Sayt test holatida ishlamoqda!
21 Iyun, 2025   |   25 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:50
Peshin
12:30
Asr
17:40
Shom
20:03
Xufton
21:42
Bismillah
21 Iyun, 2025, 25 Zulhijja, 1446

Konfessiyalar ishlari kengashida O‘zbekistondagi diniy bag‘rikenglik tamoyillarining yorqin ifodasi e’tirof etildi

06.12.2019   2063   3 min.
Konfessiyalar ishlari kengashida O‘zbekistondagi diniy bag‘rikenglik tamoyillarining yorqin ifodasi e’tirof etildi

So‘nggi yillarda Davlatimiz Rahbari tomonidan barcha soha va yo‘nalishlar qatori yurtimizda istiqomat qilib kelayotgan turli millat va elat, diniy konfessiya vakillari o‘rtasida o‘zaro do‘stlik aloqalarini yanada mustahkamlash, diniy bag‘rikenglik tamoyillarini qaror toptirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.

Xususan, “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi”ning beshinchi yo‘nalishi, aynan, diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikni ta’minlash masalasiga bag‘ishlangani ham O‘zbekiston hukumatining xalqaro hujjatlarda belgilangan umuminsoniy normalarga mos ravishda faoliyat yuritayotganidan dalolatdir.

Qolaversa, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida Davlatimiz Rahbari tomonidan ilgari surilgan tashabbus asosida qabul qilingan “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” deb nomlangan maxsus rezolyutsiya ham ta’lim olish huquqini ta’minlash, savodsizlik va jaholatga barham berishga ko‘maklashish, eng muhimi, bag‘rikenglik va o‘zaro hurmatni qaror toptirish, diniy erkinlikni ta’minlashga qaratilgani bilan e’tiborga molikdir.

Ushbu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlarning amaliy ifodasi o‘laroq, joriy yil 5 dekabr kuni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita huzuridagi konfessiyalar ishlari kengashining navbatdagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirni Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi, Konfessiyalar ishlari kengashi rahbari A.Axmedov olib bordi. Mazkur yig‘ilishda turli din vakillari o‘rtasida hamjihatlik aloqalarini yanada yaxshilash, konfessiya vakillari tomonidan tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, aholi o‘rtasida bag‘rikenglik g‘oyalarini mustahkamlash borasida olib borilayotgan amaliy ishlar haqida so‘z yuritildi.

Tadbirning Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 27 yilligi bayrami arafasida o‘tkazilgani diniy bag‘rikenglik, totuvlik va ahillik, o‘zaro tushunish, hamjihatlik va hamkorlikda faoliyat olib borish borasidagi huquqiy bilimlarni mustahkamlashga ham asos bo‘lib xizmat qildi.

– Prezident Sh.Mirziyoyev boshchiligida amalga oshirilayotgan islohotlardan barchamiz mamnunmiz. So‘nggi yillarda mamlakatda faoliyat yuritayotgan diniy konfessiyalar vakillariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Turli bayram va tantanalarda bir-birimizni qutlashga boramiz, bu yaxshi an’anaga aylandi. Bugun Din ishlari bo‘yicha qo‘mitada bo‘lib o‘tgan tadbirda ham bizga o‘zgacha ehtirom ko‘rsatildi, taqdirlash marosimi o‘tkazildi, bundan juda baxtiyormiz – deydi Rus pravoslav cherkovi Toshkent va O‘zbekiston yeparxiyasi rahbari mitropolit Vikentiy.

Tadbirda ishtirok etgan yahudiy diniy jamoasi raisi Arkadiy Isaxarov ham o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashib, jumladan, shunday dedi: “Darhaqiqat, bugun mamlakatimizda 16 xil turli diniy konfessiya vakillari emin-erkin o‘z ibodatlari, diniy rasm-rusumlarini bajarib kelmoqda. Bu esa, albatta, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan mazkur yo‘nalishda olib borilayotgan ezgu ishlarning samarasidir”.

– Men 14 yildan buyon O‘zbekistonda istiqomat qilib kelaman. Ochig‘i, so‘nggi yillarda bizga bo‘lgan e’tibor yana ham kuchaydi. Davlat Rahbari tomonidan diniy bag‘rikenglik, millatlararo totuvlik munosabatlarini mustahkamlash borasida maqtansa arzigulik ishlar amalga oshirilmoqda. Biz – barcha konfessiyalar vakillari O‘zbekistonning din sohasida olib borayotgan siyosatini qo‘llab-quvvatlaymiz. Bu yo‘lda hammamiz bir tanu, bir jon bo‘lib faoliyat yuritamiz, – deydi Rim-katolik cherkovi yepiskopi Yeji Matsulevich.

Ko‘tarinki ruhda o‘tgan tadbir yakunida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan barcha konfessiyalar vakillariga esdalik sovg‘alari, faxriy yorliqlar topshirildi.

 

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Ismingiz ketadi, sifatingiz qoladi

18.06.2025   5397   2 min.
Ismingiz ketadi, sifatingiz qoladi

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.


Nabiy sollallohu alayhi vasallam Uhud g‘azoti shahidlarini dafn qilayotib: «Abdulloh ibn Harom bilan Amr ibn Jamuhni bitta qabrga qo‘yinglar. Ular bir-birini yaxshi ko‘rar edi!» dedilar.

Aslida, o‘lim firoq emas. Hammamiz kuni kelib vafot etamiz. Haqiqiy firoq birimiz jannatda yana birimiz do‘zaxda bo‘lishimizdir.

Ajoyib narsa o‘qigan edim. Bir kishi buvisining bir odati haqida shunday yozgan edi: «Buvim bizni bomdod namoziga uyg‘otib: «Turinglar! Jannatda sonimiz kamayib qolishini istamayman», der edilar».

Kim sizni haqiqiy yaxshi ko‘rsa, u do‘zaxga tushishingizni istamaydi. Ibrohim alayhissalom otalari Ozarni yaxshi ko‘rishlariga qarang. U kishi bunday degan edilar: «Ey ota! Men sizni Rahmonning azobi ushlashidan va shaytonga do‘st bo‘lib qolishingizdan qo‘rqaman» (Maryam surasi, 45-oyat).


Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning gaplarini go‘zalligiga boqing: «Ular bir-birini yaxshi ko‘rar edi!».

Insonning o‘zgalar oldida muhabbat, shijoat, saxovat va oliyjanoblik kabi chiroyli sifatlar bilan tanilishi naqadar go‘zal! Uning nomi zikr qilinganida tinglovchining yuzida uning surati xuddi qip-qizil yurak singari porlasa. Shuningdek, uning surati biz qo‘yayotgan go‘zal iboralar ortida ham porlab tursa!

Imom Zahabiy rohimahulloh «Siyaru a’lomin nubalo» kitobida Muhammad ibn Maymun haqida bunday yozadi: «Abu Hamza Sukariy Muhammad ibn Maymun al-Marvaziy. U shakar sotgani uchun «sukariy» deyilmagan. Uning so‘zlari shirinligi uchun shu nom bilan tanilgan!».


Bizni taniydiganlar ham ismlarimizni ularga qiladigan muomalamiz tufayli sifatlarimizga alishtirib olishganida nima bo‘lar edi?!

Ota-onamiz bizga «Ota-onani rozi qiladigan, muborak va yaxshilik qiladigan o‘g‘il», deb nom qo‘yarmidi yoki «surbet, qo‘pol va oqpadar o‘g‘il» debmi?!

Xotinimiz bizga «Mehribon, saxiy va bag‘rikeng er», deb nom qo‘yarmidi yoki «qaysar va qattiqqo‘l er» dermidi?!

Erlar ayoliga «mehribon, suyukli, oliyjanob va sabrli xotin», deb nom qo‘yarmidi yoki «bag‘ritosh, tili zahar va qo‘pol so‘zli xotin» debmi?!

Qo‘shningiz sizni «saxiy va marhamatli» dermidi yoki «xiyonatkor, ochko‘z va badxulq qo‘shni» deb atarmidi?!

Hamkasbingiz sizni «sir saqlaydigan, ishonchli, tarbiyali va odobli hamkasb» dermidi yoki «chaqimchi va sharmanda» deb nom qo‘yarmidi?!

Ismlarimiz bizniki. Sifatlarimiz esa odamlarniki. Ular bizga muomalamizga qarab sifat berishadi. Kuni kelib ismlar ketadi, sifatlar qoladi. Ortimizda bizga Allohdan rahm qilishini so‘rab turadiganlar qolsin!


«Nabaviy tarbiya» kitobi asosida tayyorlandi

Maqolalar