٤ لَأَخَذۡنَا مِنۡهُ بِٱلۡيَمِينِ٤٥ ثُمَّ لَقَطَعۡنَا مِنۡهُ ٱلۡوَتِينَ٤٦ فَمَا مِنكُم مِّنۡ أَحَدٍ عَنۡهُ حَٰجِزِينَ٤٧
«Va agar u Bizga ba’zi yolg‘on so‘zlarni to‘qisa, albatta, Biz uni qudrat bilan tutamiz. So‘ngra, albatta, uning shoh tomirini kesamiz. Bas, sizlardan xech kim uni to‘sib qoluvchi bo‘lmas» (44-47-oyatlar).
Ya’ni «Agar mushriklar da’vo qilayotganidek, Muhammad Bizning nomimizdan ba’zi so‘zlarni to‘qib chiqarsa yoki oyatlarimiz orasiga biror so‘zni qo‘shib yuborsa, hozirgiga o‘xshab, sog‘-omon, mo‘jizalarga ega, gunohlardan ma’sum bo‘lib, odamlarning yomonliklaridan qo‘rilgan holda yurmaydi. Agar shunday bo‘lsa, Biz tamoman boshqacha ish tutamiz. Biz undan O‘z quvvat va qudratimiz bilan intiqom olamiz. Uni ayanchli holda halok qilamiz». Bu oyatlar Qur’oni Karim Alloh taoloning sof kalomi ekaniga yorqin dalildir.
Imom Zamaxshariy ushbu oyatlar tafsirida quyidagilarni aytganlar:
«Oyatning ma’nosi shunday: «Agar u Biz aytmagan narsani da’vo qilsa, uni «sabr» o‘limi bilan o‘ldiramiz». Podshohlar o‘zlariga yolg‘on ishlatganlarni g‘azab va intiqom bilan shunday o‘ldirishar edi. Sabr o‘limining surati nihoyat darajada qo‘rqinchlidir. Unda ikki qo‘ldan ushlab, bo‘yinga uriladi».
Ushbu qo‘rqituvchi, ogohlantiruvchi va itob qiluvchi, ya’ni koyib, odob beruvchi oyatlarni o‘rganish mobaynida bizga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qudrat va qahr Egasi, quvvat va ulug‘vorlik Sohibi bo‘lgan Robblari huzurida zaif yaratilmish banda ekanliklari yaqqol namoyon bo‘ladi. Buyuruvchi Alloh Zoti bilan buyurilmish Payg‘ambar zoti orasidagi farq to‘la anglashiladi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘zlariga mukammal singdirishlari ila nozil bo‘lgan vahiy bilan o‘zlarining xos hadislari orasini ham ochiq-oydin ajratib qo‘yadilar. Garchi hadislari ham Alloh taoloning bergan ilhomi, vahiysi orqali sodir bo‘lgan bo‘lsa-da, ularni hargiz Robboniy kalomga aralashtirib yuborish imkoniyati yo‘qligini, qalblaridan kechgan ayrim o‘y-fikrlar yolg‘iz insoniy sifat ekanini ham ko‘ramiz. Shuning uchun Nabiy sollallohu alayhi vasallam vahiy nozil bo‘lishining dastlabki davrlarida Qur’ondan boshqa narsani yozishdan qaytardilar. Bu bilan Qur’onning Robboniy sifatini muhofaza qilish, ushbu muqaddas sifatga boshqa narsalar aralashib ketishining oldini olish maqsad qilingan edi. Qachon Qur’ondan oyat nozil bo‘lsa, o‘sha zahoti kotiblarni chaqirib, nozil bo‘lgan vahiy kalimalarini yozdirib qo‘yar edilar.
Ehtimol, yuqorida keltirilgan dalillar ba’zi tadqiqotchilarning nazarida zikr qilarli darajadagi narsa bo‘lib ko‘rinmas. Ammo Nabiy sollallohu alayhi vasallamni vahiyni eslab qolish uchun qilgan harakatlaridan ochiq-oydin qaytarish, u zotning ixtiyorlariga va irodalariga qarshi buyruq bo‘lishining o‘zi vahiy holati Nabiy sollallohu alayhi vasallamning shaxslaridan mutlaqo tashqari ekanini e’tirof qilishga har qanday aqlni majbur qiladi. Vahiy holati nafsiy kechinmalardan, ichki omillardan batamom begonadir. Nabiy sollallohu alayhi vasallam Qur’onni yodlashda hattoki vahiyni eslab qolish qobiliyatlarini ishlatish haqqiga ham ega emas edilar. Balki Allohning O‘zi u zotga yodlatib qo‘yish kafolatini berdi. Shu o‘rinda yod olish sabablari qonuni ham bekor bo‘lib, Allohning irodasi qarshisida ularning ta’siri butunlay o‘chib ketdi. Yodlash uchun qilinadigan insoniy harakatlarning hech biriga ehtiyoj qolmadi. Hatto ularni ishlatishga ham ruxsat bo‘lmadi. Bu to‘g‘rida Qiyomat surasining oyatlarini yuqorida o‘rgandik.
Shunday ekan, qanday qilib Nabiy sollallohu alayhi vasallam o‘zlarining buyurilmish shaxslari bilan buyuruvchi Alloh taoloning Zoti orasidagi ulkan farqni sezmasliklari mumkin?! Biror ilohiy so‘zni insoniy so‘z bilan aralashtirishlari mumkinmi?! Yo‘q, albatta, U zot vahiy borasida o‘zlaricha biror narsaga ega emasliklarini ko‘rib turar edilar.
Shu bilan birga, Nabiy sollallohu alayhi vasallamning so‘zlari tavqifiy, ya’ni vahiy asosidagi hadislar bo‘lib, ularning mazmuni vahiydan hisoblansa ham, u zot kotib» larni faqat oyatlarnigina yozishga buyurar edilar. Holbuki, hadislar oyatlarga bog‘liq bo‘lib, ularni tafsir qiladi. Hadislarni Nabiy sollallohu alayhi vasallam o‘z iboralari, uslublari bilan tuzib, o‘z lafzlari bilan bayon qilganlar. Shuning uchun ham na u zotning, na boshqa biror kishining uslubi mo‘jizaviy Qur’on uslubiga aralashib keta olmaydi.
Hatto ulamolar hadisi qudsiylarning ma’nolari Allohdan ekanini e’tirof qilib, ko‘pchiliklari ularni Alloh huzuridan nozil bo‘lgan, desalarda, ular ham Qur’ondan alohida ajralib turadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam ularning Allohning Kitobiga aralashib ketmasligiga qattiq e’tibor qilganlar va hadisi qudsiylar Qur’on emasligini eshituvchiga nabaviy iboralar orqali sezdirib turganlar. Allohdan nozil bo‘lgan ma’noni insoniy uslub bilan ifoda qilganlar.
Muhammad alayhissalom fasohat va balog‘atda insoniyat tarixidagi eng yetuk shaxs bo‘lsalar-da, u kishidan sodir bo‘lgan gaplarning birortasi Qur’oni Karim uslubiga yaqin ham kelmaydi. U zotning uslublari qayoqda-yu, Qur’onni nozil qilgan qudrat egasining uslubi qayoqda!
Bu borada ulamolar nihoyat darajada ehtiyotkor bo‘lishlari lozim. Kim hadisi qudsiyni rivoyat qiladigan bo‘lsa, «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Robblaridan rivoyat qilgan hadislarida shunday dedilar», yoki «Alloh taolo Rasuli Undan rivoyat qilgan hadisda shunday dedi», yoxud «Alloh taolo hadisi qudsiyda shunday dedi» degan qaydlar bilan aytish unga vojib bo‘ladi.
Biz hozir Qur’onning ojiz qoldiruvchi ekani xususida so‘z yuritmoqchi emasmiz. Ushbu kitobning oxirida bu mavzuga alohida bob ajratganmiz. Bizning maqsadimiz Allohning kalomi bilan Rasulining hadisi orasida benihoya farq borligini ta’kidlab qo‘yish, xolos. Bu farq tavqifiy va qudsiy hadislarda ko‘rinishi bilan birga, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning dunyoviy fikrlari xususida yanada ravshan va yaqqol namoyon bo‘ladi.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam insoniy, dunyoviy, fikriy tajribalari bilan nabaviy, diniy, qat’iy tajribalari orasini keskin aniqlashtirib, ajratib qo‘yganlar. Dunyo ishlarida ba’zi ehtimollarni qilsalar, sahobalar ularni ushlab olmasliklarini eslatib turganlar. Agar Allohdan, deb gapirsalar, uni mahkam ushlashga buyurganlar. Zero, bunday hadislarni o‘zlaridan to‘qib chiqarmaganlar. Chunki u zot Allohga nisbatan yolg‘on gapirmaydilar. Nabiy sollallohu alayhi vasallam ushbu haqiqatni bir necha bor so‘zlari va amallarida oydinlashtirib berganlar. U zot sollallohu alayhi vasallam bir hadislarida:
«Albatta, men ham sizlar kabi insonman. Gumon xato qiladi, to‘g‘ri ham bo‘ladi. Lekin sizlarga «Alloh aytdi», desam, hargiz Allohga yolg‘on gapirmayman», deganlar.
Boshqa bir hadisda janjallashib kelganlarning qalblaridagi narsani bilmasliklarini, ular bilan birga bir davrda, bir shaharda yashasalar-da yoki insonlarga eng yaqin bo‘lsalar-da, ular ichlarida berkitgan narsani bilmasliklarini ta’kidlaydilar:
«Albatta, men ham insonman. Sizlar mening huzurimga tortishib kelasizlar. O‘z dalilini o‘tkazishda ba’zingiz boshqangizdan pesh bo‘lishi mumkin. Shunda men eshitganimga ko‘ra uning foydasiga hukm chiqaraman. Kimga birodari haqqidan biror narsani olib bersam, uni olmasin. Chunki unga do‘zaxdan bir bo‘lak olib bergan bo‘laman».
Misol uchun, bir safar Banu Ubayriq qabilasi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni o‘g‘rilik ustida chiqarayotgan hukmlarida adashtirmoqchi bo‘lishdi. O‘g‘rini himoya qilib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni uning o‘g‘ri emasligiga ishontirishdi ham. Hatto u zot Qatoda ibn No‘monni: «Ey Qatoda, Islomda va salohiyatda bo‘lgan oilani hech qanday hujjat va dalilsiz o‘g‘rilikda ayblaysanmi?!» deya koyidilar. Shunda Alloh taoloning Niso surasidagi ushbu oyatlari nozil bo‘ldi:
إِنَّآ أَنزَلۡنَآ إِلَيۡكَ ٱلۡكِتَٰبَ بِٱلۡحَقِّ لِتَحۡكُمَ بَيۡنَ ٱلنَّاسِ بِمَآ أَرَىٰكَ ٱللَّهُۚ وَلَا تَكُن لِّلۡخَآئِنِينَ خَصِيمٗا١٠٥ وَٱسۡتَغۡفِرِ ٱللَّهَۖ إِنَّ ٱللَّهَ كَانَ غَفُورٗا رَّحِيمٗا١٠٦
«...Sen xoinlarning yonini oluvchi bo‘lma! Allohdan mag‘firat so‘ra! Albatta, Alloh o‘ta mag‘firatlidir, o‘ta rahmlidir» (105-106-oyatlar).
Nabiy sollallohu alayhi vasallam Banu Ubayriqning xiyonat qilganini va adashtirishga harakat qilishganini bilgach, Qatodaga qilgan do‘q va itoblari uchun Alloh taologa istig‘for aytdilar.
Oldin ko‘rib o‘tganimizdek, albatta, Qur’oniy vahiy Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning shaxsiy irodalaridan, insoniy tabiatlaridan tashqaridir. Hatto vahiyning qachon nozil bo‘lish yoki qachon to‘xtab qolishida ham u zotning ixtiyorlari yo‘q. Ba’zan vahiy nozil bo‘lishi ko‘payib ketsa, ba’zan to‘xtab, u kishining muhtojliklari ortib ketardi. Vahiy Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qalblariga turli sharoitda, turli vaqtda nozil bo‘lardi. Bir safar sahobalarining oralarida o‘tirar ekanlar, ko‘zlari yumilib, tinib qoldilar. Keyin birdan boshlarini ko‘tarib, tabassum qildilar. U zotga Kavsar surasi vahiy qilingan edi. Bir kuni uylarida ekanlarida kechaning uchinchi qismida Tavba surasining jangga bormay, ortda qolgan uch kishining tavbalarini Alloh qabul qilgani haqidagi oyatlari nozil bo‘ldi.
Albatta, vahiy Nabiy sollallohu alayhi vasallamning qalblariga zim-ziyo tunda ham, charaqlagan kunda ham, qahraton sovuqda ham yoki jazirama issiqda ham, muqimlikda ham, musofirlikda ham, bozorning o‘rtasida ham, jang qizigan maydonda ham nozil bo‘laverardi. Hatto Masjidul Aqsoga tunda sayr qilganlarida va osmonlarga ko‘tarilganlarida ham vahiy nozil bo‘lgan edi.
Payg‘ambarlikning dastlabki kezlari vahiy Egasi uni Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan ma’lum vaqt uzib qo‘ydi. U kishi vahiyga shavqu zavqlari baland, nihoyatda talabgor edilar.
Bir kuni Nabiy sollallohu alayhi vasallam yurib ketar ekanlar, to‘satdan osmondan bir ovozni eshitib, boshlarini ko‘tardilar. Qarasalar, Hiroda kelgan farishta turibdi. Undan qo‘rqib ketdilar. Titragancha vafodor zavjalari Xadija onamizning huzuriga bordilar va: «Meni o‘rab qo‘yinglar!» dedilar. Shunda Alloh taolo Muddassir surasining ilk besh oyatini nozil qildi. Shundan so‘ng vahiy tushishi tezlashib, ketma-ket kela boshladi. Nabiy sollallohu alayhi vasallamning ruhlari ko‘tarilib, mahzunlik, intizorlik o‘rnini chuqur xursandchilik egalladi. Shundan ham ko‘rinib turibdiki, vahiy Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning xohishlariga bo‘ysunmas, fikrlaridan, shaxslaridan tashqari edi. Shu tariqa vahiy Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qalblariga o‘rnashib bordi. Bu vahiyning manbai g‘ayblar Bilimdoni bo‘lmish Alloh taoloning O‘zi edi.
Ma’lumki, «ifk» voqeasi Islom tarixida chuqur o‘rin olgan. Ifk hodisasidan keyin to‘liq bir oy vahiy nozil bo‘lmay qolganini kim ham esdan chiqarardi?! Bu hodisada munofiqlar Siddiqning qizlarini fohishalikda ayblashdi. U kishining atroflarida sharmandali gaplarni shunday tarqatishdiki, hatto Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qalblariga shubha tushib, mo‘minlarning onasi bo‘lmish jufti halollariga:
«Ey Oisha, menga shunday-shunday gaplar yetib kelmoqda. Agar aybsiz bo‘lsang, Alloh seni oqlaydi. Agar gunohga aloqang bo‘lsa, Allohga istig‘for ayt!» dedilar.
Ushbu hodisada munofiqlar pok siddiqa onamiz xususida yetarlicha ig‘vo-bo‘htonlarga sho‘ng‘ib turishar ekan, Nabiy sollallohu alayhi vasallamga bir oy davomida oyat tushmay qolishi u zot uchun bu bir oy uzun yillardan ham og‘ir bo‘lgani hech kimga sir emas. Xo‘sh, nima uchun Nabiy sollallohu alayhi vasallam bir yostiqqa bosh qo‘ygan jufti halollariga nisbatan shak va iztirob ichida to‘la bir oy sukut saqlab, kutdilar? Zero, bu hol mo‘minlarning onasini oqlovchi Hyp surasining oyatlari nozil bo‘lgunicha davom etdi. Shunday qaltis holatda ham u zot Alloh taoloning ishiga aralashmadilar. Haq taoloning O‘zi tuhmatchilarning tuhmatidan siddiqani pokladi.
Yana bir misol: Alloh taolo ma’lum muddat qiblani Ka’badan Baytul Maqdisga ko‘chirganida, musulmonlar Baytul Maqdisga qarab namoz o‘qib turdilar. Lekin Nabiy sollallohu alayhi vasallam qiblaning Baytulloh tarafga o‘zgarishini qattiq xohlar edilar. Bu to‘g‘rida vahiy nozil bo‘lib qolarmikin deb, o‘n olti yoki o‘n yetti oy yuzlarini osmonga qaratib iltijo qildilar. Qur’onning Sohibi esa O‘z Rasulining istagini bir yarim yildan keyingina amalga oshirdi.
Nima uchun Nabiy sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari orzu-umidlarining ro‘yobga chiqishida vahiyning tezlashishiga ko‘maklasha olmadilar? Chunki vahiy Muhammad sollallohu alayhi vasallamga u zot sollallohu alayhi vasallamning Robbi xohlaganida nozil bo‘ladi. Muhammad sollallohu alayhi vasallamning Robbi xohlaganda, vahiy uziladi. Duolar, iltijolar bu o‘rinda yordam bermaydi. Muhammad sollallohu alayhi vasallamning xohishi samo ishini oldinga yoki ortga sura olmaydi.
Ammo Nabiy sollallohu alayhi vasallamning shaxsiy holatlari bilan vahiy vaziyati orasidagi ravshan farqni tushunishni xohlamagan qadimgi va hozirgi moddaparastlar u zotda ikkita shaxsiyat jamlangan, biri sezuvchi, singdiruvchi shaxsiyat, ikkinchisi sezmaydigan, singdirmaydigan shaxsiyat, degan farazni olga surishadi. Boshqacha ibora bilan aytganda, Muhammadning hushi ba’zan o‘zida bo‘lgan, ba’zan o‘zida bo‘lmagan, demoqchi bo‘lishadi. Insofli, xolis tadqiqotchi ushbu farazlar biror aqlga yoki zarracha shuurga to‘g‘ri keladi, deb e’tirof etishi mumkinmi?
Yana shuni eslab o‘tish lozimki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qalblaridagi titroq u zotni o‘rab olgan qo‘rqinchdan edi. Chunki Alloh taolo aytganidek, vahiy u zotga kutilmaganda, to‘satdan nozil bo‘lgan edi. Alloh taolo Qosos surasida marhamat qiladi:
وَمَا كُنتَ تَرۡجُوٓاْ أَن يُلۡقَىٰٓ إِلَيۡكَ ٱلۡكِتَٰبُ إِلَّا رَحۡمَةٗ مِّن رَّبِّكَ
«O‘zingga Kitob nozil qilinishidan umidvor xam emas eding. Illo, Robbing rahmati bo‘lib (nozil bo‘l-di)...» (86-oyat).
«Seni Qur’on haqida ayblashmoqda. Aslida sen o‘zingga ilohiy Kitob tushishini o‘ylab ham ko‘rmagan, unga ega bo‘lish uchun urinmagan ham eding. Ammo Alloh senga O‘z rahmatidan Qur’onni nozil qildi. Bu ish sening xohishing bilan emas, balki Allohning xohishi bilan bo‘ldi».
Alloh taolo Shuro surasida marhamat qiladi:
وَكَذَٰلِكَ أَوۡحَيۡنَآ إِلَيۡكَ رُوحٗا مِّنۡ أَمۡرِنَاۚ مَا كُنتَ تَدۡرِي مَا ٱلۡكِتَٰبُ وَلَا ٱلۡإِيمَٰنُ وَلَٰكِن جَعَلۡنَٰهُ نُورٗا نَّهۡدِي بِهِۦ مَن نَّشَآءُ مِنۡ عِبَادِنَاۚ
«Shunday qilib, senga O‘z amrimizdan bir ruhni vahiy qildik. Kitob nima, iymon nima, idrok qilmas eding. Lekin uni bir nur qildikki, u bilan bandalarimizdan xohlaganimizni xidoyat qilurmiz...» (52-oyat).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdagi vahiy payti sodir bo‘ladigan qalb titrog‘ida a’zolari muzlab kolmas edi. Odatda bunday hol qo‘rqqan odamda sodir bo‘ladi. Bunda kishining yuzi oqarib, tishlari taqillaydi. Nabiy sollallohu alayhi vasallamda esa buning aksi bo‘lar edi. Haroratlari ko‘tarilib, yuzlari qizarib, hatto peshonalaridan ter chiqib ketar, jismlari og‘irlashardi. Yuqorida ko‘rib o‘tganimizdek, yonlarida o‘tirgan kishining soni u zotning sonlariga tegib turgan bo‘lsa, yorilib ketay der edi. Xadija onamizga o‘zlarini o‘rab ko‘yishni iltimos qilishlaridan maqsad ko‘rpaga o‘ranib, g‘aybiy quvvat ta’siridan, og‘ir so‘z bosimidan bir oz tin olishdan boshqa narsa emas edi. Shuning uchun ham vahiy to‘xtab, uning ta’siri uzilgach, Alloh taolo u zotni O‘ziga da’vat qilish bayrog‘ini ko‘tarib, sapchib turishga buyurdi:
«Ey burkanib yotgan! Tur! Ogohlantir!» (Muddassir surasi, 1-2-oyatlar),
«Ey o‘ranib yotgan! Kechaning ozginasidan boshqasini (ibodatda) bedor o‘tkaz!» (Muzzammil surasi, 1-2-oyatlar).
Nabiy sollallohu alayhi vasallamning qalbiy quvvatlari, onglari vahiyni birinchi bor qabul qilib olgan paytlarida qanday yetuk va sezgir turgan bo‘lsa, undan keyin, har safar vahiy kelganda ham bir xil maromda turdi. Qabul qilib, singdirib olishlarining mukammalligi, g‘ayratlarining harakatchanligi va asablarining quvvati ajoyib saviyada bo‘ldi. Tarqoq fikrlarni jamlashga bo‘lgan hozirlik vositalariga hech qanday ehtiyoj bo‘lmadi. Vahiy nozil bo‘layotgan paytda biror marta bo‘lsa ham asabning tarqoqligi va qandaydir kasalliklarning oriz bo‘lishi kabi holatlar kuzatilmadi.
KЕYINGI MAVZULAR:
Vahiyni tushunib yetmaslik;
Bir yigit masjidga kelib biroz o‘tirgach, imomga e’tiroz bildirdi:
– Endi masjidga kelib o‘tirmasak ham bo‘larkan...
Imom undan nima uchun bunday deganining sababini so‘radi. Yigit yon-atrofdagi hamma odam telefonga qarab o‘tirgani, ba’zilari o‘zaro gaplashayotgani uchun shu gapni gapirganini aytdi.
Imom biroz o‘ylab turgach, bunday dedi:
– Yaxshi, e’tirozing o‘rinli. Men bu haqda odamlarga eslatib turibman. Lekin sen endi masjidga kelmoqchi bo‘lmasang bir ish qilib ket.
Yigit rozi bo‘ldi. Imom unga bir piyolani to‘ldirib suv berdi va shu suvni bir tmchi ham to‘kmasdan masjidning ichini bir aylanib chiqishini iltimos qildi. Yigit bor diqqat-e’tiborini jamlab, ohista qadamlar bilan, ikki ko‘zini piyoladan uzmagan holda vazifani muvaffaqiyatli ado etdi.
Imom unga dedi:
– Barakalloh! Endi menga ayt-chi, sen shu topshiriqni bajarayotganingda kimlar gapirib o‘tirdi, kimlar telefoniga qaradi?
Yigit javob berdi:
– Men qayerdan bilay, axir butun diqqatim suvni to‘kib qo‘ymaslikda edi.
Imom dedi:
– Ana ko‘rdingmi? Sen topshiriqni bajarayotganingda butun fikru hayolingni bir joyga jamlading. Allohning huzurida turganimizni his qilib, xayolimizni ibodatga, Uning zikriga qaratsak, boshqalarning xatosini ko‘rishga vaqtimiz ham qolmaydi. Albatta, kimdir xato qilsa bu sening hidoyatdan yuz burib ketishingga sabab bo‘lmasligi kerak. Chunki xato dinniki yo masjidniki emas, balki bandaniki...
Yigit o‘ylab ko‘rib, xato qilganini tushundi. Keyingi jamat namozlarida xushu bilan qatnashishda davom etdi.
Akbarshoh RASULOV