12 dekabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Abdug‘ofur Ahmedov Samarqand viloyatiga tashriflarining ikkinchi kuni Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi ziyorati bilan boshlandi. Taomilga binoan o‘tganlarning ruhi poki haqiga Qur’on tilovat qilindi.
Shundan so‘ng Samarqand viloyatidagi Hadis ilmi oliy maktabiga borildi. Oliy ta’lim muassasasida 2019-2020 o‘quv yilining borishi, talabalar va pedagog-o‘qituvchilarga yaratilgan shart-sharoitlar va talabalarning bilim darajalari sinovdan o‘tkazildi.
Muhtaram Prezidentimiz shu yilning 11 yanvar kuni yangi maktab bilan tanishib, bu yerda talabalarga Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Marg‘inoniy va boshqa buyuk allomalarimiz asarlarini puxta o‘rgatish borasida alohida to‘xtalgan edilar.
Shu munosabat bilan tashrif chog‘ida muftiy hazratlari va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Abdug‘ofur Ahmedov Oliy maktab kafedralari faoliyati, o‘quv xonalari, kutubxona va ta’lim-tarbiya jarayonlarini olib borishning eng zamonaviy uslublari bilan yaqindan tanishdilar.
Tashrif chog‘ida oliy maktabda ta’lim sifati, o‘quv darsliklari turlari, xorijiy va mahalliy o‘qituvchilarga hamda talabalarga yanada qulayliklar tashkil etish bo‘yicha muhim tavsiyalar berildi.
Hadis ilmi maktabi faoliyatini tashkil qilish mamlakatimiz ma’naviy taraqqiyotining bugungi bosqichida muhim ahamiyat kasb etadi. Tashkil etilgan oliy ta’lim muassasa o‘z oldiga hadis ilmining ilmiy-nazariy asoslarini chuqur o‘rganish, xorijiy tillarni chuqur o‘rgatish, diniy qadriyatlarni asrab-avaylash, hadis ilmi ulamolari asarlarining tarjima va qiyosiy matnlarini tayyorlash, o‘zbek va xorijiy tillarda nashr etish, konferensiyalar tashkil etishdek katta vazifalarni qo‘ygan.
Muftiy hazratlari pedagog-o‘qituvchilar bilan muloqotda Hadis ilmi maktabida o‘qitish uslublarini takomillashtirish va xalqaro ilmiy markazlar bilan hamkorlikni rivojlantirish zarurligini alohida ta’kidladilar.
Ma’lumot o‘rnida, Hadis ilmi maktabida o‘qish muddati besh yil bo‘lib, kunduzgi ta’lim shaklida olib boriladi. Maktabga arab tilini puxta o‘zlashtirgan, hadislarni yod olishga salohiyati bo‘lgan o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalarining 10 nafar iqtidorli bitiruvchilari saralab olindi.
Maktabda hadisshunoslik fanlari bilan bir qatorda Qur’oni karim, fiqh, aqida, tafsir, islom tarixi kabi fanlar hamda xorijiy tillardan chuqur bilim beriladi.
Kelajakda Hadis ilmi maktabi bitiruvchilari diniy fanlar, xususan, hadis ilmi sohasida ta’lim berib, diniy tashkilotlarda imom-xatib, ilmiy xodim vazifalarida ishlashi, shuningdek, ilmiy-tadqiqot markazlarida ilmiy xodim sifatida faoliyat olib borishi ko‘zda tutilgan.
Bituruvchilar ta’limni o‘z ixtisosligiga ko‘ra, O‘zbekiston xalqaro Islom akademiyasi magistraturasida, tayanch doktorantura va doktorantura bosqichlarida davom ettirishlari mumkin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Savol: O‘qilgan namozimdan ko‘nglim to‘lmadi. Shu namozni qayta o‘qishim kerakmi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bu masalaning biroz tafsiloti bo‘lib, unga ko‘ra namoz quyidagi holatlarda qayta o‘qilishi lozim:
• Namozda biror farz amal bajarilmay qolib ketgan bo‘lsa;
• Namozda biror vojib amal qasddan bajarilmay qolib ketsa;
• Namozda biror vojib amal unutib bajarilmasa va namoz oxirida sajdai sahv ham qilinmay tugatilgan bo‘lsa.
Agar namozda sunnat amallar tark qilingan bo‘lsa yoki namoz makruhlik bilan o‘qilgan bo‘lsa, u holda namozni qayta o‘qish vojib emas, balki mustahab (chiroyli sanalgan) ish hisoblanadi. Ushbu holatda qaytadan o‘qimasa ham gunohkor sanalmaydi.
Savolda so‘ralgan holatga kelsak, ko‘ngil to‘lmasligi yuqorida sanab o‘tilgan farz yoki vojib amal tark qilingan holatlar sababli bo‘lsa, namoz qayta o‘qilishi kerak. Ammo haqiqatda sobit bo‘lmagan shubha-gumonlar, vasvasalar sababli ko‘ngil to‘lmayotgandek bo‘lsa, u holda namozni qayta o‘qilmaydi. Chunki ko‘p hollarda “ko‘nglim to‘lmayapti”, deb namozni qayta-qayta o‘qiyverish insonni o‘ziga bo‘lgan ishonchini yo‘qotadi va vasvasa kasaliga chalinishiga olib keladi.
Shunday ekan, namozda bajariladigan farz, vojib, sunnat amallar haqida yaxshi o‘rganish, eng asosiysi turli xayollarga chalg‘imasdan namozni e’tibor bilan ado etish lozim bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.