Joriy yilning 9 noyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi Farg‘ona viloyati vakili, viloyat bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev masjidlarda olib borilayotgan qurilish va ta’mirlash hamda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik jarayonlari bilan tanishish maqsadida Qo‘shtepa tumaniga tashrif buyurdi.
Tumandagi «Qorashbuva» jome masjidining dastlabki binosi xo‘jalik inshooti sifatida qurilgan bo‘lib, keyinchalik masjidga moslashtirilgan. Yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan islohotlar samarasi o‘laroq mazkur masjid ham ayni vaqtda yangi loyiha asosida qayta qad ko‘tarmoqda.
Viloyat bosh imom-xatibi qurilish jarayoni, u yerda olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishar ekan, yangi bunyod etilayotgan masjid va unga hamohang bo‘lgan qo‘shimcha binolar ham zamonaviy arxitektura talablariga javob berishi, mo‘min-musulmonlarning ibodati uchun har tomonlama qulay bo‘lishini e’tiborga olinishi ham xalqimizga uzoq yillar xizmat qilishi, bir so‘z bilan aytganda, uzoqni ko‘zlab ish olib borish zarurligini ta’kidladi.
«Eshonguzar» va «Do‘rmon» masjidlariga uyushtirilgan tashrif asnosida tahoratxonalar holati, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishilib, zaruriy tavsiyalar berildi.
R.Jalilov,
Farg‘ona viloyati vakilligi xodimi
Bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasi Qur’oni karim va tajvidni o‘rgatish bo‘limi mudiri Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum o‘g‘li hamda Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Jasurbek domla Raupov Bekobod shahridagi Qur’on va tajvid markaziga tashrif buyurdilar.
Markaz ma’muriyati hamda u yerda ta’lim olayotgan tinglovchilar bilan bo‘lib o‘tgan suhbat har jihatdan samarali bo‘ldi. Xususan, uchrashuvda Shayx Alijon qori hafizahulloh Qur’oni karimni yodlash fazilatlari, bu borada yaratilgan shart-sharoitlarning qadriga yetish, shukrona keltirish, vaqtdan unumli foydalanish kabi mavzularda go‘zal mav’iza qilib berdilar.
Haqiqatan, Qur’oni karimni yodlash, oyatlar ma’no-mazmunlarini tafakkur va tadabbur qilish ibodat va chinakam saodatdir.
Usmon ibn Affon roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Sizlarning yaxshilaringiz Qur’oni karimni o‘rgangan va o‘rgatganlaringizdir", deb marhamat qilganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati