Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi:
“Darhaqiqat, sizlar uchun – Allohdan va oxirat kunidan umidvor bo‘lgan hamda Allohni ko‘p zikr qiladiganlar uchun Allohning Rasulida go‘zal o‘rnak bordir” (Ahzob surasi, 21-oyat).
Musulmon odam Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hayotlarini o‘rganar ekan, u o‘zi uchun hayotning barcha jabhalaridagi faoliyatida eng oliy darajadagi odob-axloq namunasini ko‘radi. Shu bois, Payg‘ambarimiz alayhissalomga haqiqiy ummat bo‘lishni istagan odam, u zotning hayotlarini o‘rganishi va o‘zi uchun namuna qilib olishi lozim bo‘ladi.
Ha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam butun insoniyat uchun, xususan, mo‘min-musulmonlar uchun eng oliy o‘rnakdirlar. Mana shu haqiqatdan kelib chiqib, Islom ummati qadimdan Payg‘ambarimiz alayhissalomning hayotlarini atroflicha, qunt bilan o‘rganib, o‘rgatib kelgan. Sahobai kiromlar u zot alayhissalomning har bir so‘zu amallarini, harakatu holatlarini diqqat bilan kuzatib, yodlab borganlar va o‘zlaridan keyingi avlodlarga bekamu ko‘st yetkazganlar. Ularning naqllarini qog‘ozga tushirish natijasida hadis kitoblari, siyrat asarlari vujudga kelgan.
Hijriy to‘rtinchi-beshinchi asrlarga kelib, kishilarda ilmga bo‘lgan rag‘bat va munosabatlardagi o‘zgarishlarni sezgan ayrim ulamolarimiz musulmonlarning amirlari ko‘pchilik bilan o‘zaro maslahatlashgan holda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning shaxslari va hayotlarini, sunnatlari va siyratlarini yaxshiroq o‘rganish va xalqqa yetkazish maqsadida u zot tavallud topgan rabi’ul-avval oyini siyratni o‘rganish mavsumi o‘laroq o‘tkazishni yo‘lga qo‘yganlar. Shunday qilib, bu oyni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni yaxshiroq tanish, odamlarning u zot haqlaridagi bilimlarini oshirish, muhabbatlarini sayqallash ma’nosidagi bir ma’rifiy oyga aylantirganlar. Buning uchun turli ko‘rinishdagi mavlid marosimlarini tashkil qilganlar. Bu ish bugungi kungacha butun Islom olamida an’ana sifatida davom etib kelmoqda.
Mavlid munosabati bilan qilinadigan yig‘inlar ikki xil shaklda tus olgan. Ba’zi bir joylarda bu tadbir bayramona kayfiyatda, shodlik izhor qilish, sovg‘alar ulashish, na’t va nashidlar kuylash kabi ishlar bilan o‘tkaziladi. Ikkinchisi esa ilmiy anjuman shaklida o‘tkaziladigan mavlid yig‘inlaridir. Bular mavlid oyini siyratni o‘rganish mavsumi sifatida o‘tkazishga qaratilgan tadbirlardir. Bugungi kunda har ikkala usulni jamlagan holda mavlid yig‘inlari qilish ham keng yoyilgan.
Insoniyat tarixidagi eng fasohatli, balog‘atli va oliymaqom she’riy asarlar “Madiyhun-Nabiy” – “Nabiyning madhi” deya atalgan, Nabiy sollallohu alayhi vasallamning madhlarida yozilgan she’rlardir. Musulmon xalqlarning shoirlari o‘zlari va elatlarining Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bo‘lgan muhabbatlarini u zotning madhlarida bitgan she’rlarida namoyish etganlar. Ularning eng sara she’rlari ham aynan shu mavzuda bo‘lgan. Bu buyuk ummon tinimsiz ravishda yangi-yangi “Zilol suvlar” – Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning madhlarida bitilgan she’rlar, qasidalar bilan to‘lib kelmoqda. Bu asarlarning har biri Nabiyullohga bo‘lgan muhabbatning ramzi va namunasi hamdir.
Bugungi kunda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam tavallud topgan muborak kunlarini nishonlash va u zotning siyrati saniyalarini o‘qib-o‘rganish va eshitish bilan birga, butun olamga rahmat etib yuborilgan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hayot tarzlari, xulq-obodlaridan o‘rnak olib yashamoqligimiz kerak. Yurtimiz ravnaqi va taraqqiyoti, xalqimizning tinch va osoyishtaligi yo‘lida barakali mehnat qilishimizda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning go‘zal odob axloqlari, ilm olishga targ‘ibotlari, xayr-u sahovatlari, insoniylik fazilatlari bizlarga hamisha ilhom berishi lozim.
Butun dunyoda bo‘lganidek, diyorimiz musulmonlari orasida ham qadimdan mavlid kunini bayram qilish odat tusiga kirgan. Shu munosabat bilan robi’ul avval oyi kelgach, barcha jome masjidlarimizda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning siyratlari, yuksak odob-axloqlari va oliy fazilatlari haqida mav’izalar qilinadi, mavlidi shariflar o‘qiladi.
Bu kabi xayrli tadbirlarning o‘sib kelayotgan yosh avlodni go‘zal axloqqa yo‘g‘rilgan azaliy qadriyatlarimiz ruhida tarbiyalashda, ularning ma’nan barkamol bo‘lib yetishishlaridagi ahamiyatlari beqiyosdir.
Albatta, Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomga ummat bo‘lish ayni paytda sizu bizlarning zimmamizga mas’uliyat ham yuklaydi. Bu mas’uliyat u zot keltirgan dinni musaffoligini saqlab, kelajak avlodga omonat bilan yetkazish, turli xildagi bid’at va xurofotlarga berilmay, buzuq e’tiqodlarga ergashmay, aksincha, adashganlarni to‘g‘ri yo‘lga solib, chin mo‘min-musulmon bo‘lib yashashdan iboratdir.
Husniddin TURSUNZODA,
Farg‘ona shahar “Yangi chek” masjidi imom-noibi
Hayotda shunday sohalar borki, ularni mukammal egallash uchun butun umr o‘qib-izlanish lozim. Ana shunday kasblardan biri imom-xatiblikdir. Kimdir bu kasb egalariga oson tutishi mumkin. Lekin yetuk imom bo‘lish uchun to‘rt yil madrasa, to‘rt yil diniy oliy ta’lim dargohida o‘qishning o‘zi kamlik qiladi. Chunki imom o‘zi uchun ham jamoat uchun Alloh oldida burchli bo‘lsa, el oldidiga javobgarlik ham katta mas’uliyat yuklaydi. Bu mas’uliyat va xalq ishonchini oqlashning birdan bir yo‘li ilm va taqvodir.
So‘nggi yillarda ilm-fanning barcha yo‘nalishlar qatori diniy-ma’rifiy xususan, shariat, fiqh, aqoid kabi ilmlarni o‘rganish uchun keng yo‘llar ochildi. Bu borada Samarqandda Hadis ilmi oliy maktabi, Imom Moturidiy markazi qoshida Kalom ilmi, Farg‘onada – Marg‘inoniy ilmiy markazida islom huquqi maktabi, Buxoroda – Bahouddin Naqshband markazida tasavvuf maktabi, Qashqadaryoda – Abu Muin Nasafiy markazida aqida ilmi maktabini tashkil etilishi o‘z samarasini berib kelayotir. Chunki imom-xatiblarning madrasa va oliy ta’lim dargohida olgan bilimlarini mustahkamlash, ularni yanada chuqurlashtirish, yangi zamonaviy diniy masalalarni keng o‘rganishda mazkur maktablar muhim ahamiyat kasb etyapti. Bir so‘z bilan aytganda, bu maktablar imom-xatiblarni chin ma’noda sohaning yetuk egasiga aylanishiga zamin bo‘layotir.
Ayni kunda Farg‘ona viloyatidagi Marg‘inoniy ilmiy markazida islom huquqi maktabida yigirmadan ortiq vodiylik imom-xatiblar o‘z ish joylaridan uzilmagan holda diniy bilimlarini yana mustahkamlab, fiqh ilmini chuqurroq o‘rganmoqdalar. Ularga tajribali imom-xatiblar Ubaydulloh domla Abdullayev, Ibrohimjon domla Qodirov va Ahmadxon domla Nizomovlar ustoz-shogird an’anasi asosida ta’lim bermoqdalar. Shu kunga qadar tinglovchilar mazkur ustozlar ko‘magida “Muxtasarul-viqoya”, “Alfiqhul-akbar” kitoblari o‘qib tugatishdi. Ayni vaqtda “Kanzul-daqoiq” va Mulla Aliy Qorining “Alfiqhul-akbar”ga yozgan “Sharhul fiqhil Akbar” kitoblari mutolaa qilinib, asarlar batafsil o‘ranilmoqda. Ushbu asarlar Ahli sunna val jamoa aqidasi asosida mo‘min-musulmonlarni to‘g‘ri aqida hamda dinimiz ta’limotlariga amal qilishda vasatiy tarzda yurishlarida asosiy manbalardir.
Ta’kidlash joizki, imom-xatiblarning mazkur ilm dargohida olayotgan bilim va malakalari faoliyatlari uchun nihoyatda manfaatli bo‘lmoqda. Zero, turli yot g‘oyalar ta’siriga tushib adashgan yurtdoshlarimizni to‘g‘ri yo‘lga boshlash, mo‘min-musulmonlarga Ahli sunna val-jamoa va Hanafiy fiqhi asosida islom ta’limotlarini yetkazish, dolzarb mavzularda chiqish qilish, maqolalar yozishda bu dargohdan olinayotgan ilmiy va hayotiy tajribalar muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shuningdek, turli uchrashuvlar va mahallalarda olib borilayotgan targ‘ibot tadbirlarida ham mazkur ilmiy maktabda hosil qilingan bilim va ko‘nikmalar asqotmoqda. Imom-xatiblar o‘rtasidagi bilimlar bellashuvida ham mazkur maktab tinglovchilari o‘zini har tomonlama namoyon etayotgani ham e’tiborga molik. Shu bilan birga maktab tinglovchilarining bir qanchasi ilmiy izlanishlarda davom etib, o‘z tadqiqotlari bilan dinimiz ravnaqiga o‘z hissalarini qo‘shmoqdalar.
Ma’lumki, ilk o‘rta asrlarda Farg‘ona vodiysida fiqh maktabi shakllanib, buyuk allomalar yetishib chiqdi. Birgina Burhoniddin Marg‘inoniy islom xuquqshunosligi borasida beqiyos asarlar ta’lif etgani barchaga ma’lum. Bugun u kishining “al-Hidoya” asari butun musulmon olamida mashhur bo‘lib, islom huquqi – fiqh bo‘yicha eng aniq, mukammal asar sifatida tan olingan.
Bugun ham mazkur an’analar qayta tiklanib, yurtimiz yana ilmu ma’rifat, olim ulamolar diyoriga aylanayotgani quvonarli holdir.
Rahmatulloh JALILOV,
Farg‘ona viloyati vakilligi Matbuot kotibi
(Hidoyat jurnali, 12-son)