Bu sahobiyning ismlari Abdurahmon ibn Avf bo‘lib, Banu Zuhra urug‘idan bo‘lganlar. Kunyalari Abu Muhammad edi. Makkada peshqadamlardan bo‘lib Islom diniga kirganlar. Rivoyatlarda fil yilidan o‘n yil keyin tug‘ilganlari aytiladi. Ikki marta hijrat qilganlar. Birinchisi Habashistonga, ikkinchisi Madinaga. Badr va boshqa barcha janglarda ishtirok etganlar. Nabiy sollallohu alayhi vasallam Madinada u kishini asnorlardan Sa’d ibn Rabiy’ roziyallohu anhu bilan birodar qilib qo‘yganlar. Qahramonimiz Ibn Avf roziyallohu anhu “Asharai mubashshara” (tirikligida jannatga kirishini eshitgan)lardan edilar.
Abdurahmon ibn Avf roziyallohu anhu baland bo‘yli, oppoq chehralariga biroz qizil aralashgan, go‘zal yuzli, keng yelkali bo‘lganlar.
Sa’d ibn Robiy’ roziyallohu anhu u kishi bilan aka-uka tutinganlaridan so‘ng “Men ansorlarning orasida moli ko‘p odamman. Molimning yarmini sizga beraman...” deganlar. Shunda Abdurahmon ibn Avf roziyallohu anhu “Alloh taolo sizning molingizga va ahlingizga baraka bersin! Menga bozorni ko‘rsatib qo‘ying!” deydilar. Sa’d roziyallohu anhu u kishiga bozorni ko‘rsatib qo‘yadilar. Keyin qahramonimiz bozorda savdo ishlarini yo‘lga qo‘yib, tez orada boyib ketganlar.
Boyliklari juda ko‘p edi. Hatto rivoyatlarda kelishicha, Shomdan Madinaga yetti yuz tuyadan iborat karvon kirib kelar, o‘sha karvon Abdurahmon ibn Avf roziyallohu anhuga tegishli bo‘lardi.
Imom Buxoriy rahimahulloh “Tarix” kitoblarida keltirishlaricha, Abdurahmon ibn Avf roziyallohu anhu Badrda qatnashib, o‘sha paytda hayot bo‘lib turgan sahobalarning har birlariga to‘rt yuz dinor, mo‘minlarning onalarining har birlariga ko‘p miqdorda mol berishni vasiyat qilgan ekanlar. Hatto Oisha onamiz roziyallohu anho “Alloh uni salsabil bulog‘idan sug‘orsin” deb duo qilgan ekanlar.
U kishi vafot etganlarida, qoldirgan boyliklari 3 103 000 000 (uch milliard bir yuz uch million) dinor bo‘lgan ekan. 1 dinor — 4.365 gramm oltindir. Mazkur dinorlarni dollarga aylantirsak, 528.2 mlrd.$ bo‘lar ekan.
Abdurahmon ibn Avf roziyallohu anhu qullari bilan birga ovqatlanardilar. Tanimagan odam u kishini qullari orasidan ajrata olmasdi.
Shuncha boyliklari bo‘lsa ham u kishi o‘ta kamtar edilar. Kekkayish, o‘zini katta olish, moli bilan, obro‘si bilan maqtanish ularga yot edi.
Sahobai kiromlar Nabiy sollallohu alayhi vasallam madrasalarining peshqadam talabalaridir.
Pulning ko‘p yoki ozligi ularning fazilatlariga soya solmagan. Doim insoniylikning yuksak namunasini ko‘rsatib boraverishgan.
Abdurahmon ibn Avf roziyallohu anhu hijriy 32-yilda, Usmon roziyallohu anhuning xalifalik paytlarida vafot etganlar. Taxminan yetmish besh yil umr ko‘rganlar.
Alloh taolo u kishidan va barcha sahobalardan rozi bo‘lsin!
Internet ma’lumotlari asosida Nozimjon Hoshimjon tayyorladi
Savol: Biz tomonlarda qattiq yomg‘ir yog‘ib, Juma va ikki hayit namozlarida odamlar tashqarida namoz o‘qiy olmay, masjid ichiga tiqilib ketadi. Sunnatni almashib o‘qib olishadi, ammo farz namozda buning imkoni yo‘q-ku. Bu holatda qanday yo‘l tutiladi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bu kabi uzrli hollarda ya’ni savolda zikr qilinganidek, Juma va ikki hayit namozlarida orqadagilar oldingi safdagi namozxonlarning bellariga sajda qilib, namozni ado etsalar bo‘ladi.
Buning kayfiyati shunday: Avvalgi safdagilar odatdagidek ruku va sajda qiladilar. Ularning orqasidagilar esa, rukuda imkon qadar egiladilar, so‘ng sajdada oldingi safdagi odamlarning orqa bellariga boshlarini qo‘yib, sajda qiladilar. Farzni shunday o‘qisalar, sunnatlarni savolda aytilgandek almashib o‘qib olaveradilar. Chunki belga sajda qilish zarurat tufayli joiz bo‘ladi. Sunnat namozni o‘qishda esa, bunday zarurat bo‘lmaydi.
Bundan tashqari, bu kabi uzrli holatlarda oldindagi odamning oyoqlari ustiga yoki o‘zining soniga ham sajda qilish mumkin. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.