Sayt test holatida ishlamoqda!
22 Iyul, 2025   |   27 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:31
Quyosh
05:09
Peshin
12:35
Asr
17:37
Shom
19:54
Xufton
21:24
Bismillah
22 Iyul, 2025, 27 Muharram, 1447

Oilada farzand tarbiyasi: CHIROYLI ISM QO‘YISH

13.11.2019   6822   11 min.
Oilada farzand tarbiyasi: CHIROYLI ISM  QO‘YISH

TAHNIK QILISH

«Tahnik» degani biror shirinlikni (masalan, xurmo) chaynab yoki ezib, oz miqdorda barmoqqa olib bolaning og‘ziga surib qo‘yish, degani. Bizda bunga «tanglay ko‘tarish», deyiladi. Bundan murod, bolaning birinchi bo‘lib totadigan narsasi shirinlik bo‘lsin va ona ko‘kragiga tezda yopishsin.  Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) yashagan joyda mashhur shirinlik va quvvat beruvchi meva xurmo bo‘lgani uchun tahnik asosan shu meva bilan qilingan.

عن أبي موسى رضى الله عنه قال ولد لى غلام فأتيت به رسول الله صلى الله عليه و سلم فسماه إبراهيم وحنكه بتمرة ودعا له بالبركة ودفع إلي

Abu Muso (roziyallohu anhu) aytadilar: «O‘g‘lim tug‘ilganida uni ko‘tarib Payg‘ambarimiz (alayhissalom) huzurlariga bordim. U zot unga «Ibrohim» deb ism qo‘ydilar, xurmo bilan tahnik qildilar. Baraka tilab duo qildilar va menga uzatdilar».

Hadisdan ko‘rinib turibdiki, farzandga ism qo‘yish, tahnik qilish, bola haqiga yaxshiliklarni Alloh taolodan duo qilib so‘rash yaxshi amallardan ekan. Bu ishlarni ilmli, taqvoli, fazilatli kishilar amalga oshirishi, ayniqsa, muhimdir.

 

CHIROYLI ISM  QO‘YISH

Bolaga chiroyli ism qo‘yish ota-onaning farzand oldidagi mas’uliyatlaridan hisoblanadi. Islom tarixida bo‘lib o‘tgan ajoyib hodisalardan xabardor har bir ota-ona qanday sharoitda bo‘lmasin, farzandiga chiroyli, ma’nosi ham go‘zal ism qo‘yishga harakat qiladi. Zero, ism o‘z egasining xulq-atvoriga, hatto taqdiriga ham ta’sir qilishi aytilgan. Qiyomat kuni har bir inson o‘z ismi bilan chaqiriladi.

عن أبي الدرداء قال رسول الله صلى الله عليه وسلم: إنكم تدعون يوم القيامة بأسماءكم وأسماء أباءكم فأحسنوا أسماءكم

Abu Dardodan rivoyat qilinadi: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) aytdilar: «Batahqiq, qiyomat kuni sizlar o‘z ismlaringiz va otalaringiz ismlari bilan chaqirilasizlar. Bas, (shundoq ekan) ismlaringizni go‘zallashtiring!»

Bola tug‘ilganida ko‘pincha ota-onalar unga qanday ism qo‘yishga o‘ylanib qolishadi. Lekin ko‘p bosh qotirmay, ma’nosi g‘aliz, tumtaroq ismlarni qo‘yib yuborishadi. Shu qo‘yiladigan ism bola bilan nafaqat foniy dunyoda, balki qiyomatda, jannat yo do‘zahda ham birga bo‘ladi. Bu mavzuga aloqador hadislarda aytiladi:

عن ابن عمر أن رسول الله صلى الله عليه وسلم قال: إن أحب أسماءكم إلى الله عبدالله و عبد الرحمن

Ibn Umardan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinishicha, Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): «Darhaqiqat, Alloh taologa eng yoqadigan ismlaringiz “Abdulloh” va “Abdurrohman”», dedilar.

Hadisda ism qanday bo‘lishi kerakligi ochiq bayon qilingan. Kishi o‘zining Alloh taologa suyukli ekanini bildirmoqchi bo‘lsa, «Abdu…» bilan boshlanadigan ismlarni qo‘ysin, chunki bunday ismlar inson Alloh taoloning quli ekanini hamisha bildirib turadi. 

Boshqa bir hadisda bunday kelgan:

عن أبي وهب الجشمي قال قال رسول الله صلى الله عليه وسلم تسموا بأسماء الأنبياء, وأحب الأسماء إلى الله عبد الله و عبد الرحمن وأصدقها حارث وهمام وأقبحها حرب و مرة

Abu Vahb aytadi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) aytdilar: «Payg‘ambarlarning ismlarini olinglar, Alloh taologa eng yoqadigan ismlar “Abdulloh” va “Abdurrohman”dir,  eng sadoqatlisi “Horis” va “Hammam”dir, eng yomoni “Harb” (urush) va “Murra” (achchiq)dir».

O‘g‘il bolalarga payg‘ambarlarning (alayhimussalom) muborak ismlarini qo‘yish ham maqsadga muvofiq sanaladi. Payg‘ambarimizning (sollallohu alayhi va sallam) ismlaridan «Muhammad», «Ahmad» kabilarni qo‘yish fazilatlidir, ammo u kishining kunyalari bilan «Abulqosim» deb ism qo‘yish joiz emas.

Payg‘ambarimiz Muhammad (alayhissalom) yomon va xunuk ismlarni o‘zgartirishga buyurganlar. Masalan, hazrat Umarning (roziyallohu anhu) qizlari Osiya (gunohkor) ismini Jamila (chiroyli, go‘zal) deb o‘zgartirganlar. Hadislarda yana u zotning «Harb» (urush), «Murra» (achchiq) kabi xunuk ismlarni yaxshisiga almashtirishni buyurganlari naql qilingan.  

Shu o‘rinda Umar ibn Hattob (roziyallohu anhu) davrlarida bo‘lib o‘tgan ajoyib voqeani esga olib o‘tish foydadan xoli emas.

Umar ibn Hattob huzurlariga bir kishi kelib, o‘g‘lini oq qilganini aytdi. Umar (roziyallohu anhu) o‘g‘lini chaqirtirib, otasi oq qilganini bildirgach, otasining haqlariga rioya qilmagani uchun unga tanbeh berdilar. Shunda u yigit: «Ey mo‘minlar amiri, otaning ustida bolaning haqlari yo‘qmi?» dedi. «Bor», deb javob qildilar hazrat Umar (roziyallohu anhu). «Ular qaysilar?» dedi yigit. «Ota bolasiga yaxshi ona topishi, chiroyli ism qo‘yishi va Qur’onni o‘rgatishidir», dedi hazrat Umar. «Bo‘lmasa, otam hech narsa qilgani yo‘q ekanda. Onam bir majusiy qo‘lida qora ishchi bo‘lib ishlayapti. Ismim Xunfuso (go‘ng titadigan qo‘ng‘iz ma’nosini anglatadi). Qur’onning esa biron harfini bilmayman, otam o‘rgatmadi», dedi yigit.

Shunda Umar (roziyallohu anhu) yigitning otasiga: «Oldimga kelib o‘g‘lingni oq qilmoqchi bo‘lding, vaholanki, u seni oq qilishi kerak ekan-ku! U gunoh qilishidan oldin sen gunoh qilibsan», dedilar.

Farzandga yaxshi ism qo‘yganidan keyin uni chala-yarim qilmay, to‘liq va go‘zal talaffuz qilish lozim. Afsus, ba’zi oilalarda ismni qisqartirib chaqirish odat tusiga kirgan. Masalan, «Abdulloh»ni (Allohning bandasi) «Abdi», «Abdul» deyishadi, bu ish ism egasiga ham, Parvardigorga ham katta hurmatsizlikdir.  

 

BOLANING SOCHINI OLISH

Bola tug‘ilganidan keyin yetti kun o‘tgach, uning sochi olinib, o‘lchanadi, shu miqdorda faqirlarga kumush sadaqa qilish sunnat amal hisoblanadi. Buning ikki hikmati bor. Birinchisi, bolaning sog‘lom o‘sishi, kuch-quvvatga to‘lishi, ko‘rish, hid bilish va eshitish kabi sezgi turlari mukammal bo‘lishi uchundir. Ikkinchisi, ijtimoiy hikmat bo‘lib, jamiyatda bola o‘z o‘rnini topishi, ijtimoiy adolatning qaror topishi va bolaning kelajakda qo‘li ochiq bo‘lishi uchundir.

Imom Molik «Muvatto» asarida bunday degan: «Fotima (roziyallohu anho) Hasan va Husayn, Ummu Gulsum va Zaynablarning sochlarini olib, o‘lchab, shu miqdorda kumush sadaqa qilganlar».

Abdulloh ibn Abu Bakrdan rivoyat qilinadi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Hasanga bir qo‘chqor so‘yib aqiqa qildilar va Fotimaga: “Uning sochini ol va shu miqdorda sadaqa qil”, dedilar. Uning vazni bir dirham yoki bir necha dirham miqdorida edi».

Kitoblarda qiz bolaning sochini oldirmaslik kerakligi aytilgan. Ulug‘larimiz qiz bolaning sochini hatto yoshligida kesishdan ham qaytarishgan.

 

AQIQA QILISH

«Aqiqa» lug‘atda kesish degan ma’noni anglatadi. U «aqqa» so‘zidan olingan bo‘lib, shar’iy istilohda chaqaloq tug‘ilganining yettinchi, o‘n to‘rtinchi, yigirma birinchi kuni yoki keyinroq farzand shukronasi va jonining garovi sifatida qo‘y so‘yib qilinadigan «aqiqa»ni anglatadi. Arablarda yangi tug‘ilgan chaqaloqning boshidagi soch «aqiqa» deyilgani uchun uning sochi ham olinadi. Aqiqa evaz, garov bo‘lib, bolaga yetadigan balo, tuzalmas kasalliklar evaziga uning nomidan biror jonliqni so‘yib, sadaqa qilishdir.

Bu haqda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bunday deganlar:

قال النبي عليه السلام: مع الغلام عقيقة فأهريقوا له دما و أميطوا عنه الأذى

«Yangi tug‘ilgan bolaga aqiqa qilinglar, qon oqizib, aziyatlarini daf qilinglar» (Imom Buxoriy rivoyati).

Boshqa hadisda:

و روى أصحاب السنن عن سمرة قال: قال رسول الله صلى الله عليه وسلم: «كل غلام رهينة بعقيقته، تذبح عنه يوم سابعه، و يسمى ويحلق رأسه».

«Sunan» egalari Samradan rivoyat qilishadi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Aqiqa bolaga garovdir. Yettinchi kuni qo‘y so‘yiladi, ism qo‘yiladi va sochi olinadi”, dedilar».

Aqiqaning yana bir fazilati – tug‘ilgan chaqaloq yoshiga to‘lmasdan vafot etadigan bo‘lsa, jannat erkatoyi bo‘ladi. Ya’ni, qiyomat kuni «onam jannatga kirmasa, men ham kirmayman», deydi. «Onang kirdi, endi jannatga kir», deyilsa, «otam kirmagunicha kirmayman», deb turib oladi. Balog‘atga yetmay vafot etgan bolalar jannatiy hisoblanishadi.

Aqiqaning bir necha foyda va hikmatlari bor:

  1. Jonliq so‘yish tufayli Allohga yaqinlik hosil qilinadi.
  2. Bolani musibat va ofatlardan asraydi, inshaalloh.
  3. Bolaga garov bo‘ladi.
  4. Mo‘minlar soni ko‘paygani uchun xursandchilik paydo qiladi.
  5. Yangi tug‘ilgan bolaga qilingan ziyofat tufayli kishilar orasida mehr-oqibat kuchayadi.
  6. Bolaning sochi miqdorida qilingan sadaqa sababli jamiyatda tenglik paydo bo‘ladi.

Shu o‘rinda shariat joriy qilgan ba’zi ziyofatlarning nomlarini ma’lumot uchun keltirib o‘tishni ma’qul ko‘rdik:

Qiroh – yoz ziyofati.

Tuhfa – mehmon kelsa beriladigan ziyofat.

Xars – tug‘ruqdan keyin beriladigan ziyofat.

Ma’daba – taklif qilinganida beriladigan ziyofat.

Valima – to‘y ziyofati.

Aqiqa – farzand tug‘ilganidan keyin yetti kun o‘tib beriladigan ziyofat.

G‘adira – bola xatna qilinganida beriladigan ziyofat.

Vazima – azadan so‘ng beriladigan ehson.

Naqiha – safardan qaytganida beriladigan ziyofat.

Vakira – imorat bitganida beriladigan ziyofat.

Shu o‘rinda bir narsani aytish kerak, odamlarning topish-tutishlari har xil bo‘lgani uchun ba’zilar aqiqa qilolmasliklari mumkin. Shu bois qurbi yetmaydiganlardan aqiqa soqit bo‘ladi. Qo‘y o‘rniga xo‘roz yoki boshqa jonliq so‘ydiraman desa, aqiqa o‘rniga o‘tmaydi, chunki hadisda aytilgan jonliqning miqdori eng kam e’tiboridadir. Ya’ni, undan kichikroq narsa aqiqa hukmiga kirmaydi. Chunki aqiqa qurbonlikka o‘xshash bir amaldir.

Hozirgi paytda ayrim joylarda o‘g‘il bolalarga aqiqa qilinadi-yu, ammo qizlarga aqiqa qilishga uncha ahamiyat berilmaydi. Bu ish noto‘g‘ri. Holbuki, Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): «Bolaning ofat va kasalliklardan omonda bo‘lishi aqiqaga bog‘liqdir», deganlar.

 

O‘G‘IL BOLANI XATNA QILISH

«Xatna» deb lug‘atda terini kesishga aytiladi. Shariat istilohida esa, bola zakarining uchini kesishga aytiladi.

Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) bu xususda shunday marhamat qilganlar:

روى الامام احمد فى مسنده من حديث عمار بن ياسر قال: قال رسول الله صلى الله عليه وسلم: «من الفطرة: المضمضة، والإستنشاق، و قص الشارب، والسواك، وتقليم الاظافر، ونتف الابط، والاستحداد، والإختنان.

Imom Ahmad o‘z «Musnad»ida Ammor ibn Yosirdan rivoyat qiladi: «Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): «Yetti narsa fitratdandir: og‘izni g‘arg‘ara qilib chayish, burunni chayish, mo‘ylabni qisqartirish, misvok tutish, tirnoqlarni olish, qo‘ltiqlar tagini, kindik ostini pok tutish va xatna qilish», dedilar.

Payg‘ambarimiz (alayhissalom) aytdilar:

الختان سنة للرجال

«Xatna erkaklarga sunnatdir».

Xatnaning zarari yo‘q, aksincha, foydasi bor, tibbiyot mutaxassislari ham buni tavsiya qilishadi.

Farzandga munosib ota va ona tanlash, bola emizish, uning qulog‘iga azon aytib, ism qo‘yish, sochini olish, aqiqa qilish masalalarining umumiy tasnifotiga kitobimizning “Farzandlik burchi va vazifalari” bobida ham qisqa to‘xtalib o‘tamiz.

 

 

KЕYINGI MAVZULAR:

 

Bola boshidan;

Farzand tarbiyasidagi nozik nuqtalar;

Kutubxona
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbekistonda 52 metrli “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” yaratilmoqda

21.07.2025   1880   7 min.
O‘zbekistonda 52 metrli “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” yaratilmoqda

Bugun O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” bo‘ylab joylashtiriladigan miniatyuralarning tayyorlanish jarayoni bilan tanishish uchun olimlar, mutaxassislar ishtirokida ommaviy axborot vositalari vakillariga press tur tashkil etildi. 


    Ikkinchi Renessans davri miniatyuralarini o‘z ichiga olgan  “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” uzunligi qariyb 52 metr, bo‘yi bir metrli ganchkor bezak bilan hisoblaganda 5 metrni tashkil etadi.


    Devor bo‘ylab jami 10 dan ortiq miniatyura o‘rin oladi. Devoriy suratning hajmini hisobga olgan holda miniatyuralarni 50 ga yaqin rassomlar ikki oydan buyon tinim bilmay mehnat qilmoqda.


    San’atshunoslik fanlari bo‘yicha falsafa doktori, rassom Behzod Hojimetovning ma’lum qilishicha, devor uchun Hirot Buxoro, Samarqand va qisman hind miniatyura maktablari asosida ishlangan miniatyuralar saralab olingan. 

    “50 ga yaqin miniatyuralar orasida Sheroz, Isfahon, Tabriz miniatyura maktablari uslubida ishlanganlari ham bor edi, ammo o‘zimizning allomalar, tarixiy voqeliklar aks etgan rasmlar tanlab olindi. Bundan tashqari ov, jang kabi manzaralardan voz kechildi. Sababi devoriy suratlar konsepsiyasi birinchi o‘rinda sivilizatsiyalar, shaxslar hamda kashfiyotlar mavzularini o‘z ichiga oladi. Miniatyuralar ham shu mavzulardan chetlab o‘tilmagan holda saralangan. 10 dan ortiq miniatyura chizish ishlarining 80 foizini bajarib bo‘ldik. Muzey devorining balandligi 8 metrni tashkil qilib, uning 3 metrdan yuqori qismiga aynan ushbu miniatyuralar devori joylashtirishi ko‘zda tutilgan. Miniatyuralar hajmini inobatga oladigan bo‘lsak, uni Ginness rekordlar kitobiga ham kiritishimiz mumkin. Kompozitsiyalarimiz yuqori sifatli matoga, sifatli bo‘yoqlar bilan chizildi hamda Italiyadan keltirilgan tilla suvi bilan ishlov berildi. Endilikda ustaxonada ishlangan barcha ishlarni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining qurilishi yakuniga yetgan binosiga olib borib, maxsus yelimlar bilan devorga joylashtirish ishlari qolgan. Miniatyuralarni tanlashda ekspozitsiyada joylashtirilgan faksimellar, eksponatlar va qo‘lyozmalarni takrorlamaslikka e’tibor qaratildi. Shuningdek, bosh g‘oya sifatida kashfiyotlar va sivilizatsiyalar mavzusiga e’tibor berildi.
 
   Miniatyuralarning ayrimlari bizgacha to‘liq yetib kelmagan, ularni devor hajmiga moslashtirib, o‘z uslubidan chiqmagan holda kompozitsiyani to‘liq tikladik. Shuningdek, har bir miniatyuralar orasiga o‘sha davrda ishlatilgan naqshlar bilan hoshiyalar chizildi. Ushbu naqshlarni ikki xil – Buxoro hamda Hirot maktabi uslubida chizdik. Naqshlardan aynan bittasi ilmiy kengash a’zolari tomonidan tanlanib, barcha miniatyuralar orasiga joylashtiriladi” – dedi rassom Behzod Hojimetov. 

    
    Qayd etilishicha, devordagi miniatyuralardan Amir Temurning Movarounnahr hukmdori deb e’lon qilinishi va uning ilm-fan, madaniyat va me’morchilik rivojiga qo‘shgan hissasiga alohida e’tibor qaratiladi. Bu tarixiy jarayonni ifodalashda Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asarining Londonda, Britaniya kutubxonasida saqlanayotgan nusxasidagi miniatyuralardan foydalanilgan. Devor markazida Amir Temurning toj kiyish marosimi aks etgan “Balx qurultoyi” miniatyurasi joylashtirgan. Asosiy e’tibor Amir Temurning ma’rifatparvar hukmdor sifatidagi siymosini ko‘rsatib berishga qaratiladi. Jumladan, ushbu yirik tasviriy san’at asarida Amir Temur davrida qurilgan imoratlar tasvirlanadi. Shu bilan birga Samarqandda Behzod tomonidan aks ettirilgan Bibixonim masjidining qurilish jarayoni ham alohida ko‘rsatiladi. Mirzo Ulug‘bek va uning jahon ilm-faniga qo‘shgan hissasiga ham alohida e’tibor qaratiladi. Ulug‘bekning hayotligida chizilgan ikkita miniatyura – ulardan biri Nizomiy “Xamsa”sidan olingan miniatyura, ikkinchisi As-Sufiyning “Kitabi sivaril-kavakib as-sabita” kitobidagi Sefey yulduz turkumi suratidir. Mirzo Ulug‘bekning asl qiyofasini tiklashda bu suratlar katta o‘rin tutadi. Shu bois rangtasvir asarida ushbu miniatyuralarni ham aks ettirish nazarda tutiladi. 


    Xurosondagi Temuriylar davri Renessansida Husayn Boyqaro va Alisher Navoiyning hissasi alohida ko‘rsatiladi. Bunda qadimiy miniatyuralar orqali Hirot manzaralari, Navoiy, Husayn Boyqaro, ularning davrasida turgan Abdurahmon Jomiy, Kamoliddin Behzod, Xondamir singari Hirot madaniy muhiti namoyandalari ko‘rsatib beriladi. Shuningdek, Husayn Boyqaroning ilm va madaniyat homiysi sifatidagi rolini ham ko‘rsatib berish maqsad qilingan. Bunda ham turli qo‘lyozmalarda aks etgan ana shunday miniatyuralardan foydalaniladi. 


    Mazkur ekspozitsiyada Bobur va Boburiylar merosiga ham alohida e’tibor qaratiladi. Boburga bag‘ishlangan qismda uning tarixiy qo‘lyozmalardagi miniatyuralaridan keng foydalaniladi. Ayniqsa, Amir Temurning Bobur va va uning avlodlari qurshovida yaratilgan miniatyurasi alohida o‘rin tutadi. 

 

    Shuningdek, Markaziy Osiyoda Temuriylardan so‘ng davlatni uzoq vaqt idora qilgan Shayboniylar va Ashtarxoniylar davridagi ilm-fan, ta’lim va madaniy hayot o‘sha davrda chizilgan tarixiy suratlarda o‘z aksini topadi.


    O‘tkazilgan taqdimotda bir qator tarixchi va san’atshunos olimlar, ishchi guruh a’zolari hamda rassomlar ishtirok etib, “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” yuzasidan o‘z fikr va mulohazalarini bildirib o‘tdi. Ayrim ko‘zga tashlangan kamchiliklarni tuzatish bo‘yicha takliflar berildi.  


   O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy kotibi Rustam Jabborov ham miniatyuralar devorini shakllantirishda rassomlar bilan birgalikda fikr almashib, o‘zining tavsiyalarini bergan.

   “Markazning muzey ekspozitsiyasi ichki kontentini boyitish, markaz devorlarini o‘z davriga xos miniatyura hamda suratlar bilan bezatish yuzasidan qizg‘in jarayon davom etmoqda.  Markazning kengaytirilgan yig‘ilishlari muhokamasida olimlar va mutaxassislar tomonidan aynan “Ikkinchi Renessans davri” bo‘limini miniatyuralardan iborat kompozitsiya bilan boyitish taklifi berilgan edi. Ikkinchi Renessans davri Amir Temur taxtga o‘tirgan paytdan boshlanishini inobatga oladigan bo‘lsak, ushbu devorda aynan shu mavzuga mos miniatyura ham joylashtiriladi. 1450 yilga oid Sharafiddin Ali Yazdiyning «Zafarnoma» asaridagi miniatyura bugungi kunda Britaniya kutubxonasida saqlanadi. Endilikda biz ushbu miniatyurani O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida ko‘rishimiz mumkin bo‘ladi. 35 yoshli navqiron Amir Temur beklar, sarkardalar, saroy amaldorlari hamda ustozlari qurshovida tasvirlangan surat qo‘sh sahifada chizilgan. Uni rassomlarimiz devor hajmiga moslashtirgan holda yaxlit kompozitsiya sifatida tiklagan. Ushbu miniatyuralarning har birining asosi mavjud. O‘ylashimcha, Markazga tashrif buyuradigan tomoshabin "Ikkinchi Renessans davri" zalida aynan o‘sha paytdagi muhitni his qiladi. Sababi ayni shu davrda miniatyura san’ati taraqqiy etgan. O‘sha davrning eng buyuk rassomlaridan Kamoliddin Behzod, Mahmud Muzahhib singari musavvirlar ijod qilishgan. Devor uchun tanlangan miniatyuralar ham aynan shu musavvirlar hamda ularning shogirdlari tomonidan ishlangan. Bu miniatyuralarda o‘sha paytdagi davlatchilik, xalq hayoti, ijtimoiy himoya, ayollar, yoshlar kabi masalalar aks ettirilgan”, – deydi Rustam Jabborov.


    O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi muzeyida Ikkinchi Renessans davri miniatyuralarini o‘z ichiga olgan  “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” tashrif buyuruvchilar ko‘z o‘ngida tarixni jonlantirsa, ajabmas. 


Islom sivilizatsiyasi markazi Axborot xizmati

O‘zbekistonda 52 metrli “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” yaratilmoqda O‘zbekistonda 52 metrli “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” yaratilmoqda
O'zbekiston yangiliklari