بسم الله الرحمن الرحيم
الحَمْدُ للهِ الَّذِي قَالَ فِي كِتَابِهِ فَانْتَشِرُوا فِي الْأَرْضِ وَابْتَغُوا مِنْ فَضْلِ اللَّهِ وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمَ عَلَى سَيِّدِنَا مُحَمَّدٍ الَّذِي قال الْحَلَالُ بَيِّنٌ وَالْحَرَامُ بَيِّنٌ وَبَيْنَهُمَا مُشَبَّهَاتٌ ، وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ أجْمَعِينَ، أَمَّا بَعْدُ.
HALOL KASB – BARAKA kaliti
Muhtaram jamoat! Dinimiz hamma sohada mo‘tadil bo‘lishga chaqiradi. Dunyoni deb oxiratni, oxiratni deb dunyoni tashlab qo‘ymaslikka buyuradi. Shuning uchun musulmon kishi ikki dunyoni ham e’tiborga olib yashaydi va halol kasb izidan o‘ziga hamda ahli-oilasiga pokiza rizq izlaydi.
Halollik – shariatimizda eng asosiy masalalardan biri hisoblanadi. Zero, har bir musulmon bajargan solih amallarining qabul bo‘lishi, farzandlarining salohiyati, oilasining farovonligi aynan luqmasining halol, kasbi-korining shariat ko‘rsatmalariga muvofiq bo‘lishiga bog‘liqdir. Bu haqida Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deydilar:
طَلَبُ الْحَلاَلِ وَاجِبٌ عَلَى كُلِّ مُسْلِمٍ
رواه الإمام الطبراني عن انس ابن مالك رضي الله عنه
ya’ni: “Halol rizq izlash – har bir musulmon uchun vojibdir”, – deyilgan (Imom Tabaroniy rivoyatlari).
Tirikchilik uchun kasb-kor qilish hayot zaruratlaridan bo‘lgani sababli Alloh taolo inson hayoti uchun kerak bo‘ladigan barcha sabablarni tayyorlab qo‘ygan. Qur’oni karimda shunday marhamat qilinadi:
اللَّهُ الَّذِي خَلَقَ السَّمَاوَاتِ وَالْأَرْضَ وَأَنْزَلَ مِنَ السَّمَاءِ مَاءً فَأَخْرَجَ بِهِ مِنَ الثَّمَرَاتِ رِزْقًا لَكُمْ وَسَخَّرَ لَكُمُ الْفُلْكَ لِتَجْرِيَ فِي الْبَحْرِ بِأَمْرِهِ وَسَخَّرَ لَكُمُ الْأَنْهَارَ وَسَخَّرَ لَكُمُ الشَّمْسَ وَالْقَمَرَ دَائِبَيْنِ وَسَخَّرَ لَكُمُ اللَّيْلَ وَالنَّهَارَ
(سورة ابراهيم الاية-33-32)
ya’ni: “Alloh osmonlar va Yerni yaratgan va osmondan suv (yomg‘ir, qor) yog‘dirib, u sababli sizlarga rizq bo‘ladigan mevalarni chiqargan zotdir. U (O‘z) amri bilan dengizda suzib yurishi uchun kemalarni sizlarga bo‘yin sundirdi. Yana daryolarni ham sizlarga bo‘yin sundirdi (32). (U) doimo faoliyat ko‘rsatib turuvchi Quyosh va Oyni ham sizlarga bo‘ysundirdi. Yana kecha va kunduzni sizlarga bo‘ysundirdi (33)” (Ibrohim surasi 32-33-oyatlari).
Islom dini halol mehnat qilish, kasb-kor qilishni ulug‘ladi va unga ajr-savoblar va’da qildi. Qur’oni karimning bir necha o‘rnida halol kasb qilish ibodat bilan birga zikr qilingan. Jumladan, namoz ibodatini ado qilgandan keyin tarqalib, Alloh taoloning fazli – halol rizq izlash haqida Qur’oni karimda shunday deyiladi:
فَإِذَا قُضِيَتِ الصَّلَاةُ فَانْتَشِرُوا فِي الْأَرْضِ وَابْتَغُوا مِنْ فَضْلِ اللَّهِ وَاذْكُرُوا اللَّهَ كَثِيرًا لَعَلَّكُمْ تُفْلِحُونَ
(سورة الجمعة الاية-10)
ya’ni: “Bas, qachonki, namoz ado qilingach, yerda tarqalib, Allohning fazli (rizqi)dan istayveringiz! Allohni ko‘p yod etingiz! Shoyad (shunda) najot topsangiz” (Jum’a surasi 10-oyat).
Hadisi shariflarda eng yaxshi kasb inson o‘z qo‘li va savdo yo‘li bilan qiladigan kasb ekani aytiladi. Hadisi shariflar dehqonchilik, chorvachilik, bog‘dorchilik, hunarmandlik, sanoat va ularni xaridorga yetkazish, ya’ni savdoni o‘z ichiga oladi. Bugungi kundagi turli xil xizmatlar ham mana shu savdoning ichiga kiradi, chunki xizmatlar ham pirovard natijada sotiladi. Rofe’ ibn Xadij raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamdan eng yaxshi kasb qaysi, deb so‘rashdi. U Zot alayhissalom:
عَمَلُ الرَّجُلِ بِيَدِهِ وَكُلُّ بَيْعٍ مَبْرُورٍ
ya’ni: “Eng yaxshi kasb – kishi o‘z qo‘li bilan kasb qilishi va har bir yaxshi savdo”, – deb javob berdilar (Imom Ahmad rivoyatlari).
Sog‘lom, mehnatga layoqatli kishining o‘zi va ahli ayoli uchun kasb-kor qilib mol topishi – asosiy farzlardan keyingi farzdir. Lekin kasbu kor ham farz ekan deb, asosiy ibodatlarni chetga surib qo‘yilmaydi. Musulmon kishi zimmasidagi oila ahlini ta’minotsiz qoldirib, kasb-kor qilishni tashlashi yoki tilanchilik yo‘liga o‘tishi mumkin emas, balki halol mehnat qilishi kerak. Kishining kasbi odamlarning ko‘ziga har qancha haqir ko‘rinmasin, Alloh taoloning nazdida maqbul va sevimlidir. Bu haqda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday marhamat qiladilar:
لأَنْ يَأخُذَ أحَدُكُمْ أحبُلَهُ ثُمَّ يَأتِيَ الجَبَلَ ، فَيَأْتِيَ بحُزمَةٍ مِنْ حَطَب عَلَى ظَهْرِهِ فَيَبِيعَهَا ، فَيكُفّ اللهُ بِهَا وَجْهَهُ ، خَيْرٌ لَهُ مِنْ أنْ يَسْألَ النَّاسَ ، أعْطَوْهُ أَوْ مَنَعُوهُ
(رواه الامام البخاري عن الزبير بن العَوَّام رضي الله عنه)
ya’ni: “Birortangiz arqonini olib toqqa borishi, u yerdan bir bog‘ o‘tinni orqalab kelib, (odamlarga) sotishi va Alloh shu (kasb) sababli uni tilanchilikdan asrashi, uning odamlardan tilanishi ular yo berib, yo bermasliklaridan yaxshiroqdir” (Imom Buxoriy rivoyatlari).
Kasb-kor masalasida odamlar bir necha qismga bo‘linadilar. Ba’zilar biz Allohga tavakkal qilamiz deb, kasb qilishdan o‘zlarini chetga tortadilar va o‘zgalarga yuk bo‘ladilar. Aslida, tavakkal qilish – payg‘ambarlarning holi, kasb qilish esa – ularning sunnatlaridir. O‘tgan payg‘ambarlar, sahobalar va aziz-avliyolarning kasb-korlari bo‘lgani ma’lum va mashhur. Hazrati Umar aytardilar: “Meni bir kishining ko‘rinishi lol qoldiradi. Shunda u haqida so‘rasam, uning kasbi yo‘qligini aytishadi va u mening nazarimdan qoladi”.
Bir toifa odamlar kasb-kor qilishda nuqsonga yo‘l qo‘yadilar va halolmi-harommi ajratib o‘tirmaydilar. Haromning gunohini yelkalariga olishlari bilan birga kasblarining barakasi ketadi. Eng yomoni haromdan o‘sgan go‘sht kishini do‘zaxga yetaklaydi.
Ba’zilar halol kasb qiladilar, lekin dunyo ularni Alloh taoloning haqqini ado qilishdan to‘sadi va oxiratlarini boy beradilar. Bu haqda Qur’oni karimda shunday deyiladi:
مَنْ كَانَ يُرِيدُ حَرْثَ الْآَخِرَةِ نَزِدْ لَهُ فِي حَرْثِهِ وَمَنْ كَانَ يُرِيدُ حَرْثَ الدُّنْيَا نُؤْتِهِ مِنْهَا وَمَا لَهُ فِي الْآَخِرَةِ مِنْ نَصِيبٍ
(سورة الشورى الاية-20)
ya’ni: “Kimki, oxirat ekinini (savobini) istar ekan, Biz unga ekini (hosili)ni ziyoda qilurmiz. Kimki dunyo ekinini istar ekan, Biz unga o‘shandan berurmiz va uning uchun oxiratda nasiba (savob) bo‘lmas” (Sho‘ro surasi 20-oyat).
Oxirgi toifa odamlar kasbu kor qilishning shariatga mos yo‘lini tanlaydilar. Ularning maqsadi Alloh taoloning roziligi bo‘ladi. O‘zlarining haqlarini oladilar va zimmalaridagi burchlarni ado qiladilar. Haloldan infoq-ehson qiladilar. Mana shu – shariatimiz bizdan talab qilgan kasb qilish yo‘lidir.
Bugungi kunimizda ko‘pchilik dindorlik, taqvodorlikni namoz, ro‘za, haj bilan o‘lchaydi. Yuqoridagi ibodatlar taqvoning asosi bo‘lsa ham, ba’zi odamlar nazardan qochirayotgan bir nuqta bor. Bu – bandaning haqqidan hazar qilmaslik. Jumaga chiqadi, lekin tosh-tarozudan uradi, ro‘zani tutadi, ammo shartnoma va va’daga vafo qilmaydi. Zakotni beradi, biroq imkon bo‘lib qolsa, shubhali yoki sifatsiz (xalqqa zararli) mahsulotlarni ham sotaveradi. Xizmatni sifatli bajarishga ahdlashadi, lekin va’dasini bajarmaydi. Shuning uchun ham Imom Muhammad rahmatullohi alayhga taqvo haqida birorta kitob yozib bering deyilganda: “Ana savdo-sotiq haqida kitob yozib qo‘yibman-ku!”, – degan ekanlar. Demak, kishining taqvosi oldi-berdi qilayotganda, bandalar oldidagi o‘zining burchlarini o‘tayotganda bilinadi.
Kitob chiqaradigan va uning savdosi bilan shug‘ullanadiganlar ichida mualliflik huquqini poymol qilish ham bor. Bir kishi yillab mehnat qilgan narsani bir necha kunda o‘ziniki qilib nashr qilib chiqarsa, topgan puli halol bo‘ladimi?!
Keyingi paytlarda turli xil xalq ehtiyoji mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi firmalar ichida mahsulotiga mashhurroq firmaning emblema (savdo belgi)sini qo‘yib sotish ko‘payib qoldi. Masalan, bir firma yangi kir yuvish kukunini kashf qildi, deylik. Bu ishga ko‘p mablag‘ va vaqt sarflagan. Kukunga kerakli moddalarni me’yorida qo‘shgan. O‘ziga yarasha mijoz ham orttirgan. Shu paytda bir qallob chiqib, mashhur firmaning nomidan qalbaki, arzon mahsulot chiqara boshlaydi. Ko‘pchilik buning farqiga bormaydi. Eng yomoni qalbaki mahsulotlar tarkibida me’yordagi moddalar bo‘lmagani uchun ular sog‘liq uchun ham zararli bo‘ladi. Mana shunday pul topayotganlar “mening topganim halol” deya olarmikan?!
Kiyim bozoriga tushgan sodda kishilar uchqir dallollar qo‘liga tushadi. Natijada ularning ming aldovi bilan kiyimlarni bozor narxidan ikki-uch barobar qimmatga sotib olishadi. Oddiy matoni Misr paxtasidan bo‘lgan, deb aldab, xaridorni chuv tushirishadi. Musulmonlarni aldab topilgan pullarni “halol” deb bo‘larmikan?!
Muammoning yechimi – Alloh taoloning haqqiga rioya qilingani kabi, bandalarning haqlariga ham rioya qilish kerak. Barakasiz, ko‘p harom moldan, kam bo‘lsada halol-pok barakali mol yaxshi. Haromdan sadaqa qilingan ko‘p mablag‘ qabul bo‘lmaydi, halol oz bo‘lsa-da qabul bo‘ladi. Bu haqda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deydilar:
"يَا أَيّهَا النّاسُ إنّ الله طَيّبٌ ولاَ يَقْبَلُ إلاّ طَيّباً، وَإِنّ الله أمَرَ المُؤْمِنِينَ بِمَا أمَرَ بِهِ المُرْسَلِينَ، فَقَالَ: {يَا أَيّهَا الرّسُلُ كُلُوا مِنَ الطّيّبَاتِ وَاعْمَلُوا صَالِحاً إني بِمَا تَعْمَلُونَ عَلِيمٌ} وَقالَ: {يا أَيّهَا الّذِينَ آمَنُوا كُلُوا مِنْ طَيّبَاتِ مَا رَزَقْناكُمْ} قَالَ: وَذَكَرَ الرّجُلُ يُطِيلُ السّفَرَ أشْعَثَ أغْبَرَ يَمُدّ يَدَهُ إلَى السّمَاءِ يَا رَبّ يَا رَبّ وَمَطْعَمُهُ حَرَامُ، وَمَشْرَبَهُ حَرَامٌ. وَمَلْبَسُهُ حَرَامٌ وَغُذِيَ بِالْحَرَامِ فَانّى يُسْتَجَابُ لِذَلِكَ"
(رواه الامام الترمذي عن أبي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه)
ya’ni: “Ey, odamlar! Albatta, Alloh – pokdir va faqat pokni qabul qiladi. Alloh mo‘minlarga ham payg‘ambarlarga buyurgan narsani buyurdi: “(Payg‘ambarlarimizga shunday dedik:) “Ey, payg‘ambarlar! Pok (taom)lardan tanovul qilingiz va ezgu (ish) qilingiz! Albatta, Men qilayotgan ishlaringizni biluvchidirman”. (Alloh taolo mo‘minlarga) aytdi: “Ey, imon keltirganlar! Sizlarga Biz rizq qilib bergan pokiza narsalardan yenglar!” U zot alayhissalom bir kishi haqida aytdilar: u uzoq safar qiladi, sochlari to‘zigan, ust-boshi chang, qo‘lini osmonga cho‘zib Ey, Rabbim! Ey, Rabbim, deydi. Vaholanki, yegani harom, ichgani harom, kiygani harom. Harom bilan oziqlangan, qanday qilib uning duosi qabul bo‘lsin!” (Imom Termiziy rivoyatlari)
Demak, harom moldan kiyish, yeyish va ichish bandaning duosi ijobat bo‘lishiga to‘siq bo‘ladi. Duo esa – ibodatning mag‘zi, mo‘minning quroli. Shunchalik fazilatlardan mahrum bo‘lgan kishida o‘zi nima qoladi?!
Mo‘min kishi halol kasb tanlab, pok yo‘llar bilan mol topishi darkor. Harom va shubhali mollardan qochishi kerak. Zero Qiyomatda kishi qayerdan topib, qayerga sarflaganini hisobini bermaguncha, oyoqlari o‘rnidan jilmaydi.
Hurmatli jamoat! Yana bir muhim jihat shuki, bir narsani halol yoki harom qilish Alloh taolo va Rasulining haqlaridir. Hech kim o‘zicha bir narsani halolga yoki haromga chiqara olmaydi. Dinimiz mukammal bo‘lgani sababli halol ham, harom ham aniq bo‘lgan. Bu haqda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deydilar:
الْحَلَالُ بَيِّنٌ وَالْحَرَامُ بَيِّنٌ وَبَيْنَهُمَا مُشَبَّهَاتٌ لَا يَعْلَمُهَا كَثِيرٌ مِنْ النَّاسِ فَمَنْ اتَّقَى الْمُشَبَّهَاتِ اسْتَبْرَأَ لِدِينِهِ وَعِرْضِهِ...
(رواه الامام البخاري عن النُّعْمَانَ بْنَ بَشِيرٍ رضي الله عنه)
ya’ni: “Halol ham – aniq, harom ham – aniq. Ularning o‘rtasida shubhali narsalar bor. Ko‘p odamlar buni bilmaydilar. Kim shubhalardan saqlansa, dini va obro‘yini pok saqlaydi...” (Imom Buxoriy rivoyatlari).
Shariatimiz qoidalariga ko‘ra, haromni halolga chiqarish mumkin bo‘lmagani kabi, halol narsalarni haromga chiqarish ham mumkin emas. Qur’oni karimda shunday deyiladi:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا لَا تُحَرِّمُوا طَيِّبَاتِ مَا أَحَلَّ اللَّهُ لَكُمْ وَلَا تَعْتَدُوا إِنَّ اللَّهَ لَا يُحِبُّ الْمُعْتَدِينَ
(سورة المائدة الاية-87)
ya’ni: “Ey, imon keltirganlar! Sizlar uchun Alloh halol qilib qo‘ygan narsalarni haromga chiqarmangiz va haddan oshmangiz! Zero, Alloh haddan oshuvchilarni yoqtirmaydi” (Moida surasi 87-oyat).
Ba’zi kishilar Qur’on va hadisda hukmi topilmagan narsalarni haromga chiqarishga moyil bo‘ladilar. Vaholanki, Hanafiy mazhabimizda narsalardagi asli qoida – mubohlikdir. Ya’ni, hukmi noma’lum bo‘lgan narsalarning haromligiga dalil topilmaguncha, unga harom hukmi berilmaydi, balki muboh bo‘lib turadi.
Hozirgi kunda ko‘pincha ijtimoiy tarmoqlarda ilmiy saviyasi yetarli bo‘lmagan kishilar masalaning tafsilotini bayon qilmasdan, ilmsizlarcha bir kasb yo bir sohani umuman haromga chiqarish kabi illatlar yuzaga chiqmoqda. Vaholanki, Imom Abu Hanifa, Imom Molik va Imom Ahmad rahmatullohi alayhimlardan “harom” so‘zini ishlatishda nihoyatda ehtiyotkor bo‘lganliklari rivoyat qilinadi. Bu haqda Qur’oni karimda ogohlantirib aytiladi:
وَلَا تَقُولُوا لِمَا تَصِفُ أَلْسِنَتُكُمُ الْكَذِبَ هَذَا حَلَالٌ وَهَذَا حَرَامٌ لِتَفْتَرُوا عَلَى اللَّهِ الْكَذِبَ إِنَّ الَّذِينَ يَفْتَرُونَ عَلَى اللَّهِ الْكَذِبَ لَا يُفْلِحُونَ
(سورة النحل الاية-116)
ya’ni: “Alloh nomidan yolg‘on to‘qib, tillaringizga kelgan yolg‘onni gapirib: «Bu halol, bu harom» deyavermangiz! Chunki Alloh sha’niga yolg‘on to‘qiydigan kimsalar sira najot topmagaylar” (Nahl surasi 116-oyat).
Demak, halol-harom va shubhali narsalar to‘g‘risida har kim o‘zicha gapirib, ixtilof chiqaravermasdan, ustoz-olimlardan so‘rab aniqlashtirishimiz va o‘rganishimiz lozim bo‘ladi. Shunda dinimiz va obro‘mizni pok saqlagan bo‘lamiz.
Muhtaram jamoat! Mav’izamiz davomida aqidaviy masalalardan “Payg‘ambarlar haqida qanday e’tiqod qilishimiz lozimligi” haqida suhbatlashamiz.
Payg‘ambarlarning birinchisi – Odam alayhissalom, oxirgisi – Muhammad sallallohu alayhi vasallamdirlar. Ilohiy payg‘ambarlarning soni juda ham ko‘p. Hadislarda ularning adadi turlicha kelgan. Ulamolarimiz payg‘ambarlar adadi haqida qat’iy bir raqam tayin etilmagani yaxshi, deydilar. Qur’oni karimda ismi zikr etilgan payg‘ambarlarning soni yigirma beshtadir. Bular: Odam, Idris, Nuh, Hud, Solih, Ibrohim, Lut, Ismoil, Is'hoq, Yoqub, Yusuf, Ayyub, Zulkifl, Shuayb, Muso, Xorun, Dovud, Sulaymon, Ilyos, Alyasaa, Yunus, Zakariyo, Yahyo, Iso va Muhammad alayhimussalomdirlar. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi:
وَلَقَدْ أَرْسَلْنَا رُسُلًا مِنْ قَبْلِكَ مِنْهُمْ مَنْ قَصَصْنَا عَلَيْكَ وَمِنْهُمْ مَنْ لَمْ نَقْصُصْ عَلَيْكَ وَمَا كَانَ لِرَسُولٍ أَنْ يَأْتِيَ بِآَيَةٍ إِلَّا بِإِذْنِ اللَّهِ ...
(سورة غافر الاية-78)
ya’ni: “Biz Sizdan oldin (ko‘p) payg‘ambarlarni yuborgandirmiz. Ulardan Biz Sizga qissasini aytganimiz ham bor, yana ulardan Biz Sizga qissasini aytmaganimiz ham bordir. Biror payg‘ambarga Allohning iznisiz biror mo‘jiza keltirish joiz emas” (G‘ofir surasi 78-oyat).
Payg‘ambarlik vazifasi nuqtayi nazaridan hamma payg‘ambarlar tengdirlar, oralarida farq yo‘qdir. Fazilat jihatidangina ular bir-birlaridan ajralib turishadi. Bu jihatdan Muhammad, Ibrohim, Muso, Iso, Nuh alayhimussalomlar ulul-azm (ya’ni, sha’ni ulug‘) payg‘ambarlar deyiladi. Bularning ham ichlarida eng fazilatlisi Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sallallohu alayhi vassalamdirlar. U Zot payg‘ambarlarning eng so‘nggisi hisoblanadilar va U Zotdan so‘ng payg‘ambar chiqmaydi.
Ulamolar payg‘ambarlar haqida to‘rt narsada e’tiqod qilishimiz vojib deydilar. Ular:
Alloh taolo barchamizning e’tiqodimizni mustahkam qilib, halol kasb bilan pok rizq talab qilishni oson qilsin! Alloh va Rasuli halol deganni halol, harom deganni harom deb, amal qilishni nasib aylasin! Omin!
Muhtaram imom-domla! Kelgusi juma ma’ruzasi “KONSTITUTSIYA – HUQUQIMIZ KAFOLATI” mavzusida bo‘ladi.
“Yangi O‘zbekiston” gazetasining shu yil 27 avgust kungi 175-sonida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy, “Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordeni sohibi Shayx Nuriddin XOLIQNAZAR hazratlarining “Qadr-qimmatimiz ulug‘lanayotgan yurt” nomli maqolasi chop etildi.
Ezgulik, bag‘rikenglik markaziga aylanayotgan mamlakatimizda diniy-ma’rifiy sohada erishilayotgan tarixiy yutuqlar e’tirofiga bag‘ishlangan qiyosiy-tahliliy maqolaning to‘liq matni bilan quyida tanishishingiz mumkin:
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Butun xalqimiz tomonidan katta shodiyona qilinayotgan, o‘z taqdirini shu aziz Vatan taqdiri bilan bog‘lagan qirq millionga yaqin yurtdoshimiz qalbini cheksiz faxr-iftixor tuyg‘ulariga to‘ldirayotgan mustaqillik bayrami – istiqlolimizning 35 yillik ayyomi bilan barchani chin qalbimdan muborakbod etaman.
Alloh taologa behisob shukrki, mamlakatimizda so‘nggi yillardagi jadal va keng ko‘lamli islohotlar qatorida e’tiqod erkinligini ta’minlash hamda mo‘min-musulmonlar emin-erkin toat-ibodat qilishi uchun yaratilayotgan sharoitlar yangi bosqichga ko‘tarildi.
Bunyodkorlik va ma’naviy tiklanish solnomasi
So‘nggi o‘n yillik solnomasiga qaraydigan bo‘lsak, yurtimizning har bir hududida ulkan bunyodkorlik ishlariga guvoh bo‘lamiz. Ularning eng mahobatlilari, shubhasiz, poytaxtimizdagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasidir.
Bundan 9 yil oldin Islom sivilizatsiyasi markazini barpo etish haqida maxsus qaror qabul qilinib, amaliy ishlar boshlangan edi. Nihoyat joriy yilda qadimdan Toshkentning ma’naviy markazi bo‘lib kelgan Hazrati Imom majmuasi yonida milliy ruh va zamonaviy sharoitlarga ega muhtasham inshoot barpo etildi. Markazning asosiy zali, ta’bir joiz bo‘lsa, qalbi, hech shubhasiz, muqaddas Qur’on zalidir. Bu yerda dunyodagi eng qadimiy Hazrati Usmon Mus'hafi yuksak maqomiga yarasha munosib o‘rin topdi.
Bu maskanda O‘zbekiston musulmonlari idorasi ham yangi qarorgohiga ega bo‘ldi. Prezidentimizning oq fotihasi bilan biz ham shu yerda faoliyatimizni davom ettiryapmiz.
Imom Buxoriy majmuasi qurilishi 2019 yilda boshlangan edi. Qariyb 45 gektar maydonni qamrab olgan hududda ulkan maqbara, 10 ming kishilik masjid, innovatsion muzey, kutubxona, mehmonxonalar va boshqa zarur infratuzilma inshootlari barpo etildi.
Shu muazzam majmua foydalanishga topshirilayotganida xayolimga bir fikr keldi. Bilasiz, Imom Buxoriy bobomiz ilm talab qilish yo‘lida qancha mashaqqatlar chekib dunyo kezdilar. Buyuk muhaddis bo‘lib Vatanimizga qaytib keldilar. Lekin unga hozirgidek e’tibor, ehtirom, e’zoz ko‘rsatilmagandi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Imom Buxoriy hazratlarining boy ilmiy merosini yuksak darajada qadrlash va targ‘ib etishga yangi bosqichda keng imkoniyatlar yaratildi. Hozir butun islom olami, barcha musulmonlar shu majmuaga talpinmoqda.
Shuningdek, Farg‘onadagi Burhoniddin Marg‘inoniy yangi majmuasi, Namangandagi Sulton Uvays Qaraniy ziyoratgohi, Andijon bosh masjidi, Surxondaryodagi termiziylar maqbaralari, Qashqadaryodagi Abu Muin Nasafiy ziyoratgohi, Buxorodagi Mir Arab oliy madrasasi, Nukusdagi Imom Eshon Muhammad, Urganchdagi Oxun bobo masjidlari, Toshkentdagi Suzuk ota, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf masjid-majmualari, Toshkent viloyatidagi Zangiota ziyoratgohini ham sanab o‘tish mumkin.
Yurtimizning shaharu qishloqlarida, eng chekka hududlarida 130 taga yaqin yangi masjid ochildi. 500 dan ziyod jome butunlay qaytadan bunyod etildi. 3 ta oliy va 1 ta o‘rta maxsus madrasa tashkil etildi. Jumladan, 500 yillik tarixga ega Mir Arab oliy madrasasining tarixiy maqomi tiklandi va uni dunyoga mashhur al-Azhar majmuasi darajasiga yetkazish ishlari davom etmoqda.
Samarqandda Hadis ilmi maktabi, Surxondaryoda Imom Termiziy nomidagi islom instituti, shuningdek, Imom Termiziy nomidagi o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi faoliyat boshladi. Toshkent islom institutida magistratura tashkil qilinib, bu yil ilk bitiruvchilar sohaning nufuzli idoralarida mehnat faoliyatiga kirishdi.
Qur’oni karim va tajvid o‘quv kurslari soni 30 dan oshdi. Mashg‘ulotlarni 100 mingdan ziyod tinglovchi yakunlab, Allohning kalomini o‘qish baxtiga erishdi. Bundan tashqari, internet orqali onlayn qiroat saboqlari yo‘lga qo‘yildi.
Diniy idoramiz huzurida Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan Fatvo markazi tashkil etildi. Bu yerda diniy ulamolarimiz har yili yurtdoshlarimizning 300 mingdan ortiq savoliga javob berib kelmoqda. E’tiborlisi, ishlash yo o‘qish maqsadida chet davlatda bo‘lib turgan vatandoshlarimizning savollariga mobil ilova va ijtimoiy tarmoqlar orqali ham javob berish imkoniyati yaratilgan.
Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy va Bahouddin Naqshband nomidagi 4 ta xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ta’sis etilib, nodir ilmiy-ma’rifiy asarlar tadqiq qilinmoqda.
Ziyorat va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash
Haj va umra safarlariga keng yo‘l berildi. Haj kvotasi 3 baravar, ya’ni 5 mingdan 15 mingga ko‘paygan bo‘lsa, umraga qo‘yilgan kvota cheklovlari olib tashlandi. Natijada har yili 1 millionga yaqin hamyurtimiz Allohning baytini ziyorat qilishga muvaffaq bo‘lmoqda.
Bu yildan boshlab Prezident hojilari dasturi joriy etilib, el-yurtimizga sidqidildan xizmat qilgan 100 nafar yurtdoshimiz haj safariga imtiyozli borib keldi.
Ramazon oyi, ikki hayit bayrami haqiqiy ma’noda katta ayyomga aylandi. Bu muborak sanalarni Prezident qarori bilan keng nishonlash dunyo mamlakatlari tajribasida yo‘q. Ayniqsa, joriy yilgi ayyomlarda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilgan ulkan voqeliklarni alohida ta’kidlash kerak: Ramazon oyida 1 trillion 100 million so‘m, Qurbon hayitida 700 milliard so‘m mablag‘ xayriya ishlariga yo‘naltirildi.
Diniy soha xodimlariga bugungidek e’tibor, ijtimoiy, moddiy qo‘llab-quvvatlash ilgari kuzatilmagan edi. Ayniqsa, 15 ulamoning Imom Buxoriy ordeni bilan mukofotlanishi tarixiy voqea bo‘ldi.
Imom-xatiblarimiz xorijiy tajriba almashish va malaka oshirish uchun chet davlatlarga bormoqda. Xususan, AQSH, Rossiya, Buyuk Britaniya, Yevropa mamlakatlari, Saudiya Arabistoni, Misr, BAA, Turkiya, Janubiy Koreya singari davlatlarda malaka oshirish kurslari, Qur’oni karim xatmlari, diniy-ma’rifiy suhbatlarda ishtirok etmoqda. Albatta, bunday yuksak ehtirom va keng imkoniyatlar qalblarimizda cheksiz shukronalik tuyg‘usini uyg‘otadi. Zero, Alloh taolo Qur’oni karimda shukr qiluvchilarga ne’matlarini yanada ziyoda etishni va’da qilib, bunday marhamat qiladi:
“Va Robbingiz sizga: “Qasamki, agar shukr qilsangiz, albatta, sizga ziyoda qilurman. Agar kufr keltirsangiz, albatta, azobim shiddatlidir”, deb bildirganini eslang” (Ibrohim surasi, 7-oyat).
Ushbu ilohiy va’daga muvofiq, tinch va farovon kunlarimizning qadriga yetish, yurtimizda amalga oshirilayotgan xayrli va ezgu ishlarga shukronalik keltirish ne’matlarning bardavom va yanada ziyoda bo‘lishiga sababdir. Zotan, shukr faqat tilda emas, balki mehr-oqibat, saxovat va ezgu amallarda namoyon bo‘lishi bilan o‘z ma’nosini topadi.
Buyuk saodatning ifodasi
Mamlakatimizdagi ochiqlik siyosati natijasida O‘zbekiston musulmonlari idorasining islom olami bilan aloqalari rivojlanmoqda. Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik mustahkamlandi. Turkiy davlatlar muftiylari kengashi, Abu Dabi tinchlik forumi, Xalqaro musulmon ulamolari kengashi, Musulmon donishmandlar kengashi, Islomiy fiqh akademiyasi, Islom olami uyushmasi, Podshoh Salmon nomidagi Hadisi sharif akademiyasi va Xalqaro islom fiqhi akademiyasi kabi nufuzli tashkilotlar shular jumlasidan.
Yaqinda mamlakatimizda I xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi o‘tkazildi. U butun dunyo e’tiborini yana bir bor O‘zbekistonga qaratdi. Forum doirasida ko‘plab nufuzli olimlar, ulamolar yurtimizga tashrif buyurib, amalga oshirilayotgan ijobiy o‘zgarishlarning shohidi bo‘ldi.
Yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk mutafakkir allomalarning hayoti va ilmiy merosini o‘rganish yuzasidan 600 dan ortiq kitob, monografiya, risola, roman nashr qilindi.
Umuman olganda, inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan xalqparvar siyosat aholining turmush sifatini yanada oshirish, ilgari adashgan yo‘lidan qaytib, sog‘lom hayot kechirish yo‘lini tanlagan shaxslarni afv etish kabi savobli ishlarda namoyon bo‘layotir.
Bularning bari Alloh taoloning inoyati bilan erishilgan istiqlol sharofatidandir. Tiklangan ma’naviy qadriyatlar, keng ochilgan e’tiqod imkoniyatlari yangi O‘zbekistonda inson qadri naqadar yuksak darajaga ko‘tarilganining yorqin misolidir. Bu ishlar ma’rifat, bag‘rikenglik va ezgulik tamoyillari atrofida birlashgan xalqimizning kelajakka ishonchini yanada mustahkamlaydi.
Zero, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘z ta’limotlarida inson uchun eng ulug‘ saodat tinchlik-osoyishtalik, tansihatlik va xotirjamlik ekanini alohida ta’kidlaganlar:
“Sizlardan kim ahli-oilasi tinch, tani sog‘ va bir kunlik yeguligi bor holda tong ottirsa, go‘yoki unga butun dunyo to‘laligicha berilibdi” (Imom Termiziy rivoyati).
Bugun yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va emin-erkinlik mana shunday ulug‘ saodatning amaliy ifodasidir.
Alloh taolo jonajon Vatanimiz istiqlolini abadiy, tinchligimizni barqaror aylasin! Yurtimiz rivoji va xalqimiz farovonligi yo‘lida sidqidildan xizmat qilayotgan Prezidentimiz va barcha mutasaddilarga kuch-g‘ayrat, mustahkam sog‘liq va ulkan zafarlar yor bo‘lsin. El-yurtimiz ahil-inoqligi, xonadonlarimizning qut-barakasi hech qachon arimasin!
Shayx Nuriddin XOLIQNAZAR,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy, “Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordeni sohibi