
Muhtaram yurtdoshlarimizning diniy savollariga javob berish maqsadida, O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan ibodatga doir shar’iy masalalarga telefon orqali javob berish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Endilikda mo‘min-musulmonlarimiz bu boradagi o‘z savollariga ushbu koll-markaz orqali javob olishlari mumkin.
Koll-markazning ish tartibi dushanba kunidan shanba kunigacha, soat 9:00 dan 17:00 gacha davom etadi (ibodat vaqtlari istisno qilinadi, dam olish kuni yakshanba). Ushbu 78-150-33-44 telefon raqamlari orqali koll-markazga qo‘ng‘iroq qilinadi va fatvo bo‘yicha malakali mutaxassislardan javob olinadi.
Darhaqiqat, Islom ilm-ma’rifat dinidir. Inson o‘zi bilmagan narsasini so‘rab o‘rganishi kerak. Zero, Alloh taolo Qur’oni karimda: “Agar bilmaydigan bo‘lsangiz, zikr ahllaridan so‘rangiz!”, deb buyurgan (Nahl, 43).
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Bilimsizlikning davosi savoldir”, – deya bayon qilganlar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Mashhur tobein Muhammad ibn Siyrin rahimahulloh esa shunday deganlar: "Shar’iy ilm din demakdir. Diningizni kimdan olayotganingizga e’tibor qarating!".
Alloh taolo ushbu loyihani barchamizga muborak aylasin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Toshkent shahridagi Islom sivilizatsiyasi markazining Katta majlislar zalida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» mavzusidagi I ilmiy-amaliy anjumani boshlandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tarixida ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu nufuzli tadbirda Prezident maslahatchisi Muzaffar Komilov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov, shuningdek, diniy ta’lim muassasalari rahbarlari, bosh imom-xatiblar va OAV vakillari ishtirok etmoqda. Anjumanga jami 700 nafarga yaqin pedagog va soha vakillari jalb etilgan bo‘lib, ularning 300 nafari bevosita zalda, 400 nafari esa hududlardan videoselektor orqali qatnashmoqda.
So‘zga chiqqan notiqlar so‘nggi yillarda Prezidentimiz tashabbuslari bilan diniy-ma’rifiy sohani takomillashtirish va zamonaviy kadrlar tayyorlash borasida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlarga to‘xtalib o‘tmoqda. Ta’kidlanganidek, Mir Arab oliy madrasasi, Hadis ilmi maktabi, Imom Termiziy islom instituti va madrasasi hamda 4 ta xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining tashkil etilishi ilm ahliga keng imkoniyatlar eshigini ochdi. Toshkent islom institutida magistratura ochildi, tizimdagi 510 nafar pedagogning 50 nafardan ortig‘i PhD va DSc ilmiy darajalariga ega bo‘ldi.
Shuningdek, yurtimizdagi diniy ta’lim muassasalariga Misrning Al-Azhar majmuasi ustozlari jalb etildi. 90 ta fan dasturi va yangi avlod darsliklari yaratildi. Mir Arab, Xadichai Kubro, Hidoya va Ko‘kaldosh madrasalari zamonaviy binolarga ega bo‘lib, Iordaniya, Misr va Birlashgan Arab Amirliklarining yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorliklar rivojlanmoqda.
Ushbu nufuzli anjumandan ko‘zlangan maqsad ham professor-o‘qituvchilar uchun ilmiy-amaliy muloqot maydonini yaratish, pedagoglarning kasbiy salohiyatini yuksaltirish, ta’lim jarayoniga raqamli va innovatsion usullarni keng joriy etishdir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati