Hazrati Umar Ibn Hattob roziyallohu anhu shunday deganlar: “Alloh taolo yurtlarni vatan muhabbati ila obod qildi. Agar, Vatan muhabbati bo‘lmaganida yurtlar xarob bo‘lardi”.
Aslida, zamindagi barcha yurtlar Allohning inoyati ila obod bo‘ladi, faqatgina shu yurtning xalqi, odamlari qalbida o‘z “UY”lariga nisbatan yaxshilik, muhabbat bo‘lsa bas. Agar buning aksi bo‘lsa – yurtni sevadigan farzandlar bo‘lmasa unda u yerga musibatlar yog‘iladi. Tarix ham bugungi kun ham bunga guvoh. Ayni kunlarda butun boshli davlatlarning parchalanib, jang maydoniga aylanayotganining bosh sababi ham o‘sha mamlakat ahlining vataniga nisbatan muhabbati ozligidadair, ehtimol. Chunki, oilasini, yurtini sevgan inson uni vayron bo‘lishiga olib keladigan turli fitnalarga uchmaydi. Ig‘volarni tinglamaydi, bo‘xtonlarga qo‘shilmaydi, yolg‘onlarni qabul qilmaydi, aksincha, agar oilasi – vatanida kamchilik, nuqson paydo bo‘lsa uni bartaraf etishga, uni rivojlantirishga, tinchlik chamani bo‘lishiga, oiladoshlari, vatandoshlari hamjihatlikda yashashlari uchun, dunyoning eng baxtli oilalari jam bo‘lgan yurtga aylanishi uchun jiddu-jaht bilan harakat qiladi. Uni asrab avaylaydi.
Bugun, ijtimoiy tarmoqlarda in qurgan bir guruh yovuz niyatli nusxalar olislardan turib o‘z oilasi – vataniga qarshi turli fitnalar uyushtirib, ig‘vo-yu bo‘xtonlarni tarqatishmoqda. Bu manfur kimsalar tarixda ham bo‘lishgan, bugun ham bor, kelajakda ham bo‘ladi. Chunki, ularning onglarini shayton boshqaradi. Ular fitna qilmasa, urush-janjal chiqarmasa dunyo ko‘zlariga qorong‘u bo‘lib ketadi. Fitnakorlar uchun vatan, oila, insonlar shani va qadri degan tushunchalar mutlaqo begonadir.
Eng ayanchlisi, buzg‘unchilarning aksariyati dinni o‘zlariga niqob qilib, Islomning nomidan gapirib xalqni to‘g‘ri yo‘ldan adashtirish payida yuribdi. Ular uchun insonlarning joni va moli qadrsiz. Ular moddiy manfaat uchun hech qanday aybsiz, asossiz ravishda insonlarning, go‘daklarning umrlariga zomin bo‘lib qotilga aylanishmoqda.
Abu Hurayradan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vassallam: “Jonim qo‘lida bo‘lgan zot ila qasamki, toki odamlar boshiga qotil nima uchun qatl qilganini va maqtul nima uchun qatl qilinganini anglamaydigan kun kelmagunicha bu dunyo ketmas”, dedilar.
“Ey Allohning rasuli Ul qandoq bo‘lur?” deyildi.
“Haraj. Qotil ham, maqtul ham do‘zaxdadir”, dedilar”.
Sharh: Haraj-fitna va odam o‘ldirishning ko‘pligi.
Qiyomatning alomatlaridan biri odam o‘ldirishning ko‘payishi va odam o‘ldirgan odam nima uchun o‘ldirganini va o‘ldirilgan odam ham nima uchun o‘ldirilganini bila olmay qoladigan holatning paydo bo‘lishi ekan.
Bu yurt, bu tuproq Alloh taoloning bizga in’om etgan ulug‘ ne’matlaridandir. Bu ne’matga shukr qilish uni obod qilish bilan, uni turli fitnalardan asrash bilan amalga oshiriladi.
Saidabror Umarov tayyorladi
Iordaniyaning nufuzli “The Jordan Times” nashrida 24–29 avgust kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” xalqaro media forumi haqida maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Maqolada yozilishicha, tadbirning asosiy qismi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadi. Unda xorijiy ommaviy axborot vositalari xodimlari, yetakchi ekspertlar va media sohasi mutaxassislari ishtirok etadi.
O‘zbekistonning Iordaniyadagi elchixonasining ma’lum qilishicha, ushbu forum dasturidan yalpi majlislar, media ko‘rgazmalar, matbuot brifinglari va ikki tomonlama uchrashuvlar o‘rin olgan. Uchrashuvlarda hujjatli kino va tarixiy xotira, nashriyot loyihalari va zamonaviy texnologiyalar, xalqaro media loyihalarni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqiladi.
Bundan tashqari, o‘zbekistonlik talabalar uchun jahon media sanoatining yetakchi vakillari ishtirokida mahorat darslari tashkil etiladi. Ishtirokchilar zamonaviy jurnalistika, media ishlab chiqarish va xalqaro axborot makonida samarali hamkorlik qilish bo‘yicha tajriba almashadi.
Nashrda qayd etilishicha, forum ishtirokchilari 27 avgust kuni Samarqandga sayohat qilishadi. Safar doirasida mehmonlar Imom al-Buxoriy majmuasiga tashrif buyurib, shaharning boy tarixiy-madaniy merosi bilan tanishadi. Shuningdek, Toshkentda xalqaro ommaviy axborot vositalari vakillari uchun maxsus mediatur o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Forum 28 avgust kuni yakuniy yalpi majlis va rasmiy yopilish marosimi bilan yakunlanadi. Mehmonlar O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirlarda ham ishtirok etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati