Bandalarning harakat va sukunatlaridan tortib barcha fe’llari haqiqatan ularning kasb va faoliyatlari hisoblanadi, lekin ularni Alloh yaratadi. Ularning hammasi Allohning xohishi, ilmi, qazosi va qadari bilan yuzaga keladi. Toat va savobli ishlar Allohning amri, muhabbati, rizosi, ilmi, xohishi, qazosi va taqdiri bilan amalga oshirilur. Toatsizlik va gunoh ishlar esa, Allohning ilmi, qazosi, taqdiri va xohishi bilan amalga oshirilsada, Uning muhabbati, rizosi va amri bilan emasdir.
(Imom A’zam Abu Hanifa rahmatullohi alayhning
“Fiqhi akbar” kitobi)
AHLI SUNNA VAL JAMOA E’TIQODI: Payg‘ambarlarning barchalari kichik va katta gunohlardan pokdirlar
Payg‘ambarlarning barchalari kichik va katta gunohlardan, kufr va qabih ishlardan pokdirlar. Magar ulardan ba’zi sahvu xatoliklar sodir bo‘lgani rost. Muhammad sollallohu alayhi vasallam Allohning habibi, bandasi, rasuli, nabiysi, safiy va naqiysidirkim, zinhor sanamlarga sig‘inmaganlar, bir lahza ham Allohga shirk keltirmaganlar va aslo kichik va katta gunohga qo‘l urmaganlar.
(Imom A’zam Abu Hanifa rahmatullohi alayhning
“Fiqhi akbar” kitobi)
Inson hayotida eng qimmatbaho ne’matlardan biri vaqtdir. U nihoyatda tez o‘tadi, biror narsaga bog‘lab, to‘xtatib, ortga qaytarib bo‘lmaydi. Har lahza inson umridan bir bo‘lakdir. Shuning uchun vaqtni samarali o‘tkazish, uni qadrlash har bir aqlli inson uchun juda muhim.
Har insonga bir umr berilgan. U yillar, oylar, kunlar, daqiqalar bilan hisoblanadi. Bir soat bekorga ketsa, umrimizdan bir qism bekor ketgan bo‘ladi. Ko‘pincha biz "ertaga qilib qo‘yaman", "keyinroq boshlayman" deya o‘zimizni aldab qo‘yamiz. Aniq reja asosida hayot kechirish, har bir kunni maqsadli va mazmunli o‘tkazish vaqtdan unumli foydalanishning asosiy yo‘lidir. Ilm o‘rganish, mehnat qilish, sog‘liqqa e’tibor qaratish, oila va yaqinlarga vaqt ajratish — bularning bari vaqtning to‘g‘ri taqsim qilinishi bilan bo‘ladi.
Tan olish kerak, zamonaviy texnologiyalar, ijtimoiy tarmoqlar va axborot oqimi vaqtimizni o‘g‘irlab, bizni chalg‘itmoqda. Lekin ayb o‘zimizda. Ba’zan keraksiz narsalarga soatlab vaqt sarflaymiz, keyin esa "vaqtim yetmadi" deb shikoyat qilamiz. Shuning uchun ham hayotda "nimalar muhim, nimalar esa vaqt sarflashga arzimaydi" degan savolga aniq javob topib olish lozim. Vaqtga e’tiborli inson – mas’uliyatli insondir. U har bir vazifani o‘z vaqtida bajaradi, orzulari sari qat’iyat bilan intiladi va hayotini nazorat qila oladi.
Islom dinida ham vaqtga alohida ahamiyat berilgan. Qur’oni karimdagi Asr surasida Alloh taolo asr (vaqt)ga qasam bilan insonning zararda ekani ta’kidlagan. Bu esa vaqtning beqiyos ekanini yana bir bor yodga soladi. Faqat iymon keltirgan va yaxshi amallar qilgan, bir-birlariga Haq (yo‘li)ni tavsiya etgan va bir-birlariga (mana shu Haq yo‘lida) sabr-toqat qilishni tavsiya etgan zotlargina najot topishi aytilib, ulgurib qolishga da’vat etilgan. Demakki, vaqtni to‘g‘ri sarflay olgan insongina yutuqqa erishadi. Hayotimizdagi har bir daqiqa – bebaho xazina. Undan oqilona foydalanib qolish kerak, azizlar.
Abdulvohid ISAQOV,
Namangan shahridagi
“Miryoqubboy Mirhakimboy”
jome masjidi imom xatibi