Sayt test holatida ishlamoqda!
06 May, 2025   |   8 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:43
Quyosh
05:14
Peshin
12:25
Asr
17:19
Shom
19:29
Xufton
20:54
Bismillah
06 May, 2025, 8 Zulqa`da, 1446

Andijon viloyatiga yangi bosh imom-xatib tayinlandi

24.11.2019   6479   1 min.
Andijon viloyatiga yangi bosh imom-xatib tayinlandi

Joriy yilning 24-noyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov, O‘zbekiston Respublikasining Vazirlar mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Abdug‘ofur Ahmedovlar Andijon viloyatiga tashrif buyurib,  viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan barcha imom – xatiblar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazdi. Yig‘ilishda viloyat bosh imom-xatibi lavozimiga Andijon viloyatidagi "Sayyid Muhyiddin maxdum" o‘rta maxsus islom bilim yurti mudiri Mirzamaqsud domla Alimov Xatambekovichni Andijon viloyat bosh imom-xatibi lavozimiga tayinlangani e’lon qilindi.

Mirzamaqsud domla Alimov Xatambekovich 1973 yil Andijon viloyati Jalaquduq tumanida, ziyoli oilada tavallud topgan. 1996 yilda “Imom Buhoriy” Toshkent islom instituti tamomlagan.

Ish faoliyati davomida Mirzamaqsud domla Alimov Xatambekovich Jalaquduq tumanidagi  “So‘fi qishloq” jome’ masjidi imom-xatibi, tuman bosh imom-xatibi, Andijon viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbosari hamda "Sayyid Muhyiddin maxdum" o‘rta maxsus islom bilim yurti mudiri vazifalarida mehnat qilgan.

Mirzamaqsud domla Alimovga ushbu sharafli vazifada, xalqimizning diniy-ma’rifiy ehtiyojini ta’minlash yo‘lida Alloh taolodan kuch-quvvat so‘raymiz.

 

 

 

 

 

O‘MIning Andijon viloyati vakilligi matbuot xizmati

Boshqa maqolalar

Bir chumoli dedi

02.05.2025   6679   3 min.
Bir chumoli dedi

Naml surasida: «To ular chumolilar vodiysiga yetganlarida, bir chumoli: “Ey chumolilar! Uyalaringizga kiringiz...” dedi»,  deyiladi.

Sulaymon alayhissalom qo‘shini bilan kelayotganida, bir chumoli jamoasiga kutilmagan xatar yaqinlashayotganini his qildi va qolganlarni ogohlikka chaqirib, biz tarafga xatar yaqinlashib kelyapti, joningizni qutqaring: «...Yana Sulaymon va uning lashkarlari o‘zlari sezmagan hollarida sizlarni bosib-yanchib ketmasinlar, degan edi» (Naml surasi, 18-oyat).

Chumolining qilgan ishi qanchalar ajabtovur-a?! U xatarni payqashi bilanoq o‘zini qutqarish uchun emas, jamoasini qutqarish uchun shoshildi.

Qavmining qayg‘usini o‘z zimmasiga oldi, xatar kelmasidan uni his qila bildi va chumolilar to‘dasini “xavf bostirib kelyapti, shoshilinglar, joningizni xatardan qutqarib qoling”, deya ogohlantirdi.

Bir nazar solaylik-da, oyati karimada kelgan “chumoli” so‘zi arab tili qoidalariga ko‘ra tadqiq qilinsa, u nakra (noaniq) shaklda turibdi. Ahamiyatli jihati shundaki, “chumoli” so‘zi Qur’oni karimda noaniq shaklda keltirildi, demakki o‘sha chumoli to‘daning oddiy bir a’zosi, lekin shunday bo‘lishiga qaramay o‘zini past sanamadi. Biz esa, falonchi nima qildi, pismadonchi-chi, deb surishtirish bilan ovoramiz.

Keling, endi masalaning boshqa tomoniga e’tiborimizni qarataylik. Chumoli: “Ey chumolilar, hozir Sulaymon sizlarni qirib yuboradi. Sizlar bir kuchsiz jamoasiz, ular sizga e’tibor ham bermaydi”, dedimi?! U to‘dasidagilar bilan vaziyatni tahlil qildimi?! Chumoliga boqing. Aksincha, Sulaymon va uning qo‘shinini aybsiz deya, ular sezmayaptilar, deb ularni oqladi.

Chumolilar ham ogohlantiruvchiga qarab: “Yo‘q, sen bizning ustimizdan boshliq bo‘lmoqchisan. Senga faqat martaba, mansab kerak”, deyishdimi?! Aslo yo‘q! Aksincha, uning gapini olib, inlariga kirib ketishdi va jajji chumolining da’vatiga ergashganlari holda najotga yetib, jonlari omon qoldi.

O‘zi uchun uya qurish jarayonida sabr qilish ham chumolilarning xususiyatlaridandir. Ular qurayotgan uyalari bir necha marotaba qulab tushishiga qaramasdan, uni qayta-qayta tiklayveradilar va oxir-oqibat bir butun uya holiga keltiradilar.

Hikoyat. Rivoyat qilinishicha, Amir Temur janglarning birida mag‘lubiyatga uchraydi va o‘sha yerga yaqin bir g‘orga kirib, mag‘lubiyati haqida o‘ylaydi. U chuqur tafakkur qilarkan, ko‘zi bir chumoliga tushadi. Chumoli g‘or devoriga ko‘tarilmoqchi bo‘lib, tushib ketadi. Ikkinchi urinishda ham devordan sirpanib tushadi. Uchinchi safar ham... Amir Temur bu mitti jonivorni diqqat bilan kuzata boshlaydi, undan ko‘zini uzmaydi. Axiyri, o‘n yettinchi urinishda chumoli devorga chiqishga muvaffaq bo‘ladi. Shunda Amir Temur: “Yo qudratingdan! Shu kichik maxluq sal kam yigirma marta urindi. Men nima uchun mag‘lubiyatimdan zaiflashyapman?!” – deya o‘zini koyiydi.

Buyuk qo‘mondon g‘ordan chiqib tor-mor bo‘lgan qo‘shinini yana jangga tayyorlaydi va bitta bo‘lsa-da, tirik odami qolgunicha taslim bo‘lmaslikka astoydil qaror qiladi. Uning ko‘z o‘ngida esa mitti chumolining shijoati aks etadi.

Mutaxassislarning ta’kidlashlaricha, chumoli hasharotlar orasida eng qat’iyatli, o‘zaro hamkor va hamjixat ekan.

Chumolining yana bir sifati ularning o‘zaro hamkorlik va hamjihatligidir. Ularning bari bir bo‘lib, bitta chiziq tortgan holda doimiy harakatda bo‘lar ekanlar.

Shu mitti chumolining harakatlari bizlarga qaysidir ma’noda o‘rnak bo‘lishi mumkinmi?!


Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.