Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Madinaga hijrat qilib borayotganlarida hamrohlari Abu Bakr roziyallohu anhu bilan Savr g‘origa berkinishdi. Kofirlar ularning izlaridan qidirib, g‘or og‘zigacha yetib kelishdi. Izquvar “Oyoq izlari shu yerga kelganda tugagan”, ya’ni g‘or og‘ziga kelganda to‘xtagan dedi.
Ichkarida Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu “Agar ulardan biri oyoqlari turgan yerga qarasa, bizni ko‘rib qoladi” deb xavotir olganlarida, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u kishiga “Ey Abu Bakr, uchinchisi Alloh bo‘lgan ikki kishi haqida gumoningiz qanday?” dedilar. (Imom Buxoriy, Imom Muslim, Ahmad, Ibn Abu Shayba, Ibn Abu Osim, Tabariy rivoyatlari)
Alloh taolo g‘ordagi ushbu hodisa haqida Qur’oni Karimda shunday marhamat qilgan:
إِلاَّ تَنصُرُوهُ فَقَدْ نَصَرَهُ اللّهُ إِذْ أَخْرَجَهُ الَّذِينَ كَفَرُواْ ثَانِيَ اثْنَيْنِ إِذْ هُمَا فِي الْغَارِ إِذْ يَقُولُ لِصَاحِبِهِ لاَ تَحْزَنْ إِنَّ اللّهَ مَعَنَا فَأَنزَلَ اللّهُ سَكِينَتَهُ عَلَيْهِ وَأَيَّدَهُ بِجُنُودٍ لَّمْ تَرَوْهَا وَجَعَلَ كَلِمَةَ الَّذِينَ كَفَرُواْ السُّفْلَى وَكَلِمَةُ اللّهِ هِيَ الْعُلْيَا وَاللّهُ عَزِيزٌ حَكِيمٌ
“Agar siz unga yordam bermasangiz, batahqiq, Alloh unga, kufr keltirganlar uni ikki kishining biri bo‘lgan holida chiqarganlarida, nusrat berdi. Ular ikkovlon g‘orda turganlarida, u sherigiga, xafa bo‘lma, Alloh, albatta, biz bilan, dedi. Bas, Alloh uning ustidan O‘z sokinligini nozil qildi va siz ko‘rmagan lashkarlar bilan qo‘lladi. Kufr keltirganlar kalimasini past qildi. Allohning kalimasi esa, o‘zi yuqori. Alloh g‘olib va hikmatli zotdir” (Tavba surasi, 40-oyat).
Albatta, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hamrohlari Abu Bakr roziyallohu anhuning e’tiborlarini Alloh ular bilan birga ekaniga, ularni U Zotning inoyati o‘rab turganiga, Alloh subhanahu va taolo bandalariga ko‘rinmaydigan Zotligi, shu bois kim Alloh taoloning inoyati ostida bo‘lsa, uni hech kim ko‘ra olmasligiga, shu sababli mushriklar, kofirlar g‘or ichiga har qancha nazar solmasinlar, ular Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni va Abu Bakr roziyallohu anhuni hargiz ko‘ra olmasliklariga qaratmoqchi bo‘ldilar.
Kofirlarni g‘orga kirishdan o‘rgimchak uyasi yoki kabutar tuxumi to‘sgani yo‘q, balki Allohning O‘zi to‘sdi. Agar mushriklar “Muhammad bu g‘orga berkinishi aqlga to‘g‘ri kelmaydi” degan taqdirda ham, g‘orda hech kim yo‘qligiga ko‘ngillari xotirjam bo‘lishi uchun u yerga kirib ko‘rishgan bo‘lardi. Lekin Alloh subhanahu va taolo o‘ylar va aqllar ustidan O‘zi hokimlik qilib, O‘zi idora qiluvchidir. Shu bois Alloh subhanahu va taolo g‘or og‘zigacha izlab kelgan mushriklarning xayollariga g‘orga kirib chiqish fikrini keltirmadi. Mabodo ular g‘or ichiga kirgan taqdirda ham Alloh taolo O‘zining Rasuli va Rasulining hamrohi Abu Bakr roziyallohu anhu bilan birga bo‘lgani uchun mushriklar baribir ko‘ra olishmagan bo‘lardi!
Shayx Muhammad Mutavalliy Sha’roviy rahimahullohning “Sahobalar va solihlar qissasi” kitobi asosida
Nozimjon Hoshimjon tayyorladi
Savol: Oilaliman, 2 nafar farzandim bor. Turmush o‘rtog‘im ehtiyojlarim, kasal bo‘lsam dori-darmonim uchun pul bermaydilar. Bolalarimizni ehtiyojlari uchun berib turadilar, xolos. O‘zim ishlayman, “ishlab topgan pulingni hammasini menga berishing kerak, chunki Xadicha onamiz ham hamma pullarini Rasulimiz alayhissalomga berganlar” deydilar doim. E’tiroz bildirsam, “menga itoatsizlik qilyapsan” deydilar.
Yaqinda shu masalada janjallashib qolganimizdan keyin pulimni yarmini olib, o‘zimda qolgan yarmini ro‘zg‘orga ishlatishimga majburlayaptilar. Bizning vaziyatimizga shariatda qanday izoh beriladi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Alloh taolo oilada erkakni rahbar etib tayinlab, uning zimmasiga qo‘l ostidagilarning: ayoli va farzandlarining nafaqasini yuklab qo‘ygan. Ayolning topayotgan pulida na erning va na qaynonaning haqi bor, uni zulm qilib olib qo‘yishga mutlaqo haqi yo‘q. Agar o‘zi rozi bo‘lib bersa, olishi mumkin. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Musulmon kishining moli boshqaga halol emas, faqatgina o‘zi rozi bo‘lib, ko‘nglidan chiqarib bersagina, halol bo‘ladi” (Imom Ahmad rivoyati).
Xadiyja roziyallohu anho onamiz butun molu jonini Sarvari olam bo‘lgan turmush o‘rtoqlariga in’om etganlar, ya’ni o‘z ixtiyorlari bilan berganlar. Payg‘ambarimiz alayhissalom tortib yoki talab qilib olib qo‘ymaganlar. Nafaqat Xadiyja onamiz, balki u zotning atrofidagi barcha sahobalar u zotni jonlaridan ortiq yaxshi ko‘rganlar va borini berishga shay turganlar.
Shariatimiz har bir shaxsga moliyaviy mustaqillik bergan. Er topgan pulini o‘zi istaganday sarflashi va bunga na ayoli va na boshqa odamlar to‘sqinlik qilishga haqi yo‘q bo‘lgani kabi, ayolning ham shaxsiy mablag‘idagi tasarrufi o‘z qo‘lida bo‘ladi. Faqatgina foyda-zararni bilmaydigan aqli zaif toifalargina bundan mustasno. Ularning tasarrufini valiylari olib boradi.
Ammo yuqoridagi gaplardan ayol topganini hech kimga bermasligi, faqat o‘zi ishlatishi kerak ekan, degan xulosa chiqmaydi. O‘z ixtiyori bilan eriga, farzandlariga yoki boshqalarga hadya qilishi mumkin va bu uchun albatta, ajr oladi.
Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhuning ayollari Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlariga kelib: “Erimga sadaqa qilsam bo‘ladimi?” – deb so‘ragan va u zot alayhissalom: “Ha”, deb javob berganlar. Ya’ni sahobiya ayollar erlariga sadaqa, hadya qilib turganlar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bejizga: “O‘zaro hadyalashinglar, o‘rtada muhabbat paydo bo‘ladi”, deb aytmaganlar.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, oila er-xotin o‘zaro bir-birlarini tushunishlari, hurmat qilishlari va o‘z burchlarini muhabbat bilan ado etishlari lozim. Ana shunda oilaviy hayot saodatli davom etadi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.