frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Qur’on ilmlari: HADIS, HADISI QUDSIY VA QUR’ON

22.11.2019   24985   22 min.
Qur’on ilmlari: HADIS, HADISI QUDSIY VA QUR’ON

Alloh taolodan Muhammad alayhissalomga kelgan vahiyning uch turi – hadis, hadisi qudsiy va Qur’on orasidagi farqni tushunib yetish nihoyatda ahamiyatli ishlardan biri hisoblanadi. Shuning uchun ham Ulumi Qur’on olimlari ushbu mavzuga alohida e’tibor qaratadilar. Biz ham Alloh taoloning O‘zidan yordam so‘ragan holda bu farqni bilib olish uchun harakat qilib ko‘ramiz.

  1. Hadis.

«Hadis» so‘zi arab tilida «so‘z» degan ma’noni anglatadi. Demak, hadis deganda Nabiy alahissalomning aytgan gap-so‘zlari ko‘zda tutiladi va tushuniladi.

Ulamolar istilohida esa «hadis» quyidagicha ta’riflanadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan osor bo‘lib qolgan gap, ish, taqrir, xalqiy sifatlar, xulqiy sifatlar hamda tarjimayi holga tegishli ma’lumotlar «hadis» deyiladi».

Ushbu ta’rif Muhammad sollallohu alayhi vasal­lamdan osor bo‘lib qolgan va ishonchli manbalar orqali rivoyat qilingan bir necha xil narsalarni o‘z ichiga olmoqda. Ta’rifda zikri kelgan narsalarga bittadan misol keltiraylik.

  1. «Gap». Bunga Nabiy sollallohu alayhi vasallamning
    turli holat va munosabatlarda aytgan gaplari kiradi.

Misol uchun, «Albatta, amallar niyatga bog‘liqdir».

Mana shu muborak gapni eshitgan odamlar omonat tariqasida uni eshitmaganlarga yetkazganlar. Shu tarzda avloddan-avlodga o‘tib, muhaddis olimgacha yetib kelgan. Muhaddis esa ilmiy yo‘llar bilan tekshirib, uning hadis ekaniga ishonch hosil qilganidan so‘nggina kitobiga kiritgan. Bu «qavliy (gap) sunnat» deyiladi.

  1. «Ish». Bunda Nabiy sollallohu alayhi vasallamning
    qilgan ish-amallari tushuniladi. Aytaylik, tahorat qilishlari, namoz o‘qishlari, haj ibodatini ado etishlari va hokazo. Shunga o‘xshash amallarini ko‘rganlar ko‘rmaganlarga aytib, ko‘rsatib berganlar. Bunday ma’lumotlar shu tariqa hadis olimiga yetib kelgan va Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning qilgan ishlari sifatida asar bo‘lib qolgan. Bu «amaliy (ish) sunnat» deyiladi.
  2. «Taqrir». Bu so‘z bir narsaga iqror bo‘lish, uning
    to‘g‘riligini tasdiqlash, ma’qullash ma’nosini anglatadi.
    Sunnatdagi taqrir esa Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va­
    sallamning sahobai kiromlar tomonidan sodir bo‘lgan ba’zi
    narsalarni ma’qullashlaridan iborat. Birgina misol:

Xolid ibn Valid roziyallohu anhu Payg‘ambarimiz alayhissalom yuborgan bir to‘p lashkarga bosh edi. Borgan joyida junub bo‘lib qoldi va sovuqdan qo‘rqib, g‘usl qilmasdan, tayammum bilan namoz o‘qidi. Uning sheriklari buni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga yetkazdilar. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Xolid ibn Valid roziyallohu anhuning qilgan ishini ma’qulladilar.

Ma’qullash «Ma’qul», deb aytish bilan yoki inkor qilmay, indamay qo‘yaqolish bilan ham bo‘ladi. Bu «taqririy sunnat» deyiladi.

  1. «Xalqiy sifatlar». Bunga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning tana tuzilishlaridagi sifatlari kiradi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamni ko‘rgan kishilar u zotning bo‘y-bastlari, tana tuzilishlari, sochlari, ko‘zlari va boshqa a’zolarini batafsil vasf qilib berganlar. Bu ma’lumotlar ham rivoyat bo‘lib, muhaddislarga, ular orqali Islom ummatiga yetib kelgan. Masalan, imom Termiziyning «Shamoili Muhammadiyya» asari aynan shu masalaga bag‘ishlangan alohida kitobdir. Barcha muhaddislarimiz ham alohida kitob ta’lif qilmasalar-da, bu ma’nodagi hadisi shariflardan o‘zlariga yetganlarini rivoyat qilib qoldirganlar.
  2. «Xulqiy sifatlar». Sahobai kiromlar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sabrlari, hilmlari, shijoatlari, saxiyliklari kabi barcha axloqiy fazilatlarini ham rivoyat qilib qoldirganlar. Bu haqdagi ma’lumotlar ham sunnatga kiradi.
  3. «Tarjimayi hol». Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning muborak hayotlari, u zot tavallud topganlaridan boshlab, to Robblari dargohiga yetgunlaricha bo‘lgan tarjimayi hollari o‘ta aniqlik va butun tafsilotlari bilan rivoyat qilingan. Bu bobga tegishli rivoyatlar to‘plami «Siyrat» deyiladi.

Muhaddis ulamolarimiz mana shu olti bandga tegishli har bitta ma’lumotni atroflicha, chuqur o‘rganib, o‘z kitoblariga kiritganlar.

  1. Hadisi qudsiy.

«Hadis» lafzining lug‘aviy ma’nosini oldin o‘rgandik. «Qudsiy» so‘zi esa «muqaddas» degan ma’noni anglatadi.

Ulamolar hadisi qudsiyni quyidagicha ta’riflaydilar:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Alloh taolodan rivoyat qilgan narsa hadisi qudsiydir».

Hadisi qudsiyga misol keltiramiz.

 

Abu Sa’id roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam dedilar: «Alloh taolo aytadi: «Kimni Qur’on va Mening zikrim Mendan (nimalarnidir) so‘rashdan to‘sgan bo‘lsa, unga so‘rovchilarga berganimning afzalini beraman. Allohning kalomining boshqa kalomlardan fazli xuddi Allohning O‘z maxluqotlaridan fazli kabidir».

Termiziy rivoyat qilgan.

Ushbu hadis hadisi qudsiy hisoblanadi. Chunki unda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Alloh taoloning aytgan gaplarini o‘z iboralari bilan naql qilmoqdalar.

 

Qur’oni Karim bilan hadisi qudsiy orasidagi farqlar.

  1. Agar Jabroil alayhissalom Allohning kalomini Muhammad sollallohu alayhi vasallamning qalblariga olib kelsa-yu, mo‘jizaligi bo‘lmasa, hadisi qudsiy sanaladi. Qur’oni Karimning ma’nosi ham, co‘zlari ham Alloh taolo tomonidandir. Alloh taoloning O‘zi arablardan unga o‘xshash kalom keltirishni talab qilgan, ular bunga qodir bo‘lmaganlar va qiyomatgacha ham qodir bo‘lmaydilar. Hadisi qudsiyda esa bu xususiyat yo‘q. Uning mo‘jizaligi yo‘q va Alloh taolo arablardan unga o‘xshash narsa keltirishni talab qilmagan.
  2. Qur’oni Karim tilovatisiz namoz bo‘lmaydi. Alloh taoloning boshqa vahiylarini, misol uchun, hadisi qudsiylarni namozda o‘qib bo‘lmaydi. Namozda o‘qishga faqatgina Qur’oni Karim xos qilingan. Bu ham iloxiy Kitobning o‘ziga xos sifatlaridan biridir.
  3. Qur’oni Karim faqatgina Alloh taoloning O‘ziga nisbat beriladi. Hadisi qudsiy esa Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ham nisbat beriladi.
  4. Qur’oni Karimning barchasi, har bir harfigacha tavotur ila rivoyat qilingan[1]. Uning barchasi qat’iy sobit bo‘lgan. Hadisi qudsiylarning ko‘pi mutavotir bo‘lmay, ohod xabarlardir. Ba’zi hadisi qudsiylar sahih, boshqalari hasan, yana boshqasi zaif bo‘lishi mumkin.
  5. Qur’oni Karimning lafzi ham, ma’nosi ham Alloh taolodandir. Hadisi qudsiyning ma’nosi Alloh taolodan, lafzi haqida ixtilof qilingan. Ba’zilar hadisi qudsiyning lafzi Allohdan, desalar, boshqalar Allohdan emas, deydilar.

«Sharhu Arba’in an-Navaviya» kitobida Qur’oni Karim bilan hadisi qudsiy orasidagi farq borasida quyidagilar aytilgan:

«Qur’on hadisi qudsiydan quyidagilar bilan farqlanadi:

– Qur’oni Karimni Jabroil alayhissalom keltirishi shart. Hadisi qudsiyda bu shart yo‘q.

  • Qur’oni Karimning ma’nosini rivoyat qilib bo‘lmaydi. Hadisi qudsiyning ma’nosini rivoyat qilsa bo‘ladi.
  • Qur’oni Karimning lafzi Alloh taolodandir. Hadisi qudsiyning lafzi Alloh taolodan bo‘lishi shart emas.

– Qur’oni Karimni tahorat bilangina ushlash mumkin. Hadisi qudsiyda bu shart yo‘q.

– Qur’oni Karim qiroati namozda farzdir. Hadisi qudsiyni namozda o‘qib bo‘lmaydi. Agar qasddan o‘qilsa, namoz buziladi.

  • Qur’oni Karimning har bir kalimasi tilovatiga o‘n
    savob beriladi. Hadisi qudsiyda bunday emas.
  • Qur’oni Karimning bir harfini inkor qilgan odam kofir bo‘ladi. Hadisi qudsiyni inkor qilgan yoki sanadi to‘g‘ri emas, degan odam esa kofir bo‘lmaydi.
  • Qur’oni Karim tavotur ila sobit bo‘lgan. Hadisi qudsiy unday emas».

Qo‘shimcha tarzda aytib o‘tish kerak bo‘lgan narsalardan biri shuki, hadisi qudsiylar oz bo‘lib, ularning soni mingtacha. O‘sha adadning ichida sahihi ham bor, zaifi ham bor.

III. Hadisi nabaviy.

Nabiy sollallohu alayhi vasallamning hadislari ikkiga bo‘linadi:

  1. Alloh taolodan farishta Jabroil alayhissalom orqali vahiy qilinganlari.

Jabroil alayhissalom Muhammad sollallohu alayhi vasallamga Qur’oni Karim oyatlaridan boshqa vahiylarni ham keltirib turganlari ma’lum va mashhur. Ana shu qism vahiylar Sunnat sifatida vorid bo‘lgan. Bu xildagi Sunnatni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam kishilarga yetkazganlar. U zotning yetkazishdan boshqa hech qanday daxllari bo‘lmagan. Bunga misol tariqasida imom Abu Muhammad ibn Qutayba «Ayol kishi o‘z ammasi yoki xolasi ustiga nikohlanmas» degan hadisni keltiradilar. Bu hadis vahiy bo‘lib, uning ma’nosini Jabroil alayhissalom Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasal­lamga yetkazganlar. U zot ham o‘z navbatlarida musulmon ummatiga yetkazganlar va hayotga tatbiq qilganlar. Mazkur xadis vorid bo‘lganidan boshlab hamma musulmonlar uchun amma yoki xola ustiga ularning qiz jiyanini kundosh qilib olish harom bo‘lgan. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam «Bu hukmdan falonchi istisno», deb ayta olmaganlar.

  1. Nabiy sollallohu alayhi vasallamga Jabroil alayhissalom orqali vahiy qilingan emas, balki u zotning o‘zlari ijtihod etganlari.

Bunday narsalarning asosiy qoidalarini va maqsadlarini Alloh taoloning O‘zi Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga bayon qilib berganidan so‘ng, Muhammad sollallohu alayhi vasallam ularni o‘z ijtihodlari ila bayon qilganlar. U zot sollallohu alayhi vasallamning bu boradagi ijtihodlari ham vahiy o‘rnida bo‘lgai. Agar xato bo‘lsa, Alloh taolo to‘g‘rilab qo‘ygan. Bu qismdagi Sunnatda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ba’zi tasarrufotlar qilishga haqlari bo‘lgan.

Misol uchun, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam erkak musulmonlar uchun ipak kiyim kiyish harom ekanini bayon etganlaridan keyin, Abdurrahmon ibn Avf roziyallohu anhu o‘zlarining xastaliklari ipak kiyishni taqozo etishini aytib, u zotdan izn so‘raganlarida, u kishiga ipak kiyim kiyishga ruxsat berganlar. Agar bu hukm Jabroil alayhissalom keltirgan vahiy bo‘lganida, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hech qachon o‘zlaricha ruxsat bermagan, balki boshqa holatlardagi kabi, Alloh taolodan biror xabar kelishini kutgan bo‘lar edilar.

Hadis kitoblarimizda keltirilgan rivoyatlarning aksariyati ushbu qismga – Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamdan payg‘ambarlikni yetkazish yuzasidan sodir bo‘lgan ikki xil Sunnatga taalluqlidir. Islom shariatining ahkomlariga tegishli barcha narsalar – ibodat, e’tiqod, oxirat, odob-axloq, solih amalga targ‘ib qilish, yomonliklardan qaytarish kabi ishlar shular jumlasiga kiradi. Alloh taolo Qur’oni Karimning Hashr surasi, 7-oyatida: «Rasul sizga nimani bersa, o‘shani olinglar va nimadan qaytarsa, o‘shandan qaytinglar», deganda, aynan shu turdagi Sunnatni qasd qilgandir.

Demak, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislarining ma’nosi Alloh tarafidan, lafzi u zot sollallohu alayhi vasallamning o‘zlaridandir.

 

QUR’ONI KARIMNING TA’RIFI

«Qur’on» so‘zining lug‘aviy ma’nosi

Eng avval «Qur’on» lafzining asl kelib chiqishini o‘rganib olishimiz, uning lug‘aviy dalolatlariga, Qur’on uchun ixtiyor qilingan boshqa muhim ismlarga to‘xtalib o‘tishimiz lozim.

«Qur’on» lafzining kelib chiqishi xususida ulamolar turli xil fikrlarni aytganlar. Ba’zilar uni hamzali, desa, boshqalar hamzasiz, deydilar. Hamzasiz, deydigan ulamolar Shofe’iy, Farro, Ash’ariy va ularga ergashganlardir.

Shofe’iy bu borada shunday deydi:

«Albatta, «Qur’on» lafzi ma’rifa (ya’ni «al-» aniqlik artikliga ega so‘z) bo‘lib, boshqa lafzdan chiqarib olinmagan va hamzali ham emas. Balki Nabiy sollallohu alayhi vasal­lamga nozil qilingan kalomga atoqli ism qilib qo‘yilgan tabiiy nomdir, «Qur’on» lafzi «قَرَأَ» – «qoro’a» fe’lidan olinmagan. Agar ushbu fe’ldan olingan bo‘lganida, har bir o‘qiladigan narsa Qur’on bo‘lib qolardi. Lekin u Allohning Kalomiga qo‘yilgan nomdir, xuddi Tavrot va Injil kabi».

Farro esa quyidagilarni aytadi:

«"Qur’on" lafzi «قَرِينَة» – «qoriyna» (ya’ni «yaqin») so‘zining ko‘plik shakli bo‘lgan «قَرَائِن» – «qoroin» so‘zidan chiqarib olingan. Chunki oyatlar bir-biriga o‘xshash, ya’ni yaqindir. Ma’lumki, «قَرَائِن» kalimasidagi «nun» asliydir».

Ash’ariy va u kishiga ergashganlarning fikri quyidagicha:

«"Qur’on" lafzi «قَرَنَ الشَّيْءُ بِالشَّيْءِ» – «qoronash-shay'a bish-shay'i» jumlasidagi «قَرَنَ» – «qorona» fe’lidan chiqarib olingan, ya’ni «qo‘shdi» ma’nosini anglatadi. Chunki suralar va oyatlar bir-biriga yaqin bo‘lib, ularning ba’zisi ba’zisiga qo‘shiladi».

Mazkur «"Qur’on" so‘zi hamzasizdir» degan uchala fikr ham to‘g‘ri emasligini bilish uchun lug‘at va til qoidalarini o‘rganishning o‘zi kifoya.

Zajjoj, Lihyoniy va boshqalar «Qur’on» lafzi hamzalidir, deyishadi.

Zajjoj shunday deydi:

«"Qur’on" lafzi «فُعْلَان» – «fu’lon» vaznidagi hamzali kalima bo‘lib, «jamlamoq» ma’nosidagi «قَرْء» – «qor’un» so‘zidan olingan. Masalan, hovuzga suv to‘planganini aytish uchun arablar ushbu «qor’un» kalimasini ishlatadi-lar. Qur’onga shunday nom berilishi o‘zidan oldingi ki-toblarning samarasini jamlaganidandir».

Lihyoniy quyidagilarni aytadi:

«"Qur’on" kalimasi «غُفْرَان» – «g‘ufron» vaznidagi hamzali masdar bo‘lib, «tilovat qildi» ma’nosidagi «قَرَأَ» – «qoro'a» fe’lidan olingan. U «ismi maf’ul» ma’nosida­gi masdardir. Shu bois o‘qiladigan narsa (ya’ni Qur’on) u bilan nomlandi».

Oxirgi eng kuchli va to‘g‘ri fikrga ko‘ra, «Qur’on» so‘zi lug‘atda «qiroat»ning ma’nodoshidir.

«Qur’on» so‘zi arab tilida bir necha ma’nolarni ifoda qiladi va bu ma’nolar Alloh taoloning ushbu nomdagi Kitobi – Qur’oni Karimda ham o‘z ifodasini topgan.

  1. «O‘qish» ma’nosi.

Buyruq maylidagi «Iqro’» – «O‘qi!», «Qiroat qil!» ma’nosidagi so‘z bilan boshlangan bu ilohiy vahiy maj-muasining nomi «o‘qish», «o‘qilmish», «qiroat qilinmish» degan ma’nolarni anglatuvchi masdar – «Qur’on» bo‘lib qoldi. «Qur’on» va «qiroat» so‘zlarining ma’nosi birdir. Bu gapning dalili Qur’oni Karimning Isro surasidagi oyatda kelgan:

أَقِمِ ٱلصَّلَوٰةَ لِدُلُوكِ ٱلشَّمۡسِ إِلَىٰ غَسَقِ ٱلَّيۡلِ وَقُرۡءَانَ ٱلۡفَجۡرِۖ إِنَّ قُرۡءَانَ ٱلۡفَجۡرِ كَانَ مَشۡهُودٗا

«Quyosh og‘ishidan to tun qorong‘isigacha namozni to‘kis ado et. «Fajr Qur’oni»ni xam. Albatta, «fajr Qur’oni» shohid bo‘linadigandir» (78-oyat).

Ushbu oyatdagi «fajr Qur’oni» degan jumla «tonggi qiroat» degan ma’noni bildiradi.

Alloh taolo Qiyomat surasida shunday marhamat qiladi:

إِنَّ عَلَيۡنَا جَمۡعَهُۥ وَقُرۡءَانَهُۥ* فَإِذَا قَرَأۡنَٰهُ فَٱتَّبِعۡ قُرۡءَانَهُۥ

«Albatta, u (Qur’on)ni jamlash va o‘qib berish Bizning zimmamizda. Bas, Biz uni o‘qisak, qiroatiga zehn solib tur» (17-18-oyatlar).

Bu oyatlarda biz «o‘qib berish», «qiroat» deya tarjima qilgan so‘z «qur’an» kalimasidir.

Islom dini bosh dasturining aynan «Qur’on», ya’ni «O‘qish» yoki «O‘qilmish» deb nomlanishida ham katta ma’no o‘z ifodasini topgan. «Bu din ilmga, ma’rifatga asoslangan dindir, bu Kalom ilmga, ma’rifatga asoslangan Kalomdir» degan ma’no bor bunda.

  1. «Jamlash» ma’nosi.

Lug‘atshunoslar «Qur’on» lafzining «o‘qimoq», «qiroat qilmoq»dan tashqari «jamlash, o‘zida mujassam etish» ma’nolari ham borligini ta’kidlaydilar.

Avvalgi arablar «قَرَأَ» lafzini «tilovat» ma’nosidan boshqa ma’noda ham, misol uchun, «jamlash, o‘zida mujas­sam etish» ma’nosida ham ishlatar edilar. Bunga Amr ibn Kulsum Tag‘libiyning turmush qurmagan bokira qizni sifatlab, «لَمْ تَقْرَأْ جَنِيناً» – «o‘zida homila mujassam etmagan» de­gan gapi misol bo‘la oladi.

«Qur’on» lafzida «jamlash» ma’nosi borligida Allohning oxirgi kalomi harflar va so‘zlarning bir-biriga qo‘shilib, jamlanishidan, oyat va suralarning birikishidan hosil bo‘lganiga hamda bu Kitob o‘zida dunyoyu oxirat yaxshiliklarini jamlaganiga ishora bor. Bunda yana Alloh taoloning oxirgi kalomi o‘zidan oldin nozil bo‘lgan barcha ilohiy kitoblarning ma’nolari, hikmatlari va hukmlarini o‘zida mujassam etganiga imo qilish ham bor.

  1. «Yodlash» ma’nosi.

Shu bilan birga, uning «Qur’on» deb nomlanishida qalblarda yod saqlanishiga ham ishora bor. Chunki «Qur’on» so‘zi «qiroat» so‘zidan kelib chiqqan va «qiroat» kalimasida «xotirada saqlamoq» degan ma’no ham bor.

«Qur’on» so‘zining istilohiy ma’nosi

Mana, salkam o‘n besh asrdan buyon ko‘pchilik «Qur’on» lafzining lug‘aviy ma’nosini bilmasa ham, uning musulmonlarning muqaddas Kitobi ekanini tan olib kelmoqda. Lekin Qur’oni Karimni tanish uning ismining lug‘aviy ma’nosini yoki u kimlarning muqaddas Kitobi ekanini bilishning o‘zi bilan bo‘lmaydi. Bu muqaddas Kitobning qanday kitob ekanini bilish uchun ham ilm egalarining maxsus ta’rifiga murojaat qilishga to‘g‘ri keladi.

«Ulumi Qur’on» ilmi mutaxassislari Qur’oni Karimni quyidagicha ta’riflaydilar:

«Qur’on Alloh taoloning Muhammad sollallohu alayhi vasallamga vahiy orqali nozil qilgan, tavotur ila naql qilingan, ibodatda o‘qiladigan ojiz qoldiruvchi kalomidir».

Ushbu ta’rifni yaxshi tushunib yetishimiz uchun uni bir oz sharhlashimizga to‘g‘ri keladi.

«Alloh taoloning Muhammad sollallohu alayhi vasallamga vahiy orqali nozil qilgan» degan jumladan Alloh taoloning Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan boshqa payg‘ambarlariga nozil qilgan Zabur, Tavrot, Injil hamda turli sahifalari Qur’oni Karim bo‘lmasligi kelib chiqadi. Haqiqiy Zabur, Tavrot va Injil ham Alloh taoloning kalomi, ammo ular Muhammad sollallohu alayhi vasallamga nozil etilmagani uchun Qur’oni Karim bo‘la olmaydi.

«Tavotur ila naql qilingan» degan iboradan tavotur ila naql qilinmagan kalom Qur’oni Karim bo‘la olmasligi kelib chiqadi. «Tavotur» deganda kalomning yolg‘onchiga chiqarib bo‘lmaydigan darajadagi ko‘p sonli kishilar tomonidan naql qilinishi tushuniladi. Ularning hammalari ishonchli, ya’ni biror og‘iz yolg‘onga yaqinlashmagan odamlar bo‘lib, ko‘pliklari sababli yolg‘onga kelishib olishga ham imkonlari yo‘q bo‘ladi.

Qur’oni Karimning birinchi kalimasidan boshlab, oxirgi kalimasigacha har bir so‘z aynan ana shu tarzda naql qilingan. Qur’oni Karimni Alloh taolodan vahiyning amini – ishonchli sohibi bo‘lmish Jabroil alayhissalom Muhammad sollallohu alayhi vasallamga naql qilganlar. Ushbu naql qanday kechishini, ya’ni Muhammad sollallohu alayhi vasallamga Qur’oni Karim oyatlari Jabroil alayhissalom tomonlaridan qanday yetkazilishini ko‘pchilik sahobalar o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib turganlar.

Buning ustiga, har safar vahiy nozil bo‘lgandan so‘ng, Muhammad sollallohu alayhi vasallam «Menga kotiblarni chaqiringlar», der edilar. Kotib sahobalar kelganlaridan so‘ng, ularga oyati karimalarni Jabroil alayhissalomdan qanday qabul qilib olgan bo‘lsalar, shunday qilib o‘qib berar edilar. Kotiblik qiluvchi sahobalar oyatlarning har bir harfini ulkan ehtimom ila yozar, boshqa sahobalar esa ana shunday ehtimom ila yod olar edilar.

Muhammad sollallohu alayhi vasallam Qur’oni Karimning har bir oyati, har bir kalimasi, har bir harfining misli ko‘rilmagan e’tibor bilan qabul qilib olinishi, yodlanishi, yozilishi hamda amal qilinishiga vasfiga so‘z ojiz qoladigai darajada katta ahamiyat berganlar.

Alloh taolo esa Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va­sallamga Qur’oni Karimning o‘zida Jabroil alayhissalomning qiroatiga diqqat bilan quloq solishni buyurgan. K^ur’oni Karim oyatlarining Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qalblariga joylanib, tillaridan joriy bo‘lishini hamda uning tafsirini bayon qilib berishni Alloh taolo O‘z zimmasiga olgan.

O‘z navbatida Payg‘ambar alayhissalomdan Qur’oni Karim oyatlarini qabul qilib olgan sahobai kiromlar ham shogirdlariga oyatlarni yuqorida zikr qilinganidek, harma-harf yetkazganlar. Qur’oni Karim o‘sha davrdan hozirgacha xuddi o‘sha tarzda son-sanoqsiz odamlar tomonidan ishonchli tariqada naql qilinib kelmoqda.

«Ibodatda o‘qiladigan» degan qayddan «namozda o‘qiladigan» degan ma’no kelib chiqadi.

Qur’oni Karim tilovatisiz namoz bo‘lmaydi. Alloh taoloning boshqa vahiylari, misol uchun, hadisi qudsiylarni namozda o‘qib bo‘lmaydi. Namozda o‘qishga faqatgina Qur’oni Karim xos qilingan. Bu ham ilohiy Kitobni ajratib turuvchi sifatlardan biridir.

«Ojiz qoldiruvchi kalom» degan sifat ham faqatgina Qur’oni Karimning o‘ziga xos xususiyatlardan biridir.

Qur’oni Karimning har bir oyati, har bir surasi ham lafz jihatidan, ham ma’no jihatidan, ham ahkomu axbor jihatidan kishilarni ojiz qoldiruvchidir. Ya’ni insonlar har qancha urinsalar ham, unga o‘xshash narsani ijod qila olmaydilar.

Alloh taolo Qur’oni Karimning o‘zida odamlarni, agar qodir bo‘lsalar, Qur’oni Karimga o‘xshash narsa keltirishga chaqirgan. Odamlar har qancha urinmasinlar, bu ishning uddasidan chiqa olmaganlar, chiqa olmayaptilar, chiqa ol­maydilar ham.

Alloh taolo Qur’oni Karimni O‘zining eng afzal va eng so‘nggi Payg‘ambari bo‘lmish Muhammad alayhissalomning asosiy mo‘jizalari qildi. Avval o‘tgan payg‘ambarlarning mo‘jizalari moddiy mo‘jizalar bo‘lib, har bir payg‘ambarning bu dunyoda turishiga bog‘liq qilingan edi. O‘sha payg‘ambarlar alayhimussalom bu dunyodan o‘tishlari bilan u zotlarga berilgan mo‘jiza ham o‘z kuchini yo‘qotar edi. Chunki Muhammad sollallohu alayhi vasallamgacha bo‘lgan barcha payg‘ambarlarning shariatlari vaqtinchalik edi, Binobarin, ularning mo‘jizalari ham vaqtinchalik bo‘lgan.

Muhammad sollallohu alayhi vasallamning shariatlari qiyomatgacha boqiy bo‘lganidan, u zotga asosiy mo‘jiza sifatida qiyomatgacha boqiy qoladigan, u zotning hayotlariga bog‘liq bo‘lmagan ma’naviy mo‘jiza – Qur’oni Karim berildi.

Qur’oni Karimning ushbu ta’rifi arab tili ulamolari, faqihlar va usuli fiqh olimlari orasida ittifoq qilingan ta’rifdir.

 

KЕYINGI MAVZULAR:

 

Qur’onning ismlari;

Qur’onning nozil bo‘lishi;

 

[1] «Tavotur» – yolg‘onga kelishib olishlari mumkin bo‘lmagan, nihoyatda ko‘p sonli roviylar tomonidan rivoyat qilingan bo‘lish. Bunday hadis mutavotir deyiladi. «Ohod» – roviylarining soni mutavotir darajasiga yetmagan hadis.

Boshqa maqolalar
Maqolalar

Halol bo‘ling, rost so‘zlang, iymon va insoniylikni asrang!

19.08.2026   30242   4 min.
Halol bo‘ling, rost so‘zlang, iymon va insoniylikni asrang!

Halollik va rostgo‘ylik insonning shaxsiy fazilatlari bo‘lish bilan birga, oila mustahkamligi, jamiyat taraqqiyoti va ijtimoiy munosabatlarning barqarorligini ta’minlaydigan muhim milliy, diniy, ma’naviy-axloqiy qadriyatlardir.

Islom dinida halollik va rostgo‘ylikka inson hayotining barcha sohalarini qamrab oluvchi muhim tamoyillar sifatida qaraladi. Halol va haromni farqlash, shubhali ishlardan saqlanish, o‘zgalarning haq-huquqini poymol qilmaslik, rostgo‘y va adolatli bo‘lish insonning nafaqat shaxsiy kamoloti, balki jamiyat oldidagi mas’uliyatini ham belgilaydi.

Qur’oni karim oyatlari va Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ko‘plab hadisi shariflarida insonlarni halollik va rostgo‘ylikka da’vat qilish, har doim halol bo‘lishga undash, aldov va yolg‘on guvohlik berishdan qaytarishga alohida e’tibor qaratilgan. Zero, halollik va rostgo‘ylik insonning ma’naviy kamolotini, imoni mustahkam va axloqi go‘zalligini namoyon etuvchi eng muhim fazilatlardir. Harom va yolg‘on esa nafaqat shaxsning obro‘si va unga ishonchini yemiradi, balki jamiyatda o‘zaro ishonchsizlik, adovat va nizolar kelib chiqishiga ham sabab bo‘ladi.

Alloh taolo "Nahl" surasining 105-oyatida bunday marhamat qilgan: “Yolg‘on so‘zlarni faqat Allohning oyatlariga imon keltirmaydiganlargina to‘qiydilar. Aynan o‘shalarning o‘zlari yolg‘onchilardir”.

Bu o‘rinda yolg‘onning qanchalik og‘ir ma’naviy illat ekani bayon qilinib, uning Allohning oyatlariga munosabat bilan bog‘liq jihati ko‘rsatib berilyapti. Oyatning nozil bo‘lish sababi Makka mushriklarining Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga nisbatan turli asossiz da’volarni ilgari surgani, jumladan, u zotni yolg‘onchilikda ayblaganidir. Ular Qur’oni karimni go‘yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari to‘qib chiqargani to‘g‘risida asossiz da’volarni ilgari surgan. Qur’oni karim esa bunday iddaolarni ochiq-oydin rad etgan.

Aslida yolg‘onni faqat imonsiz kishilargina to‘qiydi. Chunki, mo‘min kishi yolg‘onni katta gunoh deb biladi. Yolg‘on sababli qiyomatda azobga qolishdan qo‘rqadi. Shuning uchun har qanday vaziyatda rostgo‘y bo‘lishga intiladi. Hatto o‘z manfaatiga zid bo‘lgan holatlarda ham haqiqatni aytishni afzal biladi. Zero, haqiqiy imon insonni faqat ibodatlarga emas, balki yuksak axloqiy fazilatlarga ham undaydi.

Islom ta’limotida halollik va to‘g‘riso‘zlik maqtalgan, yolg‘on gapirish va haqiqatni yashirish keskin qoralangan. Jumladan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Nabiysollallohu alayhi vasallam:“Rostgo‘ylikni o‘zingizga lozim tutingiz (rostgo‘y bo‘lingiz)! Chunki, rostgo‘ylik yaxshilikka yetaklaydi, yaxshilik esa jannatga yetaklaydi. Kishi doim rost gapirsa, Allohning huzurida “siddiq” (o‘ta rostgo‘y) deb yozib qo‘yiladi. Yolg‘ondan saqlaning! Chunki, yolg‘on fojirlikka (gunoh va buzuqlikka) yetaklaydi, fojirlik esa do‘zaxga yetaklaydi. Kishi yolg‘on gapiraversa, Allohning huzurida “kazzob” (o‘ta yolg‘onchi) deb yozib qo‘yiladi”, dedilar”. (Imom Buxoriy rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam rostgo‘ylik va yolg‘onchilikning inson axloqi, ma’naviy hayoti va oxiratiga qay darajada ta’sir qilishini ochiq tarzda bayon qilib beryaptilar. Hadis mazmunidan anglashiladiki, insonning jannatga yoki do‘zaxga tushishida uning tili, ya’ni rostgo‘yligi yo yolg‘onchiligi hal qiluvchi omillardan ekan.

Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam halol va harom o‘rtasidagi shubhali narsalardan saqlangan kishi dini va obro‘yini pok saqlashi borasida bunday marhamat qilganlar: No‘’mon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha,“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlarini eshitdim: Halol ham aniq, harom ham aniq. Ularning o‘rtasida shubhali narsalar bor. Ko‘p odamlar buni bilmaydi. Kim shubhalardan saqlansa, dini va obro‘yini pok saqlaydi...” (Imom Buxoriy rivoyati).

Bu o‘rinda Nabiy sollallohu alayhi vasallam insonlarni ehtiyotkorlik va poklikka da’vat etmoqdalar. Chunki, halollik tamoyillariga amal qilgan inson hayotning har bir jabhasida, jumladan, so‘zida, oilaviy munosabatlarida, ta’lim olishda, mehnat faoliyatida va jamiyatdagi o‘zaro munosabatlarida adolat, poklik va rostgo‘ylikka intiladi. O‘zgalarning haq-huquqlarini hurmat qiladi, birovning mol-mulki yoki mehnatining mahsuliga tajovuz qilmaydi, aldov, xiyonat va manfaatparastlikdan uzoq bo‘lishga harakat qiladi. Bunday fazilatlar insonning shaxsiy obro‘-e’tiborini yuksaltirish bilan birga jamiyat a’zolari o‘rtasida o‘zaro ishonch va hamkorlik muhitini mustahkamlaydi.

Muxtasar qilib aytganda, halollik va rostgo‘ylik ijtimoiy hayotning barqarorligini, insonlar o‘rtasidagi ishonch va jamiyat taraqqiyotini ta’minlovchi muhim ma’naviy-axloqiy asosdir. Islom ta’limotidagi halollik, rostgo‘ylik, adolat va omonatdorlikka oid ko‘rsatmalar bu qadriyatlarning inson va jamiyat hayotidagi o‘rni naqadar muhim ekanini ko‘rsatadi. Har bir inson o‘z hayoti va faoliyatida halollik, rostgo‘ylik, adolat va vijdonlilikni ustuvor tamoyilga aylantirsa, jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish imkoniyati ortadi.

Yo‘ldoshxon Isayev, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

Ibratli hikoyalar