Islom dini har qanday sharoitda ham ekstremistik va terrorchilik kabi keskin harakatlarni amalga oshirishga ruxsat bermaydi. Uning ta’limotiga ko‘ra, nohaq qon to‘kilishi kimning qoni bo‘lishidan qat’i nazar, eng og‘ir gunoh hisoblanib, uning jazosi ham og‘ir ekani ma’lum. Bugungi kunda o‘zini fuqaro sifatida anglayotgan barcha yurtdoshlarimizdan turli kuchlar tomonidan qilinayotgan fitnalar, turli tajovuzlar mohiyatini to‘g‘ri va teran anglash talab etiladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizlarga fitnalar to‘g‘risida juda ko‘p bora aytib, undan ehtiyot bo‘lish lozimligini ta’kidlaganlar.
Solim (ibn Abdulloh ibn Umar) rivoyat qiladilar: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam minbar yonida turib: “Fitna ana u tarafdan, shayton shohi (yoki quyosh toji) chiqadigan tomondan sodir bo‘ladi”, — dedilar”. Vaholanki, hozirgi kunda dunyoning turli mintaqa va hududlarida avj olayotgan qarama-qarshilik, jumladan, Yaqin Sharqda, Iroq va Suriya mamlakatlarida bo‘layotgan qonli to‘qnashuvlar, musulmon dunyosidagi turli mazhab va oqimlar o‘rtasida kuchayib borayotgan o‘zaro nizo va ziddiyatlar, begunoh odamlarning qurbon bo‘layotgani barchamizni tashvish va xavotirga solmasdan qo‘ymaydi. Shu o‘rinda quyidagi hadisi sharifga diqqat qiling. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Odamlar boshiga bir zamon kelurki, unda qotil nima uchun qatl qilganini va maqtul nima uchun qatl qilinganini anglamaydi», – dedilar». Muslim rivoyat qilgan.
Alloh taolo barchalarimizni turli fitnalardan va unday fitnalarni tashkillashtiruvchi fitnachilardan ehtiyot bo‘lishimizga chorlab, Anfol surasining 25-oyatida shunday deydi: “Sizlardan faqat zolimlargagina xos bo‘lmagan (balki hammalaringizga ommaviy bo‘ladigan) fitna (azob)dan saqlaningiz va bilib qo‘yingizki, Alloh jazosi qattiq (zot)dir”.
Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam ham bu kabi fitnalardan ehtiyot bo‘lish lozimligini ta’kidlab: “Fitnalar sodir bo‘lganda tik turgandan ko‘ra o‘tirgan afzaldir, tik turgan esa yurib ketayotgandan, yurib ketayotgan esa yugurub ketayotgandan afzaldir, kimki fitnaga aralashib qolsa, halokatga uchraydi va kimki undan panoh topsa, darhol yashirinsin!” – dedilar.
Bugun insoniyat g‘oyaviy urushlar, ma’naviy ziddiyatlar, bir hovuch zo‘ravon g‘oyalarning dunyoni qayta taqsimlashga qaratilgan o‘yinlari avj olgan bir vaziyatda yashayapti. Hozir zulm va istibdod, terror va buzg‘unchiliklar, axloqsizlik va ma’naviy inqirozlar har qachongidan xatarli tus olmoqda. Musulmonlar bunday sharoitlarda har qachongidan hushyor va ogoh bo‘lishlari, do‘st kimu, dushman kimligini yaxshi ajrata olishlari, g‘animlar fitnasiga uchmasliklari, yovuz kuchlar qo‘lidan qo‘g‘irchoq bo‘lib qolib, dindoshlari va millatdoshlari qotiliga aylanmasliklari zarur. Chunki har bir fitna va fasod ish ortida g‘arazli maqsadlar, manfaatdor kuchlar turganini bir lahza ham unutishga haqqimiz yo‘q.
Darhaqiqat, inson ogoh bo‘lsagina o‘zining kelajagiga aql bilan teran nazar tashlaydi, kelishi yoki sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan fitna-fasod, xavf-xatarni oldini olish va bartaraf qilish harakatida bo‘ladi. Aksincha, g‘ofil, beparvo va loqayd bo‘lgan kimsa esa atrofida nimalar bo‘layotganiga ham e’tibor bermay, oxir oqibat turli balo va musibatlarga duchor bo‘ladi. Payg‘ambarimiz Muhammad sallollohu alayhi vasallam hayot vaqtlarida aslo vujudga kelmagan, ammo kelajak asrlarda vujudga kelishi mumkin bo‘lgan, xalq va millatlar birligi va osoyishtaligiga tahdid soluvchi fitna-fasod, buzg‘unchiliklar haqida xabar berib: “Ummatimdan qaysi biri ummatimga qarshi chiqsa, uning yaxshi va yomonini farqiga bormasa, mo‘miniga ziyon tegishidan o‘zini tiymasa, bergan va’dasiga vafo qilmasa, u mening ummatim emas!”-deya ogoh etgan edilar.
Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bizga qarata: “Men vafot qilganimdan keyin asara (Mol-dunyo to‘plab manmanlik qilmoq)ning hamda o‘zlaringiz nafratlanadigan boshqa ishlarning guvohi bo‘lasizlar,” – dedilar. Sahobalar: Yo Rasululloh, bizga nima deb amr qilasiz? U zot: “Amirlaringizning farmoishlariga itoat etinglar va Alloh taolo oldidagi burchingizni bajo keltiringlar!” – dedilar”. Mazkur hadisi sharifdan ma’lum bo‘ladiki, jamiyat orasida turli fitnalar boshlanganda xalq uchun eng to‘g‘ri yo‘l – yurt rahbariga, hokimlarga itoat etish, farmonlarini bajarishdir. Chunki, odatda yurt rahbarigina xalq tinchligini ta’minlab berish va fuqarolarning farovon hayot kechirishi uchun jon kuydirar ekan.
Xulosa shuki, jonajon yurtimizni turli xil fitna, g‘arazli xuruj va yot g‘oyalardan, himoya qilish hamda ularning asl maqsadlarini birinchi navbatda o‘sib kelayotgan yosh avlodga shuningdek, barcha fuqarolarimizga tushuntirish muhim ekanligini har birimiz chuqur his etishimiz kerak.
Din niqobi ostidagi har xil oqim va firqalarning diniy-ekstremistik ruhdagi aqidalari barqaror hayotimizga tahdid solayotgaligini bot-bot takrorlab, vatandoshlarimizni loqaydlik, befarqlikdan yiroq bo‘lgan holda mavjud vaziyatdan ogohlikka chaqirishga har birimiz burchlimiz. Zero, donishmandlar “beparvo – pushaymonda, ehtiyotkor – omonda” deya bejiz aytishmagan.
X.Matyakubov
Xonka tuman bosh imom-xatibi
O‘zbekistonda noyob Qur’on yaratish bo‘yicha jahon xattotlar tanlovi 26 avgust kuni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida e’lon qilinadi. Tanlov «Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» xalqaro mediaforumi doirasida o‘tkaziladi, xabar bermoqda UzDaily.uz.
«Dunyo Qur’oni: xattotlik an’analaridan — kelajak merosi sari» loyihasini xattot va Islom sivilizatsiyasi markazi huzuridagi Xattotlik maktabi direktori Habibullo Solih taqdim etadi. Bu haqda tadbir tashkilotchisi xabar berdi.
Tanlov doirasida turli mamlakatlar va xattotlik maktablarining islomiy xattotlikdagi eng yaxshi an’analarini birlashtirgan noyob Qur’on yaratish ko‘zda tutilgan.
Tanlovning tantanali e’loni «Asrlarni birlashtiruvchi meros. Islom sivilizatsiyasining ma’naviy mazmunlari» mavzusidagi yalpi sessiyaning yakuniy qismi bo‘ladi. Sessiya 26 avgust kuni soat 09:30 dan 12:00 gacha o‘tkaziladi.
Tadbir doirasida ommaviy axborot vositalarining stereotiplar va islomofobiyani yengishdagi roliga bag‘ishlangan xalqaro muhokama ham bo‘lib o‘tadi. Unda Islom hamkorlik tashkiloti, Jazoir, Ummon, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Iroq, Mali va O‘zbekistonning davlat tuzilmalari hamda OAV vakillari ishtirok etadi.
Forum dasturidan Qur’oniy va qo‘lyozma merosga bag‘ishlangan loyihalar ham o‘rin olgan. Ular orasida «114 Qur’on: islom olamining 114 xattotlik durdonasi», «Katta Langar Qur’oni: haqiqat va rivoyatlar» xalqaro loyihasi hamda «Sun’iy intellekt — qadimiy qo‘lyozmalarni o‘qishning raqamli kaliti» loyihasi bor.
O‘zbekistonda xattotlikni rivojlantirishga institutsional darajada ham e’tibor qaratilmoqda. Islom sivilizatsiyasi markazi huzurida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan Xattotlik maktabi faoliyat yuritmoqda. Maktabda suls, nasx, nasta’liq, ruq’a, devoniy va kufiy kabi an’anaviy yozuv uslublarini o‘rgatish rejalashtirilgan.
Xattotlik san’ati Samarqand viloyatidagi yangi Imom al-Buxoriy majmuasida ham namoyon etilgan. Majmua peshtoqlari va ayvonlari devorlari «Sahih al-Buxoriy»dan olingan hadislar bitilgan yozuvlar bilan bezatilgan. Majmua huzurida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Hadis ilmiy maktabi ham faoliyat yuritadi.
Xalqaro mediaforumning asosiy maydoni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bo‘ladi.
Tadbirda qariyb 50 mamlakatdan media va ekspertlar hamjamiyatining 300 ga yaqin vakili ishtirok etadi. Ular orasida mediakompaniyalar, axborot agentliklari va telekanallar rahbarlari, jurnalistlar, prodyuserlar, olimlar hamda kreativ industriya mutaxassislari bor.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati