Xalqimiz orasida mayyitlarni oxirgi yo‘lga kuzatish o‘ta muhim masala bo‘lib, ko‘pchilik bilishi lozim bo‘lgan narsalardir. Muhtazar (o‘limi yaqinlashgan inson)ga nisbatan qilinadigan odoblar haqidagi ma’lumotga ega bo‘lmaganliklari sababli ham hozirgi vaqtda ko‘pchilik orasida bu narsa turli bid’at-xurofotlarni keltirib chiqarmoqda.
Komil mo‘min o‘limni oxirat hayotining dastlabki bosqichi, undan keyin abadiy hayot boshlanishini bilganligi sababli, boqiy dunyo hayotini o‘zining solih amallari bilan go‘zallashtirishga harakat qiladi va bunday insonlar o‘limga hamma vaqt hozir bo‘ladi.
O‘limni eslamaslik kibr, manmanlik, g‘aflat, kayf-safo, loqaydlik kabi qator illatlarga olib keladi. Hamma yo‘llar insonni yagona bir manzilga eltadi. Mo‘min kishi, albatta, qilgan ezgu amallari, toat-ibodatlari, Allohning rozi-rizoligi yo‘lida yelib-yugurganligi evaziga ulug‘ mukofotlar berilishidan umid etadi. Zero, Haq taolo o‘limning haqligiga ishora qilib aytadi: “Har bir jon o‘lim (achchig‘i)ni totuvchidir. Qiyomat kunida, albatta, mukofotlaringiz sizlarga to‘la-to‘kis berilur. Bas, (o‘sha kuni) kim do‘zaxdan uzoqlashtirilib, jannatga kiritilsa, demak, u (katta) yutuqqa ega bo‘libdi. Bu dunyo hayoti esa, faqat g‘urur (aldov) matohidir” (Oli Imron surasi, 185-oyat).
Musulmon kishi uchun o‘lim bu yo‘qlik emas. O‘lim bu – bekatda bir muddat qolib ketgan yo‘lovchining ko‘zlagan manziliga yetib olishi. Musofirning esa Vataniga qaytishidir. Bunda safar yuzasidan hisobot, hisobotga qarab martaba beriladi...
Mana shu martabaga yetishishda esa hayotlik vaqtimizdagi ezgu amallarimiz, o‘lim oldi va oxirat manziliga borishda o‘zimiz va yaqinlarimizni chiroyli tarzda tayyorlash muhimdir.
Joriy yilning 30 oktyabr kuni “Ko‘zi ojizlar” madaniyat saroyida ko‘zi ojizlar uchun, 3, 10 noyabr kunlari Toshkent shahridagi “Shayx Zayniddin” jome masjidida “Karlar jamiyati” a’zolari uchun “Muhtazarga nisbatan qilinadiganodoblar” mavzusida diniy-ma’rifiy suhbat o‘tkazildi.
Toshkent shahar “Firdavs” jome masjidi imom-xatibi Baxtiyor Sattorov bemor oldidagi odoblar, o‘limi yaqinlashgan insonlarga qilinadigan amallar, mayyitni yuvish va kafanlash, janoza, mayyitni dafn qilish haqida ma’ruza qildi.
Alloh taolo Ankabut surasining 57-oyatida: «Har bir jon o‘lim (achchig‘i)ni totuvchidir. So‘ngra (qiyomat kuni) Bizga qaytarilursiz», deb marhamat qilgan.
O‘lim haq, har qanday tirik jon bir kunmas-bir kun o‘lim bilan yuzma-yuz keladi. Inson shu muqarrar voqelikka munosib tayyorgarlik ko‘rishi kerak. Hech kim qachon, qayerda, qanday o‘lishini bilmaydi. Alloh taolo bu haqida xabar berib bunday deydi:
“Darhaqiqat, Allohning huzuridagina qiyomat (qachon bo‘lishi to‘g‘risida) bilim bordir. U (xohlaganicha) yomg‘ir yog‘dirur va bachadonlardagi narsa(homila)ni bilur. Biror jon ertaga nima ish qilishini bilmas. Biror jon qayerda o‘lishini ham bilmas. Albatta, Alloh(hammanarsani)biluvchi va xabardor Zotdir” (Luqmon surasi, 34-oyat).
Ma’ruza davomida imom mayyitni yuvish uchun suv topilmaganda tayammum qildirish mumkinligini tushuntirib o‘tdi. Mayyitni yuvish va kafanlash ishlari amaliy ko‘rsatib berildi.
Imkoniyati cheklangan fuqarolar quyidagi savollarni berishdi:
Savollarga imom tomonidan atroflicha javob berildi. Bu suhbat nogironligi bo‘lgan tinglovchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Ma’ruza uchun imomga minnatdorlik izhor qilishdi.
Munira ABUBAKIROVA,
O‘MI mutaxassisi
G‘am-qayg‘usiz hayotni kutib yashayotgan qizga «Siz kutayotgan kun bu dunyoda hech qachon kelmaydi», deb aytish kerak.
Alloh taolo «Biz insonni mashaqqatda yaratdik», degan (Balad surasi, 4-oyat).
Bu hayot – g‘am-tashvishli, azob-uqubatli, mashaqqatli hayotdir. Mo‘min odam buni juda yaxshi tushunadi. Bu dunyoda qiynalsa, azob cheksa, oxiratda albatta xursand bo‘lishini biladi. Inson mukammal baxtni faqatgina oxiratda topadi. Shuning uchun ulug‘lardan biriga «Mo‘min qachon rohat topadi?» deb savol berishganda, «Ikkala oyog‘ini ham jannatga qo‘yganida», deb javob bergan ekan.
Allohning mehribonligini qarangki, oxirat haqida o‘ylab, unga tayyorgarlik ko‘rish hayotni go‘zal qiladi, qayg‘ularni kamaytirib, uning salbiy ta’sirini yengillatadi, qalbda rozilik va qanoatni ziyoda qiladi, dunyoda solih amallarni qilishga qo‘shimcha shijoat beradi, musibatga uchraganlarni bu g‘am-tashvishlar, azob-uqubatlar bir kun kelib, bu dunyoda bo‘lsin yoki oxiratda bo‘lsin, baribir yakun topishiga ishontiradi. Oxirat haqida o‘ylab, faqat solih amallar qilishga intilish insonni baxtli qiladi.
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: «Kimning g‘ami oxirat bo‘lsa, Alloh uning qalbiga qanoat solib qo‘yadi, uni xotirjam qilib qo‘yadi, dunyoning o‘zi unga xor bo‘lib kelaveradi. Kimning g‘ami dunyo bo‘lsa, Alloh uning dardini faqirlik qilib qo‘yadi, parishon qilib qo‘yadi, vaholanki dunyodan unga faqat taqdir qilingan narsagina keladi».
Alloh taolo faqat oxirat g‘ami bilan yashaydigan (oxirat haqida ko‘p qayg‘uradigan, har bir amalini oxirati uchun qiladigan) qizning qalbini dunyoning matohlaridan behojat qilib qo‘yadi. Qarabsizki, bu qiz har qanday holatda ham o‘zini baxtli his qiladi, hayotidan rozi bo‘lib yashaydi. Xotirjamlikda, osoyishtalikda, qanoatda yashagani uchun istamasa ham qo‘liga mol-dunyo kirib kelaveradi. Zero, Alloh taolo oxirat g‘amida yashaydigan, shu bilan birga, hayotiy sabablarni ham qilish uchun harakatdan to‘xtamagan kishining rizqini kesmaydi, uni ne’matlariga ko‘mib tashlaydi.
Ammo Alloh taolo bor g‘am-tashvishi dunyo bo‘lgan qizni faqirlar qatorida qilib qo‘yadi. Bunday qiz mol-dunyoga ko‘milib yashasa ham, o‘zini faqir, bechora his qilaveradi. Natijada dardi yangilanaveradi, dardiga dard qo‘shilaveradi, fikrlari tarqoq bo‘lib, iztirobga tushadi. Afsuski, shuncha yelib-yugurgani bilan faqat dunyoning ne’matlariga erisha oladi, oxiratda nasibasi bo‘lmaydi.
Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev tarjimasi.