IROQDAGI AKKOD VA BOBIL DAVLATI
Ibrohim alayhissalomning qavmidan bo‘lgan sumariylarning gumrohligi va zalolati ortib bordi. Alloh taolo ularning ustidan zolim jamoalarni hukmron qildi.
Mintaqaga akkodiylar ega bo‘lib olishdi. So‘ng janubi-g‘arbiy tarafdan boshqa jamoalar kelishdi. Ular yerlik aholi ustidan g‘olib kelib, mintaqaga hukmdorlik qila boshlashdi. Ular o‘zlariga Bobil shahrini poytaxt qilib olishdi. Bu davlat gullab-yashnadi. Bobilliklar ziroat va me’morchilik ishlariga alohida ahamiyat berishdi. Ularning eng mashhur podshohlaridan birining ismi Hammurapi (mil. avv. 1792-1750 yillarda hukmronlik qilgan) edi. U «Hammurapi shariati» deb tanilgan qonunlarni joriy qildi. Mana shu qonunlar yer yuzida bashariyat tarixidagi insonlar chiqargan ilk qonunlar majmuasi bo‘ladi. Bu qonunlar odamlar ustidan hukmronlik qilish va ularga ega chiqish maqsadida chiqarilgan edi.
Hammurapining o‘limi bilan u chiqargan qonunlar ham yo‘q bo‘lib ketdi. Uning qavmi esa haykallar va yulduzlarga ibodat qilishda davom etaverdi.
Alloh subhanahu va taolo ularga boshqa qavmlarni hukmron qildi. Ularga shimol tarafdan haysiylar (xettlar) va miytoniylar, keyin oshuriylar nomli qavmlar kelishdi. Mazkur qavmlar ularni halokatga uchratdi.
IROQDAGI OSHURIYLAR DAVLATI
Oshuriylar mazkur mintaqada – Iroqning shimolida o‘z hukmlarini o‘rnatdilar. Ularning poytaxti Niynavo shahri edi. So‘ng oshuriylarning nufuzi barcha Iroq yerlariga, Shomga va Misrning ba’zi joylariga tarqaldi. Eng mashhur podshohlaridan biri Salmanasar (Shalmanasar) Sh deb ataladi (mil. avv. 858-824 yillarda hukmronlik qilgan), boshqa birining ismi esa Oshurbanibal (Ashshur-banipal) (mil. avv. 668-627 yillarda hukmronlik qilgan) edi. Ular ham butlarga ibodat qilishda devom etaverdilar. Aqllarini ishga solib, o‘zlaridan oldingilarga yetgan ofat-falokatlardan va’z-nasihat olmadilar.
YUNUS ALAYHISSALOM
Alloh subhanahu va taolo Iroqning Movsil viloyati yaqinidagi Niynavo degan joyga o‘z nabiysi Yunus alayhissalomni payg‘ambar qilib yubordi. Yunus alayhissalom Banu Isroilning nabiylaridandirlar. Nasablari Yusuf alayhissalomning tug‘ishgan ukalari Binyominga yetib boradi. U zot Yunus ibn Matto ismi bilan mashhurdirlar. Matto u zotning onalarining ismi bo‘lgan. Payg‘ambarlar ichida faqat Yunus va Iyso alayhissalomlar onalariga nisbat berilganlar.
O‘sha davrda Yunus alayhissalom nabiy etib yuborilgan yerlarning aholisi turli sanamlarga ibodat qilar, turfa gunoh ishlar bilan shug‘ullanishardi. Yunus alayhissalom ularni Alloh taologa iymon keltirishga, gunoh ishlarni tark etishga da’vat qildilar. Lekin ular bu da’vatni kabul qilishmadi, fisqu fasod ishlarida davom etishdi.
Yunus alayhissalom ma’lum muddatdan so‘ng ularni Allohning azobi nozil bo‘lishidan ogohlantirdilar. Ko‘nishmagach, achchiqlari chiqib, «Men o‘z vazifamni ado etdim, endi gunohkorlar ichida qolmasligim kerak», degan to‘xtamga keldilar. Shaharni tashlab, chiqib ketdilar. Bu ishni o‘zlaricha, shunisi to‘g‘ri degan fikrda, Allohning iznisiz qildilar. Yurib-yurib, nihoyat dengiz sohiliga yetib bordilar. Jo‘nashga shaylanib turgan bir kemaning egalaridan o‘zlarini birga olib ketishlarini so‘ragan edilar, ular rozi bo‘lishdi.
Kema dengizga chiqqanda birdan shamol turib, dovul boshlandi. To‘lqin kuchayib, kemaning g‘arq bo‘lish xavfi tug‘ildi. Kema boshqaruvchilar ham, yo‘lovchilar ham qo‘rqib, dahshatga tushishdi. To‘planib maslahat qilishdi. Ba’zilar: «Ichimizda gunohkor kishi bor, shuning uchun noqulay ahvolda qoldik», deyishdi. Maslahatdan so‘ng qur’a tashlab, qur’a kimning chekiga tushsa, o‘sha odamni qurbonlik uchun dengizga tashlab yuborishga qaror qilishdi. Qur’a qayta-qayta Yunus alayhissalomga chiqdi va u zotni dengizga tashlab yuborishdi. Alloh taoloning amri bilan u zotni ulkan baliq yutib yubordi va hazm qilmasdan, qornida olib yurdi. Shunda Yunus alayhissalom xatolarini tushunib yetdilar. Baliqning qornida yolvorib, zorlanib, Alloh taologa duo qildilar. Alloh taolo duolarini ijobat qilib, baliqqa amr qildi va u Yunus alayhissalomni ozor yetkazmasdan, ochiqlik joyga olib chiqib tashladi. Badanlari baliqning ichida oq yem bo‘lib ketgan Yunus alayhissalom behush yotib qoldilar. Alloh taolo rahm qilib, oftobdan zarar yetmasligi uchun ustilariga soya solib turuvchi serbarg oshqovoqni o‘stirib qo‘ydi. Ushbu holatda bir muddat yotib, sog‘ayib, o‘zlariga keldilar.
Alloh taolo u zotga qavmlarining oldiga borishlari uchun farmon berdi. Yunus alayhissalom ketib qolgach, azobning boshlanishi zohir bo‘lgandan so‘ng ular xatolarini tushunib, Allohga azobni qaytarishini so‘rab, yolvorib, tavba qilishgan edi. Ularning soni yuz mingdan ko‘proq edi. Yunus alayhissalom ularning huzuriga qaytib, barchalarini iymonga chaqirdilar va Alloh taolo ularni hidoyatga boshladi.
Quyidagi oyati karimada Alloh taolo Yunus alayhissalomni «ulul azm» («sabot-matonatli») payg‘ambarlar bilan bir qatorda zikr qilgan:
«Biz senga xuddi Nuh va undan keyingi nabiylarga vahiy yuborganimizdek vahiy yubordik. Biz Ibrohim, Esmoil, Is'hoq, Ya’qub va uning avlodlari, Iyso, Ayyub, Yunus, Horun va Sulaymonga vahiy yubordik. Dovudga esa Zaburni berdik» (Niso surasi, 163-oyat).
Alloh taolo Qalam surasida Yunus alayhissalomning qissalarini quyidagicha bayon qiladi:
«Robbingning hukmiga sabr qil va bir vaqtlar g‘amga to‘lgan holda nido qilgan «baliq sohibi» singari bo‘lma» (48-oyat).
«Baliq sohibi»dan murod Yunus alayhissalomdir. U zot qavmiga achchiq qilib, ularni tashlab chiqib ketganlari, kemada ketayotib, qur’aga tushganlari va dengizga otilganlari, baliq yutib yuborganda uning qornida Allohga yolvorganlari haqida salgina yuqorida ma’lumotlar oldik.
Keyingi oyatlarda Yunus alayhissalomning qissalari bayoni davom etadi.
«Agar Robbining ne’mati uni topmaganida, mazammatga qolgan holida ochiq sahro joyga tashlangan bo‘lardi. Robbi uni tanlab oldi va solih bandalaridan qildi» (49-50-oyatlar).
Ya’ni agar Yunus alayhissalomni Allohning ne’mati izlab topmaganida, u zot o‘zlarini yutib yuborgan baliq tomonidan ochiq sahroga mazammatli holda tashlangan bo‘lar edilar.
Lekin Alloh taolo u zotga rahm ko‘rsatdi. Baliq ozor yetkazmay qornidan qirg‘oqqa chiqarib qo‘ydi. Behush yotganlarida, ustlarida serbarg oshqovoq soya solib turdi. Alloh taolo u zotni O‘zining solih bandalaridan qildi.
Yunus alayhissalom qavmining najot topishi
Yunus alayhissalom qavmining najoti haqida Alloh taolo Yunus surasida quyidagilarni aytadi:
«Qani endi, biron qishloq iymon keltirganda, unga iymoni manfaat bersa edi. Faqat Yunus qavmi iymon keltirganlarida, ulardan dunyo hayotidagi xorlik azobini kushoyish qildik va ularni ma’lum vaqtgacha bahralantirdik» (98-oyat).
Bundan boshqa hech bir qavm boshiga ilohiy azob kelib qolganda tavba qilib, najot topmagan. Balki Fir’avnga o‘xshab oxirgi lahzada keltirgan iymoni foyda bermay, halokatga uchragan.
IKKINCHI BOBIL
KALDONIYLAR DAVLATI TAMADDUNI
Vaqt o‘tib mintaqada hukmronlikni kaldoniylar o‘z qo‘llariga olishdi. Ularning eng ulug‘ podshohlaridan biri Buxtanassor (Navuxodonosor) II deb ataladi (mil. zzv. 605-562 yillarda hukmronlik qilgan). U Shom yurtlarini egallab olgan edi. Buxtanassor II Quddusni vayron qildi, yahudiylarni qirg‘inbarotga uchratdi, ularning mol-mulklarini taladi va ustlaridan o‘z hukmini o‘rnatdi. U o‘sha paytdagi yahudiylarning ko‘pchiligini halok qildi, quvg‘inga uchratdi va asirga oldi. Ana shu davrda Banu Isroil yer yuzining turli taraflariga tarqalib ketdi. Ularni bir jamoasi Hijozda, boshqasi Misrda va yana boshqalari turli yerlarda joylashib qolishdi. Buxtanassor II Misrni ham bosib oldi. U qo‘l urgan eng katta ishlardan biri – mashhur Bobil minorasini bino qilish bo‘ldi.
Ushbu davlat forslar tomonidan yo‘q qilib bitirildi. Fors shohi Kurush (Kir II Buyuk) miloddan avvalgi 539 yilda mazkur davlatni bosib oldi.
FORS DAVLATI TAMADDUNI
Forslar asli iroqlik kishilardir. Keyinroq ular sharqqa hijrat qilishgan va Fors davlatini obod etishgan. Ular kuchli bo‘lganlaridan so‘ng kaldoniylarga qarshi yurish qilishdi. Avval aytib o‘tilganidek, Misr va Iroqni egallab olishdi. Misr forslarning hukmida Aleksandr Makedonskiy davrigacha qolib ketdi. Iroq esa forslarning hukmronligi ostida Islom fathlarigacha turdi.
KЕYINGI MAVZULAR:
UCHINCHI FASL.
SHOM YURTLARINING NABIYLARI VA TAMADDUNLARI:
Lut alayhissalom;
Ismoil alayhissalom;
Is'hoq alayhissalom;
Ya’qub alayhissalom;
Yusuf alayhissalom;
O‘sha davrdagi ba’zi tamaddunlar;
00:00 Xabarlar
00:56 “Network News Pakistan”: 2025 yilda O‘zbekiston Markaziy Osiyo aholisi uchun eng ommabop sayohat yo‘nalishi bo‘ldi
01:25 “Solombo Times”: O‘zbekistonda “Uchinchi Renessans” g‘oyasini amalga oshirish davlat siyosatiga aylangan
01:57 Saudiya Arabistoni xalqaro qorilar tanlovining ikkinchi kunida 33 nafar ishtirokchi o‘zaro bellashdi
04:45 Toshkentda Malayziya xalqaro halol ko‘rgazmasi o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda
05:20 Har bir xonadonga bayramona kayfiyat kirib bormoqda
06:00 Istiqlol shukuhi Jizzaxda ham davom etmoqda
06:34 Xonadonlarga mehr, ko‘ngillarga umid ulashib...
07:08 Bir guruh imom-xatiblar Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lishdi
07:43 Xorazmda yangi o‘quv yili oldidan xayriya tadbiri o‘tkazildi
#yangiliklar
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
ISHONCHLI VA RASMIY MANBA
YouTube | Instagram | Facebook