Ushbu hayvon kamyob jonzotlardandir. Bu qo‘shtuyoqlilardan bo‘lib, kiyiklarning eng kichik turidir. Bu tur Janubi Sharqiy Osiyo va Afrika qit’asining markazida yashaydi. Osiyoda yashaydiganining vazni 8 kilogram, Afrikada yashaydiganining vazni 16 kilogram keladi. Uzunligi 85 santimetrni tashkil etadi. Oyoqlari kalta, erkagining qoziqtishlari bor bo‘lib, undan kurash paytida foydalanadi. Bu turdagi kiyiklarning ba’zisi suvda suza oladi. Ammo bularda boshqa kiyiklardagidek shoxlar yo‘q. Quloqlari sichqonning qulog‘iga o‘xshaydi. Dumi kalta, ko‘zlari katta bo‘ladi. Urg‘ochisining homiladorlik davri 5 oy bo‘lib, bitta bola tug‘adi. Bolasi taxminan 5 oyda voyaga yetadi. “Sichqonsimon kiyik” tunda ovqat izlaydi. Ular asosan daraxt barglari, gullar, mevalar va ko‘katlar bilan oziqlanadi. Xatar paytida tuyoqlarini yerga tez-tez urib, turdoshlarini xavfdan ogohlantiradi. Bu jonzot taxminan 14 yil yashaydi. Tabiatda juda oz qolgani uchun bugungi kunda qo‘riqxonalarda parvarish qilinadi.
Alloh taolo butun borliqni, shu jumladan barcha tirik jonzotlarni ham O‘zi yaratgan. U Zot Qur’oni Karimda shunday marhamat qilgan:
وَاللَّهُ خَلَقَ كُلَّ دَابَّةٍ مِن مَّاء فَمِنْهُم مَّن يَمْشِي عَلَى بَطْنِهِ وَمِنْهُم مَّن يَمْشِي عَلَى رِجْلَيْنِ وَمِنْهُم مَّن يَمْشِي عَلَى أَرْبَعٍ يَخْلُقُ اللَّهُ مَا يَشَاءُ إِنَّ اللَّهَ عَلَى كُلِّ شَيْءٍ قَدِيرٌ
“Alloh hamma jonivorni suvdan yaratdi. Bas, ulardan ba’zilari qorni bilan yuradir, ba’zilari ikki oyoq bilan yuradir va ba’zilari to‘rt (oyoq) bilan. Alloh O‘zi xohlagan narsani yaratur. Albatta, Alloh har bir narsaga qodirdir” (Nur surasi, 45-oyat).
Internet ma’lumotlari asosida Nozimjon Hoshimjon tayyorladi
Sulaymon ibn Ayub rahimahulloh bunday hikoya qiladi: “Men o‘n yildan ko‘proq vaqt davomida ilm o‘rganish va Qur’onni yod olishga harakat qilsam-da, Fotiha surasini to‘g‘ri o‘qiy olmasdim. Bu holat menga og‘ir edi. Hatto ustozim ham mendan umidini uzgan edi.
Yolg‘iz qolganimda sajdaga bosh qo‘yib yig‘lab, duolarimda Alloh taolodan tilimni burro, xotiramni o‘tkir qilishini hamda qalbimdagi g‘ashlikni ketkazishini so‘rab iltijo qilardim.
Solih insonlardan biriga holimni bayon etdim. U mendan: Ota-onang bormi? - deb so‘radi.
Men: Ha, onam bor, - deb javob berdim.
U: Onangga yaxshilik qilasanmi? – deb so‘radi.
Men: Ha onamning xizmatlarini bekamu ko‘st bajaraman, – dedim.
Shunda solih kishi menga: Onangni oldiga borib, undan Qur’oni karimni yod olishing hamda faqih bo‘lishing uchun duo qilishini so‘ra, – dedi.
Men uyga borib, bu gaplarni onamga aytdim. Volidam yarim tunda namoz o‘qidi, haqqimga xayrli duolar qildi. So‘ngra saharlik qilib, Alloh uchun ro‘za tutdi.
Tong otishi bilan onamning duolari qabul bo‘ldi. Xuddi bulutlar tarqagach quyosh charaqlagani singari aqlim ham yorishib, quvvai hofizam kuchayganini his etdim.
Shu tariqa men zehni o‘tkir va ilmli insonga aylandim. Onamning duosi barakotidan Qur’on va hadisni puxta o‘zlashtirib, ilmu-hikmat dengizida suza boshladim. Nihoyat, kuchli imomga aylandim”.
Kim biror maqsadini amalga oshirishda qiynalsa, avvalo, Alloh taologa tayanish barobarida ota-onasining duosini olsin!.
Shayx Mahmud MISRIYning
“Solih va solihalar hayotlaridan qissalar” kitobi asosida
Ilyosxon AHMЕDOV tayyorladi.