Sayt test holatida ishlamoqda!
19 May, 2025   |   21 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:24
Quyosh
05:01
Peshin
12:25
Asr
17:27
Shom
19:42
Xufton
21:12
Bismillah
19 May, 2025, 21 Zulqa`da, 1446

Yoshlarda odob va axloq tamoyillarining shakllanishida islom dinining o‘rni

12.12.2019   6158   10 min.
Yoshlarda odob va axloq tamoyillarining shakllanishida islom dinining o‘rni

Barchamizga ma’lum va ravshandirki, har bir ota-ona o‘z farzandlarining istiqboli, baxt-saodati va kelajakda mustaqil hayot kechirib, ham moddiy, ham ma’naviy jihatdan barkamol avlod bo‘lib yetishishini niyat qiladi.

Muqaddas Islom dinining tom ma’nodagi ulug‘vor ta’limoti komil inson tarbiyasiga qaratilgandir. Insonning jismonan, aqlan va ruhan kamolotga yetishmog‘ida islom dini ta’limotining o‘rni naqadar yuksakdir. Payg‘ambarimiz (a.s.) O‘zlarining muborak hadislarida ushbuni bayon qilib aytganlarki: “Men insoniyatga tamomiy axloqni o‘rgatish uchun yuborilganman”. Haqiqatan ham, islom dini asoslari bo‘lmish Qur’oni karim va hadisi shariflarda insonlarni go‘zal odob va axloqqa chaqiruvchi, hushxulqlik eng oliy fazilat ekanligi haqidagi ta’limotlar keng o‘rin olgan. Jumladan, Qur’oni karimda shunday deyiladi: “Albatta, Alloh adolatga, ehsonga, qarindoshlarga yaxshilik qilishga amr etadi va faxshu munkar ishlardan hamda zulmkorlikdan qaytarur...” (Nahl,90), “Keling, Rabbingiz sizlarga harom qilgan narsalarni tilovat qilib beraman: “Unga hech narsani shirk keltirmang! Ota-onangizga yaxshilik qiling! Ochlikdan qo‘rqib, bolalaringizni o‘ldirmang. Biz sizlarni ham, ularni ham rizqlantirurmiz. Fahsh-buzuq ishlarning oshkorasiga ham, maxfiysiga ham yaqinlashmang. Alloh harom qilgan jonni o‘ldirmang... Yetimlar moliga to voyaga yetguncha yaqinlashmang. Magar yaxshi yo‘l bilan bo‘lsa, mayli. O‘lchov va tarozini adolat ila to‘liq ado eting. Biz hech jonni toqatidan tashqari narsaga taklif etmaymiz. Agar gapirsangiz, qarindoshingiz bo‘lsa ham adolat bilan gapiring...” (An’om, 151-152). “Odamlardan takabburlanib yuz o‘girma va yer yuzida kibru havo ila yurma. Albatta, Alloh hech bir mutakabbir va maqtanchoqni sevmas. Yurishingda mo‘tadil bo‘l va ovozingni pasaytir...” (Luqmon, 18-19). Payg‘ambarimiz (a.s.) ham qator hadislarida hushxulqlikni madh etadilar. Hadislarining birida: “Menga eng mahbubrog‘ingiz va oxiratda Menga eng yaqinrog‘ingiz axloqi go‘zalrog‘ingizdur”, degan bo‘lsalar, boshqa hadisda: “Islom dinida eng yaxshingiz axloqi go‘zalrog‘ingizdir”, deb marhamat qilganlar.

Albatta, go‘zal axloq va odob insonning yoshligidan balki, bolaligidan shakllanib bormog‘i lozim. Shuning uchun ham islom dinida bolalarni hali murg‘akligidanoq go‘zal axloq va odobga o‘rgatib borish tavsiya etiladi. Imom Muslim rivoyat qilgan hadisda shunday deyiladi: Amr ibn Abu Salama (r.a) aytadilar: “Men Rasulullohning qaramog‘larida yosh bola edim. Ovqat vaqtida qo‘limni tovoqning hamma yeriga uzatar edim. Shunda, Rasululloh menga: Ey, bola! Avval, bismillohni ayt, so‘ngra o‘ng qo‘ling bilan, o‘zingni  oldingdan olib yegin, deb o‘rgatdilar”.

Darhaqiqat, yoshlarda odob va axloq tamoyillarining shakllanishida islom dinining tutgan o‘rni beqiyosdir. Zero, islom dini odob va axloq tushunchasi ostida yoshlarni har tomonlama tarbiya qilishga katta ahamiyat qaratadi.

Tarbiyaning bu jihatida yoshlarni asosan rostgo‘ylik, va’daga vafo, omonatdorlik, kattaga hurmat, kichikka izzat, o‘zgalarga mehr-oqibatli bo‘lish kabi fazilatlar sohibi qilib voyaga yetkazishga ahamiyat qaratiladi. Aynan mana shu fazilatlar kishini odamiyligini ifodalaydi. Shuning uchun ham Payg‘ambarimiz (s.a.v.): “Ota o‘z bolasiga chiroyli odobdan ko‘ra yaxshiroq narsa bera olmaydi”, deganlar ( Imom Termiziy rivoyati). Yoki bo‘lmasa, “Bolalaringizni e’zozlanglar va ularning odobini go‘zal qilinglar” deyilgan hadisi sharifda ham aynan axloqiy tarbiya nazarda tutilgan. Islom ta’limotida kishining imon e’tiqodining mukammalligi uning odob-axloqining yaxshiligiga qarab baholanadi. Ko‘plab hadislarida Payg‘ambarimiz (s.a.v.) yaxshi axloqqa targ‘ib qilishda imonni asos qilib oladilar. Hadislarining birida aytadilarki: “Kimni Allohga va oxirat kuniga imoni bo‘lsa mehmonini hurmatlasin, kimni Allohga va oxirat kuniga imoni bo‘lsa qarindoshiga silai rahm qilsin, kimni Allohga va oxirat kuniga imoni bo‘lsa yaxshi gap gapirsin yoki jim tursin”. (Imom Buxoriy rivoyati). Bosh bir hadisda esa: “Allohga qasamki, mo‘min emas, mo‘min emas, mo‘min emas, dedilar. Yo, Rasululloh! Kim mo‘min emas?-deb so‘radilar. Rasululloh: Yomonligidan qo‘shnisi ozor chekadigan kishi mo‘min emas, dedilar” (Imom Buxoriy rivoyati).

Ikkinchidan, jismoniy  tarbiya. Yoshlarning jismonan baquvvat, tanlari sog‘lom, g‘ayratli va shijoatli bo‘lishlarida jismoniy tarbiyaning ahamiyati kattadir. Islom dini ta’limotida jismoniy tarbiya tushunchasi zamiriga nafaqat badan tarbiya mashqlari bilan shug‘ullanish balki, inson salomatligi uchun zarur bo‘lgan barcha omillarga rioya qilish, ayni paytda salomatlik uchun zararli, balki hayot uchun xavfli bo‘lgan illatlardan saqlanish nazarda tutiladi. Qur’oni karimdagi: “...Yenglar, ichinglar va isrof qilmanglar. Chunki, Alloh isrof qiluvchilarni sevmaydi” (A’rof surasi, 31-oyat) oyatining tafsirida ulamolar, ushbu oyatda butun tib ilmi joylashgandir, deganlar. Haqiqatan ham, salomatlikning bosh omili me’yorida ovqatlanish ekanligini zamonaviy tabobat ham isbotlamoqda. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) badan tarbiyasi mashqlari qatorida yoshlarni suzishga, otda chopishga, kamondan otishga o‘rgatish lozim ekanligini alohida ta’kidlaganlar va hadislarining birida: “Kuchli mo‘min kuchsiz mo‘mindan yaxshiroq va Allohga suyukliroqdir”, deb marhamat qilganlar (Imom Muslim rivoyati). Yoshlarni turli xil zararli illatlardan saqlash maqsadida Islom dini sog‘likka futur yetkazuvchi va umuman inson hayoti uchun xavfli bo‘lgan narsalar bilan shug‘ullanish va iste’mol qilishdan qaytargan. Jumladan, Qur’oni karimda: “O‘zingizni halokatga duchor qilmang” (Baqara surasi, 195-oyat), “O‘zingizni o‘zingiz o‘ldirmang” (Niso surasi, 29-oyat), deyilgan bo‘lsa, hadisi sharifda: “Rasululloh (s.a.v.) har qanday mast qilguvchi va tanani bo‘shashtirguvchi narsani iste’mol qilishdan qaytarganlar”, deyilgan (Imom Abu Dovud rivoyati).

Uchinchidan, aqliy tarbiya. Islom dinida yoshlarni aqlan tarbiya qilish deganda ularni manfaatli ilm sohibi qilib tarbiyalash, fikriy va ilmiy jihatdan yetuk inson qilib kamolga yetkazish nazarda tutiladi. Islom tarixidan ma’lumki, Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ga ilk bora nozil qilingan oyatlar insonni o‘qishga, ilm olishga targ‘ib qiladi: “Yaratgan Rabbing nomi bilan o‘qi. U insonni alaqdan yaratdi. O‘qi! Rabbing karamli zotdir. U insonga qalam bilan o‘rgatdi. Insonga bilmagan narsasini bildirdi” (Alaq surasi, 1-5-oyatlar). Qur’oni karimda va Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning hadislarida ilmga targ‘ib qiluvchi ko‘plab oyat va hadislar mavjud. Ilmu ma’rifatli bo‘lishning fazilati nechog‘lik yuksak ekanligi barchaga ma’lum. Ilm bilan dunyo obod, insoniyat hayoti farovon, ilmli kishining yo‘li doimo nurafshon bo‘ladi. Shu bois, ilm istash, unga yetish yo‘lida mashaqqat chekish eng savobli amallardan sanaladi. Islom dinida ilm deganda diniy ham dunyoviy ilmlar tushuniladi. Diniy ilm insonning ruhiy-ma’naviy hayoti, uning e’tiqodiga oid bo‘lib, oxirati uchun zarur bo‘lsa, dunyoviy ilm uning moddiy hayoti, dunyo obodligi uchun zarurdir. Shuning uchun ham hadisi sharifda: “Sizlarning eng yaxshingiz bu dunyoni deb oxiratini unutmagan, oxiratini deb bu dunyosini unutmagan va o‘zgalarga qaram bo‘lmaganingizdir” deyilgan.

Ushbu ta’limotlarga jonu dili bilan amal qilgan ajdodlarimiz, buyuk bobokalonlarimiz ham shari’at, ham tariqat va ham ma’rifat borasida butun dunyoga o‘rnak bo‘lganlar.

  Hayot insoniyatga Alloh taolo tomonidan ato etilgan qadrli ne’matlardan biri  bo‘lib, yoshlik va o‘smirlik davri kishi hayotining eng jo‘shqin pallasidir. Payg‘ambarimiz alayhissalom hadislarining birida: “Yoshlik davringizni keksalik kelishidan oldin g‘animat biling” deb, uning qadriga yetib yashashni ta’kidlaganlar.

Yoshlik davrining e’tiborga molik jihatlari juda ko‘p. O‘spirinlik vaqti insonning fe’l-atvori va ruhiyati shakllanadigan asosiy davr bo‘lib, ayni shu davrda ularga alohida ahamiyat qaratmoq lozim. Jumladan, yoshlarni ahli solih kishilar bilan do‘stu birodar bo‘lishlarini ta’minlash zarur. Payg‘ambarimiz alayhissalom hadislarining birida: “Yaxshi hamsuhbat misoli mushku anbar sotuvchidir. Atridan olmagan taqdiringda ham uning hushbo‘y hidi dimog‘ingni chog‘ qiladi. Yomon hamsuhbat esa bamisoli temirchining bosqonidir. U garchi kiyimingni kuydirmasada, tutuni dimog‘ingni achitadi” deganlar. Xalqimizda: “Qozonga yaqin yursang qorasi yuqadi” degan naql ham bor. Alloh taolo Qur’oni karimda mo‘minlarni rost so‘zlovchi kishilar bilan birga bo‘lishga buyurgan. Hadisda aytilishicha, rostgo‘ylik insonni doimo yaxshilikka chorlaydi. Ongida rostgo‘ylik, vafodorlik, fidoyilik kabi tushunchalar o‘rnashgan yoshlardan kelajakda ko‘plab xayrli ishlar kutish mumkin. Hasanul Basriy rahmatullohi alayh bir kuni odamlarga: “Ekin pishib yetilgandan so‘ng nima qilinadi?” deb savol berdilar. Ular - Hosili yig‘ib olinadi, deyishdi. Shunda Hasanul Basriy r.h.: “Shuni bilinglarki, gohida ekin pishib yetilmasidan oldin unga ofat (kasallik) yetishi va uni nobud qilishi ham mumkin”, deb yoshlar tarbiyasiga e’tiborli bo‘lishga, kishining yoshlik davrini qanday o‘tkazishi uning kelajakda kim  bo‘lib yetishishida muhim o‘rin tutishiga ishora qildilar.

Ma’lumki, yoshlik insonning aqliy va jismoniy rivojlanish davri bo‘lib, ayni shu onlarda ularni ilmga va kasb hunarga targ‘ib qilish lozim. Yoshlik davrida insonning qalbi beg‘ubor, turli xildagi qalb kasalliklaridan xoli bo‘ladi. Hadislarda aytilishicha, Alloh taolo insonning qalbida O‘zi uchun joy barpo qilgan, o‘sha qalb Allohning nazari tushadigan makondir. Yoshlik davri qalbning musaffoligini saqlash, uni imon va ilmu ma’rifat nuri bilan to‘ldirish uchun eng qulay fursatdir.

 

Fatvo bo‘limi mudiri

H.Ishmatbekov.

 

 

 

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Masjidi Nabaviydagi 5 mehrob

14.05.2025   5118   3 min.
Masjidi Nabaviydagi 5 mehrob

Masjidi Nabaviy Madina shahrida joylashgan bo‘lib, Islom tarixidagi eng muqaddas joylardan biridir. Masjid Muhammad sollallohu alayhi vasallam tomonidan hijratning birinchi yilida, 622 yili barpo etilgan va musulmonlar uchun Makkadagi Masjidul Harom va Quddusdagi Masjidul Aqsodan keyingi uchinchi muqaddas masjid hisoblanadi. Masjidi Nabaviydagi mehroblar masjidning tarixiy va ma’naviy ahamiyatini aks ettiradi.

Mehrob – masjidda namoz vaqtida imom turadigan va qiblani ko‘rsatuvchi joy. Masjidi Nabaviydagi kengaytirishlar va qayta qurish jarayonlarida mehroblar o‘zgarib borgan. Masjidning dastlabki ko‘rinishi sodda shaklda bo‘lib, mehrob ham biror bir narsa bilan belgilanmagan. Keyinchalik, Umaviylar, Abbosiylar, Usmoniylar va Saudiylar davrida mehroblar naqshinkor san’at namunalari bilan bezatildi.

1. Payg‘ambar mehrobi. Mehrobi Nabaviy Masjidi Nabaviydagi eng muhim va asosiy mehrobdir. Mehrob Ravzada, Payg‘ambar alayhissalomning qabrlari va minbarlari orasida joylashgan. Payg‘ambar alayhissalom davrlarida U zot namoz o‘qigan joyda biror belgi bo‘lmagan, 707-710 yilda ilk bor Umaviy xalifasi Valid ibn Abdulmalik tomonidan bu joyga birinchi mehrob o‘rnatilgan.

Masjidda hozirgi shakldagi mehrob 1482 yilda Mamluk sultoni Qaytbey tomonidan qurilgan bo‘lib, keyinchalik Usmonlilar va Saudiya podshohi Fahd davrlarida ta’mirlangan. Mehrob tilla bilan qoplangan xattotlik yozuvlari va go‘zal naqshlar bilan bezatilgan.

2. Usmoniy mehrobi. Mehrobi Usmoniy hozirda ko‘p foydalaniladigan asosiy mehrob bo‘lib, Usmon ibn Affon roziyallohu anhu davrida 651 yilda masjid kengaytirilganidan qurilgan. Qibla devorining markazida joylashgan Usmon ibn Affon mehrobi o‘rnida dastlab belgi bo‘lgan.

3. Mehrobi tahajjud. Mehrob Payg‘ambar alayhissalom tahajjud namozini o‘qigan joyni bildiradi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning tungi namozlarini Masjidi Nabaviyning ustunlaridan biri yonida o‘qir edilar. Keyinchalik bu ustun yonida mehrob qurildi, ammo so‘nggi yillardagi qayta ta’mirlash ishlarida olib tashlandi va uning o‘rniga Qur’oni karim mus'haflari uchun kitob javoni o‘rnatilgan.

4. Sulaymoniy mehrobi. Mehrobi Sulaymoniy Hanafiy mehrobi deb ham nomlanadi. Sulaymoniy mehrobi Ravzadan tashqarida, Payg‘ambar alayhissalom minbarlarining o‘ng tomonida joylashgan. Bu mehrob hanafiy mazhabidagilarning namozgohi bo‘lgan. 1532 yili Sulton Sulaymon I buyrug‘i bilan bunyod etildi.

5. Fotima mehrobi. Fotima rohiyallohu anho uylari yaqinida, tahajjud mehrobining janubida, Nabiy alayhissalom hujralari atrofida joylashgani, maqbara o‘ralgani bois mehrob ko‘rinmaydi.

Po‘latxon Kattayev,
TII Hadis va islom tarixi fanlari kafedrasi katta o‘qituvchisi.