1-qism
Yaqinda bir tanishim bilan suhbatlashib qoldim. Suhbat jarayonida mavzu o‘z-o‘zidan ish joyi va qancha maosh olishiga borib taqaldi. U bir oyda ikki millionga yaqin pul topishi va ishi o‘ziga yoqishini aytdi. Lekin shunga qaramay uy-ro‘zg‘oridan orttira olmayotgani va uylanish uchun Rossiya yoki Qozog‘istonga o‘xshash biror chet davlatda ishlab, pul topib kelishini aytdi. Men uning bu gapidan qattiq ta’sirlandim. Nahotki endi to‘y o‘tkazish uchun begona davlatga borishga ehtiyoj sezilsa, nahotki bitta to‘y qilish shunchalik qimmat bo‘lsa. Bu muammoning yechimi qayerda? Bir necha savollar xayolimdan o‘tdi bir zumda. Xo‘sh, chindan ham aslida shundaymi yoki o‘zimiz qiyinlashtirib yubordikmi? Shu on Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning muborak hadislari yodimga tushdi:
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sallallohu alayhi vasallam Abdurrohman ibn Avf roziyallohu anhuda sariqlik alomatini ko‘rib: “Bu nima?” dedilar. “ Ey Allohning Rasuli, danak og‘irligidagi tilloga bir ayolga uylandim.”, dedi u. “Alloh senga baraka bersin. Bir qo‘y so‘yib bo‘lsa ham to‘y qilgin”, dedilar”. (Beshovlari rivoyat qilishgan)
E’tibor beryapsizmi to‘y uchun faqatgina bir qo‘y so‘yishni aytyaptilar. Vaholanki Abdurrohman ibn Avf roziyallohu anhu eng boy sahobalardan bo‘lganlar. Agar to‘yda xohlagancha xarajat qilish kerak bo‘lganda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu boy sahobani shunga buyurardilar.
Boshqa bir hadisda esa Nabiy sallallohu alayhi vasallam: “Nikohning eng barakalisi chiqimi yengilrog‘idir”, deganlar. Demak bundan ko‘rinib turibdiki, muammoning ildizi o‘zimizda ekan. Biz qancha ko‘p xarajat qilganimiz sari shunga yarasha tashvishimiz ham ortib bormoqda. Birgina nabaviy hadisga amal qilmasligimiz oqibatida o‘zimizni qiyin ahvolga solib qo‘ymoqdamiz. To‘g‘risi ham shunday emasmi, Siz nima deysiz..!?
“Hidoya" o‘rta maxsus islom bilim yurti
o‘qituvchisi Yusufxon Shodiyev
Bir qishloqda jahli tez chiqadigan, o‘zini boshqa olmaydigan o‘spirin yigit bor ekan. Kunlardan birida otasi unga har gal jahli chiqqanida bir mix olib, uyning oldidagi daraxtga qoqishini aytdi.
O‘g‘il shunday qila boshladi. Bir necha mix qoqilgan daraxtni ko‘rib, yigitning unga rahmi keldi. O‘zini boshqarishni, sabrli bo‘lishni o‘rgandi. Daraxtga mix qoqmay qo‘ydi. Buni ko‘rgan ota endi o‘g‘liga qoqilgan mixlarni sug‘urib tashlashni buyurdi. O‘g‘il otasining aytganini bajardi.
Daraxtning yaralari bitib, o‘rnida chandiqlar paydo bo‘ldi. Ota o‘g‘liga:
– Qara, o‘g‘lim! Qoqilgan har bir mix bu daraxtni yaralagan edi. Ularni sug‘urib tashlagan taqdiringda ham, o‘rni, chandiqlari qoldi. Endi daraxtning ana shu joylari mo‘rtlashib, qurt tushadi va uni yemiradi.
O‘g‘il boshini egib qoldi. Ota so‘zida davom etdi:
– Bu-ku bir daraxt ekan, Alloh taolo azizu mukarram qilib yaratgan inson zotining qalb atalmish daraxtiga ham ba’zan til atalmish bolg‘a bilan so‘z atalmish mixlar qoqiladi. Garchi keyin xatolar tan olinib, uzr so‘ralib, u “mix”lar sug‘urib olinsa-da, o‘rnida chandig‘i, dog‘i qoladi... Sen o‘shanday mixlarni qoqishdan saqlan. O‘zingni idora qilishni, jahlingni jilovlashni o‘rgan!..
Darhaqiqat, inson qalbi go‘yo nafis bir oynaga o‘xshaydi. U darz ketsa, keyin hech qachon aslidagidek tiklanmaydi. Shunday ekan, har doim Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga o‘xshab muomila qilishni o‘rganaylik hech bo‘lmasa harakat qilaylik. Alloh hammamizni to‘g‘ri yo‘ldan adashtirmasin! Zero, ko‘ngil – Yaratganning nazargohidir.
Qudsiy hadislardan birida Alloh taolo: “Men sizlarning na suratingizga va na chiroylaringizga qarayman. Balki qalblaringizga qarayman va sizlardagi yaxshi xislatlardan rozi bo‘laman”, degan.
Akbarshoh Rasulov