Bugungi kunda namozlarimiz biz bilan Robbimizning o‘rtasidagi ruhoniy bog‘lanish emas, balki, quruq harakatlar majmuasidan iborat bo‘lib qolgan. Shuning uchun qalbimizning qattiqligidan, namozlarimizda xushu’larimiz yo‘qligidan Alloh taologa shikoyat qilishimiz, duo qilib so‘rashimiz lozim. Namozlarda u yoq-bu yog‘imizni qashiymiz, soatimizni, uzugimizni o‘ynaymiz, o‘rinsiz yo‘talamiz va boshqa harakatlarni sodir etamiz. Agar qalbimiz xushu’ qilganida, tana a’zolarimiz ham xushu’ qilgan bo‘lardi. Yoningizdagi namozxonlarning qilayotgan bema’ni xatti-harakatlari sizni aldab qo‘ymasin. Zero, siz uning namoziga, u esa sizning namozingizga javob bermaydi. Kishilar namozda bir safda, bir xil ko‘rinishda tursalarda, ularning o‘sha namozdan qo‘lga kiritadigan ajrlari orasida osmon bilan yercha farq bor.
Ammor ibn Yasir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
“Albatta, bir odam (namozidan) turganda, unga uning o‘ndan biri, to‘qqizdan biri, sakkizdan biri, yettidan biri, oltidan biri, beshdan biri, to‘rtdan biri, uchdan biri yoki yarmigina yozilgan bo‘ladi”, dedilar”.
Abu Dovud rivoyat qilgan.
Ushbu hadisi sharifdan namoz bilan namozning farqi borligi, hatto, qabul bo‘ladigan namozlar orasida ham farq bo‘lishi ko‘rinib turibdi. hamma ham namoz o‘qiyveradi, ammo o‘sha namozga Alloh taolo tomonidan beriladigan ajr namozxonning ixlosi va xushu’-xuzu’iga qarab berilar ekan. Xushu’-xuzu’ni, ixlosni joyiga qo‘ygan odam namoz uchun belgilangan savobning hammasini olar ekan. Xushu’-xuzu’ va ixlos kamaygan sari beriladigan savob ham kamayib yarim, uchdan bir, to‘rtdan bir, o‘ndan bir bo‘lib ketaverar ekan.
Shuning uchun namozni qo‘limizdan kelganicha to‘liq qilib, ixlos bilan xushu’-xuzu’ni joyiga qo‘yib, o‘qishga harakat etishimiz kerak bo‘ladi.
Xushu’ni qozonishda ham harakat, ham duo uyg‘unlashsa, inshaalloh, maqsadimizga yetamiz.
Alloh taolo barchamizni arkonlarini to‘liq bajargan holda, xushu’ va xuzu’ bilan namoz o‘qiydiganlardan qilsin. Omin!
Internet ma’lumotlari asosida Nozimjon Hoshimjon tayyorladi
Bilasizmi? Silikat moddasiga boy bo‘lgan tuproqqa dafn qilingan insonning skeleti vaqt o‘tishi bilan tosh va xarsangga aylanadi.
Agar u pirit (temir sulfidi) moddasiga boy mintaqaga dafn qilinsa, unday jasad temir haykalga aylanib qolishi mumkin!
Bu ilmiy haqiqat yaqinda aniqlangan bo‘lsa-da, Qur’onda bu haqida 1445 yil oldin hayratlanarli tarzda juda aniqlik bilan bayon etilgan. Qur’onda bunday deyilgan:
وَقَالُوا أَإِذَا كُنَّا عِظَامًا وَرُفَاتًا أَإِنَّا لَمَبْعُوثُونَ خَلْقًا جَدِيدًا
"Ular: “Biz suyaklarga va chang- tuproqlarga aylanib ketganimizdan keyin ham, yangitdan tiriltirilamizmi?” dedilar. “Sen ularga, toshga yoki temirga aylaninglar”, deb ayt"
(Isro surasi, 50-oyat).
Bu oyat yaqin yillarda kashf etilgan — suyaklari toshga aylangan yoki temir haykalga aylangan qazilmalarga ochiq va ravshan ishora qilmoqda. Go‘yoki Qur’onda xabar berilgan ushbu dalillar olimlar kashf qilishlarini uzoq asrlardan beri kutib yotgandek.
Shunday ekan, aqlli inson bunday ochiq-oydin va ravshan mo‘jizani qanday inkor qila oladi? Qur’onning bu mo‘jizasi kunduzdagi quyoshdek ravshan emasmi?
Homidjon domla ISHMATBЕKOV