Inson, uning hayoti, sha’ni, qadr-qimmati, huquq va erkinliklari oliy qadriyat hisoblanadi. Mamlakatimiz Konstitutsiyasida umume’tirof etilgan xalqaro huquq-normalariga muvofiq, bu qoida kafolatlanganligi belgilab qo‘yilgan. Ta’kidlash joizki, konstitutsiya xalqimiz qo‘lga kiritgan ulkan muvaffaqiyatlar, mamlakatimizning barqaror taraqqiyot yo‘liga chiqib olishida mustahkam zamin bo‘lmoqda. Unda belgilangan qonun ustuvorligi prinsipi jamiyatimizda inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, barcha islohotlarni samarali amalga oshirishning muhim kafolati bo‘lib xizmat qilmoqda.
Hadis ilmi maktabida joriy yilning 7 dekabrida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 27 yilligi munosabati bilan “Konstitutsiya – inson huquq va erkinliklari kafolati” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi katta o‘qituvchisi M.Yunusov ma’ruza bilan ishtirok etdi.
Davra suhbatida O‘zbekiston Konstitutsiyasining g‘oya va normalarida xalqimizning ko‘p asrlik tajriba va ma’naviy qadriyatlari, boy tarixiy-huquqiy merosi aks ettirilgani uning hayotiyligining kafolati ekani, Konstitutsiya – barcha iqtisodiy, siyosiy, huquqiy islohotlarning ham, ma’naviy islohotlarning ham tamal toshi bo‘lib xizmat qilishi, Konstitutsiyaning qabul qilinishi orqali xalqimiz jahon hamjamiyatiga o‘zining umuminsoniy qadriyatlarga sodiq ekanligini namoyon qilgani ta’kidlandi.
Jumladan, bosh qomusimizning yaratilish tarixi, unga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar haqida bo‘libgina qolmasdan, balki konstitutsiyamizning jamiyatdagi muhim o‘rni va demokratik islohotlarning tayanchi ekanligi haqida keng va atroflicha fikr va mulohazalar yuritilishini aytib o‘tdi.
Shuningdek, tadbir davomida ma’ruzachi Hadis ilmi maktabi o‘qituvchilari va talabalari uchun 2019-2020 o‘quv yili davomida tashkil etiladigan ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar rejasiga asosan “Jahon adabiyoti durdonalarini o‘rganishning ahamiyati” mavzusida ma’ruza qildi.
Tadbir yakunida ma’ruzalar bo‘yicha talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga atroflicha javob oldilar.
J.Akramov
Hadis ilmi maktabi
O‘quv-uslubiy bo‘lim boshlig‘i
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari bugun, 13 mart kuni juma namozini Toshkent viloyati Qibray tumani “Baytqo‘rg‘on” jome masjidida ado etdilar.
Muftiy hazratlari namozdan oldin jamoatga muborak oyning oxirgi dahasini g‘animat bilish, bu damlardan unumli foydalanib qolish borasida go‘zal suhbat qilib berdilar.
Alloh taolo oxirgi o‘n kunlikni o‘ziga xos fazilat va lutfu ehsoni bilan sharafli qilganki, bunga boshqa kun va oylarda yetishishning iloji yo‘q. Payg‘ambarimiz alayhissalom ham boshqa oylarda qilmagan ba’zi amallarni shu oyda qilganlar.
Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ushbu oxirgi o‘n kunlikda ibodatlarga yanada jiddu jahd bilan kirishish, vaqtni g‘animat bilish, Qadr kechasini izlash kabi amallarni sanab o‘tar ekan, ayniqsa, Qadr kechasida qilingan solih amal boshqa ming oyda qilingan amaldan yaxshiroq bo‘lishini oyati karima bilan keltirib o‘tdilar. Zero, Alloh taolo Qadr surasining 3-oyatida “Qadr kechasi ming oydan ham yaxshiroqdir” deb marhamat qilgan.
Ma’ruzada jamiyatdagi birlik, inoqlik, o‘zaro yordam va muhabbat asosida qarindoshlarga yaxshilik qilish yotishi ta’kidlandi. O‘zaro arazlashganlar bo‘lsa yarashishga chaqirildi.
Shuningdek, bu yilgi Ramazon oyi o‘zgacha shukuh va ko‘tarinki ruhda o‘tayotgani, buning asosiy sababi – Prezidentimizning bevosita tashabbuslari bilan keng ko‘lamli xayriya va ijtimoiy ko‘mak tadbirlarining amalga oshirilayotgani ekani e’tirof etildi.
Manfaatli suhbat so‘ngida Alloh taolo barchamizni ushbu g‘animat damlardan unumli foydalanib, O‘zining roziligiga erishadigan bandalaridan qilishini so‘rab duo qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati