63-Malayziya Halqaro Qur'on musobaqasida erkak va ayol-qizlar ishtirokida ikki toifadagi eng yaxshi g'oliblarni taqdim etish bilan yakunlandi.
Kuala-Lumpurdagi Jahon savdo markazida (WTCKL) Malayziyada 63-xalqaro Qur'on o'qish va yodlash musobaqasi bo'lib o'tdi, deb yozadi IQNA sayti “BERNAMA” matbuot xizmatiga tayanib.
Ushbu tanlov 19 avgust kuni Jahon savdo markazida boshlandi va 24 avgust kuni eng yaxshi g'oliblarni taqdim etish bilan poyoniga etdi.
Erkaklar o'rtasida mujavvidlik yo'nalishida malayziyalik qori Muhammad Qayyum Nizar Sarimi birinchi o'rinni egalladi. Ikkinchi o'rin eronlik Ali Rizo Bijaniyga, uchinchi o'rin esa bruneylik Muhammad Zul Hafiz Avang Tangaga nasib etdi.
Marokashlik qori Sara Balmamun ayollar o'rtasida mujavvid (chiroyli o'qish) yo'nalishida birinchi o'rinni egalladi, keyingi o'rinlarni indoneziyalik Rosa Sufyan Nur va filippinlik Sabah Batu Salek egalladi.
Erkaklar o'rtasida Qur'oni karimni yoddan o'qib berish yo'nalishida gvineyalik Umar Ture birinchi, keyingi o'rinlarni yamanlik Ma'mun Ahmad va chadlik Ali Atiye egalladi.
Jazoirlik Tibani Shima Anfal ayollar o'rtasida Qur'oni karimni yoddan o'qib berish yo'nalishida birinchi o'rinni egallagan bo'lsa, undan keyingi o'rinlarni senegallik Nadi Sinabo Najum va mavritaniyalik Seyedi Al-Muxtor Hadijito egalladi.
Birinchi o'rinni qo'lga kiritgan malayziyalik ko'zi ojiz qori Muhammad Qayyum bunday dedi: “Allohga shukr, Qur'oni karimni brayl alifbosida o'qish mahoratini o'zlashtirishdagi 16 yillik mehnatim nihoyat ushbu tanlovda o'z samarasini berdi”.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Imom-xatiblar faoliyatini yanada samarali tashkil etish bo‘yicha ko‘chma seminar bugun respublikamizning Qorao‘zak va Taxtako‘pir tumanlarida tashkil etildi. Qorao‘zak tumanidagi markaziy "Idris eshon" jome masjidida Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti qozisi Bahramaddin Razov boshchiligida soha xodimlari, mahalla raislari va ziyoratchilar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilib, sayyor tadbirda amalga oshiriladigan ishlar ko‘lami tushuntirildi.
Ishchi guruh a’zolari Qorao‘zak va Taxtako‘pir tumanlarining 5 ta masjidi va 19 ta mahallasiga biriktirildi. Ular o‘zlariga biriktirilgan mahalla hududidan 101 ta muammoli xonadonga kirib, o‘sha yerda yashayotganlarning holidan xabar oldi, yashash sharoitlari bilan yaqindan tanishdi va suhbatlashdi. Ularning muammolari o‘rganilib, fikr-mulohazalari tinglandi. Imom-xatiblar 10 ta toifaga mansub 101 ta oilaga ma’naviy-ma’rifiy, targ‘ibot-tashviqot va amaliy yordam tadbirlarini olib bordi.
Shuningdek, masjidlar atrofida obodonlashtirish va tozalash ishlarini olib borish, ish yuritish, jamoani boshqarish jihatlari ham o‘rganildi.
Ishchi guruh a’zolari o‘zlariga biriktirilgan masjidlarda peshin namozini o‘qib, yig‘ilgan qavmga, "Tinchlik baxti. Shukronalik. Ilm olish fazilati. Yot g‘oyalar ta’siridan saqlanish. Missionerlik harakatlarining salbiy oqibatlari" kabi dolzarb mavzularda ma’ruzalar qildi.
Tadbir yakunida amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinib, Qorao‘zak va Taxtako‘pir tumanlari imom-xatiblarining ma’naviy-ma’rifiy, masjid boshqaruvidagi ishlariga ko‘rsatma va tavsiyalar berildi.
Tashrif davomida qoziyot qozisi boshchiligidagi ishchi guruh a’zolari Qorao‘zak tumanidagi "Idris eshon" masjidining yangidan qurilayotgan binosining qurilish ishlari bilan tanishdi.
B.ABBAZOV,
Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti xodimi