Barchamizga ma’lum va ravshandirki, har bir ota-ona o‘z farzandlarining istiqboli, baxt-saodati va kelajakda mustaqil hayot kechirib, ham moddiy, ham ma’naviy jihatdan barkamol avlod bo‘lib yetishishini niyat qiladi.
Muqaddas Islom dinining tom ma’nodagi ulug‘vor ta’limoti komil inson tarbiyasiga qaratilgandir. Insonning jismonan, aqlan va ruhan kamolotga yetishmog‘ida islom dini ta’limotining o‘rni naqadar yuksakdir. Payg‘ambarimiz (a.s.) O‘zlarining muborak hadislarida ushbuni bayon qilib aytganlarki: “Men insoniyatga tamomiy axloqni o‘rgatish uchun yuborilganman”. Haqiqatan ham, islom dini asoslari bo‘lmish Qur’oni karim va hadisi shariflarda insonlarni go‘zal odob va axloqqa chaqiruvchi, hushxulqlik eng oliy fazilat ekanligi haqidagi ta’limotlar keng o‘rin olgan. Jumladan, Qur’oni karimda shunday deyiladi: “Albatta, Alloh adolatga, ehsonga, qarindoshlarga yaxshilik qilishga amr etadi va faxshu munkar ishlardan hamda zulmkorlikdan qaytarur...” (Nahl,90), “Keling, Rabbingiz sizlarga harom qilgan narsalarni tilovat qilib beraman: “Unga hech narsani shirk keltirmang! Ota-onangizga yaxshilik qiling! Ochlikdan qo‘rqib, bolalaringizni o‘ldirmang. Biz sizlarni ham, ularni ham rizqlantirurmiz. Fahsh-buzuq ishlarning oshkorasiga ham, maxfiysiga ham yaqinlashmang. Alloh harom qilgan jonni o‘ldirmang... Yetimlar moliga to voyaga yetguncha yaqinlashmang. Magar yaxshi yo‘l bilan bo‘lsa, mayli. O‘lchov va tarozini adolat ila to‘liq ado eting. Biz hech jonni toqatidan tashqari narsaga taklif etmaymiz. Agar gapirsangiz, qarindoshingiz bo‘lsa ham adolat bilan gapiring...” (An’om, 151-152). “Odamlardan takabburlanib yuz o‘girma va yer yuzida kibru havo ila yurma. Albatta, Alloh hech bir mutakabbir va maqtanchoqni sevmas. Yurishingda mo‘tadil bo‘l va ovozingni pasaytir...” (Luqmon, 18-19). Payg‘ambarimiz (a.s.) ham qator hadislarida hushxulqlikni madh etadilar. Hadislarining birida: “Menga eng mahbubrog‘ingiz va oxiratda Menga eng yaqinrog‘ingiz axloqi go‘zalrog‘ingizdur”, degan bo‘lsalar, boshqa hadisda: “Islom dinida eng yaxshingiz axloqi go‘zalrog‘ingizdir”, deb marhamat qilganlar.
Albatta, go‘zal axloq va odob insonning yoshligidan balki, bolaligidan shakllanib bormog‘i lozim. Shuning uchun ham islom dinida bolalarni hali murg‘akligidanoq go‘zal axloq va odobga o‘rgatib borish tavsiya etiladi. Imom Muslim rivoyat qilgan hadisda shunday deyiladi: Amr ibn Abu Salama (r.a) aytadilar: “Men Rasulullohning qaramog‘larida yosh bola edim. Ovqat vaqtida qo‘limni tovoqning hamma yeriga uzatar edim. Shunda, Rasululloh menga: Ey, bola! Avval, bismillohni ayt, so‘ngra o‘ng qo‘ling bilan, o‘zingni oldingdan olib yegin, deb o‘rgatdilar”.
Darhaqiqat, yoshlarda odob va axloq tamoyillarining shakllanishida islom dinining tutgan o‘rni beqiyosdir. Zero, islom dini odob va axloq tushunchasi ostida yoshlarni har tomonlama tarbiya qilishga katta ahamiyat qaratadi.
Tarbiyaning bu jihatida yoshlarni asosan rostgo‘ylik, va’daga vafo, omonatdorlik, kattaga hurmat, kichikka izzat, o‘zgalarga mehr-oqibatli bo‘lish kabi fazilatlar sohibi qilib voyaga yetkazishga ahamiyat qaratiladi. Aynan mana shu fazilatlar kishini odamiyligini ifodalaydi. Shuning uchun ham Payg‘ambarimiz (s.a.v.): “Ota o‘z bolasiga chiroyli odobdan ko‘ra yaxshiroq narsa bera olmaydi”, deganlar ( Imom Termiziy rivoyati). Yoki bo‘lmasa, “Bolalaringizni e’zozlanglar va ularning odobini go‘zal qilinglar” deyilgan hadisi sharifda ham aynan axloqiy tarbiya nazarda tutilgan. Islom ta’limotida kishining imon e’tiqodining mukammalligi uning odob-axloqining yaxshiligiga qarab baholanadi. Ko‘plab hadislarida Payg‘ambarimiz (s.a.v.) yaxshi axloqqa targ‘ib qilishda imonni asos qilib oladilar. Hadislarining birida aytadilarki: “Kimni Allohga va oxirat kuniga imoni bo‘lsa mehmonini hurmatlasin, kimni Allohga va oxirat kuniga imoni bo‘lsa qarindoshiga silai rahm qilsin, kimni Allohga va oxirat kuniga imoni bo‘lsa yaxshi gap gapirsin yoki jim tursin”. (Imom Buxoriy rivoyati). Bosh bir hadisda esa: “Allohga qasamki, mo‘min emas, mo‘min emas, mo‘min emas, dedilar. Yo, Rasululloh! Kim mo‘min emas?-deb so‘radilar. Rasululloh: Yomonligidan qo‘shnisi ozor chekadigan kishi mo‘min emas, dedilar” (Imom Buxoriy rivoyati).
Ikkinchidan, jismoniy tarbiya. Yoshlarning jismonan baquvvat, tanlari sog‘lom, g‘ayratli va shijoatli bo‘lishlarida jismoniy tarbiyaning ahamiyati kattadir. Islom dini ta’limotida jismoniy tarbiya tushunchasi zamiriga nafaqat badan tarbiya mashqlari bilan shug‘ullanish balki, inson salomatligi uchun zarur bo‘lgan barcha omillarga rioya qilish, ayni paytda salomatlik uchun zararli, balki hayot uchun xavfli bo‘lgan illatlardan saqlanish nazarda tutiladi. Qur’oni karimdagi: “...Yenglar, ichinglar va isrof qilmanglar. Chunki, Alloh isrof qiluvchilarni sevmaydi” (A’rof surasi, 31-oyat) oyatining tafsirida ulamolar, ushbu oyatda butun tib ilmi joylashgandir, deganlar. Haqiqatan ham, salomatlikning bosh omili me’yorida ovqatlanish ekanligini zamonaviy tabobat ham isbotlamoqda. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) badan tarbiyasi mashqlari qatorida yoshlarni suzishga, otda chopishga, kamondan otishga o‘rgatish lozim ekanligini alohida ta’kidlaganlar va hadislarining birida: “Kuchli mo‘min kuchsiz mo‘mindan yaxshiroq va Allohga suyukliroqdir”, deb marhamat qilganlar (Imom Muslim rivoyati). Yoshlarni turli xil zararli illatlardan saqlash maqsadida Islom dini sog‘likka futur yetkazuvchi va umuman inson hayoti uchun xavfli bo‘lgan narsalar bilan shug‘ullanish va iste’mol qilishdan qaytargan. Jumladan, Qur’oni karimda: “O‘zingizni halokatga duchor qilmang” (Baqara surasi, 195-oyat), “O‘zingizni o‘zingiz o‘ldirmang” (Niso surasi, 29-oyat), deyilgan bo‘lsa, hadisi sharifda: “Rasululloh (s.a.v.) har qanday mast qilguvchi va tanani bo‘shashtirguvchi narsani iste’mol qilishdan qaytarganlar”, deyilgan (Imom Abu Dovud rivoyati).
Uchinchidan, aqliy tarbiya. Islom dinida yoshlarni aqlan tarbiya qilish deganda ularni manfaatli ilm sohibi qilib tarbiyalash, fikriy va ilmiy jihatdan yetuk inson qilib kamolga yetkazish nazarda tutiladi. Islom tarixidan ma’lumki, Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ga ilk bora nozil qilingan oyatlar insonni o‘qishga, ilm olishga targ‘ib qiladi: “Yaratgan Rabbing nomi bilan o‘qi. U insonni alaqdan yaratdi. O‘qi! Rabbing karamli zotdir. U insonga qalam bilan o‘rgatdi. Insonga bilmagan narsasini bildirdi” (Alaq surasi, 1-5-oyatlar). Qur’oni karimda va Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning hadislarida ilmga targ‘ib qiluvchi ko‘plab oyat va hadislar mavjud. Ilmu ma’rifatli bo‘lishning fazilati nechog‘lik yuksak ekanligi barchaga ma’lum. Ilm bilan dunyo obod, insoniyat hayoti farovon, ilmli kishining yo‘li doimo nurafshon bo‘ladi. Shu bois, ilm istash, unga yetish yo‘lida mashaqqat chekish eng savobli amallardan sanaladi. Islom dinida ilm deganda diniy ham dunyoviy ilmlar tushuniladi. Diniy ilm insonning ruhiy-ma’naviy hayoti, uning e’tiqodiga oid bo‘lib, oxirati uchun zarur bo‘lsa, dunyoviy ilm uning moddiy hayoti, dunyo obodligi uchun zarurdir. Shuning uchun ham hadisi sharifda: “Sizlarning eng yaxshingiz bu dunyoni deb oxiratini unutmagan, oxiratini deb bu dunyosini unutmagan va o‘zgalarga qaram bo‘lmaganingizdir” deyilgan.
Ushbu ta’limotlarga jonu dili bilan amal qilgan ajdodlarimiz, buyuk bobokalonlarimiz ham shari’at, ham tariqat va ham ma’rifat borasida butun dunyoga o‘rnak bo‘lganlar.
Hayot insoniyatga Alloh taolo tomonidan ato etilgan qadrli ne’matlardan biri bo‘lib, yoshlik va o‘smirlik davri kishi hayotining eng jo‘shqin pallasidir. Payg‘ambarimiz alayhissalom hadislarining birida: “Yoshlik davringizni keksalik kelishidan oldin g‘animat biling” deb, uning qadriga yetib yashashni ta’kidlaganlar.
Yoshlik davrining e’tiborga molik jihatlari juda ko‘p. O‘spirinlik vaqti insonning fe’l-atvori va ruhiyati shakllanadigan asosiy davr bo‘lib, ayni shu davrda ularga alohida ahamiyat qaratmoq lozim. Jumladan, yoshlarni ahli solih kishilar bilan do‘stu birodar bo‘lishlarini ta’minlash zarur. Payg‘ambarimiz alayhissalom hadislarining birida: “Yaxshi hamsuhbat misoli mushku anbar sotuvchidir. Atridan olmagan taqdiringda ham uning hushbo‘y hidi dimog‘ingni chog‘ qiladi. Yomon hamsuhbat esa bamisoli temirchining bosqonidir. U garchi kiyimingni kuydirmasada, tutuni dimog‘ingni achitadi” deganlar. Xalqimizda: “Qozonga yaqin yursang qorasi yuqadi” degan naql ham bor. Alloh taolo Qur’oni karimda mo‘minlarni rost so‘zlovchi kishilar bilan birga bo‘lishga buyurgan. Hadisda aytilishicha, rostgo‘ylik insonni doimo yaxshilikka chorlaydi. Ongida rostgo‘ylik, vafodorlik, fidoyilik kabi tushunchalar o‘rnashgan yoshlardan kelajakda ko‘plab xayrli ishlar kutish mumkin. Hasanul Basriy rahmatullohi alayh bir kuni odamlarga: “Ekin pishib yetilgandan so‘ng nima qilinadi?” deb savol berdilar. Ular - Hosili yig‘ib olinadi, deyishdi. Shunda Hasanul Basriy r.h.: “Shuni bilinglarki, gohida ekin pishib yetilmasidan oldin unga ofat (kasallik) yetishi va uni nobud qilishi ham mumkin”, deb yoshlar tarbiyasiga e’tiborli bo‘lishga, kishining yoshlik davrini qanday o‘tkazishi uning kelajakda kim bo‘lib yetishishida muhim o‘rin tutishiga ishora qildilar.
Ma’lumki, yoshlik insonning aqliy va jismoniy rivojlanish davri bo‘lib, ayni shu onlarda ularni ilmga va kasb hunarga targ‘ib qilish lozim. Yoshlik davrida insonning qalbi beg‘ubor, turli xildagi qalb kasalliklaridan xoli bo‘ladi. Hadislarda aytilishicha, Alloh taolo insonning qalbida O‘zi uchun joy barpo qilgan, o‘sha qalb Allohning nazari tushadigan makondir. Yoshlik davri qalbning musaffoligini saqlash, uni imon va ilmu ma’rifat nuri bilan to‘ldirish uchun eng qulay fursatdir.
Fatvo bo‘limi mudiri
H.Ishmatbekov.
#Noyob_fotolar
• Besh respublika muftiysi Eshon Boboxon ibn Abdulmajidxon, diniy nazorat mas’ul kotibi Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon hamrohligida O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari II qurultoyi delegatlari hamda Rossiya, Shimoliy Kavkaz va Ozarbayjondan kelgan ulamolar Usmon mus'hafini ziyorat qilmoqda.
1948 yil, Toshkent
•Usmon ibn Affon roziyallohu anhu xalifaligi davrlarida milodiy 651 yili, hijriy 24 yili Qur’oni Karim kiyik terisiga bir necha nusxada yozilib, Islom olamining markaziy shaharlariga yuborildi. Mus'hafning rasmda tasvirlangan o‘sha qadimiy tabarruk nusxalaridan biri hozirgi paytda O‘zbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasida saqlanmoqda.
• Hazrati Usmon Mus'hafining yurtimizga kelib qolishi tarixi haqida turli rivoyatlar bor. Hazrati Usmon mus'hafi dastlab Samarqandga olib kelingan. Uni Amir Temur, Qaffol Shoshiy, Hazrati Usmonning kuyovlari Said olib kelgan degan rivoyatlar mashhur. Bu haqda O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy nazorati raisi o‘rinbosarlari, taniqli olimlar Shayx Ismoil Maxdum Sattiyev, Shayx Yusufxon Shokirov, shuningdek, Hamid Ziyoyev, Habibulloh Solih va boshqalarning fikrlari e’tiborga loyiq.
• Usmon mus'hafi ruslar bostirib kelgunga qadar hijriy 1285 yilgacha Samarqandda turdi.
•1869 yilning mayida Turkiston bosh gubernatori Fon Kaufman buyrug‘i bilan Samarqand shahri hokimi Serov vositachiligida yerli musulmon ulamolari roziligi bilan Mus'haf Sankt-Peterburgga jo‘natildi va 1917 yilga qadar o‘sha yerdagi kutubxonada saqlanadi.
• Hukumatning 1923 yil 25 iyundagi qaroriga ko‘ra Usmon Mus'hafi Turkiston musulmonlariga 1924 yilda qaytarildi.
Mus'hafi sharif birmuncha vaqt Toshkent masjidlarida saqlandi, so‘ng O‘zbekiston xalqlari tarixi muzeyiga ko‘chirildi. 1989 yil 14 mart kuni Toshkentda bo‘lgan musulmonlarning IV qurultoyida O‘zbekiston hukumati qarori bilan Mus'hafi Usmon O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy nazorati ixtiyoriga qaytarib berildi.
• Hozirda Mus'haf Hazrati Imom majmuasining Mo‘yi muborak madrasasidagi O‘zbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasida saqlanmoqda.
• Mus'hafni mo‘tadil tabiiy iqlim sharoitida asrashga mo‘ljallangan maxsus moslama Germaniyadan keltirilgan. Har yili bu nodir Mus'hafni minglab vatandoshlarimiz va xorijiy mehmonlar ziyorat qilishadi.
t.me/muftiylaruz