Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan bo‘lsa, mehmonini ikrom qilsin! Kim Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan bo‘lsa, qarindoshlari bilan aloqani tiklasin! Kim Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan bo‘lsa, yaxshi gap aytsin yoki jim tursin!” dedilar. (Muttafaqun alayh)
Sharx: Kim, Alloh taolo osmonlaru yerni yo‘qdan bor qilgan; osmonlaru yerdagi biror zarra ham Unga maxfiy bo‘lmagan, barchasini adadlari bilan bilib turuvchi; Undan oldin biror narsa bo‘lmagan, barcha narsalar yo‘q bo‘lib ketganda ham doimo bor bo‘lib turuvchi; biror narsadan ojiz qolmaydigan, barcha narsaga qodir; bandalariga hatto ular sanab ham chiqa olmaydigan darajada ko‘plab ne’matlarni ato qilib turuvchi; bandalarning hamdu sano aytib ulug‘lashlariga va qullik qilishlariga haqli bo‘lgan Zotdir, deb aniq ishonsa va bulardan tashqari Alloh taoloni Qur’on va sunatda bayon qilinganidek tanib olsa hamda Alloh taolo maxluqotlarni O‘zi xohlagan vaqtda ular istasinlar – istamasinlar, o‘limga bo‘ysundiradigan; O‘zigagina ma’lum bo‘lgan bir kunda bandalarni qayta tiriltirib, yaxshi amallariga mukofot va yomon amallariga jazo beradigan Zotdir, deb aniq ishonsa ushbu to‘rt nasihatga amal qilsin!
Xulosa: Bu talab faqat mo‘minlar uchundir. Ushbu ishlar haqida Alloh taolo faqat mo‘minlardan hisob so‘raydi. Va bu amallarni qilgan mo‘minlarga ulkan ajrlar va mukofotlar beradi. Agar, mo‘min bo‘lsangiz ushbularga amal qiling! Mobodo, mo‘minlikni da’vo qilmasangiz, bu amallarni sizga aloqasi yo‘q.
Olmazor tumanidagi “Mevazor” masjidi imom noibi: Islomov Yorbek
Istiqlolimizning 35 yilligi arafasida Buxoro viloyatidagi imom-xatib va noiblar o‘rtasida stol tennisi bo‘yicha viloyat turniri bo‘lib o‘tdi.
Sog‘lom turmush tarzini keng ommalashtirish va o‘zaro hamjihatlikni mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan bahslarda din peshvolari o‘zlarining jismoniy tetikligi va mahoratlarini namoyish etdilar. Murosasiz kechgan bellashuvlar yakuniga ko‘ra, sovrinli o‘rinlar quyidagicha taqsimlandi:
1-o‘rin: Abdullo domla Avezov (Qorako‘l tumani, «Bozorxo‘ja» masjidi);
2-o‘rin: Abduvohid domla Akramoyev (Buxoro shahri, «Volidayi Abdulazizxon» masjidi);
3-o‘rin: Saddam domla Boboqulov (Peshku tumani, «Xo‘ja Peshku» masjidi).
G‘olib va sovrindorlarga Buxoro viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosari Otabek domla Avezov tomonidan esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi.
Islom dinida tan salomatligi va jismoniy kuch-quvvatga alohida e’tibor beriladi. Bu kabi sport tadbirlari soha xodimlari o‘rtasida sog‘lom muhit va yuqori kayfiyatni ta’minlashga xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Buxoro viloyati vakilligi
Matbuot xizmati