frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Terrorizm to‘g‘risida nima bilamiz

02.12.2019   11590   8 min.
Terrorizm to‘g‘risida nima bilamiz

Ma’lumki, terrorizm va ekstremizm balolari nafaqat bugungi kunda, balki u mavjud bo‘lgan barcha zamon va makonlarda insoniyat va jamiyat uchun tom ma’nodagi fojia bo‘lib kelgan.  Bugungi notinchliklar hukm surayotgan mintaqalarning deyarli barchasidagi barqaror vaziyatni izdan chiqaruvchi omillari ham mazkur ikki narsadir.

Bu atamalarga ko‘plab ta’riflar berilgan bo‘lsa-da, ularning asl mazmun-mohiyati notinchlik va beqarorlikni keltirib chiqarish, insonlar qalbiga qo‘rquv va vahima  solish, ularni jismonan yo‘q qilish, zo‘ravonlik yo‘li bilan hokimiyatga intilish kabi salbiy unsurlardan iboratdir. Ekstremizm va terrorizm birgalikda, bir maslakka xizmat qiluvchi  ikki unsur deb qaraladigan bo‘lsa, ekstremizm ko‘proq g‘oyaviy va nazariy, terrorizm esa ko‘proq harakat jihatlariga mos keladi. Ekstremizm barcha dinlarda, masalan, buddizm, xristianlik, islomdagi norasmiy oqimlarda uchrab turadi. Fransiya Fanlar akademiyasi XVIII asrda chop etgan lug‘atida terrorizmni «qo‘rqitish tizimi» deb ta’riflaydi. Boshqa guruh olimlar terrorizmni «harakat orqali targ‘ibot» deb ataydilar. Ayrim manbalarda esa terrorizmga «qo‘rqitish siyosati» deya nisbat beriladi. Ko‘rinib turibdiki, terror va qo‘rquv – egizak tushunchalardir.

Terrorchilik bir siyosiy atama sifatida, qurol sotish, narkobiznesni rivojlantirish, konstitutsion tuzumlarni ag‘darish va boshqa tuban maqsadlarga erishish uchun, aytib o‘tilgan turli jinoiy yo‘llardan foydalanishni zarur va joiz deb biladigan kimsalar va tashkilotlarning yo‘l-yo‘rig‘idan iborat.

Terrorchilik hech qachon ezgulikka qaratilgan emas, aksincha har doim diniy va insoniy me’yorlar, umuminsoniy qadriyatlar va ahloqiy fazilatlarga qarshi ishlatilganligi uchun eng og‘ir va vahshiyona jinoyat hisoblanib kelgan. Uning tarixi qon bilan yozilgan. Terrorchilik din, millat, elat va chegara bilmaydi. Eng vahshiy, madaniyatsiz va insoniy xislatlarini yo‘qotgan ashaddiy jinoyatchilar, bu qabih ishga qo‘l uradilar.

Muqaddas Islom dinini ham niqob qilib olganlar ekstremistik va terroristik harakatlar bo‘lib, ular o‘z oldilariga islomning asliga qaytishni va xalifalik davlati qurishni kuch ishlatish yo‘li bilan amalga oshirishni maqsad qilgan oqimlardir. Bunday oqim va harakatlar diniy mutaassiblikka asoslangan bo‘lib, muayyan mazhab ta’limotiga qattiq yopishib olish oqibatida yuzaga keladi va ko‘pincha muayyan siyosat va iqtisodiy manfaatlarni ta’minlash maqsadida amalga oshiriladi.

Islom dini doirasida vujudga kelgan ilk ekstremistik oqim — Xorijiylar bo‘lib, Hazrati Ali roziyallohu anhu va Muoviya roziyallohu anhu o‘rtasidagi “Siffiyn” jangida muzokara va kelishish orqali to‘xtatish siyosatiga Ali rozilik bergani uchun uning qo‘shinidan unga qarshi ajralib chiqqan guruhdir.

Xorijiylarning dastlabki vakillari sahroviy arablar bo‘lib, ilm-ma’rifatdan yiroq, lekin o‘zlarini dindorlikning cho‘qqisiga chiqqanlik da’vosini qiluvchi shaxslar edi. Ularning ilmi bo‘lmaganligi sababli, o‘zlariga yoqqan narsaga yopishib olib, boshqa narsalarni rad etar va boshqalarni nuqsonda ayblar edilar. Ular begunoh musulmonlarning qonini to‘kib, yo‘lto‘sarlik qilib, Alloh harom qilgan narsalarni o‘zlariga halol hisoblashgan edilar.

Xorijiylardan biri Abdurahmon ibn Muljam 661 yilda xulafoi roshidiynlarning to‘rtinchisi Hazrati Ali ibn Abu Tolibni yarador qilib o‘ldirdi. Xorijiylar umaviylar va abbosiylar xalifaligiga qarshi urush olib borib, juda ko‘p musulmonlarning o‘limiga sabab bo‘ldi. Ular davlat uchun har doim katta muammolarni keltirib chiqarib, har doim mamlakatda fitna va beqarorlikni qo‘zg‘atib turardi.  Zamonlar o‘tishi bilan ular barcha islom jamoasining qarshiligiga uchradi.

X asrda o‘rta Sharqda Hamdon al-Ash’as Shia mazhabining Ismoiliya yo‘nalishi doirasida «Al-Qaromita» (yana bir nomi “Qirmitiylar”) deb atalgan diniy-siyosiy harakatga asos soldi. Bu harakat vakillari boshqa mazhablar tarafdorlarini o‘ldirish siyosatini olib bordi. 317 hijriy sanada qirmitiylar Islom dunyosida misli ko‘rilmagan jinoyatga qo‘l urishdi. Ularning boshlig‘i Abu Tohir 600 otliq va 900 piyoda bilan Muqaddas Makka shahriga kirib qatl va talonchilik o‘tkazdi. Hajarul asvad va Ka’badagi boshqa muqaddas narsalar, jumladan oltin tarnovni talashdi. Xoja Nizomulmulkning “Siyosatnoma” asarida yozilishicha ushbu fojiada 30000 musulmon, jumladan 1900 kishi Haram ichida shahid qilingan.

XII asr boshida ismoiliylardan Hasan Sabboh (1124 y.v.e.) va uning tarafdorlari o‘z diniy g‘oyalari va siyosiy maqsadlarini amalga oshirish uchun qurol ishlatish, qatl qilish, yo‘lto‘sarlik, terrorchilikdan foydalanib kelgan. Ular gashish (giyohvandlik moddasi)ni qo‘llash yo‘li bilan fidoyilarni tarbiyalab, o‘z muxoliflarini o‘ldirishga buyurgan. Unda fidoiyga ko‘p miqdorda gashish ichirib uni bexush qilar, so‘ngra uni behishtsimon bir joyga olib borib, bir muddat ayshu ishrat va maishatda o‘tkazgandan keyin qaytarib avvalgi joyiga olib kelardi. Fidoiy o‘ziga kelganda bu narsa uning hayolida mangu qolib, shu yo‘lda jon fido xizmat qilishga undardi. Ular din va davlat arboblaridan 48 kishini terror qilganlar. Jumladan, Abbosiy xalifalardan Al-Musarshid, Ar-Rashidlarni, ularning ashaddiy dushmani Xoja Nizomulmulk va uning ikki o‘g‘li Ahmad va Faxrulmulklarni terror qilishgan.

Ularning asosiy qarorgohi va markazi Alamut qal’asi (Eron)da bo‘lgan. Keyinroq Alamut qal’asi mo‘g‘il sarkardasi Xo‘lagu tomonidan zabt etilib, ularning terrorchilik va siyosiy faoliyatiga barham berildi.

Shu bilan VII asrning II-yarmidan XIII asrning I-yarmigacha islom dunyosida davom etgan  diniy ekstremistik harakatlar inqirozga uchragan bo‘lsa ham, oradan 5 asr o‘tib, XVIII asr o‘rtalarida Muhammad ibn Abdulvahhob (1703-1794) tomonidan Arabiston yarim orolida “Vahhobiylik” nomi bilan atalgan diniy-siyosiy ekstremistik harakat, 1928 yil Misrda Hasan al-Banno tomonidan “Ihvonul muslimin” harakati, 1952 yilda Falastinda Taqiyuddin Nabahoniy boshchiligida “Hizbut tahrir al islomiy”, «salafiylik», «ISHID» va shu kabi ko‘plab oqimlarga asos solindiki, bu ham bo‘lsa, yovuzlikka xizmat qilgan eski ota-bobolarining izidan boruvchi, zamonga hamohang holatda ularning buzg‘unchilik faoliyatlarini davom qildiruvchi, butun dunyo tinchligiga rahna soluvchi yangi bir yovuzlik jamoasini vujudga keltirdi.

Mazkur jamoalarning deyarli ko‘pchilik qismi butun dunyoda Islom xalifaligini barpo etishni o‘zlariga shior qilib, qilayotgan amaliyatlari bunyodkorlik o‘rniga faqatgina buzg‘unchilik va qirg‘indan iboratligiga butun dunyo guvoh bo‘lishmoqda. Hech bir zamon va makonda eshitilmaganki, mazkur jamoalar tomonidan insoniyat yoki jamiyat manfaatlariga xizmat qiladigan biron bir inshoat, maktab, masjid yohud boshqa narsa bunyod qilinganligi haqida. Buning aksiga ular tomonidan buzib tashlangan maktablar, portlatilgan masjidlar, bosib olingan inshoatlar, o‘ldirilgan begunoh insonlar haqidagi xabarlargagina dunyo ahli guvoh bo‘lishgan.

Bu esa, Islom dini ta’limotining noto‘g‘ri talqin qilinishiga, ezgulikka chaqiruvchi muqaddas dinimiz sha’niga noo‘rin ta’na toshlari otilishiga olib kelmoqda. Vaholanki, “islom” so‘zining o‘zagi “salom” so‘zidan olingan. Ya’ni, tinchlik va salomatlik ma’nolarini anglatadi. Uchinchi ma’nosi – itoat. Ya’ni, Alloh va Uning Rasuli sollallohu alayhi vasallam ko‘rsatmalariga amal qilish harakatida bo‘lishi lozim, degan xulosa chiqadi. Islom dini nafaqat insonning o‘zi, balki o‘zga odamlarga, hatto nabotot va hayvonotga, qo‘yingki, barcha mavjudotga nisbatan rahm-shafqatli va mehribon bo‘lishga chaqiradi. Zo‘ravonlik, qo‘poruvchilik va tajovuzkorlikni u hech qachon oqlagan emas va oqlamaydi ham. Qur’oni karimning Moida surasi 32 — oyati mazmunida shunday deyiladi: “Kimki biron jonni o‘ldirmagan va yerda buzg‘unchilik qilib yurmagan odamni o‘ldirsa, demak go‘yo barcha odamlarni o‘ldiribdi va kimki unga hayot ato etsa, demak, go‘yo barcha odamlarga hayot beribdi”.

Dinimizning tinchliksevar, mo‘tadil ta’limot ekanligini, u hech qachon qon to‘kish, urush olovini yoqishni yoqlamasligini butun jahon ahli yaxshi biladi. Shulardan kelib chiqqan holda to‘la ishonch bilan aytishimiz mumkinki, terrorchi va ekstremistlar bu dunyodagi yovuzlik merosxo‘rlaridir. 

 

M.Xabibullayev

Gurlan tuman bosh imom-xatibi

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Ilmiy-amaliy anjuman doirasida bir guruh ustoz va xodimlar munosib taqdirlandi

21.08.2026   41311   1 min.
Ilmiy-amaliy anjuman doirasida bir guruh ustoz va xodimlar munosib taqdirlandi

O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan tashkil etilgan «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» mavzusidagi I ilmiy-amaliy anjumani doirasida sohada alohida o‘rnak ko‘rsatgan ustozlarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Anjumanda Davlatimiz Rahbari tashabbuslari bilan har jabhada amalga oshirilayotgan islohotlar qatorida ilm-fanni taraqqiy ettirish, ajdodlar merosini o‘rganish, diniy ta’limni rivojlantirish va sohaga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibordan mamnunlik kayfiyati hukm surdi.

Diniy idora tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalarida samarali faoliyat yuritib, yoshlarga ta’lim-tarbiya berish, soha rivojiga munosib hissa qo‘shish hamda dinimizning sofligini asrash yo‘lida fidokorona mehnat qilayotgan bir guruh pedagog va mudarrislar mehnati munosib e’tirof etildi.

Tadbir davomida sohadagi fidokorona va samarali mehnatlari uchun quyidagi ustoz va pedagoglar Faxriy yorliq hamda Umra yo‘llanmalari bilan mukofotlandi:

  • Rahmatulla Umarov — Sayyid Muhyiddin maxdum o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi.
  • Maxtumquli Toshqulov — Xoja Buxoriy o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi.
  • Azimxon Abdullayev — Hidoya o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi.
  • Abdulbosit Rahimov — Mir Arab o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi.

Shuningdek, anjuman doirasida diniy ta’lim tizimida namunali rahbarlik qilgan, fidokorona pedagogik va ilmiy-faoliyat olib borgan,ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, to‘garaklarni samarali tashkil etishdagi alohida xizmatlari uchun yana 15 nafar rahbar va o‘qituvchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasining Faxriy yorliqlari hamda esdalik sovg‘alari — televizor, noutbuk va planshetlar bilan taqdirlandi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi taqdirlangan barcha ustoz va xodimlarni ushbu yuksak e’tirof bilan samimiy muborakbod etib, ularning kelgusi ilmiy va pedagogik faoliyatlarida ulkan zafarlar tilaydi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari