Sayt test holatida ishlamoqda!
27 Aprel, 2025   |   29 Shavvol, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:58
Quyosh
05:26
Peshin
12:26
Asr
17:14
Shom
19:19
Xufton
20:41
Bismillah
27 Aprel, 2025, 29 Shavvol, 1446

Islom tarixi: AYYUB, ZULKIFL, ILYOS, AL-YASA’, YUSHA’, HIZQIL, SHAMVIL ALAYHIMUSSALOM

09.12.2019   8961   23 min.
Islom tarixi: AYYUB, ZULKIFL, ILYOS, AL-YASA’, YUSHA’, HIZQIL, SHAMVIL ALAYHIMUSSALOM

SHOM DIYORIDAN CHIQQAN NABIYLAR

AYYUB ALAYHISSALOM

Ana shunday murakkab bir davrda Alloh taolo Banu Isroilga Ayyub alayhissalomni nabiy qilib yubordi. U zotning mol-mulklari, ahli ayollari ko‘p edi. Alloh taolo Ayyub alayhissalomdan ularning barchasini olib qo‘yib, boshlariga turli musibatlarni soldi va badanlariga ham dard berib sinadi. Ayyub alayhissalomdan barcha yuz o‘girdi, faqatgina jufti halollari – ayollari har qanday vaziyatda ham u zot alayhissalom bilan birga bo‘ldi.

Ayyub alayhissalom Suriyaning shimoliy o‘lkalarida bir joydan ikkinchisiga ko‘chib yurib, kishilarni Alloh taoloning ibodatiga da’vat qildilar.

Ayyub alayhissalom Is'hoq alayhissalomning avlodidirlar.

Qur’oni Karimda ham, sunnati mutohharada ham Ayyub alayhissalomning o‘zlariga yetgan musibatga sabr qilganlaridan boshqa hayotlari, qavmlari yoki da’vatlari haqida ma’lumotlar kelgan emas. Shuning uchun biz u zotning zikrlari kelgan oyati karimalarni o‘rganish ila kifoyalanamiz.

«Biz senga xuddi Nuh va undan keyingi nabiylarga vahiy yuborganimizdek vahiy yubordik. Biz Ibrohim, Ismoil, Is'hoq, Ya’qub va uning avlodlari, Iyso, Ayyub, Yunus, Horun va Sulaymonga vahiy yubordik. Dovudga esa Zaburni berdik» (Niso surasi, 163-oyat).

Demak, hamma payg‘ambarlarga vahiy yuborayotgan, ularni bandalar ichidan tanlab olayotgan Zot bitta – Alloh. Mazkur payg‘ambarlarga vahiy yuborgan o‘sha Zot ularning qatorida Ayyub alayhissalomga ham vahiy yuborib, u zotni ham O‘ziga payg‘ambar qilib oldi.

Ayyub alayhissalom Alloh taoloning solih bandasi, tanlab olgan payg‘ambaridirlar. Boshqa payg‘ambarlar qatori, Alloh taolo u zotni ham sinovga solgan. O‘zining oxirgi payg‘ambari Muhammad sollallohu alayhi vasallamga va u zotning ummatlariga ibrat, tasalli bo‘lishi uchun o‘sha sinov haqida xabar berilmoqda. Bu sinov mol-dunyo, ahli ayol va salomatlik borasida bo‘lgan. Ayyub alayhissalom bu sinovlarning hammasiga go‘zal sabr qilib, biror lahza ham Allohdan uzilmadilar. U Zotga bo‘lgan ishonchlari susaymay, roziligini tilab turdilar.

Shayton esa mashaqqatli sinov lahzalarida Ayyub alay­hissalom bilan birga qolgan barcha muxlis kishilarni vasvasa qilar edi. O‘sha muxlislar ichida u zotning xotinlari ham bor edi. U ayolga ham turli tomondan vasvasa qilinardi. Unga: «Agar Alloh Ayyubni yaxshi ko‘rganida, uni bunday baloga giriftor etmas edi», deyilardi. Bu gaplar Ayyub alayhissalomga ham yetib keldi. Xotinlari mazkur gaplardan ba’zilarini aytganida, u zot imkon topganlarida ayollarini urishga qasam ichdilar.

«O‘shanda u Robbiga nido qilib: «Albatta, meni shayton mashaqqat va azob ila tutdi», dedi» (Sod surasi, 41-oyat).

Ayyub alayhissalom hamma narsa Alloh taolodan bo‘lishini yaxshi bilsalar ham, ko‘ngilsiz narsani odob yuzasidan shaytonga nisbat berdilar. Shuningdek, bu shikoyat bilan muxlis kishilarini shayton vasvasaga solayotganiga, bundan o‘zlari ham ozorlanayotganlariga ishora qildilar.

Alloh taolo u zotning bu iltijolariga, yolvorishlariga munosib javob berdi:

«Oyog‘ing ila tepgin! Bu cho‘miladigan va ichiladigan sovuq (suv)» (42-oyat).

Ya’ni «Oyog‘ing bilan yerni tepgin», dedi. Ayyub alayhis­salom Allohning amriga itoat etib, oyoqlari bilan yerni tepgan edilar, u yerdan suv chiqdi.

Demak, shu suvga cho‘milgan odam shifo topadi. Undan ichilsa, ichki dardlarga davo bo‘ladi. Shunday bo‘ldi ham.

Ayyub alayhissalom mazkur suvda cho‘milib, undan ichib shifo topganlaridan so‘ng Alloh taolo u zotga ahli oilalarini qaytarib berdi. Ular bilan birga yana o‘shancha ham berdi. Bu ishlar qanday amalga oshganini O‘zi biladi. O‘lib ketganlarini tiriltirganmi, qochib ketganlarini qaytarganmi yoki butunlay yangitdan berganmi – bu tomoni Alloh taoloning O‘zigagina ma’lum.

Shunday qilib Ayyub alayhissalom butunlay sog‘ayib ketdilar, ahli oilalari ham ikki barobar bo‘lib qaytdi. Endi uchinchi narsa qoldi: imkon topganida eng og‘ir paytlarda ixlos bilan yonida turgan vafodor xotinlarini urishga qasam ichib qo‘ygan edilar, o‘sha qasamga amal qilish. Bu mushkul ish edi. Shunday vafodor va muxlisa ayolni, og‘ir va mashaqqatli lahzalarda yelkadosh bo‘lgan, balo-ofatlarni birga totgan yo‘ldoshni mushkul ariganidan keyin yuz tayoq urish kerak.

Darhaqiqat, bu og‘ir muammo edi. Lekin Alloh taolo O‘z rahmati ila bu muammoni ham hal etdi. Alloh taolo Ayyub alayhissalomga dedi:

«Qo‘lingga bir dastani olda, u bilan ur. Qasamingni buzma». Biz uni sabrli topdik. U naqadar yaxshi ban­da! Albatta, u sertavbadir» (44-oyat).

Alloh taolo Ayyub alayhissalomga qasamlarini qanday ado etishni o‘rgatmoqda hamda u zotga O‘zi tomonidan bunchalik fazlu karam ko‘rsatilishining sababini bayon kilmoqda:

«Qo‘lingga bir dastani ol-da, u bilan ur. Qasamingni buzma».

«Ey Ayyub, necha marta urishni aytgan bo‘lsang, o‘shancha novdani bir dasta qilib ol-da, u bilan xotiningni ur. Shunda qasamingni ado etgan bo‘lasan, qasaming buzilmaydi.

Bunchalik fazlu karam ko‘rsatilishining sababi:

«Biz uni sabrli topdik».

«Sinov kelganda, Ayyub go‘zal tarzda sabr qildi. Biz­ga bo‘lgan ishonchi susaymadi. Bizning roziligimizni topishdan bir lahza ham umidini uzmadi».

«U qanday xam yaxshi banda!»

Ayyub nihoyatda yaxshi bandadir.

«Albatta, u sertavbadir».

Har bir narsada Alloh taoloning O‘zigagina qaytadi.

Tarixchilarning ta’kidlashlaricha, Ayyub alayhissalomning farzandlaridan biri Zulkifl alayhissalomdirlar.

 

ZULKIFL ALAYHISSALOM

Zulkifl alayhissalom Ayyub alayhissalomning o‘g‘illaridir. Bu zot haqlarida Qur’oni Karimning ikki joyida qisqagina ma’lumot kelgan. Qur’onda ham, hadisda ham Zulkifl alayhissalom haqlarida bundan boshqa hech qanday ma’lumot yo‘q.

Shuning uchun o‘sha ma’lumotlar joy olgan Qur’oni Ka­rim oyatlarini o‘rganish ila kifoyalanamiz.

Alloh taolo Anbiyo surasida quyidagilarni aytadi:

«...va Ismoil, Idris va Zulkiflni (esla). Ularning har biri sabr qiluvchilardandir» (85-oyat).

Ta’kidlaganimizdek, Zulkifl alayhissalom haqlarida ma’lumotlar oz. Anbiyo surasida mashhur payg‘ambarlar bilan birga zikr etilishlari u zotning paygambarlardan bo‘lganlarini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, ushbu oyatda u zot ham sabr qiluvchilar qatoriga qo‘shilmoqdalar.

«...va ularni O‘z rahmatimizga kiritdik. Ular solihlardandir» (86-oyat).

Sabrlari tufayli Alloh taolo ularni O‘z rahmatiga kiritdi, yaxshiliklar ato etdi. Ular ahli solihlardan bo‘ldilar. Shuning uchun ham Qur’onda zikr qilinmoqdalar.

Alloh taolo Sod surasida marhamat qiladi:

«Ismoil, Al-Yasa’ va Zulkiflni ham esla. Barchalari axyorlardandir» (48-oyat).

Bu uch payg‘ambarning hayotlarida ham eslashga loyiq ibratli hodisalar bo‘lib o‘tgan. Ular ham Allohning huzurida axyorlardan – eng yaxshi bandalardan bo‘lganlar.

Ana shu payg‘ambarlarning hayotlarida, din yo‘lidagi fidokorliklarida, balo-ofatlarga, mashaqqatlarga sabrlarida, turli sinovlarga bardosh berishlarida, mushriklar va munofiqlardan kelgan ozorlarni ko‘tara bilishlarida ko‘plab ibratlar bor.

 

ILYOS ALAYHISSALOM

U zotning nasablari Horun alayhissalomga tutashadi.

Soffot surasida Ilyos alayhissalom haqlarida quyidagi oyatlar kelgan:

«Albatta, Ilyos ham rasullardandir» (123-oyat).

Ilyos alayhissalom Banu Isroilning payg‘ambarlaridan biridirlar. U zot Horun alayhissalomning naslidan bo‘lib, Ilyos ibn Yosin deb atalganlar. Ilyos alayhissalom Shom o‘lkasi, aniqrog‘i, hozirgi Livan davlatidagi Ba’labakka shahrida yashab, o‘sha yerdagi Ba’l nomli sanamga ibodat qiluvchi bir qavmga yuborilganlar va o‘sha yerda vafot etganlar.

«O‘shanda u qavmiga dedi: «Taqvo qilmaysizmi?! Ba’lga ibodat qilib, yaratuvchilarning eng yaxshisini tark etasizmi? Robbingizni va avvalgi ota-bobolaringizning Robbi – Allohni-ya?!» (124-126-oyatlar).

Alloh taolo tomonidan payg‘ambar qilib yuborilgan Ilyos alayhissalom ham boshqa payg‘ambarlar kabi qavmlarini to‘g‘ri yo‘lga, Allohning ibodatiga da’vat etdilar.

«O‘shanda u qavmiga dedi: «Taqvo qilmaysizmi?!»

Ilyos alayhissalom qavmlarini taqvodor bo‘lishga chaqirdilar. Shuningdek, qavmlarining Allohga shirk keltirib, sanamga sig‘inishlarini inkor etdilar:

«Ba’lga ibodat qilib, yaratuvchilarning eng yaxshisini tark etasizmi? Robbingizni va avvalgi ota-bobolaringizning Robbi – Allohni-ya?!»

Ularni Allohning ibodatini tark etmaslikka, Unga shirk keltirmaslikka chaqirdilar. Lekin qavmlari bu chaqiriqlarga quloq osmadi.

«Bas, uni yolg‘onchiga chiqardilar. Endi albatta ular (azobga) hozir qilinuvchilardir» (127-oyat).

Qavm Ilyos alayhissalomni yolg‘onchi qildi. U zotga iymon keltirmadi, u zotning aytganlariga yurmadi, taqvo qilmadi. Ba’lga ibodat qilishda davom etdi. Alloh taoloning ibodatini tark qildi. Shuning uchun

«Endi albatta ular (azobga) hozir qilinuvchilardir».

Albatta, do‘zax azobini totish uchun hozir qilinajaklar.

«Allohning tanlangan bandalarigina mustasno» (128-oyat).

Ular jannatda mukofotlarini olishga hozir bo‘ladilar.

«...va keyingilar ichida uning uchun (olqishlar) qoldirdik» (129-oyat).

Dunyo turguncha keladigan avlodlar Ilyosni maqtab, olqishlab o‘tadigan qilib qo‘ydik:

«Ilyos(iyn)ga[1] salom bo‘lsin». Biz yaxshilik qiluvchilarni ana shunday mukofotlarmiz, chunki u mo‘min bandalarimizdandir» (130-132-oyatlar).

«Shuning uchun iymon taqozosi bilan Bizning yo‘limizda jiddu jahd qildi va mazkur oliy maqomlarga erishdi».

Shu yerda Ilyos alayhissalomning qissalari tamom bo‘ladi.

Alloh taolo An’om surasidagi bir qancha payg‘ambarlarning zikri asnosida kelgan oyatlardan birida:

«...va Zakariyo, Yahyo, Iyso va Ilyosni ham. Hammalari solihlardandir» (85-oyat) deb Ilyos alayhissalomni ham zikr qilgan.

Ushbu oyati karimada zikr qilingan payg‘ambarlar – Zakariyo, Yahyo, Iyso va Ilyos alayhissalomlar zuhdu taqvo bilan mashhur bo‘lganlar. Shuning uchun ham ular oyati ka­rimada «Hammalari solihlardandir» iborasi ila vasf qilinayotirlar.

Zotan, hamma payg‘ambarlar ahli solihlardandir. Ushbu to‘rt payg‘ambar ahli solihlikda alohida martabaga erishganlar.

 

AL-YASA’ ALAYHISSALOM

Qur’oni Karimda bu payg‘ambar alayhissalomning ismlari An’om surasida bir marta, Sod surasida bir marta zikr qilingan.

«...va Ismoil, Al-Yasa’, Yunus va Lutni ham. Barchalarini butun olamlardan afzal qildik» (An’om surasi, 86-oyat).

Alloh taolo O‘z payg‘ambarlaridan katta guruhini zikr qilish davomida Ismoil, Al-Yasa’, Yunus va Lut alayhissalomlarni zikr etgan. Bularning alohida ajralib turadigan sifatlari Allohning O‘ziga ayon.

Ammo «Barchalarini butun olamlardan afzal qildik» deyilishidan ular olamdagi eng afzal zotlar ekani ma’lum bo‘lmoqda.

Sod surasidagi Al-Yasa’ alayhissalom haqlaridagi oyat yuqorida o‘tdi. Biroq U zot to‘g‘risida Qur’oni Karim va hadisi shariflarda boshqa ma’lumot yo‘q.

Al-Yasa’ alayhissalom Ilyos alayhissalomning amakilari Axtubning o‘g‘li bo‘lganlar. U zotning nasablari Yusuf alayhissalomda tutashadi.

Al-Yasa’ alayhissalom Banu Isroilning payg‘ambarlaridan bo‘lib, Ilyos alayhissalomning shariatlariga da’vat qilganlar. U zotning davrlarida gunoh ishlar va zulm nihoyatda kuchaygan. Ana shunday og‘ir bir sharoitda Al-Yasa’ alayhissalom Shomning Ba’labakka shahrida payg‘ambarlik qilganlar va ana shu zaminda vafot etganlar.

 

YUSHA’ IBN NUN ALAYHISSALOM

Ba’zi payg‘ambarlar borki, ismlari Qur’oni Karimda kelmagan bo‘lsa ham, hadisi shariflarda yoki nabiylar qissalari yozilgan mo‘tabar kitoblarda kelgan.

Shunday nabiylardan biri Yusha’ ibn Nun alayhissalomdir. U zot Banu Isroilga Muso alayhissalomdan keyin rahbar bo‘lganlar. Tarixchilar orasida Alloh taoloning «Muso o‘z xizmatkoriga: «Ikki dengiz jamlangan joyga yetmagunimcha, hatto uzoq muddat sarflasam ham yuraveraman», deganini esla» (Kahf surasi, 60-oyat) degan so‘zidagi xizmatkor yigit Yusha’ alayhissalomdir, deganlar bor.

Horun alayhissalom vafot etgach, Banu Isroil sahrodagi ma’lum hududda zoye, sargardon bo‘lib, «tiyh» holatida, ya’ni adashib-uloqib yurdi. Alloh taolo ularni jazolab, Siyno sahrosida adashib yurishni taqdir etdi. Muso alayhissalom ham o‘sha paytda vafot etdilar. Mazkur holat qirq yil davom etdi. Buning zikri Muso alayhissalomning Misrda kechirgan hayotlari haqidagi qissada batafsil keladi. Muhimi shuki, Banu Isroildan kim tirik qolgan bo‘lsa, Yusha’ alayhissalom bilan birga «tiyh» holatidan chiqdi. Ular Baytul maqdisga borishdi. U yerda Yusha’ alayhissa­lom Banu Isroildan qo‘shin tuzdilar. Ularni o‘n ikki urug‘ asosida o‘n ikki qismga bo‘ldilar. Yusha’ alayhissalom ular bilan birga borib Ariyho, so‘ng Baytul maqdisni fath qilmoqchi bo‘ldilar. Yusha’ alayhissalom ularning ichida tahminan 27 yil Allohning kitobi – Tavrot bilan hukm yuritdilar. Yusha’ alayhissalomning vafotlaridan keyin Banu Isroil yana zalolat va fisqu fasodlariga qaytishdi.

Ushbu oraliq davrda Arabiston yarimorolidan ko‘plab san’oniy jamoatlar kelib, Suriyada qaror topishdi. Ular Damashq, Hamo va boshqa mamlakatlarni tuzib, u yerlarga «mustahkam o‘rnashib qolishdi. Ular but-sanamlarga ibodat qilishgan. Eng mashhur sanamlari Ishtor ma’budasi va Adunis ma’budi bo‘lgan.

 

HIZQIL (HIZQIYOL) ALAYHISSALOM

Yusha’ ibn Nun alayhissalomdan keyin Banu Isroilning ishini Hizqil alayhissalom davom ettirdilar. Ammo u kishining faoliyatlari uzoq davom etmadi. Hizqil alayhissalomdan keyin Banu Isroil ko‘plab firqalarga bo‘linib ketdi va ularning ahvoli yomonlashdi. Bu qavm yer yuzida fisqu-fasod bilan mashg‘ul bo‘lishdi, nabiylarini qatl etishdi. Shu sababli Alloh subhanahu va taolo ularning ustidan dushmanlarini g‘olib qildi, ular qatl qilgan nabiylar o‘rniga tug‘yonga ketgan jabbor podshoxdarni yubordi. Natijada ular Banu Isroilning qonini zulm ila to‘kishdi, beayov azoblashdi. Banu Isroilga G‘azo va Asqalon ahli ham g‘olib kelib, ulardan muqaddas tobutni tortib olishdi.

Shu davrdan boshlab Banu Isroildan nubuvvat kesildi, ularning davlati parchalanib ketdi. Ish shu holda davom ztib, oradan taqriban to‘rt yuz yil o‘tdi. Keyin Alloh taolo ularga Shamvil[2] alayhissalomni nabiy qilib yubordi.

 

SHAMVIL ALAYHISSALOM

Banu isroilliklar Shamvil alayhissalomdan ularga bir podshoh tayin etishlarini talab qilishdi va o‘sha podshohning rahbarligi ostida urushda qatnashishlarini aytishdi. Shunda u zot ularga Tolutni yetakchi sifatida tanladylar. Alloh subhanahu va taolo bu haqda Baqara surasida quyidagilarni aytadi:

«Nabiylari ularga: «Albatta, uning podshohligining oyat-belgisi – sizlarga ichida Robbingizdan sandiq kelmog‘idir, unda xotirjamlik va Oli Musodan hamda Oli Horundan qolgan qoldiq bor. Uni farishtalar ko‘tarib kelur. Agar mo‘min bo‘lsalaringiz, albatta, bu narsada sizlarga oyat-belgi bor», dedi» (248-oyat).

Banu Isroilga Tolutning haqiqatda Alloh tomonidan tayin qilingan podshoh ekanini isbot etish uchun ularni qoyil qoldiradigan, odatdan tashqari, Allohdan boshqa hech kim uddalay olmaydigan bir mo‘jiza ko‘rsatilyapti. Ma’lumki, Muso alayhissalomning vafotlaridan keyin Banu Isroilga Yusha’ alayhissalom rahbar bo‘lgan edilar. O‘sha paytda ularni muqaddas yerlaridan haydab chiqargan dushmanlari bir qancha muqaddas narsalarini tortib olishgan edi. Mazkur tortib olingan narsalar ichida Banu Isroilga xos bir mashhur tobut – sandiq ham bor edi. Muso alayhissalom qachon urushga kirsalar, o‘sha tobutning o‘z qo‘shini oldida borishini ta’minlar edilar. Shunda Banu Isroilning qalbiga xotirjamlik tushib, urushdan qochishmasdi. Keyinchalik mazkur tobutga Muso va Horun alayhissalomlardan qolgan esdalik – tabarruk narsalarni solib qo‘yishgan edi. Jumladan, mazkur tobutda Alloh taolo Muso alayhissalomga Tur tog‘ida bergan lavhlar, u zotning hassalari, kiyimlari, kavushlari, Horun alayhissalomning sallalari kabi narsalar ham bor edi.

Shamvil alayhissalom: «Tobutni farishtalar ko‘tarib kelishi Tolutning podshohligiga belgidir, agar haqiqiy mo‘min bo‘lsangiz, ushbu mo‘jizaning o‘zi kifoya qiladi», dedilar.

Keyingi oyatlardagi ma’noga qaraganda, bu ish ro‘y berib, Banu Isroilda ishonch hosil bo‘lganga o‘xshaydi:

«Tolut lashkarlar bilan chiqqanda, «Albatta, Alloh sizni daryo bilan sinaydi. Kim undan ichsa, u mendan emas va kim uni tanovul qilmasa, u albatta mendandir. Ammo birov qo‘li bilan bir hovuch olsa, mayli», dedi. Ozginalaridan boshqalari undan ichdilar. U va u bilan birga iymon keltirganlar undan (daryodan) o‘tganlarida, «Bugun bizda Jolut va uning lashkarlari bilan jang qilishga toqat yo‘q», dedilar. Allohga ro‘baro‘ bo‘lishga ishonganlar: «Qanchadan-qancha oz sonli guruhlar Allohning izni bilan ko‘p sonli guruhlarga g‘olib kelgan. Alloh sabrlilar bnlandir», dedilar» (249-oyat).

Nihoyat Banu Isroilning urushdan qochmay qolgan odamlari Tolutning Alloh tayin qilgan podshoh ekaniga ishontirilgach, Tolut ulardan qo‘shin tayyorladi. So‘ng urush qilish vaqti yetib keldi. Ular jangga otlandilar. Shunda Tolutning haqiqiy lashkarboshi ekani namoyon bo‘ldi. U askarlarining holatini yaxshi bilardi. Ular avvallari mag‘lubiyatga uchrab yurgan, xorlikka ko‘nikib qolishgan edi. Dushman esa aksincha, kuchli va g‘alabaga odatlanib qolgan. Unday dushmanga g‘olib kelish uchun mustahkam irodaga ega bo‘lish kerak. Shuning uchun Tolut o‘z askarlarining irodasini sinab ko‘rmoqchi bo‘ldi. Shahardan chiqqanlarida sinov shartini e’lon qildi:

«Albatta, Alloh sizni daryo bilan sinaydi. Kim un­dan ichsa, u mendan emas va kim uni tanovul qilmasa, u albatta mendandir. Ammo birov qo‘li bilan bir hovuch olsa, mayli», dedi».

Yo‘lda bir imtihon (daryo) uchraydi, kim irodasi kuchli bo‘lib, chanqoqlikka chidab, uning suvidan ichmasa, sinovdan o‘tgan bo‘ladi – Tolutning haqiqiy askariga aylanadi. Kim irodasizlik qilib, daryoning suvidan ichib olsa, askarlikka qabul qilinmaydi. Biroz suvsizlikka chiday olmagan odam urushning mashaqqatlariga chiday olmasligi turgan gap. Shu bilan birga, Tolut tomoqni ho‘llab olish uchun suvdan bir ho‘plam ichishga ruxsat berdi.

Yurib borib, daryoga ham yetishdi.

«Ozginalaridan boshqalari undan ichdilar».

Ko‘pchiligi sinovdan o‘ta olishmadi. Bundan og‘ir ishga kirishishdan oldin odamlarni faqat og‘zaki sinov emas, balki amaliy sinovdan ham o‘tkazish zarurligi bilib olinadi. Birinchi amaliy sinovdayoq Tolutning qo‘shini sarasi saraga, puchagi puchakka ajradi. Sinovdan o‘tmaganlar ajralib qolishdi.

«U va u bilan birga iymon keltirganlar undan (daryodan) o‘tganlarida, «Bugun bizda Jolut va uning lashkarlari bilan jang qilishga toqat yo‘q», dedilar».

Alhol, iymonlilar ichida ham zaiflar paydo bo‘ldi. Dushmanga ro‘baro‘ kelganda o‘zlarining ozligi, dushmanning kuchli ekanini sezib, urushda qatnasha olmasliklarini, bunga toqatlari yo‘qligini bayon qilishdi. Ular vaziyatni o‘z tarozilariga solib ko‘rib, g‘olib kelishlariga ko‘zlari yetmadi. Shunda haqiqiy mo‘minlar, hamma narsani ilohiy o‘lchov bilan o‘lchaydiganlar yuzaga chiqishdi.

«Allohga ro‘baro‘ bo‘lishga ishonganlar: «Qanchadan-qancha oz sonli guruhlar Allohning izni bilan ko‘p sonli guruhlarga g‘olib kelgan. Alloh sabrlilar bilandir», dedilar».

O‘zi asl narsa oz bo‘ladi. Haqiqiy mo‘minlar ham shular jumlasidandir, chunki ular xatarli so‘qmoqlardan qiyinchiliklarni yengib o‘tib, maqsadga yetadilar va Alloh tanlagan muqarrab bandalar qatoriga kiradilar. Bu hammaga ham nasib qilavermaydi. Undaylar Parvardigori olamga ro‘baro‘ bo‘lishlariga qat’iy ishonadilar. Shuning uchun hamma mashaqqatlarni yengishga tayyor bo‘ladilar. Hamma narsa «Allohning izni bilan» bo‘lishiga ishonadilar. Shuning uchun sonlari oz bo‘lsa ham, qo‘rqmaydilar. Ular Alloh sabr qiluvchilar bilan birga ekanini yaxshi biladilar. Allohning O‘zidan sabr tilab, qo‘rqmay, ko‘p sonli va quvvatli dushmanning ko‘ziga tik boqib boraveradilar.

«Jolut va uning askarlariga ro‘baro‘ kelganlarida: «Robbimiz, ustimizdan sabr to‘kkin, qadamlarimizni sobit qilgin va kofir qavmlar ustidan bizga nusrat bergin», dedilar» (250-oyat).

Ular dushman bilan to‘qnashganlarida, duo qilib Allohdan so‘raydigan narsalarini so‘rashga oshiqdilar. O‘sha payt duo qabul bo‘ladigan lahzadir. Haqiqiy mo‘minlar – Allohni hech qachon esdan chiqarmaydilar. Allohning ko‘rsatmasiga binoan kerakli tadbirlarni ishga solib, hamma napca qo‘lida bo‘lgan Zotga yolvoradilar.

«Robbimiz, ustimizdan sabr to‘kkin» iborasi sabr huddi to‘kiladigan narsadek tasavvur beradi. Huddi suvni to‘kkandek boshidan to‘kib yuborsa, oqib oyog‘igacha tushadi. Eng kerakli narsa bo‘lgani uchun mazkur mo‘minlar eng avval sabrni tilga oldilar.

«...qadamlarimizni sobit qilgin...» – «bu ulug‘ ishda qadamimiz toyilmasin, sobit tursin». Bu ham Allohning yordami bilan bo‘ladigan ish.

«...va kofir qavmlar ustidan bizga nusrat bergin», dedilar».

Mo‘minlarning orzusi kofirlar ustidan g‘olib chiqishdir. Ularning orzusi ro‘yobga chiqdi.

«Bas, Allohning izni bilan ularni tor-mor qildilar va Dovud Jolutni qatl etdi. So‘ngra Alloh unga podshohlik va hikmatni berdi va xohlagan narsasini o‘rgatdi. Agar Allohning odamlarni bir-birlari bilan daf qilishi bo‘lmaganida, yer yuzi buzilardi. Lekin Alloh olamlarga fazlu marhamatlidir» (251-oyat).

Tolut va uning askarlari Jolut va uning askarlari ustidan g‘alaba qozonishdi. Bu g‘alaba, albatta, Allohning izni bilan yuz berdi. Hech bir narsa Uning iznisiz bo‘lmaydi. Alloh O‘z irodasini mo‘minlar orqali yuzaga chiqaradi.

«Bas, Allohning izni bilan ularni tor-mor qildilar va Dovud Jolutni qatl etdi».

Dovud Tolut lashkari ichidagi yosh yigit, Jolut esa katta kuchga ega bo‘lgan podshoh, hammaning qalbiga dahshat solib turuvchi lashkarboshi edi. Alloh taolo ushbu zolim podshoh va lashkarboshining yoshgina yigitcha qo‘lida o‘lim topishini iroda qildi. Bu bilan odamlarga, agar Alloh xohlasa, bir yosh yigit har qanday jabborning o‘limiga sabab bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatdi. Shu bilan birga, bu ishning ortida boshqa hikmat ham bor edi:

«So‘ngra Alloh unga podshohlik va hikmatni berdi va xohlagan narsasini o‘rgatdi».

Dovud Allohning inoyati bilan Tolutdan keyin Banu Isroilga podshoh bo‘ldilar. Ularning podshohlik davri «oltin davr» bo‘ldi. Alloh taolo u zotga podshohlikka qo‘shib hikmatni, ya’ni payg‘ambarlikni ham berdi. Shu bilan birga, unga urush asboblarini yasashni ham o‘rgatdi.

 

KЕYINGI MAVZULAR:

Dovud alayhissalom;

Sulaymon alayhissalom;

Isha’yo alayhissalom;

 

[1] Bu so‘z haqida ba’zi ulamolarimiz: «Ilyos so‘zi «fosila» (oyatlarning oxirini bir-biriga o‘xshatish) uchun ushbu shaklda keltirilgan», desalar. boshqalari «Ilyosiyn – Ilyosning jami, ya’ni Ilyos va unga ergashgan mo‘minlarga salom bo‘lsin degani» deb tafsir qiladilar.

[2] Arab tilida yana Ashmuvil, ibroniyda Shamuel, lotin tilida Samuel, gulada Samuil deb ataladi.

Kutubxona
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Ellikboshilar uchun navbatdagi yig‘ilish o‘tkazildi

26.04.2025   13519   1 min.
Ellikboshilar uchun navbatdagi yig‘ilish o‘tkazildi

Haj – 2025

Bugun, 26 aprel kuni Toshkent shahar bosh imom-xatibi Aduqahhor domla Yunusov rahbarliklarida poytaxtimizdagi «Shayx Zayniddin» jome masjidi majlislar zalida bu yil guruh rahbari bo‘lib hajga ketayotgan ellikboshilar uchun navbatdagi yig‘ilish o‘tkazildi.

Guruh rahbarlariga Abduqahhor domla Yunusov hajga puxta tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha tushuntirish ishlarini olib bordilar.
Hajga jo‘nashga ham sanoqli kunlar qoldi. Shu bois har ellikboshi o‘z guruhi a’zolari bilan yaqindan tanishib olishi zarurligi yig‘ilishda qayd etildi. 


Xayrli duolar bilan yig‘ilish yakunlandi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Toshkent shahri vakilligi

Matbuot xizmati

Ellikboshilar uchun navbatdagi yig‘ilish o‘tkazildi Ellikboshilar uchun navbatdagi yig‘ilish o‘tkazildi Ellikboshilar uchun navbatdagi yig‘ilish o‘tkazildi Ellikboshilar uchun navbatdagi yig‘ilish o‘tkazildi Ellikboshilar uchun navbatdagi yig‘ilish o‘tkazildi Ellikboshilar uchun navbatdagi yig‘ilish o‘tkazildi
O'zbekiston yangiliklari