Marhum otam o'zlari yaxshi ko'rgan har bir narsani menga ham bo'lib berardilar. Albatta bu barcha otalar qiladigan ish. Lekin mening otam hatto qadahdagi ichib turgan suvlaridan ham menga ilinardilar. Shirinlik eb turgan bo'lsalar, garchi shirinlik o'ta oz bo'lsa ham “Qizim, shuni sen eb qo'ygin, men to'yib qoldim” deb menga berardilar. Vaholanki, shirinlikka deyarli qo'l urilmagani bilinib turardi.
O'ylaymanki, barcha otalar ham bu narsaga ahamiyat berishmaydi. Farzandga e'tibor berish bir kun kelib albatta mevasini beradi. Bolalar hamma narsani yodda saqlashadi. Mana yoshim 35dan oshgan bo'lsa ham, haligacha otamning o'sha odatlari esimdan chiqmaydi. O'zim ham eb turgan narsamni bolalarimga otam kabi bo'lib berishga harakat qilaman.
Otamning bu odatlaridan meni juda qattiq yaxshi ko'rishlarini, doimo e'tiborlarida ekanimni bilib turardim. Shuning uchun bo'lsa kerak, yoshligimda begona erkakning e'tiboriga ehtiyoj sezmaganman. Dugonalarimning ba'zilari bir necha yigitlar bilan gaplashadigan, uchrashib yuradigan bo'lib ketishdi. Otam sababli Alloh meni bunday xorlikdan saqladi.
Bugun nima yaxshi ish qilsam ham, savobiga otamni sherik qilishini Allohdan so'rab duo qilaman. Sadaqa qilsam yoki birovga yordam berib duo oladigan bo'lsam, menga qo'shib otamni ham duo qilishlarini iltimos qilaman. O'zimning har kungi maxfiy duolarimda ham otamning haqlariga duo qilishga alohida vaqt ajrataman. Hotiramda hamon otamning menga ilingan shirinliklari gavdalanadi, “Qizim, men shuni eyolmadim, sen eb qo'ygin” degan mehr to'la so'zlari eshitilib turgandek bo'ladi.
Doktor Abdulloh Muhammad Abdulmu'tining
"Farzand tarbiyasida 700 ta saboq" kitobidan
G'iyosiddin Habibulloh, Kamronbek Islom tarjimasi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Padari buzrukvorim qoddasallohu sirroh aytar edilar: "Uyda ba’zi narsalar umumiy bo‘ladi, ulardan hamma foydalanadi. Faqat ularni ishlatib bo‘lgach, tayin qilingan joyga qo‘yish kerak. Misol uchun choynak, piyola, sovun...".
Hammasining tayin joyi bor. Shu o‘rinda muhim gap bor — bu narsalarni ishlatib bo‘lgach, joyiga qo‘ymaslik gunohdir! Ammo biz bu gunohdan bexabarmiz. Chunki har kuni takrorlanaverib, odatiy holga aylanib qolgan. Kimdir o‘sha kerakli narsani ishlatmoqchi bo‘lib, topa olmasa, tabiiy, mashaqqat va ozor chekadi. Biror musulmonga aziyat berish esa, gunohi kabiradir. Hech birimizning xayolimizga bu ishning ham gunoh ekani kelmagan bo‘lsa kerak. Biz narsalarni joyiga qo‘yishni dinga aloqasiz, balki dunyoga tegishli, uyni tartiblashga oid ish deb o‘ylab kelganmiz.
Yodda tuting! Din ko‘rsatmasi bo‘lmagan hayotning biror go‘shasi yo‘q. Barchamiz xolis qaraylik, shu narsaga e’tibor beramizmi, o‘zgalarga aziyat yetmasligi uchun umumiy narsalarni ishlatgandan keyin ularni tayin qilingan joyiga qo‘yamizmi? Aslida, bu narsalar arzimagandek tuyuladi, lekin unga bee’tiborlik sababli gunohlarga mubtalomiz. Sababi, biz dinni to‘la tushunmaymiz, uning uchun qayg‘urmaymiz, ko‘pchiligimizda Alloh taoloning huzurida turish hissi yo‘q. Ikkinchi tarafdan, johillik va bexabarlik ham ancha urchigan.
«Nasihatlar guldastasi» kitobidan