Hammamiz ham o‘g‘il uylantirsak, qiz chiqarsak – farzandlarimizning baxtu kamolini ko‘rsak, deb orzu qilamiz. Mehnatlarimiz ham, duolarimiz ham farzandi zurriyodlarimiz uchun.
Shu tabiatimizga ko‘ra, qizimizga sovchi kelsa, “Uyi bormi, tayinli ish joyi bormi, mashinasi bormi? deb boshlagan savolimiz aylanib-aylanib yotoqxona krovati, kir mashinasi, muzlatgich, changyutgich kabilarga boradi va qaynota-qaynonasi bilan birga yashaydimi, alohidami? qabilida yuzlab savollar so‘raladi.
Ammo shu savollar ichida ko‘pincha asosiy savollar so‘ralmay qoladi: Rabbini taniydimi, Ibodatga mahkammi, Qur’oni karimni o‘qiydimi, halol-haromni biladimi? Ertaga tug‘ilajak farzandlariga halol luqma yedirish uchun tunni kunga ulab ishlaydimi?
Zero, dunyo hayotidan maqsad – Jannatga erishmoqdir. Jannatga yetishmoq esa Alloh taoloning roziligi bilan bo‘ladi. Rabbimizning rizosi esa Uning amrlarini bajarmoq, qaytarganlaridan qaytmoq tufayli hsoil qilinadi. Tabiiyki, ikki yoshning birgalikda hayot kechirishi ham Jannatga erishish yo‘lidagi qadamlardan biridir. Qachonki yoshlar shunga intilsa!
Ammo shuncha narsani bilamiz-u, dinimiz biz musulmon oilalarning qachon kundalik hayotiga aylanishini bilmaymiz. Yoshlarimiz qachon namoz bilan turib, namoz bilan yotishni odat qiladi. Qur’oni karimni hayoti markaziga qachon qo‘yadi. Qachon Qur’on deb nafas olib, Qur’on deya nafas chiqaradi? Shuni anglab olmog‘imiz uchun bizga qabristonlarda o‘tganlar ortidan o‘qishimiz kerak bo‘lgan suralar, oyatlar talqin etildi. Tug‘ilganda o‘qidik, janozada o‘qidik, ochilishda o‘qidik, yopilishda o‘qidik... Tiriklarning o‘qiganlarni uqib olishiga ehtiyoji yo‘q kabi tushundik va o‘zimizga zarur bo‘lgan ishtiyoq ila o‘qimadik...
Savolni to‘g‘ri so‘rashimiz kerak. Bu yigit qo‘lni qo‘lga, ko‘ngilni ko‘ngilga bog‘lab yo‘lga chiqyaptimi? Shu qizga Jannatda ham yetishmoqni niyat qilyaptimi?
Jannatda ham birga bo‘ladigan juftlarni so‘raylik.
Jannatda ham birga bo‘ladigan juftlarni topaylik.
Jannatdagi juftimiz bo‘lsin deya juftimizning qadriga yetaylik.
Rabbimiz dunyodagi uylarimizni Jannat timsoli o‘laroq go‘zal hayot kechirmog‘imizni va oxiratda Jannatiga va jamoliga yetishmog‘imizni nasib aylasin.
“Pul yemas ota” jome masjidi imom-xatibi Muzaffarxon A’ZAM tayyorladi.
Inson hayotida eng qimmatbaho ne’matlardan biri vaqtdir. U nihoyatda tez o‘tadi, biror narsaga bog‘lab, to‘xtatib, ortga qaytarib bo‘lmaydi. Har lahza inson umridan bir bo‘lakdir. Shuning uchun vaqtni samarali o‘tkazish, uni qadrlash har bir aqlli inson uchun juda muhim.
Har insonga bir umr berilgan. U yillar, oylar, kunlar, daqiqalar bilan hisoblanadi. Bir soat bekorga ketsa, umrimizdan bir qism bekor ketgan bo‘ladi. Ko‘pincha biz "ertaga qilib qo‘yaman", "keyinroq boshlayman" deya o‘zimizni aldab qo‘yamiz. Aniq reja asosida hayot kechirish, har bir kunni maqsadli va mazmunli o‘tkazish vaqtdan unumli foydalanishning asosiy yo‘lidir. Ilm o‘rganish, mehnat qilish, sog‘liqqa e’tibor qaratish, oila va yaqinlarga vaqt ajratish — bularning bari vaqtning to‘g‘ri taqsim qilinishi bilan bo‘ladi.
Tan olish kerak, zamonaviy texnologiyalar, ijtimoiy tarmoqlar va axborot oqimi vaqtimizni o‘g‘irlab, bizni chalg‘itmoqda. Lekin ayb o‘zimizda. Ba’zan keraksiz narsalarga soatlab vaqt sarflaymiz, keyin esa "vaqtim yetmadi" deb shikoyat qilamiz. Shuning uchun ham hayotda "nimalar muhim, nimalar esa vaqt sarflashga arzimaydi" degan savolga aniq javob topib olish lozim. Vaqtga e’tiborli inson – mas’uliyatli insondir. U har bir vazifani o‘z vaqtida bajaradi, orzulari sari qat’iyat bilan intiladi va hayotini nazorat qila oladi.
Islom dinida ham vaqtga alohida ahamiyat berilgan. Qur’oni karimdagi Asr surasida Alloh taolo asr (vaqt)ga qasam bilan insonning zararda ekani ta’kidlagan. Bu esa vaqtning beqiyos ekanini yana bir bor yodga soladi. Faqat iymon keltirgan va yaxshi amallar qilgan, bir-birlariga Haq (yo‘li)ni tavsiya etgan va bir-birlariga (mana shu Haq yo‘lida) sabr-toqat qilishni tavsiya etgan zotlargina najot topishi aytilib, ulgurib qolishga da’vat etilgan. Demakki, vaqtni to‘g‘ri sarflay olgan insongina yutuqqa erishadi. Hayotimizdagi har bir daqiqa – bebaho xazina. Undan oqilona foydalanib qolish kerak, azizlar.
Abdulvohid ISAQOV,
Namangan shahridagi
“Miryoqubboy Mirhakimboy”
jome masjidi imom xatibi