Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning zamonlarida, hijriy 3-sanada jarchi hammani Uhud g‘azotiga chorlay boshladi. Hanzala roziyallohu anhu bu nidoni eshitib, darhol qurol-aslahalarini olib, urushga tayyorgarlik ko‘rdi. U bu paytda ayoli bilan birga bo‘lib, hali g‘usl qilishga ulgurmagan edi. Jarchining chaqirig‘i yangragach, kech qolmaslik maqsadida g‘usl ham qilmay tashqariga otildi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning boshchiliklarida Uhud jangida ishtirok etdi. Jangda Hanzala roziyallohu anhu o‘z o‘ljasini izlayotgan och burgutdek shiddat bilan urushardi. Bir payt ko‘zi Abu Sufyonga tushib qoldi va u bilan yakkama yakka olishdi. Bir urib, Abu Sufyonni yerga yiqitadi. Keyin Shaddod ibn Asvad darhol Abu Sufyonga yordam berishga keladi va qilich bilan zarba berib, Hanzala roziyallohu anhuni shahid etadi.
Urush yakuniga yetgach, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shahidlarni birma-bir ko‘zdan kechirayotganlarida Hanzala roziyallohu anhuni ko‘rib qoldilar va sahobalarga “Albatta, Hanzalani farishtalar g‘usl qildirishmoqda” dedilar. Keyin Hanzala haqida so‘rash uchun uning ayoliga odam yubordilar. Ayoli “Erim junub holatda edi. Jarchining chaqirig‘ini eshitgach, g‘usl qilmay tashqariga chiqib ketgandi” deb javob berdi. Buni eshitgan Nabiy sollallohu alayhi vasallam “Shuning uchun uni farishtalar yuvintirishayotgan ekanda” dedilar.
Ma’lumki, shahid bo‘lgan kishi yuvilmaydi, unga janoza o‘qilmaydi. Kiyimidagi qon bilan dafn qilinadi. Farishtalar Hanzala roziyallohu anhuni yuvintirishlari esa u kishidagi junublikni ketkazish uchun edi.
Rivoyatlarda kelishicha, Hanzala roziyallohu anhuni farishtalar kumush idishda yomg‘ir suvi bilan yuvintirgan edilar.
Bu rivoyatni Imom Hokim, Abu Nuaym “Hilya”da, Bayhaqiy “Sunanul kubro” va “Daloilun nubuvva” da rivoyat qilishgan.
Keyinchalik Avs va Xazraj qabilalari o‘zlaridan chiqqan qahramonlar bilan faxralanishardi. Avs qabilasi vakillari “Bizdan farishtalar yuvintirgan Hanzala ibn Abu Omir, vafoti sababli Rahmonning arshi titragan Sa’d ibn Muoz, arilar himoya qilgan Osim ibn Sobit, guvohligi ikki kishining guvohligiga tenglashtirilgan Xuzayma ibn Sobit chiqqan” deyishsa, Xazraj qabilasi vakillari “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning darvlaridayoq Qur’onni jamlagan to‘rt nafar kishilar bizdan chiqqan. Ular Zayd ibn Sobit, Abu Zayd, Ubay ibn Ka’b, Muoz ibn Jabal” deyishardi.
Hadis, Siyrat kitoblarida Hanzala roziyallohu anhuning ismlari kelsa, yonida “G‘osiylul malaaikah” (“Farishtalar yuvintirgan kishi”) degan izoh birga keltiriladi.
Alloh taolo barcha sahobalardan, jumladan, Hanzala roziyallohu anhudan rozi bo‘lsin!
Shayx Sha’roviy rahimahullohning
“Sahobalar va solihlar qissasi” kitobi
va internet ma’lumotlari asosida
Nozimjon Hoshimjon tayyorladi
Bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasi Qur’oni karim va tajvidni o‘rgatish bo‘limi mudiri Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum o‘g‘li hamda Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Jasurbek domla Raupov Bekobod shahridagi Qur’on va tajvid markaziga tashrif buyurdilar.
Markaz ma’muriyati hamda u yerda ta’lim olayotgan tinglovchilar bilan bo‘lib o‘tgan suhbat har jihatdan samarali bo‘ldi. Xususan, uchrashuvda Shayx Alijon qori hafizahulloh Qur’oni karimni yodlash fazilatlari, bu borada yaratilgan shart-sharoitlarning qadriga yetish, shukrona keltirish, vaqtdan unumli foydalanish kabi mavzularda go‘zal mav’iza qilib berdilar.
Haqiqatan, Qur’oni karimni yodlash, oyatlar ma’no-mazmunlarini tafakkur va tadabbur qilish ibodat va chinakam saodatdir.
Usmon ibn Affon roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Sizlarning yaxshilaringiz Qur’oni karimni o‘rgangan va o‘rgatganlaringizdir", deb marhamat qilganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati