1-qism
Yaqinda bir tanishim bilan suhbatlashib qoldim. Suhbat jarayonida mavzu o‘z-o‘zidan ish joyi va qancha maosh olishiga borib taqaldi. U bir oyda ikki millionga yaqin pul topishi va ishi o‘ziga yoqishini aytdi. Lekin shunga qaramay uy-ro‘zg‘oridan orttira olmayotgani va uylanish uchun Rossiya yoki Qozog‘istonga o‘xshash biror chet davlatda ishlab, pul topib kelishini aytdi. Men uning bu gapidan qattiq ta’sirlandim. Nahotki endi to‘y o‘tkazish uchun begona davlatga borishga ehtiyoj sezilsa, nahotki bitta to‘y qilish shunchalik qimmat bo‘lsa. Bu muammoning yechimi qayerda? Bir necha savollar xayolimdan o‘tdi bir zumda. Xo‘sh, chindan ham aslida shundaymi yoki o‘zimiz qiyinlashtirib yubordikmi? Shu on Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning muborak hadislari yodimga tushdi:
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sallallohu alayhi vasallam Abdurrohman ibn Avf roziyallohu anhuda sariqlik alomatini ko‘rib: “Bu nima?” dedilar. “ Ey Allohning Rasuli, danak og‘irligidagi tilloga bir ayolga uylandim.”, dedi u. “Alloh senga baraka bersin. Bir qo‘y so‘yib bo‘lsa ham to‘y qilgin”, dedilar”. (Beshovlari rivoyat qilishgan)
E’tibor beryapsizmi to‘y uchun faqatgina bir qo‘y so‘yishni aytyaptilar. Vaholanki Abdurrohman ibn Avf roziyallohu anhu eng boy sahobalardan bo‘lganlar. Agar to‘yda xohlagancha xarajat qilish kerak bo‘lganda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu boy sahobani shunga buyurardilar.
Boshqa bir hadisda esa Nabiy sallallohu alayhi vasallam: “Nikohning eng barakalisi chiqimi yengilrog‘idir”, deganlar. Demak bundan ko‘rinib turibdiki, muammoning ildizi o‘zimizda ekan. Biz qancha ko‘p xarajat qilganimiz sari shunga yarasha tashvishimiz ham ortib bormoqda. Birgina nabaviy hadisga amal qilmasligimiz oqibatida o‘zimizni qiyin ahvolga solib qo‘ymoqdamiz. To‘g‘risi ham shunday emasmi, Siz nima deysiz..!?
“Hidoya" o‘rta maxsus islom bilim yurti
o‘qituvchisi Yusufxon Shodiyev
Savol: Men Turkiya davlatida avtomashinalarni yuvish xizmati (avtomoyka)da ishlayman. Ba’zan taksi haydovchilarining mashinalarini yuvganimizda ichida mijozlarning buyumlari va pullari tushib qolgan bo‘ladi. Shu pullarni o‘zimizga olsak bo‘ladimi yoki taksichiga berishimiz kerakmi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Mazkur buyum va pullar sizning ham, taksichining ham mulki emas, balki o‘z egasining mulkidir. Shuning uchun egasiga qaytarish lozim. Buning uchun siz topilmani taksichining o‘ziga qaytarib berasiz va u haqiqiy egalarini topish chorasini ko‘radi. Egasidan beruxsat ishlatib yuborishi gunoh hisoblanadi.
Zayd ibn Xolid al-Juhaniy roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim yo‘qolgan narsani tanitmay o‘ziniki qilib olsa, zalolatga ketuvchidir”, deganlar (Imom Muslim va Imom Ahmad rivoyat qilgan).
Hozirgi vaqtda unutib qoldirilgan buyumlarning egasini topishning turli yo‘llari mavjud. Unutib qoldirilgan narsalar buyum va pul singari chirib, aynib qolmaydigan narsalar bo‘lsa, egasi chiqqunicha o‘zida saqlab turadi va egasini topishga jiddiy kirishadi.
Egasini topishdan butkul umidi uzilgan vaqtda o‘zi muhtoj bo‘lsa, sadaqa o‘rnida o‘ziga ishlatishi, boy bo‘lsa, faqirlarga egasining nomidan sadaqa qilib yuborishi lozim bo‘ladi.
Keyinchalik egasi topilib qolsa, holatni tushuntiradi. Agar egasi rozi bo‘lsa, sadaqaning savobi unga bo‘ladi. Egasi rozi bo‘lmay, narsasini talab qilsa, qiymatini to‘lab beradi va qilingan sadaqaning savobi ana shu taksichining o‘ziga bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.