Joriy yilning 24-noyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov, O‘zbekiston Respublikasining Vazirlar mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Abdug‘ofur Ahmedovlar Andijon viloyatiga tashrif buyurib, viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan barcha imom – xatiblar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazdi. Yig‘ilishda viloyat bosh imom-xatibi lavozimiga Andijon viloyatidagi "Sayyid Muhyiddin maxdum" o‘rta maxsus islom bilim yurti mudiri Mirzamaqsud domla Alimov Xatambekovichni Andijon viloyat bosh imom-xatibi lavozimiga tayinlangani e’lon qilindi.
Mirzamaqsud domla Alimov Xatambekovich 1973 yil Andijon viloyati Jalaquduq tumanida, ziyoli oilada tavallud topgan. 1996 yilda “Imom Buhoriy” Toshkent islom instituti tamomlagan.
Ish faoliyati davomida Mirzamaqsud domla Alimov Xatambekovich Jalaquduq tumanidagi “So‘fi qishloq” jome’ masjidi imom-xatibi, tuman bosh imom-xatibi, Andijon viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbosari hamda "Sayyid Muhyiddin maxdum" o‘rta maxsus islom bilim yurti mudiri vazifalarida mehnat qilgan.
Mirzamaqsud domla Alimovga ushbu sharafli vazifada, xalqimizning diniy-ma’rifiy ehtiyojini ta’minlash yo‘lida Alloh taolodan kuch-quvvat so‘raymiz.
O‘MIning Andijon viloyati vakilligi matbuot xizmati
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni
Mamlakatimizda ilm-fan sohasini rivojlantirish, xalqimizning ilmiy-intellektual salohiyatini yuksaltirish borasidagi ko‘p yillik samarali mehnati, xususan, sharqshunoslik va manbashunoslik yo‘nalishidagi fundamental tadqiqotlari bilan muhim ishlanma va loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirish, boy ilmiy merosimizni o‘rganish va targ‘ib etishga qo‘shgan katta hissasi, iqtidorli yosh olimlarni tayyorlash, navqiron avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash yo‘lidagi ibratli faoliyati hamda tavalludining 80 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi Ibrohimov Ne’matullaga «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi» faxriy unvoni berilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Sh.Mirziyoyev