Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Yanvar, 2025   |   10 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:32
Shom
17:16
Xufton
18:35
Bismillah
10 Yanvar, 2025, 10 Rajab, 1446

Nishonga urilgan gaplar: “Ey Robbim! Qalblarimizni nifoqdan, amallarimizni riyodan, tillarimizni yolg‘ondan, ko‘zlarimizni xiyonatdan poklagin!”

13.11.2019   4051   2 min.
Nishonga urilgan gaplar: “Ey Robbim! Qalblarimizni nifoqdan, amallarimizni riyodan, tillarimizni yolg‘ondan, ko‘zlarimizni xiyonatdan poklagin!”

Quyida keltiriladigan fikrlar, hikmatlar saytlardan va ijtimoiy tarmoqlardagi turli sahifalardan olib tarjima qilingan.

Ey Robbim! Qalblarimizni nifoqdan, amallarimizni riyodan, tillarimizni yolg‘ondan, ko‘zlarimizni xiyonatdan poklagin!

Zero, Sen ko‘zlarning xiyonatini va qalblar yashirgan narsani bilasan.

*****

«Agar insonlarning qalblarini ko‘rishga imkoningiz bo‘lganda, har bir qalbda og‘riqli qissa borligini ko‘rgan bo‘lardingiz. Shunday ekan, bir-birimizga nisbatan rahmli bo‘laylik! Shoyadki, Alloh taolo bizga ham rahm qilsa!»

*****

Kim havoyi nafsni ulfat qilib olsa, qulaydi.

Kim taqvoni ulfat qilib olsa, yuksaladi.

*****

Qiyinchilik haqida gapiradilar va og‘riqlar to‘g‘risida yozadilar. Hatto botiniy aqllari mahzunlik uchun dastur ishlab chiqadi.

Ofiyat ne’matini anglamoqchi bo‘lsang, shifoxonaga bor.

Hurriyat ne’matini anglamoqchi bo‘lsang, qamoqxonaga bor.

Hayot ne’matini anglamoqchi bo‘lsang, qabristonga bor.

Mazkur joylardagi kishilarga nisbatan sening mahzunligingning vazni qancha?!

Ey Robbim! Ne’matlaring uchun O‘zingga hamd bo‘lsin!

*****

«Falonchining shogirdiman» deyishning o‘zi bilan shogird bo‘lib qolinmaydi. Avvalo, ustozning go‘zal xulqi, odobi, ilmi o‘zlashtiriladi va qoldirgan ilmiy merosiga, ko‘rsatmalariga amal qilishda bardavom bo‘linadi. Qolaversa, o‘sha olim ham uni shogirdim, deb bilishi kerak. «Falonchining shogirdiman» degan gapni brend kabi qilib olmaslik lozim. O‘sha olim bilan ko‘p birga bo‘lgan, hatto bir uyda ko‘p yil birga istiqomat qilgan insonlar bor, lekin o‘zlarini hadeb shogirdiman, shogirdiman deb ko‘z-ko‘z qilverishmaydi.

*****

«Ixtiro qildi» emas, «Kashf qildi» deyiladi! Inson hech qachon biror narsani yaratolmaydi, ya’ni yo‘qdan bor qilolmaydi, hosil qilolmaydi! Balki, bor narsani kashf qilishi, ya’ni bor narsadan hosil qilishi mumkin.

 

Internet materiallaridan to‘plab,

tarjima qiluvchi Nozimjon Iminjonov

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Siz kutayotgan kun hech qachon kelmaydi

10.01.2025   2831   2 min.
Siz kutayotgan kun hech qachon kelmaydi

G‘am-qayg‘usiz hayotni kutib yashayotgan qizga «Siz kutayotgan kun bu dunyoda hech qachon kelmaydi», deb aytish kerak.

Alloh taolo «Biz insonni mashaqqatda yaratdik», degan (Balad surasi, 4-oyat).

Bu hayot – g‘am-tashvishli, azob-uqubatli, mashaqqatli hayotdir. Mo‘min odam buni juda yaxshi tushunadi. Bu dunyoda qiynalsa, azob cheksa, oxiratda albatta xursand bo‘lishini biladi. Inson mukammal baxtni faqatgina oxiratda topadi. Shuning uchun ulug‘lardan biriga «Mo‘min qachon rohat topadi?» deb savol berishganda, «Ikkala oyog‘ini ham jannatga qo‘yganida», deb javob bergan ekan.

Allohning mehribonligini qarangki, oxirat haqida o‘ylab, unga tayyorgarlik ko‘rish hayotni go‘zal qiladi, qayg‘ularni kamaytirib, uning salbiy ta’sirini yengillatadi, qalbda rozilik va qanoatni ziyoda qiladi, dunyoda solih amallarni qilishga qo‘shimcha shijoat beradi, musibatga uchraganlarni bu g‘am-tashvishlar, azob-uqubatlar bir kun kelib, bu dunyoda bo‘lsin yoki oxiratda bo‘lsin, baribir yakun topishiga ishontiradi. Oxirat haqida o‘ylab, faqat solih amallar qilishga intilish insonni baxtli qiladi.

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: «Kimning g‘ami oxirat bo‘lsa, Alloh uning qalbiga qanoat solib qo‘yadi, uni xotirjam qilib qo‘yadi, dunyoning o‘zi unga xor bo‘lib kelaveradi. Kimning g‘ami dunyo bo‘lsa, Alloh uning dardini faqirlik qilib qo‘yadi, parishon qilib qo‘yadi, vaholanki dunyodan unga faqat taqdir qilingan narsagina keladi».

Alloh taolo faqat oxirat g‘ami bilan yashaydigan (oxirat haqida ko‘p qayg‘uradigan, har bir amalini oxirati uchun qiladigan) qizning qalbini dunyoning matohlaridan behojat qilib qo‘yadi. Qarabsizki, bu qiz har qanday holatda ham o‘zini baxtli his qiladi, hayotidan rozi bo‘lib yashaydi. Xotirjamlikda, osoyishtalikda, qanoatda yashagani uchun istamasa ham qo‘liga mol-dunyo kirib kelaveradi. Zero, Alloh taolo oxirat g‘amida yashaydigan, shu bilan birga, hayotiy sabablarni ham qilish uchun harakatdan to‘xtamagan kishining rizqini kesmaydi, uni ne’matlariga ko‘mib tashlaydi.

Ammo Alloh taolo bor g‘am-tashvishi dunyo bo‘lgan qizni faqirlar qatorida qilib qo‘yadi. Bunday qiz mol-dunyoga ko‘milib yashasa ham, o‘zini faqir, bechora his qilaveradi. Natijada dardi yangilanaveradi, dardiga dard qo‘shilaveradi, fikrlari tarqoq bo‘lib, iztirobga tushadi. Afsuski, shuncha yelib-yugurgani bilan faqat dunyoning ne’matlariga erisha oladi, oxiratda nasibasi bo‘lmaydi.

Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev 
tarjimasi.