So‘nggi vaqtlarda ayrim “shovvoz” turfirmalar SOXTA umra vizasini rasmiylashtirib, Saudiya Arabistoni viza nizomiga zid ravishda O‘zbekiston fuqarolarini Saudiyaga kiritishga urinmoqda.
2019 yil 26 noyabr kuni Andijon viloyatida joylashgan turistik firmalardan biri tomonidan Jidda shahriga borgan 14 nafar o‘zbekistonlik vatandoshimizning vizasi qalbaki bo‘lib chiqdi.
Ushbu turfirma 14 nafar yurtdoshimizga qalbaki vizalarni rasmiylashtirgan va Saudiya Arabistoniga yuborgan. Saudiya Arabistoni chegara xizmatining ma’lum qilishicha, ularning vizasi bekor qilinib, mamlakatga kiritilmasdan deportatsiya qilindi.
Saudiya aeroportida zahmat va mashaqqat chekib, ko‘z yosh to‘kkan yurtdoshlarimizning hasratlari aks etgan foto va videolavhalar Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaga taqdim etilgan.
Jidda shahridagi Bosh konsulxona va “O‘zbekiston havo yo‘llari” AKning Saudiyadagi vakillari bilan hamkorlikda holat yuzasidan barcha zaruriy tashkiliy tadbirlar amalga oshirilib, 27 noyabr kuni “Jidda-Toshkent” aviaqatnovi bilan yuqoridagi 14 nafar fuqaro O‘zbekistonga qaytarildi.
Hurmatli yurtdoshlar! Unutmang, biz ibodatlaringiz mukammal, safaringiz xavfsiz va xotirjam bo‘lishi tarafdorimiz. O‘z navbatida, sizdan turli firibgarlar aldoviga uchmasdan, hukumat tomonidan tashkil etilayotgan rasmiy, xavfsiz va ishonchli “Umra ziyorati”dan foydalanishingizni tavsiya etamiz!
Mol-dunyo masalasida o‘zingizdan pastroqdagilarga qarang, dedik. Lekin dinu diyonat masalasida doim o‘zingizdan oldindagilarga qarang, ulardan ibrat oling, ularga yetib olishga intiling. Dunyo, boylik, sog‘lik va go‘zallik borasida o‘zingizdan quyidagilarga qarab, cheksiz marhamati uchun Allohga shukr qilsangiz, hayotingiz baxt-saodatga to‘ladi, Alloh taolo sizni shukr va sabr qiluvchilar safiga yozib, fazlu marhamati bilan ularga beriladigan mukofotlaridan sizga ham beradi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
«Kimda ikki xislat bor bo‘lsa, Alloh uni shukr qiluvchi, sabr qiluvchi deb yozib qo‘yadi. Kimda bu ikki xislat bo‘lmasa, Alloh uni shukr qiluvchi ham, sabr qiluvchi ham deb yozmaydi. Dinu diyonatda o‘zidan yuqoridagilarga qarab, ularga ergashsa; mol-dunyoda esa o‘zidan pastdagilarga qarab, o‘zini ulardan afzal qilgan Allohga hamd aytsa, Alloh uni shukr qiluvchi, sabr qiluvchi deb yozib qo‘yadi. Kim din borasida o‘zidan pastdagilarga, dunyo borasida esa o‘zidan yuqoridagilarga qarab, o‘zi yetisha olmagan narsaga afsuslansa, Alloh uni shukr qiluvchi ham, sabr qiluvchi ham deb yozmaydi» (Imom Termiziy rivoyati).
Uch xil qarash qalbingizdagi mahzunlikni ketkazadi:
- birovlardagi narsalarga rozilik ko‘zi bilan qarash;
- musibatga uchraganlarga ibrat ko‘zi bilan qarash;
- ahvoli sizdan yomonroq, holi xarobroq odamlarga qarash.
Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev tarjimasi.