O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Abdug‘ofur Ahmedov Buxoro viloyatiga safarlari mobaynida hududdagi yordamga muhtoj va jismoniy imkoniyati cheklangan kishilarni iliq so‘zlari ila ularning siniq ko‘ngillariga xursandchilik kiritdilar.
Mana shunday e’tiborga muhtoj, qalbi o‘ksik fuqarolarga “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan oziq-ovqat mahsulotlari, nogironlik aravachalari va pul mablag‘lari tarqatildi. E’tibordan masrur qalblar ko‘rsatilgan yordam va g‘amxo‘rlikdan mamnun bo‘lib, ko‘zlarida yosh ila minnatdorlik izhor qildilar.
Shuningdek, muftiy hazratlari boshchiligida uyma-uy yurib, yetim-yesirlar, kam ta’minlangan oilalar, e’tiborga molik insonlar holidan xabar olinib, ularga tuhfalar ulashildi va moddiy yordamlar ko‘rsatildi.
Mana shunday xayriya ishlari orqali shunday insonlarning siniq ko‘ngillarini ko‘tarib, dillariga mamnunlik ulashish har bir vijdonli inson uchun huzurbaxsh amallardan hisoblanadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Sayyor yig‘ilish
Xabaringiz bor, shu yil hajga borgan yurtdoshlarimiz Arafot vodiysida muhtaram Prezidentimizga Qurbon hayiti tabirigini yo‘llab, yurtga qaytgach har bir hoji «Yangi O‘zbekistonning tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchilari» degan ezgu tashabbusni bir ovozdan olg‘a surgan edilar.
Ana shu ezgu tashabbus bugun amalga ko‘chib, hojilar imom-xatiblar, mahalla faollari bilan birgalikda xonadonlarga, oilalarga kirib boryapti.
Shu yil 17 iyul kuni Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Doniyor domla Ikromov boshchiligida O‘rta Chirchiq tumanidagi «Usmon ota» jome masjidida tumanlar/shaharlar bosh imom-xatiblari, «Haj 2025» hojilari, mahalla faollari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Tadbirdan so‘ng tumandagi mahallalarga chiqilib, oilalar o‘rganildi. Ajrim yoqasida turgan yoshlar yarashtirildi, spirtli ichimlikka ruju qo‘ygan kishilar bilan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazilib, ularga yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatildi, tavsiyalar berildi.
Bunday tadbir qamrovi kengligi bilan alohida ahamiyat kasb etyapti. Gap shundaki, tadbir doirasida bir oila 12 nomdagi turli adabiy-badiiy kitoblar sovg‘a qilindi.
Tumandagi masjidlar imom-xatiblari ham tadbirda faol qatnashdilar.
Shundan so‘ng yana «Usmon ota» masjidiga qaytilib, amalga oshirilgan ishlar ko‘rib chiqilib, kelgusidagi rejalar belgilab olindi.
Xayrli duolar bilan sayyor yig‘ilish nihoyasiga yetdi.
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati