BOLA BOSHIDAN…
Ba’zilar bolasi hali ikki-uch yoshga kirmay turib, uning tarbiyasi «nobop»ligidan shikoyat qilishni boshlab yuborishadi. Norasida go‘dakni xuddi kattalardan talab qilinadigan «qolip»larga solishga, uning odob-axloqini «o‘nglash» harakatlariga kirishiladi.
Bu ham xato yo‘l. Chunki hali suyagi qotmagan, yaxshi va yomon nimaligini anglamagan yosh bolani hadeb tergayverish, uni turli qoliplarga solishga urinish, kuchi va iqtidori yetmaydigan mashg‘ulotlarga majburlash irodasini sindirishi, ruhiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi, keyinchalik hamma narsaga befarq va loqayd qaraydigan qilib qo‘yishi mumkin.
Buyuk vatandoshimiz shayxur rais Abu Ali ibn Sino yosh avlod tarbiyasining ibtidosi qanday va nimalar bilan bo‘lishi haqida quyidagilarni aytgan edi: «Yosh bola boshlang‘ich ta’lim va tilga doir qoidalarni yod olganidan keyin u mashg‘ul bo‘lishi mumkin bo‘lgan kasb-hunar va san’atga moyilligiga qarab, uni shunga yo‘llaymiz. Agar u kotiblikni xohlasa, til, xat yozish, nutq so‘zlash va odamlar bilan muomala qilish kabilarga dalolat qilamiz. Albatta, bu o‘rinda, bolaning mayli ahamiyatga ega» («Islomiy tarbiya va uning falsafasi». Muhammad Atiya, 197-bet).
Mutaxassislar tavsiyasiga ko‘ra, bola maktabga borgunicha uni podshoh tuyib muomala qilinadi, ya’ni risoladagi barcha iltimoslari so‘zsiz bajariladi, sho‘xlik va erkaliklardan qaytarilmaydi. Shundan so‘ng unga asta-sekin tushuntirish, kattalarning o‘zi ibrat bo‘lishi orqali tarbiya beriladi.
Tarbiya bir necha tomondan olib boriladi. Bola aqlan rivojlanishi uchun unga turli kitoblar o‘qib beriladi, rivoyat va ibratli hikoyatlar so‘zlanadi yoki aql-zakovatini o‘stiradigan o‘yinlar, mashg‘ulotlarga jalb qilinadi. Ruhiy tarbiyasini yaxshilash uchun hayot va o‘lim, yaxshilik va yomonlik, axloq va odob kabi boqiy mavzularda sodda, bola ruhiyatiga mos suhbat va tushuntirish olib boriladi. Jismoniy tarbiya berish uchun esa biror foydali mehnatga jalb qilish, suzish, merganlik, chavandozlik kabi mashg‘ulotlarni o‘rgatish mumkin.
Bolalarga yoshligidan boshlab Qur’oni karim qissalaridan, payg‘ambarlarning hayoti haqida naql qiluvchi turli rivoyatlardan, xalq ertaklari va dostonlaridan, topishmoqlar, maqol va matallardan o‘qib berish, so‘zlash yoki ularning o‘zlariga o‘qitish ham kerak. Bu bilan bolalarning zehni o‘sadi, fikri kengayadi, dunyoqarashi boyiydi, xotirasi kuchayadi. Eng asosiysi, bola eshitganlaridan ibratlanib, yaxshi odamlarga ergashishga intiladi, ularning xulqu odobidan bahramand bo‘ladi.
O‘g‘il-qizlarining zehni o‘sishini, aql-idrokli, fikrlovchi bo‘lib ulg‘ayishini istagan ota-onalar ularga kichikligidan turli ibratli hikoyalarni, ulug‘larimizning hayot yo‘llari va fazilatlari haqidagi rivoyatlarni, ramziy ma’nodagi yaxshilikka, chiroyli axloq va odobga chorlovchi ertaklarni so‘zlab berishsa, ular ma’naviyatini yuksaltirishda katta tarbiyaviy ish qilgan bo‘lishadi. Quyida misrlik olim Abdulloh Abdul Muti’ning «Islomda tarbiya» kitobidan bir necha shingil ertaklarni keltirib o‘tishni lozim ko‘rdik.
Xo‘roz va tulki. Hikoya qilishlaricha, bir xushovoz xo‘roz bo‘lgan ekan. Odatda u sayr qilar, qishloqdagi kichkina uycha oldida qanotlarini yoyganicha oftobda toblanar ekan. Tunning ma’lum paytlarida vaqti-vaqti bilan qichqirib qo‘yar ekan.
Bir kuni uning yonidan ayyor tulki o‘tib qolibdi va unga: «Bugun juda chiroyli bo‘lib ketibsan, xo‘rozvoy, patlaring top-toza, tojing yaltirab turibdi, senikidan yoqimliroq ovozni hech qachon eshitmaganman, lekin sening ovozing qachonlardir eshitganim otang tovushidan butunlay boshqacha ekan», debdi. (Bu tulki o‘ylab topgan hiyla edi). Shunda xo‘roz tulkiga: «E yo‘q, mening ovozim ham otamniki kabi jozibador», debdi. U shunday degach, qanotlarini qattiq qoqib, ko‘zlarini yumib qichqirishga hozirlanganida, tulki uni shartta tutib olibdi.
Qo‘lga tushgan xo‘roz qanday qilib tulki changalidan qutulish yo‘lini o‘ylay boshlabdi. Tulki uning bo‘ynidan tishlab turganida, xo‘roz bunday debdi: «Bu xo‘roz faqat menga tegishli, uni hech kim bilan baham ko‘rmayman», deb baland ovozda hammaga e’lon qilib chiq!» Tulki jag‘ini ochishi bilan xo‘roz yerga tushibdi va ko‘z ochib-yumguncha daraxtga uchib chiqib, tulkidan qutulibdi. Tulki qilib qo‘ygan ishidan afsuslanibdi va: «Sukut qilishi kerak bo‘lgan paytda gapirgan og‘izni Alloh kechirsin!» debdi. Shunda xo‘roz: «Ochiq bo‘lishi kerak paytda yumilgan ko‘zni ham Alloh kechirsin», debdi.
Quyon va toshbaqa. Juda qadim zamonlarda bir-birlariga qo‘shni bo‘lib quyon va toshbaqa yashashgan ekan. Bir kuni toshbaqa quyonga bunday debdi: «Meni doim sekin yurishda ayblaysan, sen esa chopag‘onsan. Bugun men seni poyga o‘ynashga chaqiraman». Quyon esa mag‘rurlanib: «Xo-xo-xo, menday chopqir quyon arang-arang o‘rmalab yuradigan toshbaqa bilan poyga o‘ynarkanmi? Bu haqiqatan kulgili gap!» debdi.
Biroq quyon toshbaqani bir sharmanda qilish uchun oldindagi tepalikkacha uning bilan poyga chopishga rozi bo‘libdi. Ular musobaqani boshlashibdi.
Quyon o‘zining chopqirligini yaxshi bilganidan, musobaqada g‘olib bo‘lishiga qattiq ishonganidan, taltayib-kerilib poygaga kirishibdi. Shuning uchun yo‘l-yo‘lakay o‘ynoqlab, beda va sabzi uchrasa, ulardan yeb, ancha vaqtini yo‘qotibdi. Toshbaqa esa jiddiyligini saqlab, belgilangan marraga yetmagunicha yo‘lida sobitqadamlik bilan davom etaveribdi. Quyon toshbaqaning qayerda kelayotganini ko‘rish uchun atrofiga alanglasa, u allaqachon tepalikka yetib borgan ekan. Endi quyon toshbaqaga yetib olishga kechikkanini anglabdi.
Shunday qilib, toshbaqa o‘zining sabr-matonati va tirishqoqligi tufayli poygada yutib chiqibdi. Quyon bo‘lsa, chopag‘onligi va epchilligiga ishonib mag‘rurlangani, vaqtida harakat qilmagani uchun yutqazib qo‘yibdi.
Sichqon va yog‘. Sichqon oshxonaga kirib, qopqoqsiz shisha idish to‘la yog‘ topib oldi. U dumini shisha ichiga solib-chiqarib, yaladi. To‘ygunicha bu ishini bir necha marta takrorladi. Keyingi kechalarda ham bu odati bilan qornini to‘ydirib yurdi. Nihoyat, bir kuni idishdagi yog‘ kamayib tagiga tushib qolganidan, unga sichqonning dumi yetmadi. Shunda u og‘zini to‘ldirib suv olib keldi va idish to‘lib, undagi yog‘ tepaga ko‘tarilgunicha (chunki yog‘ suvdan yengil) suv quyaverdi. Shu yo‘l bilan u idishdagi hamma yog‘ni yalab, unda suvning o‘zini qoldirdi.
Bunday ibratli ertak, rivoyatlar bolalarning aqlini o‘stiradi, yaxshilikka, ezgulikka chaqiradi, yomonliklardan uzoqda bo‘lishga undaydi, ular fikri va ongini rivojlantiradi. Bolalar biror yomon qiliq qilishsa, yengil tanbeh, tushuntirish vositasida buning yomonligini bildirish lozim.
Bola kichikligida uning tarbiyasini o‘z holiga tashlab qo‘ygan, ongi, zehni, aqli, odobini shakllantirish bilan shug‘ullanishga vaqt topolmagan yoki bunga hafsala qilmagan ota-ona farzandi ulg‘aygach, achchiq nadomat hosilini teradi. Farzandlari qalbiga yo‘l topa olmayotgan, ular bilan murosalari kelishmayotgan ota-ona avvalo o‘zlarini ularning o‘rniga qo‘yib, shu yoshda men qanday fikrlagan va qanday ish tutgan bo‘lur edim deb, shu haqda biroz mulohaza yuritib ko‘rishsa, hamma narsa joyiga tushadi. Buning ustiga davr, zamonlar orasidagi farqni ham unutmaslik kerak: zamon hech qachon bir joyda qotib turmaydi. U o‘zgarib, taraqqiy etib boradi. Bu haqda hazrat Ali (roziyallohu anhu): «Farzandlaringizni o‘zlarining davriga moslab tarbiyalanglar», deganlar. Chunki kechagina ardoqlangan narsa bugun e’tibordan qolishi yoki aksincha, kecha qadri bo‘lmagan nimadir bugun eng qimmatli narsaga aylanishi mumkin.
Shu omillar e’tiborga olinmasa, «hozirgi yoshlarga qoyil qolmadim, biz o‘z davrimizda bundoq qilardik, bizlar mana bundoq edik» kabi malomat va nadomatlar ko‘payaveradi, kattalar va bolalar o‘rtasidagi ziddiyat-to‘qnashuvlar avjiga chiqaveradi.
Bola ulg‘ayish jarayonida hamma narsani asosan atrofidagi kattalardan o‘rganadi. Ulardan ibrat olib, ularga taqlid qilib, hayotiy tajriba orttira boradi. Endi o‘zingiz qo‘pol va badxulq bo‘lsangiz-u, bolangizni chiroyli xulqli va odobli qilib tarbiyalayman deb o‘ylasangiz, xato qilasiz. Agar o‘zingiz cheksangiz yoki ichsangiz-u, farzandingizni bu yomon illatlardan qaytaraman desangiz, umidingiz va harakatlaringiz puchdir. O‘zingiz yolg‘on gapiruvchi yoki aldoqchi ekansiz, bolangizdan rostgo‘ylik va omonatdorlik kutib ovora bo‘lmang.
«Qasosli dunyo, qaytar dunyo» degan gaplar bor. O‘zingiz ota-onangizga yoki boshqa yaqinlaringizga qanday muomala-munosabat qilgan bo‘lsangiz, buni farzandlaringizdan albatta ko‘rasiz. O‘z navbatida, farzandingiz sizga qanday beodoblik qilgan yoki alam o‘tkazgan bo‘lsa, u ham farzandidan shuni albatta topadi. Bu narsa zanjir xalqalari kabi davrlar osha bir-biriga bog‘lanib ketaveradi. Kelajakda farzandingiz ham siz kabi «avlodlar to‘qnashuvi» azobini tortib yurmasin desangiz, ana shu salbiy zanjir xalqalarini uzib tashlashingizga to‘g‘ri keladi.
Bu boradagi ajoyib rivoyatlarni ham ko‘p eshitgansiz: «Bir yigit otasining soqolidan tutamlab urayotganiga mahalla-ko‘y shohid bo‘lib, qattiq iztirobga tushibdi, “inson farzandi otasini ham uradimi”, deb qayg‘u chekibdi. Shunda ko‘pni ko‘rgan bir otaxon: “Bunga ajablanmasangiz ham bo‘ladi, hozir xo‘rlik ko‘rayotgan kishi yoshligida otasining soqolidan tortib xuddi hozirgiday urgan edi. Mana endi o‘ziga qaytdi”, degan ekan».
Yana bir hikoyat: uzoq umr ko‘rib, farzandlariga maloli kelib qolgan otani o‘g‘il xotinining maslahati bilan shahar tashqarisiga tashlab kelish uchun yo‘lga chiqibdi. Charchab, bir daraxt soyasida dam olishga to‘xtaganida, otasi negadir jilmayib qo‘yibdi. O‘g‘li buning sababini so‘rasa, «Bundan ko‘p yillar muqaddam men ham otamni adirga tashlab kelish uchun yo‘lga chiqqanimda xuddi shu yerda to‘xtab, dam olgan edim», deb javob qilgan ekan.
Shu o‘rinda bir voqeani eslashga to‘g‘ri keldi. Yaqinda respublika telekanallaridan birida otasining aroqxo‘rligidan bezib, uni qariyalar uyiga tashlab kelgan bir o‘zbek yigitini muhokama qilishdi. Avvaliga hamma yigitning qilmishini ma’qullab, ichkilikka ruju qo‘ygan otani tanqid qilishni boshlab yubordi. Bir otaxonning: «Hoy birodarlar, nima deyapsizlar, dinimizda farzand otaning qilmishini ko‘pchilik muhokamasiga tashlashi u yoqda tursin, hatto unga ovozini balandlatib gapirishdan qaytarilgan-ku, musulmon kishi otasi hatto mushrik bo‘lsayam, unga shafqat ko‘rsatishga buyurilgan-ku!» deb e’tiroz bildirganidan keyingina vaziyat o‘zgardi.
Zamondosh olimlarimizdan biri yozganiday, «barcha narsa asli bilan bog‘langan holda mustahkam bo‘ladi, aslidan uzilgan har bir narsa xorlik va xaroblikka mahkum. Kishining asli ota-onasidir. Chunki uning o‘sib-ulg‘ayib, kamolga yetishi ularga bog‘liq. Ota-onasidan uzilgan biror kimsaning tolei-baxti hech qachon baland bo‘lmagan va bo‘lmaydi ham. Ota-onasidan yoki ularning biridan uzilgan, ajralgan kimsa “oq” deb ataladi. Ota-onadan uzilish ularni ranjitishdir. Ularning qalbiga ozor yetkazgan, norozi qilgan o‘g‘il yoki qiz “oq”dir va qattiq gunohkordir».
FARZAND TARBIYASIDAGI NOZIK NUQTALAR
Farzandlarning kelajakda go‘zal axloqli va chiroyli tarbiyali bo‘lishida ota-ona farzandi haqiga qiladigan xayrli duolar o‘rni beqiyosdir. Chunki duo ibodat maqomida. Alloh taolo har bir ishda O‘zidan yordam so‘rashimizni yaxshi ko‘radi. Bundan tashqari, ota-onaning farzandi haqiga qilgan duosi mustajobdir. Abu Hurayradan (roziyallohu anhu) rivoyat qilingan hadisi sharifda Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam):
“Uch kishining duosi qabuldir: otaning farzandiga qilgan duosi, mazlumning duosi va musofirning duosi”, deganlar. Ota-ona bunday ne’mat va imkoniyatdan unumli foydalanishi va farzandlarining kelajakda solih va tarbiyali inson bo‘lib kamol topishini Allohdan so‘rashi lozim. Hatto payg‘ambarlar ham yaxshi farzand so‘rab duo qilishgan. Jumladan, Ibrohim surasining 35-oyatida bunday deyiladi:
وَإِذۡ قَالَ إِبۡرَٰهِيمُ رَبِّ ٱجۡعَلۡ هَٰذَا ٱلۡبَلَدَ ءَامِنٗا وَٱجۡنُبۡنِي وَبَنِيَّ أَن نَّعۡبُدَ ٱلۡأَصۡنَامَ
«(Ey Muhammad!) Eslang, Ibrohim aytgan edi: “EyRabbim! Bu shaharni (ya’ni, Makkani) tinch qilgin, meni va avlodlarimni sanamlarga sig‘inishdan yiroq qilgin!”»
Yana Oli Imron surasining 38-oyatida bunday deyiladi:
هُنَالِكَ دَعَا زَكَرِيَّا رَبَّهُۥۖ قَالَ رَبِّ هَبۡ لِي مِن لَّدُنكَ ذُرِّيَّةٗ طَيِّبَةًۖ إِنَّكَ سَمِيعُ ٱلدُّعَآءِ
«O‘sha joyda Zakariyo Rabbiga iltijo qilib, dedi: “Rabbim, menga (ham) o‘z huzuringdan pok zurriyot ato et! Darhaqiqat, Sen duoni eshituvchidirsan”».
Ota-ona farzandi haqiga yomon duo qilib qo‘yishdan ehtiyot bo‘lishi kerak. Chunki, yuqorida aytganimizdek, ularning farzandlari haqiga qilgan duolari qabuldir. Abdulloh ibn Muborakdan rivoyat qilinishicha, uning oldiga bir ota o‘z o‘g‘lidan shikoyat qilib keladi. Shunda Abdulloh ibn Muborak u otadan, siz o‘g‘lingiz haqiga yaxshi duo qilarmidingiz yoki yomon duo qilarmidingiz, deb so‘raydi. Ota esa yomon duo qilishini aytadi. Shunda Abdulloh ibn Muborak u odamga o‘g‘lingizni o‘zingiz buzgan ekansiz, deb koyiydi. Demak, bolaning kelajakda komil inson bo‘lib yetishishi yoki johil bo‘lishiga ota-onaning duolari katta ta’sir qilar ekan.
Tarbiya haqida Imom G‘azzoliyning «Ihyou ulumud-din» kitobida bunday deyiladi: «Bola ota-ona qo‘lida bir omonatdir. Qalbi turli naqsh va rasmlardan pok, nima naqsh solinsa, qabul qiladi, nimaga moyil qilinsa, moyil bo‘laveradi. Agar yaxshilikka undalsa va o‘rgatilsa, uning ustida o‘saveradi, dunyo va oxiratda saodatli bo‘ladi, ota-onasi hamda odob, ta’lim-tarbiya berganlar barchasi savobiga sherik bo‘lishadi. Agar yomonlikka undalsa va hayvon kabi bo‘sh qo‘yilsa, yomonlikka uchraydi, halok bo‘ladi va unga qarab turgan kishi zimmasiga gunohkorlik tushadi».
Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) bunday deganlar: “Avlodlaringizni, birinchidan:
“Allohni sevadigan qilib tarbiyalanglar...” Chunki Alloh taolo uni yo‘qdan bor etib, ota-onani uning dunyoga kelishiga sababchi qildi. Va ularning qalblariga farzand mehru muhabbatini soldi. Agar Alloh taolo farzand muhabbatini qalbga solmaganida, uni bag‘riga bosmasdi, rahm-shafqat qilmasdi, ko‘chaga tashlab ketgan bo‘lardi. Shuning uchun farzand Alloh taoloni sevib, unga shukrlar qilishi lozim.
Ikkinchidan:
“Allohning Rasulini sevadigan qilib tarbiyalanglar”. Chunki Alloh taolo Rasulullohni (sollallohu alayhi va sallam) xalq orasidan tanlab olib, xalqqa Payg‘ambar qilib yuborgan. Qur’oni karimning Anbiyo surasi 107-oyatida ul zotni “Biz sizni (butun) olamlarga rahmat qilib yuborganmiz”, deyilgan. Payg‘ambarimiz insonlarga ota-onasidan ham mehribonroq bo‘lgan, dunyodagi barcha yaxshiliklarni o‘rgatgan zot, butun dunyo ahlining ustozi sanaladi.
Uchinchidan:
“Allohning Kitobini sevadigan qilib tarbiyalanglar...”. Chunki bu Kitob insoniyatni hidoyatga chorlaydi.
Bu uchta talab inson farzandiga o‘rgatilishi lozim bo‘lgan qoidalardan sanaladi.
Muhtaram Prezidentimiz: “Biz farzandlarimizni dunyoviy bilimlar bilan bir qatorda Imom Buxoriy to‘plagan hadislar, Naqshbandiy ta’limoti, Termiziy o‘gitlari, Yassaviy hikmatlari asosida tarbiya qilmoqdamiz”, deganlar.
Tarbiya bir necha xilga bo‘linadi: badan tarbiyasi, ruhiy tarbiya, aql va fikr tarbiyasi, axloqiy tarbiya, iroda tarbiyasi, so‘zlashuv tarbiyasi, mehnat tarbiyasi va boshqalar.
Islom dini inson hayotining faqat ruhiy, ma’naviy kamolotiga e’tibor beribgina qolmay, ayni vaqtda uning jismoniy jihatlariga ham jiddiy e’tibor qaratadi. Ulamolar ruhiy va moddiy hayotni xuddi narvonning ikki zinapoyasiga o‘xshatishadi. Ya’ni, ikki taraf baravar – teng bo‘lishi uchun harakat qilish lozimligi uqtiriladi. Insonning e’tiqodi kuchli bo‘lishi bilan birga badani, jismi ham sog‘, chiniqqan, har qanday mashaqqatlarga bardoshli bo‘lmog‘i lozim. Bu xususda Payg‘ambarimiz Muhammad (sollallohu alayhi va sallam):
عَنْ أَبِى هُريرة رضى الله عنه قال: قال رَسُولُ الله صَلَّى الله عَلَيْهِ وَ سَلَّمَ: “المؤمن القوي خير وأحب إلي الله من المؤمن الضعيف
Ya’ni, “Kuchli mo‘min kishi Alloh huzurida kuchsiz mo‘mindan yaxshiroq va mahbubroqdir”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).
Avval qayd qilganimizdek, yurtimiz yoshlari o‘rtasida sport turlari bo‘yicha turli musobaqalar o‘tkazish an’ana tusiga kirgan. Oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida “Universiada”, o‘rta maxsus va kasb hunar ta’limi maskanlari talabalari orasida “Barkamol avlod” o‘yinlari hamda o‘rta maktablarning o‘quvchilari orasida “Umid nihollari” musobaqalari o‘tkazilishi an’anaga aylangani va ular yoshlarimizning sog‘lom voyaga yetishlarida nechog‘li ahamiyatga ega ekanini ko‘rishimiz mumkin.
Qur’oni karimda bunday oyat bor:
وَلَا تَمۡشِ فِي ٱلۡأَرۡضِ مَرَحًاۖ إِنَّكَ لَن تَخۡرِقَ ٱلۡأَرۡضَ وَلَن تَبۡلُغَ ٱلۡجِبَالَ طُولٗا
«Yer yuzida kibrlanib yurma! Chunki sen (oyoqlaring bilan) zinhor yerni tesha olmaysan va uzunlikda tog‘larga yeta olmaysan» (Isro, 37).
Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) bir hadislarida:
عَنْ أَبِى هُريرة رضى الله عنه قال: قال رَسُولُ الله صَلَّى الله عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: “أدّبُوا أَولادَكُم وأَحْسِنُوا آدَابَهُم”
“Bolalaringizga odob beringlar va odoblarini chiroyli qilinglar”, deb marhamat qilganlar (Imom Muslim rivoyati).
Kishi o‘g‘il-qizini kichik yoshdan tarbiyalab, odob bermog‘i kerak. Bola ma’lum yoshga yetgach, unga ba’zi narsalarni qabul qildirish qiyin kechadi. Bunda oila raisi oila a’zolarining ba’zi ayblarini kechirishi kerak bo‘ladi. Zaif va kichiklar ayb qilishlari mumkin. Shuning uchun ularni qo‘rqitishdan ko‘ra kechirish yaxshiroqdir.
Shuningdek, bolalarni kamsitmaslik, ularning odoblilarini ibrat o‘laroq misol qilib keltirish, kattalarning bola oldida o‘zlarini yaxshi, odobli tutishlari, so‘kinmasliklari va urishmasliklari juda muhimdir. Ota-ona o‘zlari odobsiz bo‘lishsa, bolalarini odobli qilaman deb urinishlari aslo samara bermaydi. «Kishining dini do‘stining dini kabidir» hadisiga muvofiq, bolaning ulfat va do‘stlari kim ekaniga alohida e’tibor qaratish kerak.
Bola qalbiga yoshligidanoq imon, e’tiqod urug‘larini sepish, unga Parvardigorimizni va Payg‘ambarimizni (sollallohu alayhi va sallam) tanitish hamda sevdirish lozim. Chunki imoni, diyonati, vijdoni bo‘lmagan bola johil, nodon, yovuz, jamiyat va el manfaatlarini nazar-pisand qilmaydigan xudbin kimsa bo‘lib o‘sadi. Davlatimiz va millatimiz uchun bunday kaslar emas, balki qalbi toza, uyg‘oq, ilmli va mo‘min insonlar zarurdir. Bolani shu yo‘sinda tarbiyalash hammaning muhim vazifasi bo‘lishi kerak. Yurtboshimiz «Biz farzandlarimizni Imom Buxoriy hadislari, Yassaviy hikmatlari, Termiziy o‘gitlari, Naqshband ta’limoti asosida tarbiyalashimiz kerak», deganlaridek, farzandimizni Allohdan qo‘rqadigan, jamiyatga foyda keltiradigan, xalqiga xizmat qiladigan diyonatli inson etib tarbiyalashimiz kelajakda uning komil inson bo‘lib ulg‘ayishiga zamin bo‘ladi.
Ota-onalar farzandlari bilan muomala qilishda adolatli bo‘lishlari, birini boshqasidan, o‘g‘illarni qizlardan yoki aksincha, ajratmasliklari kerak. Sovg‘a berishda, lutf va mehribonchiliklar ko‘rsatishda, erkalash va iltimoslarini bajarishda barcha farzandlarni teng ko‘rish lozim. Chunki ular orasida sovg‘a-salomda tenglik yo‘qolsa yoki birini koyib, uning yonidagi ikkinchisi maqtalib erkalatilsa, aka-uka yoki opa-singillar orasida bir-biriga hasad qilish va ko‘rolmaslik kelib chiqadi. Tadqiqotlar natijasida bolalarda hasad, ko‘rolmaslik va birovga nisbatan dushmanlik hissini tuyish kabi yomon tuyg‘ular shakllanishiga oilada farzandlar o‘rtasidagi adolatning yo‘qolishi ko‘proq ta’sir ko‘rsatishi aniqlangan. Payg‘ambar (sollallohu alayhi vasallam): «Alloh taolo o‘rtalaringizda adolat qilishingizni yaxshi ko‘rgani kabi farzandlaringiz orasida ham adolat qilishingizni yaxshi ko‘radi», deganlar.
Agar bolalarga atab biror narsa olib kelsangiz, tarqatishni eng oldin qizlardan boshlang. Chunki qiz bola ta’sirchan, ko‘ngli nozik, salga xafa bo‘lib qoladigan bo‘ladi. Payg‘ambarimizdan (alayhissalom) bunday hadis bor: «Kim qiz bolalarni xursand qilsa, Allohdan qo‘rqib yig‘lagandek bo‘ladi, kim Alloh taolodan qo‘rqib yig‘lasa, Alloh taolo uning badaniga do‘zax o‘tini harom qiladi».
Farzandlarga mehr-shafqatli bo‘lish, ularni suyub erkalash, hamisha ochiq chehra bilan muloyim muomala qilish, zaruriy ehtiyojlarini qondirish, har jabhada ularga shaxsiy ibrat ko‘rsatish, Alloh taolo bergan omonat bo‘lmish o‘g‘il-qiz farzandlarni gunoh va yomon ishlardan qaytarib turish ota-onaning muhim vazifalaridandir. Har bir ota-ona farzandlarining turli buzuq aqida va nojo‘ya oqimlarga kirib qolmasligi uchun ularga Ahli sunnat val jamoa aqidasi, Imomi A’zam (rahmatullohi alayh) mazhabi ta’limoti asosida tarbiya berishlari zarur.
«Tarbiyani qachon boshlash kerak?» degan savol azaldan yosh ota-onalarning boshini qotirib keladi. Bu savolga esa bir rivoyat bilan javob qaytarish to‘g‘riroq bo‘lur edi. Bir kishi donishmand huzuriga kelib: «Farzandimga necha yoshidan tarbiya berishni boshlashim kerak?» deb so‘rabdi. Donishmand: «Farzandingiz necha yoshda?» debdi. «Ikki yoshga kirdi», javob qilibdi boyagi kishi. Shunda donishmand: «Siz tarbiya berishda ikki yilga kechikibsiz», degan ekan.
Ammo bolaga tarbiya va odob berishda shoshqaloqlik yaramaydi. Bitta daraxtni parvarishlab, hosilga kiritish uchun bir necha yil kutish kerak bo‘lganiday, bir farzandni komil tarbiya va axloq bilan ziynatlash uchun ham ko‘p yillar kerak. Tarbiya ota-onadan va murabbiy-ustozlardan uzoq vaqt chidam, bardosh, sabr va fidoyilikni talab etadi.
Turmush qurgan er-xotin oldida eng sharafli va muhim ish: farzand ko‘rish va unga kelajakda millatiga, ota-onasiga, jamiyatiga manfaat keltiradigan qilib, munosib tarbiya berish vazifalari turadi. Barchamizga ma’lumki, bugungi kun yoshlari bizning merosxo‘rlarimiz va kelajakda hayotning barcha sohalarida boshlangan katta-kichik ishlarimizni davom ettiruvchi o‘rinbosarlarimizdir. Har bir davrning o‘ziga xos tabiati va sharofati bo‘lganidek, fan va texnika jadal taraqqiy etib borayotgan asrimizda yoshlar tarbiyasi ham alohida o‘ziga xoslik kasb etadi.
Farzandlarimizning ilmiy saviyalari, kasbu hunarlari bilan bir qatorda axloqiy fazilatlari ham ko‘payib borishi zarur. Yosh avlodning ta’lim va tarbiyasi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilish faqat hukumatimizning yoki maktablarning emas, birinchi navbatda har bir ota-onaning muqaddas burchlaridan hisoblanadi.
Har bir inson o‘z farzandi yaxshi, barkamol nasl bo‘lib yetishishini orzu qiladi. Katta bo‘lgach, jamiyatda o‘ziga munosib o‘rin egallab, Vataniga sodiq, elu xalqining xizmatiga tayyor, vijdonli va diyonatli bo‘lishini niyat qiladi.
Lekin hamma ota-onaning ham o‘z farzandlariga mehr-oqibati va tarbiyaviy munosabati bir xil bo‘lavermas ekan. Ayrimlar bola tarbiyasi xususida juda beparvolik qilishadi. Ular uchun bu dunyoda faqat o‘z shaxsiy yumushlari, moddiy mablag‘ to‘plash yo‘lidagi tashvishlari birinchi o‘rindagi vazifa-yu, oila a’zolarining axloqiy tarbiyasi bilan shug‘ullanish ikkinchi darajali ish ko‘rinadi.
Farzand tarbiyasi haqida oldinlari ham juda ko‘p gapirilgan. Lekin bugun mavzuga yana bir bor qaytib, bu sohada onalarning farzand tarbiyasidagi burchlari haqida to‘xtalib o‘tmoqchimiz.
Onaning burchlaridan yana biri farzandga mehribonlik ko‘rsatib, uni aziyat beradigan turli narsalardan saqlagan holda, vaqtida oziqlantirib, yuvib-tarab, toza kiyintirib, kasal bo‘lishiga yo‘l qo‘ymay, parvarishlashda erinchoqlik yoki dangasalik qilmay, doimo hushyor va xabardor bo‘lishdir. Lekin, afsuski, barcha onalar ham o‘z farzandlariga onalik mehrini baxsh etavermaydilar. Shunday ayollar ham bor, ular o‘z bolalarini bekordan-bekor bolalar uylariga topshirib yuboradilar.
Musulmon odobiga doir «Ma’naviy ziyofat» kitobida keltirilgan bola tarbiyasidagi eng muhim jihatlarni esga olsak, foydadan xoli bo‘lmas.
Farzandlarga mehribonlik, rahm-shafqat ko‘rsating, ular bilan yumshoq muomalada bo‘ling, sababsiz tergamang. Tez-tez ularni quchoqlab, bosh-ko‘zini mehr bilan silab turing.
Ular bilan muntazam birga bo‘lishga harakat qiling: mashg‘ulotlar o‘tkazing, o‘yinlariga aralashib turing, hazil-mutoyiba qiling, nutqini o‘stirish bilan shug‘ullaning.
Ularni aslo qarg‘amang, yomon so‘zlar bilan so‘kmang, yomon duo qilmang. Chunki bu narsalar fasodga yo‘liqtirib, oilangizga faqirlik keltiradi. Aksincha, yaxshi duolar qilib, ularga imon-e’tiqod, insof, yaxshiliklar tilanadi.
Bolasini kaltak vositasida tarbiya qilishni o‘ylaganlar qattiq adashadi. Chunki farzand yaxshi so‘zning gadosi, yomon gapirish, kaltaklash bolani oiladan, ota-onadan bezdiradi, xolos.
O‘n yoshga yetgan o‘g‘il va qiz bolalar alohida yotqiziladi, chunki aksincha holat fitnaga sabab bo‘lib qolishi mumkin.
Bolalaringizga ularning qurbi yetmaydigan xizmat va topshiriqlarni aslo bera ko‘rmang. Chunki buni bajara olmay, yolg‘on gapirishlari, hiyla izlashlari, hatto ota-onaga osiy bo‘lib qolishlari mumkin.
Ota-ona qaramog‘idagi bolalariga o‘zi yegan ovqatni yediradi, o‘zi kiygan kiyimlarni kiydiradi, nafaqa va ehtiyojlarini qondiradi.
Quyida marhum ustoz, taniqli olimlarimizdan Salohiddin Muhiddinning farzand tarbiyasi borasidagi maslahatlarini e’tiboringizga havola etamiz:
«Yosh farzandlarni ovqatdan oldin va keyin qo‘l yuvishga, ovqatlanishni «Bismilloh» bilan boshlashga, o‘ng qo‘l bilan yeyishga, yeb bo‘lganidan so‘ng Yaratganga shukr aytishga odatlantirishingiz lozim. Shuningdek, o‘ng qo‘l bilan yozish, kiyim kiyganda o‘ngidan boshlash, uyga o‘ng oyoq bilan kirish, har bir ishni «Bismilloh» bilan boshlashga ham o‘rgating.
Bolalarga tozalikka rioya qilish, tirnoqlarini olish, kiyimlarini toza-pok saqlash, tahoratxonaga kirish-chiqish tartiblaridan ta’lim bering.
Farzandlarga xoli holda, uyaltirmay, boshqalar oldida sharmanda qilmay nasihat qilishingiz lozim. Ba’zan sho‘xlik qilib, gapingizga quloq solishmasa yoki biror ishda xato qilishsa, ularni urmay-so‘kmay, tushuntirishingiz zarur. Juda iloji bo‘lmay qolganida ikki-uch kun gaplashmay qo‘ysangiz, kifoya.
Iloji bo‘lsa, bolalarning har qaysisiga alohida-alohida o‘rin solish, agar imkoniyati bo‘lsa, qiz va o‘g‘il bolalarning xonalarini bo‘lak qilib berish ularning tarbiyasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
O‘g‘il-qizlaringizni ko‘chaga iflos chiqmaslikka, hovli tashqarisiga va ko‘chalarga odamlarga aziyat-zarar beradigan axlat, iflos narsalarni tashlamaslikka o‘rgating.
Farzandlaringizning kimlar bilan do‘st va hamsuhbat bo‘lishlariga e’tiborli bo‘ling, ko‘chada sababsiz, bemaqsad turish va yurishlariga, sizdan so‘ramay, uzoq vaqt biror mashg‘ulot bilan shug‘ullanishlariga yoki olis joyga ravona bo‘lishlariga ruxsat bermang.
Farzandlarni uyda va ko‘chadagi tanish-notanish odamlarga «Assalomu alaykum» deb salom berishga, qo‘ni-qo‘shnilarga yaxshilik va yordam ko‘rsatishga, aziyat yetkazmaslikka, uyingizga kelgan mehmonga hurmat ko‘rsatish va xizmat qilishga odatlantiring.
O‘g‘il-qizlaringizni kufr so‘zlardan, birovlarni haqorat qilishdan, behayo gaplarni gapirishdan qaytaring. Bularning nihoyatda yomonligini, yaramas so‘z-gaplar tufayli odam qattiq gunohkor bo‘lishi va zarar ko‘rishini muloyimlik bilan tushuntiring. O‘zingiz ham bu borada ularga ibrat-namuna bo‘ling, chiroyli axloq sohibi ekaningizni isbotlang.
Farzandlarni qimorning turli ko‘rinishlari, qarta, oshiq va o‘rtaga pul qo‘yib o‘ynaladigan barcha o‘yinlardan qaytarish darkor. Qimor bo‘lmasa ham, qimmatli vaqtini behuda sovuradigan, dars tayyorlash va foydali mashg‘ulotlardan ayiradigan o‘yinlarni ham cheklash lozim.
Ularning axloqsiz, behayo, fahsh suratli gazeta-jurnallar, kitoblarni o‘qishlariga, jinsiy munosabatlarni, shafqatsizlik, axloqsizlik, yovuzliklarni targ‘ib qiladigan film va tomoshalarni ko‘rishlariga yo‘l bermang.
Farzandlaringizni sigaret chekish va aroq ichishdan qaytarib, bu illatlarning inson sog‘lig‘i va iqtisodiga qanchalar zarar keltirishini, kulfatga boshlashini erinmay tushuntiring. Buning o‘rniga meva va shirinliklar iste’mol qilishga targ‘ib eting”.
O‘g‘il-qizlarimizni har qanday holatda ham rost so‘zlashga, yolg‘onni hatto hazil tariqasida ham gapirmaslikka, va’daga albatta vafo qilishga o‘rgatishimiz lozim. Chunki yosh bolalar odatda o‘ta ta’sirchan va taqlid qilishga o‘ch buladilar. Yolg‘onni atrofidagi muhitdan o‘rganib, ota-onasi yoki aka-ukalaridan biror manfaatga erishish uchun yolg‘on ishlatishlari mumkin. To‘g‘rilik har bir yaxshilikning asosi, yolg‘on esa har qanday yomonlikning onasi va boshlanishidir. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam): “Albatta, to‘g‘rilik yaxshilikka boshlaydi. Yaxshilik jannatga boshlaydi. Yolg‘on yomonlikka olib boradi. Yomonlik esa do‘zaxga olib boradi”, deganlar. O‘zimiz ham ularga biror narsa va’da qilsak, olib berishimiz, bordi-yu, buning imkoni topilmay qolsa, ularga tushuntirib, muddatini uzaytirishimiz kerak. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): «Ota-ona farzandini “Bolam, bu yoqqa kel, bir narsa beraman”, deb chaqirsa-yu, ammo bermasa, u yolg‘onchidir», deganlar. Farzandlarni halol topgan molimizdan yedirib-ichirishimiz, sudxo‘rlik, pora, o‘g‘rilik, aldamchilik, zulm bilan topiladigan narsalardan ehtiyotlashimiz lozim. Zero, bunday mablag‘lar bilan oziqlangan bola badbaxt, itoatsiz, qo‘rs-qo‘pol va yovuz bo‘lib ulg‘ayadi. Farzandlarimizni tarbiyalashda urish, so‘kish va qattiq cheklovlardan oldin ularni to‘g‘ri bilan noto‘g‘rini, foyda bilan zararni ajratishga o‘rgatishimiz kerak. Chunki biz qanchalik cheklovlar qo‘ymaylik, nima foydayu nima befoyda ekanini tushuntira bilmasak, ular bu ishlarni yashirin holda ham qilishlari mumkin.
KЕYINGI MAVZULAR:
Ilmu hunar o‘rgating;
Farzandlik burchi va vazifalari;
Payg‘ambarlik faqat kitob tushishi bilan emas, balki Alloh taolo tanlab olgan bandalariga vahiy nozil qilishi bilan amalga oshishi yetti qat’iy dalil orqali isbotlab berildi. Shuningdek, payg‘ambarlarga keladigan vahiy ikki tur – tilovat qilinadigan (matluv) va tilovat qilinmaydigan (g‘ayri matluv) bo‘lishi ham ko‘rsatib o‘tildi.
Endi esa Qur’oni karimning bir qator oyatlarini keltiramiz. Ular o‘z matni, mazmuni yo boshqa dalil ko‘magi bilan shuni ko‘rsatadiki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tomonidan shariat o‘laroq bayon etilgan, ammo Qur’onda bo‘lmagan hukmlar ham vahiydir. Bu oyatlar vahiyning bir turi – tilovat qilinmaydigani (ilohiy kitobga kirmagani) ham borligiga dalolat bo‘ladi.
Bunday oyatlar juda ko‘p bo‘lib, barchasini birdaniga jamlashga hojat yo‘q. Zero, bir oyatning o‘ziyoq haqiqatni anglash uchun kifoya qiladi. Shunday bo‘lsa-da, muqaddas Kitobimizning uslubiga ergashgan holda, sunnatning vahiy ekanini qat’iy isbotlovchi oyatlardan ko‘proq keltirish lozim topildi. Chunki bu masalaning g‘oyatda muhimligi bois shu ma’nodagi so‘zlar Qur’oni karimda turli uslublar bilan qayta-qayta ta’kidlagan. Mus'hafi sharifni sharhlashda, islom ahkomlarini bayon qilishda ham bu masala eng muhim poydevor hisoblanadi.
1. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «Botayotgan yulduz bilan qasamki, birodaringiz (Muhammad alayhissalom) adashgani ham yo‘q, yo‘ldan ozgani ham yo‘q. Va u (sizlarga keltirayotgan Qur’onni) o‘z havoyi xohishi bilan so‘zlamas. U (Qur’on) faqat (Alloh tomonidan) vahiy (nozil) qilinayotgan bir vahiydir. Unga (bu vahiyni) kuchga to‘lgan bir zot (ya’ni, Jabroil alayhissalom) ta’lim bermishdir» [Najm surasi, 1–5-oyatlar].
Alloh taolo tong otayotganda botadigan yulduzlar bilan qasam ichib, Payg‘ambarning haq yo‘lda ekanini, adashmagani va yo‘ldan ozmaganini ma’lum qildi. Bu yerda «adashgan» – haq va aniq yo‘lni bilmay, ilmsizlik bilan qorong‘ulikda qadam bosgan johil. «Yo‘ldan ozgan» esa haqni bila turib, qasddan va ongli ravishda undan yuz o‘girib, boshqa yo‘lga ketgan kimsadir.
Bu oyat Alloh taoloning O‘z qasami bilan mustahkamlangan buyuk guvohligi bo‘lib, bunday shahodat Rasulining barcha holat va ishlarda to‘g‘ri yo‘lda ekanini tasdiqlaydi. Shuningdek, keltirgan barcha narsalari – Kitob bo‘lsin yo hadis – to‘g‘ri va haq ekaniga dalil bo‘ladi.
So‘ng Alloh taolo bu haqiqatni yanada mustahkamlab, «U o‘z havoyi xohishi bilan so‘zlamas» deyapti. Keyin «U (Qur’on) faqat (Alloh tomonidan) vahiy (nozil) qilinayotgan bir vahiydir» deb, ta’kidni eng oliy cho‘qqiga chiqaryapti. Oyatdagi cheklov (hasr) uslubi vahiydan tashqari har qanday ehtimolni rad etadi. Ya’ni, u zot alayhissalomning gaplari faqat va faqat nozil qilinayotgan vahiydir. Bu Payg‘ambar alayhissalomning har bir so‘zi Qodir Parvardigordan kelgan vahiy ekaniga eng oliy tasdiqdir. Bu esa, «o‘z havoyi xohishi bilan so‘zlamas» degan gap shunchaki majoz emas, balki aynan haqiqat ekanini ko‘rsatadi.
Bu ibora umumiy ma’no tashiydi, ya’ni u zotning og‘izlaridan chiqqan barcha so‘zlarni o‘z ichiga oladi. Zero, arab tili qoidalariga ko‘ra, inkor gap tarkibidagi fe’l inkor qilingan nakra (noma’lumlik) so‘z hukmida bo‘lib, umumiy ma’noni anglatadi. Demak, u zotning shariat va dinni yetkazish bilan bog‘liq har bir gapi shu umumiy ma’noga kiradi. Buni faqat Qur’onga xoslab qo‘yish uchun hech qanday dalil yo‘q. Shunday ekan, oyatning ma’nosi: «U zot aytgan har bir gap – Kitob bo‘lsin yo hadis – faqatgina nozil qilinayotgan vahiydir», deganidir.
Bu oyatning umumiy ma’noga ega ekani va nafaqat Qur’onni, balki hadisni ham o‘z ichiga olishini Abdulloh ibn Amr ibn Os roziyallohu anhudan rivoyat qilingan ushbu hadis qo‘llab-quvvatlaydi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan eshitgan har bir narsani yodlab qolish niyatida yozib borar edim. Qurayshliklar meni bundan qaytarib: «Rasulullohdan eshitgan hamma narsangni yozyapsanmi? Axir, Rasululloh ham oddiy inson bo‘lsalar, ba’zan g‘azab ustida ham gapiradilar-ku!» dedi. Shundan keyin yozishdan to‘xtadim va buni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga aytdim. U zot barmoqlari bilan og‘izlariga ishora qilib: «Yozaver, jonim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, bu yerdan faqat haqiqat chiqadi», deb buyurdilar» [Abu Dovud va Dorimiy rivoyat qilgan].
Ulamolarning fikriga ko‘ra, bevosita vahiy kelmagan paytlarda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning o‘z ijtihodlari bilan hukm chiqarishlari joiz bo‘lgan. Bu holat yuqoridagi «u (sizlarga keltirayotgan Qur’onni) o‘z havoyi xohishi bilan so‘zlamas. U (Qur’on) faqat (Alloh tomonidan) vahiy (nozil) qilinayotgan bir vahiydir» degan umumiy qoidaga zid kelmaydi. Chunki Alloh taolo o‘sha vaziyatlarda u zotga ijtihod qilishga izn bergan. Bu ruxsatning o‘zi ham Alloh taoloning O‘z Payg‘ambariga vahiysidir. Demak, Nabiy sollallohu alayhi vasallam o‘z ijtihodlarida ham baribir Allohning vahiysiga ergashgan bo‘ladilar. Bunga Alloh taoloning Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tili bilan aytgan ushbu so‘zlari dalildir: «Men faqat o‘zimga vahiy qilingan narsalargagina ergashurman» [An’om surasi, 50-oyat].
Shunday ekan, u zotning ijtihodlari va o‘sha ijtihod tayanadigan asoslarning barchasi vahiydir, aslo havoyi xohish emas. Zero, bu ruxsat go‘yo Alloh taoloning O‘z Payg‘ambariga «Biror hukmni to‘g‘ri deb bilsangiz, u Mening hukmimdir», ya’ni «Qalbingizga solingan har bir narsa Mening irodamdir» deganidek gap. Shuning uchun ham bu haqiqiy vahiy hisoblanadi va yuqoridagi umumiy qoidaga to‘liq muvofiq bo‘ladi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ijtihodlarida xato bo‘lishi ehtimoli bor, deb hisoblaydigan ulamolar mazhabiga ko‘ra esa, Nabiy sollallohu alayhi vasallam biror ijtihodda yanglishgan bo‘lsalar, Alloh taolo uni o‘sha holatda qoldirmagan, balki vahiy yo‘llaridan biri bilan darhol haqiqatni bayon qilib bergan. Demak, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam din sifatida mustahkamlanib, qaror topgan hukmlarda qanday havoyi xohish bilan gapirmaganlari singari hali yakuniy to‘xtamga kelinmagan va ijtihod qilgan masalalarida ham aslo nafslariga tayanib so‘z yuritmaganlar. Balki u zotning aytganlari bevosita vahiy kelmaganda ijtihod qilishga berilgan ilohiy ruxsatga – ya’ni, baribir vahiyga asoslangan bo‘lgan.
Xulosa qilib aytganda, Alloh taoloning O‘z Rasuliga ijtihod qilishga ruxsat berishi go‘yo unga: «Biror hukmni to‘g‘ri deb bilsanging va Men uni shundayligicha qoldirsam, demak, u Mening hukmimdir», deb aytishi kabidir.
2. Qur’oni karimning qator oyatlarida «hikmat» so‘zi «Kitob» so‘zi bilan ketma-ket kelgan. Ularning bir qismida ikki kalima ham Alloh taolo tomonidan o‘rgatilgani bayon qilingan bo‘lsa, boshqa qismida ikkisining ham Haq taolo tomonidan nozil qilingani ochiq-oydin aytilgan.
Alloh subhonahu va taolo bunday marhamat qiladi: «Ey Rabbimiz! Ularga (kelajak ummatlarga) o‘zlaridan (chiqqan), ularga oyatlaringni tilovat qilib beradigan, Kitob va hikmat (Qur’on va hadis)ni o‘rgatadigan va ularni (kufr va gunohlardan) poklaydigan bir payg‘ambar yuborgin! Albatta, Sen Aziz (qudratli) va Hakim (hikmat sohibi)dirsan » [Baqara surasi, 129-oyat].
Yana Alloh taolo bunday deydi: «Shuningdek, sizlarga o‘zingizdan bo‘lmish bir payg‘ambar yubordikki, u sizlarga oyatlarimizni o‘qib beradi, sizlarni (shirk va gunohlardan) poklaydi, sizlarga Kitob (Qur’on) va hikmatdan (Hadisdan) ta’lim beradi va bilmaganlaringizni bildiradi » [Baqara surasi, 151-oyat].
Haq taolo aytadi: «Albatta, Alloh mo‘minlarga o‘zlaridan bo‘lgan (ya’ni, odam jinsidan bo‘lgan), ularga Allohning oyatlarini tilovat qilib beradigan, (gunohlaridan) poklaydigan hamda ularga Kitob va hikmatni o‘rgatadigan payg‘ambarni yuborish bilan yashilik qildi. Holbuki, ular ilgari ochiq xato-zalolatda edilar» [Oli Imron surasi, 164-oyat].
Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «U (Alloh) omiylarga (ya’ni, ahli kitob bo‘lmagan ilmsiz kishilarga) o‘zlaridan bo‘lgan, ularga (Qur’on) oyatlarini tilovat qiladigan, ularni (shirk va jaholatdan) poklaydigan hamda ularga Kitob – Qur’on va hikmat – hadisni o‘rgatadigan bir payg‘ambarni (ya’ni, Muhammad alayhissalotu vassalomni) yuborgan Zotdir. Shak-shubhasiz, ular (payg‘ambar kelishidan avval) ilgari ochiq zalolatda edilar» [Jum’a surasi, 2-oyat].
E’tibor bering, ushbu oyatlarda Nabiy sollallohu alayhi vasallamning mo‘minlarga Kitob va hikmatni o‘rgatishlari Allohning oyatlarini tilovat qilib berishlariga bog‘lab keltirilmoqda. Ya’ni, Kitob va hikmatni o‘rgatish oyatlarni tilovat qilishdan butunlay boshqa narsadir. Buni ilohiy bayondagi so‘zlarning turlicha kelgani ham ko‘rsatib turibdi. Zero, Alloh taolo dastlabki harakatni «tilovat» deb, keyingisini esa «o‘rgatish» deb atayapti. Ta’lim berish esa shunchaki tilovat qilishdan farq qiladi. Qolaversa, arab tili qoidalariga ko‘ra, so‘zlarni bir-biriga bog‘lab so‘zlash (atf) ular o‘rtasida ma’no jihatidan farq borligini bildiradi. Ayniqsa, keyingi uch oyatda Kitob va hikmat ta’limi bilan tilovat «ularni poklaydigan» mazmunidagi jumla bilan ajratilgani bu ikki tushuncha bir-birini shunchaki sharhlab keluvchi sinonimlar emasligini yana bir bor qat’iy tasdiqlaydi.
Oyatlarni tilovat qilishning ma’nosi hammaga tushunarli. Kitobni o‘rgatish esa Qur’ondagi umumiy va muxtasar hukmlarni bayon qilib berish demakdir. Bunga Alloh taoloning ushbu so‘zlari dalil bo‘ladi: «Sizga esa odamlarga nozil qilingan (ma’lumotlar)ni bayon (tafsir) qilib berishingiz uchun va tafakkur qilsinlar, deb bu zikrni (Qur’onni) nozil qildik» [Nahl surasi, 44-oyat] Alloh taolo O‘z Rasuli Muhammad sollallohu alayhi vasallamga Qur’onni sharhlash, undagi qisqa hukmlarni batafsil tushuntirish va mavhum joylariga oydinlik kiritish vazifasini yuklagan. Bu ulug‘ vazifa esa faqatgina hikmatni o‘rgatish orqali amalga oshadi. Hikmat esa – Alloh taolo u zotga vahiy qilgan sunnatdir.
Bu tahlil “hikmat” so‘zi Kitobga bog‘lanib kelgan boshqa oyatlarda ham Qur’ondan farqli o‘laroq alohida bir asos – Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari ekaniga yorqin dalildir.
Qur’onda “hikmat” deb atalgan ushbu sharafli nabaviy sunnat Alloh taolo tomonidan nozil qilingan vahiy ekanini ochiq-oydin ko‘rsatuvchi oyatlar ham bor. Jumladan, Alloh subhonahu va taolo bunday amr etadi: «Allohning sizlarga bergan ne’matini va sizlarga nasihat sifatida nozil qilgan Kitob va hikmatni (hadislarni) yodingizda tutingiz!» [Baqara surasi, 231-oyat].
Yana bunday marhamat qiladi: «Alloh sizga Kitob va hikmatni nozil qildi va bilmagan narsalaringizni bildirdi. Allohning sizga fazlu marhamati ulug‘ bo‘ldi» [Niso surasi, 113-oyat].
Ushbu oyatlardagi «Kitob va hikmat» degan ilohiy so‘zlar hikmat xuddi Qur’oni karim kabi Alloh taolo tomonidan nozil qilinganini ochiq ko‘rsatadi. Chunki u “Kitob” so‘zi bilan yonma-yon va unga bog‘lanib kelmoqda.
Shunday qilib, dastlabki misollardagi oyatlar orqali hikmatning Kitobdan boshqa narsa ekani isbotlandi. Keyingi misollar bilan bu hikmat ham xuddi Kitob kabi Allohdan nozil bo‘lgan ilohiy vahiy ekani o‘z tasdig‘ini topdi. Ana shu vahiy nabaviy sunnatdir, vallohu a’lam.
Imom Shofeiy rahmatullohi alayh Kitob bilan hikmat o‘rtasidagi bu farqni qat’iy ta’kidlab, mazkur oyatlar sharhida bunday degan: «Alloh Kitobni zikr qildi – u Qur’ondir. Shuningdek, hikmatni zikr qildi. Men Qur’on ilmini yaxshi biladigan, o‘zim rozi bo‘lgan olimlardan eshitdimki, ular: «Hikmat Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridir», dedi. Bu gap ayni haqiqatdir».
Imom Shofe’iy ma’qullagan va Qur’on olimlaridan naql qilgan bu qarash barcha salaf solihlar va yetuk mufassirlarning yakdil ittifoqidir.
Ibn Kasir o‘z tafsirida bunday yozadi: Hikmat – sunnat deganidir. Buni Hasan Basriy, Qatoda, Muqotil ibn Hayyon, Abu Molik va boshqalar aytgan. Shuningdek, u «dindagi chuqur tushuncha» deb talqin qilingan. Bu ikki fikr o‘rtasida qarama-qarshilik yo‘q, biri ikkinchisining mazmuniga uyg‘undir».
Bu o‘rinda bir muhim jihatga e’tibor qaratish lozimki, bu oyatlardagi “hikmat” so‘zini «sunnat» deb tafsir qilgan olimlar, tilshunoslik jihatidan hikmat va sunnat so‘zlari mutlaq ma’nodosh (sinonim) demoqchi emas. Chunki lug‘at darsliklarida, jumladan, Xalil ibn Ahmad Farafidiyning «Kitobul ayn» asarida keltirilishicha, «hikmat» so‘zi tilda “ilm” va “adolat” ma’nolarini anglatadi. Mufassirlar oyatning kelish o‘rni va matn siyoqini hisobga olib, uni ilm va adolatning eng oliy darajada namoyon bo‘lishi, ya’ni hadis deb izohlagan. Zero, Alloh taolo hikmatni ham nozil qilingan narsalar qatoriga qo‘yishi va uni Kitob bilan birga qayd etishi uning aynan hadis ekaniga yaqqol dalildir. Chunki Alloh taolo tomonidan Kitobdan tashqari nozil qilingan yagona manba – bu hadisdir.
3-4-5. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «Sizlarga ro‘za kechasida xotinlaringiz bilan qovushish halol qilindi. Ular sizlar uchun libos, sizlar ular uchun libosdirsiz. Sizlarning o‘zingizga xiyonat qilayotganingizni Alloh bildi va tavbangizni qabul qilib, sizlarni afv etdi. Endi ular bilan (ro‘za kechalarida bemalol) qovushib, sizlar uchun Alloh yozgan (taqdir etgan) narsani (farzandni) umid etaveringiz. Shuningdek, tonggacha, ya’ni oq ipning qora ipdan (tongning tundan) ajraladigan vaqtigacha yeb-ichaveringiz. So‘ng ro‘zani kechgacha (quyosh botguncha) mukammal tutingiz! Masjidlarda e’tikofda bo‘lgan paytlaringizda (kechalari ham) ular (xotinlar) bilan qo‘shilmangiz! Bular (aytilgan hukmlar) Allohning chegaralaridir. Bas, ularga yaqinlashmangiz! Odamlar (man etilgan ishlardan) saqlanishlari uchun Alloh o‘z oyatlarini mana shunday aniq bayon qiladi» [Baqara surasi, 187-oyat].
Ushbu ulug‘ oyatning avvalida ro‘za kechalarida ayol bilan qovushish halol qilingani ta’kidlanmoqda. Biror narsa halol qilindimi, demak, undan oldin harom bo‘lgan. Shuningdek, oyatning davomidagi «Sizlarning o‘zingizga xiyonat qilayotganingizni Alloh bildi va tavbangizni qabul qilib, sizlarni afv etdi. Endi ular bilan (ro‘za kechalarida bemalol) qovushib, sizlar uchun Alloh yozgan (taqdir etgan) narsani (farzandni) umid etaveringiz» degan so‘zlar ham qovushishga izn berilishidan oldin bu amal taqiqlangan bo‘lganini bildiradi. Vaholanki, bu taqiq haqida Qur’onda biror og‘iz so‘z yo‘q. Demak, o‘sha dastlabki taqiq Alloh taoloning tilovat qilinmaydigan vahiysi bo‘lmish nabaviy sunnat bilan sobit bo‘lgan.
Imom Buxoriy Abu Is'hoqdan, u Baro roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: «Ramazon ro‘zasi nozil bo‘lgan ilk davrlarda musulmonlar Ramazon oyi bo‘yi (kechasi ham) ayollariga yaqinlik qilmasdi. Biroq ba’zilar o‘zini tiya olmay, nafsiga xiyonat qilib qo‘ydi. Shunda Alloh taolo «Sizlarning o‘zingizga xiyonat qilayotganingizni Alloh bildi va tavbangizni qabul qilib, sizlarni afv etdi. Endi ular bilan qovushib, sizlar uchun Alloh yozgan narsani umid etaveringiz» degan oyatni nozil qildi».
Oyatdagi «tonggacha, ya’ni oq ipning qora ipdan ajraladigan vaqtigacha yeb-ichaveringiz» degan ko‘rsatma Alloh taolo tomonidan musulmonlarga berilgan yengillik bo‘lib, islomning ilk davridagi hukmni bekor qildi. Ilk davrdagi tartib esa, yuqoridagi holatdek, nabaviy sunnat orqali ma’lum edi. U paytlarda ro‘zador iftor qilgach, faqat xufton namozigacha yoki undan oldin uxlab qolguniga qadar yeb-ichishi mumkin edi. Uxlab qolsa yoki xufton namozini o‘qib qo‘ysa, keyingi kunning oqshomigacha yeb-icha olmasdi. Bu musulmonlarga juda katta mashaqqat tug‘dirgandi. Shunda Alloh taolo tong otguncha yeb-ichishga izn berdi. Ana o‘sha eski qiyin hukm ham Qur’onda mutlaqo zikr qilinmagan, balki faqat hadis bilan sobit bo‘lgandi.
«So‘ng ro‘zani kechgacha mukammal tutingiz!» degan amr visol ro‘zasini, ya’ni og‘iz ochmasdan bir necha kunni bir-biriga ulab ro‘za tutishni taqiqlaydi. Sahih hadislarda musulmonlar visol ro‘zasidan qaytarilgan, faqat Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning o‘zlarigagina xos ravishda joiz qilingan edi.
Imom Ahmad Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Visol ro‘zasi tutmang», dedilar. Sahobalar: «Ey Allohning Rasuli, o‘zingiz visol ro‘zasi tutasiz-ku?» deyishdi. U zot: «Men sizlardek emasman. Men tunayotganimda Rabbim meni taomlantiradi va suv beradi», deb javob berdilar.
Visol ro‘zasi tutish u zotning o‘zlarigagina tegishli xususiyatlardan edi. Sahih hadisda aytilganidek, u zotga bu ishda alohida quvvat va ko‘mak berilardi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamga visol ro‘zasining joiz bo‘lishi alohida bir shariat hukmi bo‘lib, u ham Qur’onda zikr qilinmagan, balki tilovat qilinmaydigan vahiy orqali qaror topgan. Buni u zotning o‘zlari vahiydan tashqari ish qilmaganlari haqidagi mana bu oyatlar tasdiqlaydi: «Men faqat o‘zimga vahiy qilingan oyatlargagina ergashurman», shuningdek, «Ayting: «Men uchun uni o‘z tomonimdan o‘zgartirish durust emasdir» [Yunus surasi, 15-oyat] hamda «Agar (Payg‘ambar) Bizning nomimizdan (Biz aytmagan) ayrim so‘zlarni to‘qib aytganida, albatta, Biz uning o‘ng qo‘lidan ushlagan, so‘ngra albatta uning shohtomirini uzib tashlagan bo‘lur edik» [Haqqo surasi, 44–46-oyatlar].
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning visol ro‘zasi tutishlari vahiydan tashqari va unga tayanmagan holda bo‘lganida edi, u zot Allohning «So‘ng ro‘zani kechgacha mukammal tutingiz!» degan amrini o‘zgartirgan va Uning nomidan shariat joriy qilgan bo‘lib qolardilar, bu esa umuman mantiqqa ziddir.
Xullas, Baqara surasining 187-oyati nabaviy sunnatning Alloh taolo tomonidan yuborilgan ilohiy vahiy ekaniga bir yo‘la uch kuchli dalilni o‘z ichiga olgan.
6. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «Payg‘ambar juftlaridan biriga (ya’ni, Hafsaga) bir so‘zni pinhona aytganini eslang! Endi qachonki (Hafsa) u (sir) haqida (Oishaga) xabar bergach va Alloh (Jabroil farishta vositasida Payg‘ambar alayhissalomni Hafsaning qilmishidan) voqif qilgach, u (Hafsaga o‘zi voqif bo‘lgan narsaning) ba’zisini bildirdi va ba’zisidan yuz o‘girdi (bildirmadi). Bas, qachonki (Payg‘ambar alayhissalom Hafsaga o‘zi voqif bo‘lgan narsaning ba’zisi haqida) xabar bergach, u: «Sizga bu xabarni kim berdi?», degan edi, «Menga Bilguvchi va Xabardor Zot xabar berdi», dedi» [Tahrim surasi, 3-oyat].
«Alloh (Jabroil farishta vositasida Payg‘ambarni Hafsaning qilmishidan) voqif qilgach» so‘zlari shuni ko‘rsatadiki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ayollaridan biriga yashirincha aytgan va hech kimga aytmaslikni buyurgan sirning ochilib qolganini Alloh taolo Payg‘ambariga bildirgan. Lekin Qur’on orqali amalga oshmagan. Chunki Qur’ondagi mazkur oyat o‘sha voqea sodir bo‘lib o‘tganidan keyin, o‘tgan zamon fe’li shaklida u haqda shunchaki xabar beryapti, xolos. Demak, bu bildirish va ogohlantirish, shubhasiz, tilovat qilinmaydigan vahiy orqali sodir bo‘lgan. Binobarin, ushbu oyat Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga Qur’ondan tashqari ham vahiy nozil bo‘lganiga yorqin dalildir. Ana shunday vahiy u zotning sunnatlari bo‘ladi. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari vahiydan boshqa narsaga tayanishi sira ham mumkin emas. Bunga Alloh taoloning u zot tili bilan aytgan ushbu so‘zi dalildir: «Men faqat Parvardigorimdan kelgan vahiygagana ergashurman». Dalillarning bu jamlanmasidan ravshan bo‘ladiki, Sunnat – Alloh taolo tomonidan yuborilgan ilohiy vahiydir.
7. Alloh subhonahu va taolo marhamat qiladi: «Otalaringiz uylangan xotinlarni nikohingizga olmang! Magar ilgari o‘tgan bo‘lsa, (uylangan bo‘lsangiz, Alloh afv etar). Albatta, bu xunuk va jirkanch bo‘lgan yomon qiliqdir. Sizlar uchun onalaringiz, qizlaringiz, opa-singillaringiz, ammalaringiz, xolalaringiz, aka-ukalaringizning qizlari, opa-singillaringizning qizlari, emizgan onalaringiz, emishgan opa-singillaringiz, qaynonalaringiz, jinsiy aloqada bo‘lgan xotinlaringizning tarbiyangizda bo‘lgan qizlari(ga uylanish harom qilindi) – agar xotinlaringiz bilan jinsiy aloqada bo‘lmagan bo‘lsangiz (ularni taloq qilgandan keyin avvalgi erlaridan tug‘ilgan qizlariga uylansangiz), sizlar uchun gunoh yo‘qdir. Yana o‘z pushti kamaringizdan bo‘lgan o‘g‘illaringizning xotinlariga (uylanishingiz) va opa-singilni jamlashlaringiz (ya’ni, birini taloq qilmay turib boshqasiga uylanishingiz harom qilindi). Magar ilgari o‘tgan bo‘lsa (Alloh afv etar). Albatta, Alloh mag‘firatli va mehribon bo‘lgan Zotdir. Yana erlik ayollar (ham harom qilindi). Magar (urush-janglarda) ega bo‘lgan cho‘rilaringiz haloldir. (Bu hukmlarni) Alloh zimmangizga farz qilib qo‘ydi. Mana shulardan boshqa ayollarga zino qiluvchi bo‘lmagan holingizda mollaringizni mahr qilib berish bilan uylanishga harakat qilish sizlar uchun halol qilindi. Ular bilan nikoh orqali yaqinlik qilishingiz bilan belgilangan mahrlarini beringiz! Mahr belgilanganidan keyin o‘zlaringiz kelishib olishingizda (ya’ni, ular o‘z ixtiyori bilan haqqi-mahridan kechib yuborishida) sizlar uchun gunoh yo‘qdir. Albatta, Alloh bilim va hikmat egasi bo‘lgan Zotdir» [Niso surasi, 22–24-oyatlar].
Ushbu oyatlarda erkak kishi uchun uylanish harom bo‘lgan ayollar bayon qilingan. Vaholanki, johiliyat davrida ularning ba’zilari, masalan, otaning xotiniga uylanish va ikki opani-singilni barobar nikohga olish kabilar mumkin edi. Shuning uchun ham Alloh taolo bu ikki holat zikrida «Magar ilgari o‘tgan bo‘lsa» deb marhamat qildi va islom shariati bilan bularning barchasini qat’iy harom qildi.
Oxirida «Mana shulardan boshqa ayollarga zino qiluvchi bo‘lmagan holingizda mollaringizni mahr qilib berish bilan uylanishga harakat qilish sizlar uchun halol qilindi», ya’ni yuqorida sanalganlardan tashqari boshqa har qanday ayolga uylanish sizlar uchun joizdir, deyildi.
Biroq Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan mutavotir (shubhasiz) yo‘llar bilan rivoyat qilingan va butun ummat ulamolari bir ovozdan ijmo qilgan haqiqat shuki, ushbu oyatlarda sanalmagan bo‘lsa-da, nikohi harom bo‘lgan boshqa toifa ayollar ham bor. Masalan, bir ayolni o‘z ammasi bilan yoki bir ayolni o‘z xolasi bilan bir vaqtda nikohga olish taqiqlangan. Boshqacha aytganda, nasab-qarindoshlik jihatidan bir-biriga yaqin bo‘lgan ikki ayolning birini erkak deb farz qilinganda, u ikkinchisiga uylanishi harom bo‘ladigan darajada yaqin bo‘lsa, u holda bu ikki ayolni bir nikohda jamlash mutlaq harom hisoblanadi.
Xo‘sh, ushbu taqiq mana shu oyatlarda yoki Qur’oni karimning boshqa biror joyida bormi?! Yo‘q, faqat nabaviy sunnatda bor. Sunnat esa, boya ta’kidlanganidek, Allohning vahiysidir. Qolaversa, bu hukmlar Alloh taoloning: «Payg‘ambar o‘zi sizlarga ato etgan narsani olinglar, u zot sizlarni qaytargan narsadan qaytinglar» [Hashr surasi, 7-oyat] degan amri doirasiga ham to‘liq kiradi.
8. Haq taolo bunday amr qiladi: "(Ey Muhammad! Qur’onni) tezroq (yodlab) olish uchun tilingizni u bilan qimirlatmay-pichirlamay qo‘ya qoling. Zero, uni (sizning dilingizda) jamlash ham, (tilingizda) qiroat qildirish ham Bizning zimmamizdadir. Bas, qachon Biz (Jabroil tilidan) uni o‘qisak, siz ham ergashing! So‘ngra uni (Qur’onni) bayon qilib berish ham albatta Bizning zimmamizdadir» [Qiyomat surasi, 16–19-oyatlar].
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Jabroil alayhissalom vahiy olib kelgan paytda, Qur’on oyatlaridan biror narsa unutilib yoki tushib qolmasin degan xavotirda, u zot bilan barobar tillarini qimirlatib, oyatlarni tezda qaytarishga harakat qilar edilar. Shunda Alloh taolo ushbu oyatlar orqali u zotga Jabroil Qur’on keltirganda shoshmasdan, diqqat bilan tinglashni va tillarini qimirlatmaslikni buyurdi. Buning evaziga Alloh taolo Qur’onni u zotning qalblariga muhrlab qo‘yishni, uni Jabroil o‘qiganidek mukammal ado etishini oson qilib berishni hamda undagi muxtasar (qisqa) hukmlarni batafsil sharhlab, uning ma’nolarini u zotning o‘zlariga yoki u zotning tillari orqali butun insoniyatga oydinlashtirib, bayon qilib berishni O‘z zimmasiga oldi.
Imom Buxoriy Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vahiy tushayotgan paytda juda katta mashaqqat va qiyinchilik sezar, (oyatlarni yodlab qolish uchun) tez-tez ikki lablarini qimirlatar edilar. Shunda Alloh taolo: «(Ey Muhammad! Qur’onni) tezroq (yodlab) olish uchun tilingizni u bilan qimirlatmay-pichirlamay qo‘ya qoling. Zero, uni (sizning dilingizda) jamlash ham, (tilingizda) qiroat qildirish ham Bizning zimmamizdadir. Bas, qachon Biz (Jabroil tilidan) uni o‘qisak, siz ham ergashing!» – ya’ni, uni jim turib, diqqat bilan tinglang, – «So‘ngra uni (Qur’onni) bayon qilib berish ham albatta Bizning zimmamizdadir» degan oyatlarni nozil qildi. Shundan keyin Jabroil alayhissalom qaytib ketgach, u zot vahiy qilingan oyatlarni xuddi Jabroil o‘qib bergandek o‘qir edilar».
Ibn Kasir o‘z tafsirida yozadi: «Sha’biy, Hasan Basriy, Qatoda, Mujohid, Zahhok va boshqa mufassirlar: «Ushbu oyatlar aynan mana shu voqea sababli nozil bo‘lgan», deb aytgan».
«So‘ngra uni bayon qilib berish ham albatta Bizning zimmamizdadir» so‘zlari Qur’on nozil bo‘lganidan keyin uni tushuntirib, sharhlashni Alloh taolo O‘z zimmasiga olganiga kafolatdir. Bu bayon yo bevosita Muhammad sollallohu alayhi vasallamga bildirilgan yoki u zotga qilingan ilohiy vahiy orqali u zotning tillari bilan insoniyatga yetkazilgan. Shuni unutmaslik kerakki, bayon (sharh so‘zlari) mubayyandan (sharhlanayotgan narsadan) mutlaqo farq qiladi. Demak, bu o‘rindagi bayon Qur’onning o‘zidan boshqa narsadir. Alloh taolo «Bizning zimmamizdadir» deb, bu bayonning ham O‘z huzuridan bo‘lishini ta’kidladi va «So‘ngra» bog‘lovchisini qo‘llash orqali bu sharh Qur’on nozil bo‘lganidan keyin amalga oshishini bildirdi. Shunday ekan, Alloh taolo zimmasiga olgan ushbu bayon Qur’ondan tashqari alohida bir manba – U Zot Muhammad sollallohu alayhi vasallamga tilovat qilinmaydigan vahiy o‘laroq yuborgan Sunnat ekanidan boshqa ehtimol qolmaydi. Bu esa Alloh taoloning mana so‘zlariga qo‘shimcha dalildir: «Sizga esa odamlarga nozil qilgan narsalarni (ya’ni, shariat ahkomlarini) bayon qilib berishingiz uchun va shoyad tafakkur qilsalar, deb bu eslatmani – Qur’onni nozil qildik» [Nahl surasi, 44-oyat].
9. Alloh taolo bunday buyuradi: «Ey mo‘minlar, juma kunidagi namozga chorlansa (ya’ni, azon aytilsa), darhol Allohning zikriga boringlar va oldi-sotdini tark qilinglar! Agar biladigan bo‘lsangiz, mana shu (ya’ni, Allohning zikriga – juma namozini o‘qishga shoshilish) o‘zlaringiz uchun yaxshiroqdir. Endi qachon namoz ado qilingach, Yerga tarqalib, Allohning fazlu marhamatidan (rizqu ro‘z) istayveringiz. Allohni ko‘p zikr qilingizki, shoyad najot topursizlar. (Ey Muhammad!) Ular biron tijoratni yoki o‘yin-kulgini ko‘rib qolsalar, o‘shanga qarab sochilib-tarqalib keturlar va sizni (minbarda) tik turgan holingizda tark qilurlar. Ayting: «Alloh huzuridagi narsa (imon va yaxshi amallar uchun beriladigan ajr-mukofot) o‘yin-kulgidan ham, tijoratdan ham yaxshiroqdir! Alloh rizq berguvchilarning yaxshirog‘idir!» [Jum’a surasi, 9–11-oyatlar].
Alloh taolo mo‘minlarga juma namoziga azon aytilganda, savdo-sotiqni bas qilib, namozga shoshilishni buyuryapti. Shundan kelib chiqib, barcha ulamolar imomning qarshisida aytiladigan ikkinchi azondan keyin savdo qilish mumkin emasligiga ijmo qilgan. Shuningdek, namoz tugagach, tarqalib, Allohning fazlu karamidan rizq izlashga ruxsat berildi hamda bu jarayonda ham Parvardigorning zikridan g‘ofil bo‘lmaslik, najotga erishish uchun Uni ko‘p eslash amr etildi.
So‘ngra Alloh taolo sahobalarga ushbu oyat nozil bo‘lishidan oldin sodir bo‘lgan bir voqea sababli gina qildi. O‘shanda juma kuni azon aytilganda, namozga shoshilish haqidagi ushbu buyruq hali nozil bo‘lmagan edi va ular juma xutbasi paytida kelgan karvon tufayli tijorat ortidan ketib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni minbarda tik turgan hollarida yolg‘iz qoldirgandi. Zero, u paytlarda juma namozi xutbadan oldin o‘qilar edi. Keyinchalik bu hukm o‘zgartirilib (nasx qilinib), xutba namozdan oldinga surilgan.
Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhumo aytadi: «Bir safar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam juma xutbasini o‘qiyotganlarida, Madinaga tijorat karvoni kelib qoldi. Odamlar chiqib ketdi va u zot bilan bor-yo‘g‘i o‘n ikki kishi qoldi. Shunda Alloh taolo «(Ey Muhammad!) Ular biron tijoratni yoki o‘yin-kulgini ko‘rib qolsalar, o‘shanga qarab sochilib-tarqalib keturlar va sizni (minbarda) tik turgan holingizda tark qilurlar» degan oyatni nozil qildi» [Imom Buxoriy rivoyati].
Demak, oyatdagi «ular biron tijoratni yoki o‘yin-kulgini ko‘rib qolsalar, o‘shanga qarab sochilib-tarqalib keturlar» degan jumla mazkur uch oyat nozil bo‘lishidan oldin, juma namozidan keyingi xutba paytida sahobalar tomonidan sodir bo‘lgan voqeaning xabaridir. Bundan shunday xulosa chiqadiki, juma namozi «juma kunidagi namozga chorlansa, darhol Allohning zikriga boringlar va oldi-sotdini tark qilinglar!» deb boshlanuvchi ushbu oyatlar nozil bo‘lishidan oldin ham shariatda bo‘lgan va unga amal qilingan. Vaholanki, Qur’oni karimda bu oyatdan oldin juma namozining farz qilinganini ko‘rsatuvchi boshqa biror oyat mavjud emas. Shunday ekan, juma namozining ibodat o‘laroq joriy qilinishi faqatgina Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari bilan sobit bo‘lgan.
10. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «Sizga esa odamlarga nozil qilgan narsalarni (ya’ni, shariat ahkomlarini) bayon qilib berishingiz uchun va shoyad tafakkur qilsalar, deb bu eslatmani – Qur’onni nozil qildik» [Nahl surasi, 44-oyat].
Alloh taolo O‘z Rasuliga Qur’ondagi umumiy va muxtasar hukmlarni batafsil tushuntirish vakolatini topshiryapti. Ana shu ilohiy vakolatga tayanib, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Qur’onda umumiy tarzda kelgan barcha ahkomlarni batafsil bayon qilib berganlar. Bu hukmlar ibodat, muomala, nikoh-oila munosabatlari, jinoyatlar, shuningdek, oilaviy, ijtimoiy va xalqaro aloqalarni qamrab olgan.
Masalan, namozni oladigan bo‘lsak, uning vaqtlarini aniq belgilagan, rakatlar sonini, o‘qilish tartibini, shart bo‘lgan amallar va buzadigan narsalarni ajratib bergan, muqimlik, safar va xavf namozlari o‘rtasidagi farqlarni ko‘rsatgan kim edi? Yoki zakotga e’tibor bering, zakot berilishi farz bo‘lgan barcha mol-mulklarning miqdorini, undan qancha ajratilishini kim belgilab bergan? Tuyaning nisobi beshtadan boshlanishi va undan bitta qo‘y berilishi, qoramolniki o‘ttiztadan boshlanib, undan bir yashar buzoq berilishi, qo‘y-echkiniki qirqtadan boshlanib, bitta qo‘y ajratilishi, kumush borasida har ikki yuz dirhamdan chorak ushr (ikki yarim foiz), oltin bo‘yicha esa har yigirma misqoldan yarim misqol berilishi kabi qoidalarni kim joriy qilgan?
Shuningdek, haj ibodatini biz biladigan bugungi mukammal shaklga kim keltirgan? Hajning ruknlari nimalardan iborat, uni nimalar buzadi, Arafotda turish qachon boshlanib, qachon tugaydi, qaysi holatda qurbonlik vojib bo‘ladi va hajning uch turi (ifrod, qiron, tamattu’) qanday bajariladi – bularni kim tizimlashtirib bergan?
Bunday savollarni ro‘za ibodatiga hamda savdo, havola, ijara, sheriklik, kafillik kabi barcha kundalik muomalalarga ham xuddi shunday tatbiq qilish mumkin.
Xo‘sh, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bularning barchasini o‘z-o‘zlaridan, Allohning vahiysisiz aytdilarmi yo vahiy bilanmi?!
Kimda-kim «bu hukmlarni o‘zlaridan chiqarganlar» deb hisoblasa, u holda Alloh taoloning «Ayting: «Men faqat Rabbimdan vahiy qilinayotgan narsagagina ergashaman» degan amriga hamda u zot haqidagi «Men faqat o‘zimga vahiy qilinayotgan narsagagina ergashaman», «U o‘z havoyi xohishi bilan so‘zlamas. U faqat (Alloh tomonidan Payg‘ambarga) nozil qilinayotgan bir vahiydir» degan qat’iy so‘zlariga qarshi chiqqan bo‘ladi. Qolaversa, bunday qarash «Sizga esa odamlarga nozil qilgan narsalarni (ya’ni, shariat ahkomlarini) bayon qilib berishingiz uchun» degan oyat bilan birga kelgan «So‘ngra uni – Qur’onni bayon qilib berish ham albatta Bizning zimmamizdadir» degan ilohiy va’daga hamda «Agar (Payg‘ambar) Bizning nomimizdan (Biz aytmagan) ayrim so‘zlarni to‘qib olganida, albatta, Biz uning o‘ng qo‘lidan ushlagan, so‘ngra albatta uning shohtomirini uzib tashlagan bo‘lur edik» degan qat’iy ogohlantirishga mutlaqo zid keladi.
Shunday ekan, bu borada yagona to‘g‘ri haqiqat qoladi – ushbu batafsil bayon va sharhlarning barchasi faqat va faqat Alloh taolo tomonidan yuborilgan ilohiy vahiy orqali amalga oshirilgandir.
11. Payg‘ambarlarning ko‘pligi va Alloh taolo nozil qilgan kitoblarning ozligi – Alloh taolo o‘zi payg‘ambarligi va elchiligiga tanlab olgan zotlarga tilovat qilinmaydigan vahiy ham tushirganiga qat’iy dalildir.
Shunday qilib, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari Alloh taolodan vahiy ekani qur’oniy dalillar bilan o‘z isbotini topdi.
Keyingi maqolalarda Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari ergashish vojib bo‘lgan hujjat ekanini bayon etishga azmu qaror qildik, inshoalloh.
Nurmuhammad MATKARIMOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchi,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot
markazi ilmiy xodimi
Mazkur maqolaga Din ishlari bo‘yicha qo‘mita 2026 yil 28 iyulda 02/336-sonli xulosa berilgan.