Muqaddas dinimizda tinchlikka va kishilarning osoyishtaligiga rahna soladigan barcha ishlar buzg‘unchilik-fasod ishlardan sanaladi. Qur’oni Karimning Baqara surasi 205-oyatida “Va holbuki, Alloh fasodni xush ko‘rmas” deyilgan.
Terrorchilik va aqidaparastlik begunoh odamlarning qoni to‘kilishiga olib keladi. Muqaddas Islom dinimizda bunday ishlar qat’iy man etilib, Qur’onda “Kim bir jonni nohaqdan yoki yer yuzida fasod qilmasa ham o‘ldirsa, xuddi hamma odamlarni o‘ldirgan bo‘ladi” (Moida, 32) deya qat’iy qoralangan.
Bugungi buzg‘unchi oqimlarning asosiy dastak qilib ushlagan narsasi shuki, ular shariat amallarini to‘la-to‘kis bajarmagan boshqa musulmonlarga nisbatan «qozilikni» da’vo qilib, «munofiq» va «murtad» deb hukm chiqarishdan tap tortmaydilar. Hadisda, «Kimki mo‘min kishini «kofirsan» deb haqoratlasa, go‘yoki uning qonini to‘kkanchalik gunoh qilgan bo‘ladi», deyiladi. Ya’ni, hech bir odamga musulmon insonni «kofir», deb hukm chiqarish huquqi berilmagan.
Hanafiylik mazhabi asoschisi Imom A’zam Abu Hanifa rahimahulloh ushbu masalada quyidagi qat’iy xulosani berganlar: «Biror musulmonni qilgan gunohi sababli kofirga chiqarmaymiz, garchi u kabira gunoh bo‘lsa ham, basharti uni halol deb e’tiqod qilmagan bo‘lsa».
Yurti va millatiga xiyonat qilishlik, begunoh odamlarning qonini to‘kish og‘ir gunoh bo‘lib, bunday kimsalar ilohiy omonatga amal qilmagan bo‘ladi. Baqara surasi, 191-oyatda “Fitna qatl etishdan yomonroqdir”, «Niso» surasi, 59-oyatida esa “Ey iymon keltirganlar! Allohga itoat qiling, Payg‘ambarga va o‘zingizdan bo‘lgan ishboshilarga itoat qiling”, degan ko‘rsatma mavjudligini inobatga olsak, Islom shariatida itoatsizlik qattiq jazoga loyiq hisoblanishini anglash mumkin.
Bir narsa aniqki, biz musulmonlarga hech qachon bo‘linish, talashib-tortishish foyda bermagan, foyda bermaydi ham. Zero Alloh taolo o‘zining kalomida: “Barchangiz Allohning ipini mahkam tuting va bo‘linib ketmang”,(Oli Imron, 103-oyat ) deb marhamat qilgan. Talashib tortishish, firqalarga bo‘linish tufayli g‘ayridinlarga kulgi bo‘lish, musulmonlarning kuch-quvvatlari yo‘q bo‘lishi yuzaga keladi.
Dunyo musulmonlarining 92,5 % ini «Ahli sunnat val-jamoat» tashkil etadi. Ikkita aqidaviy (Ash’ariy va Moturidiy) mazhab asosidagi to‘rt mo‘tabar fiqhiy mazhab (Imom Abu Hanifa rahimahullohning Hanafiy, Imom Molik rahimahullohning Molikiy, Imom Shofe’iy rahimahullohning Shofe’iy, Imom Ahmad rahimahullohning Hanbaliy mazhablari)ga amal qiluvchi musulmonlar «Ahli sunnat val-jamoat»dir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Ummatim zalolat uzra jam bo‘lmaydi», — deganlar. Demak, o‘sha yangi paydo bo‘lgan bir tutam firqalar dunyo musulmonlarining deyarli barchasiga xilof ish tutmoqdalar. Shu o‘rinda pul ishlab kelish ilinjida Xorijga ketayotgan ba’zi yoshlarimiz diniy-ekstremistik oqimlarga qo‘shilib qolayotganini ta’kidlash lozim. Ayrim yoshlar chet mamlakatlarda mutaassiblarning ta’sirida “jihodiy jamoa” tuzib, oila, mahalla va yurtga xiyonat yo‘liga o‘tgan holatlari kuzatilmoqda. Shuning uchun, yoshlarimiz qayerda va nima bilan shug‘ullanib pul topayotganini nazorat qilishimiz, mahallada hushyor bo‘lishimiz, kerak bo‘lsa, tergab turishimiz lozim.
Biz yoshlarimiz ongi va ruhiyatini zaharli mafkuralardan qat’iyat bilan himoya qilsak, har qanday g‘arazgo‘y kuchlar mamlakat mustaqilligi va uning porloq kelajagiga rahna sola olmaydi. Bu, jamiyatimiz, shu yurt, shu Vatanni muqaddas deb bilgan har bir fuqaro oldida turgan asosiy vazifadir.
Aminov Hamdam
Yangiariq tumani Muhammad said masjidi imom-xatibi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan turli sohalar vakillari faxriy unvonlar, ordenlar va medallar bilan mukofotlandilar.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Kamilov Muzaffar Muratovich "Do‘stlik" ordeni bilan, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Abduxalikov Firdavs Fridunovich «Fidokorona xizmatlari uchun» ordeni bilan, mazkur akademiyaning "Arab tili va adabiyoti al-Azhar" kafedrasi professori Islomov Zohidjon Mahmudovich «Imom Buxoriy» ordeni bilan va akademiya huzuridagi "Ziyo" media markazi direktori Muxtarov Abduxamid Abduaxatovich "Shuhrat" medali bilan taqdirlandilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi doimiy hamkor tashkilotlarimiz rahbarlari va ustozlarni mazkur yuksak mukofotlar bilan muborakbod etib, Alloh taolodan mamlakatimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi va muborak dinimiz rivoji yo‘lidagi faoliyatlarida yangidan-yangi muvaffaqiyatlar tilaymiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati