Kecha, 11 noyabr kuni Samarqand shahar “Xo‘ja Is'hoqi Valiy” jome masjidida "Vaqf" xayriya jamoat fondi viloyat filali hamkorligida gapirish va eshitishda nuqsoni bo‘lgan shaxslar ishtirokida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning tug‘ilgan oylari munosabati bilan Mavlud tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda Samarqand viloyat bosh imom-xatibi Zayniddin Eshonqulov, O‘zbekiston Musulmonlari idorasi vakili, surdo tarjimoni Rustam Berdiyev hamda “Xo‘ja Is'hoqi Valiy” jome masjidi imom xatibi Yoqub Mansurovlar ishtirok etdi. Viloyat bosh imom-xatibi so‘z olib, yig‘ilganlarga Payg‘ambarimiz alayhissalomning nasl-nasablari, tug‘ilishlari, hayotining dastlabki yillari va mana shu davrda u zot bilan sodir bo‘lgan mo‘jizalar haqida gapirib berdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hayotlari, amalga oshirgan ishlari haqida keyingi uchrashuvlarda yana suhbatlar bo‘lishi ta’kidlandi.
Shundan so‘ng tadbirda ishtirok etgan yetmish nafar gapirish va eshitish imkoniyati cheklangan fuqarolarga homiylar tomonidan taqdim etilgan shirinliklar tarqatilib, ularga bayramona kayfiyat ulashildi.
O‘MI Samarqand viloyat vakilligi
Bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasi Qur’oni karim va tajvidni o‘rgatish bo‘limi mudiri Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum o‘g‘li hamda Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Jasurbek domla Raupov Bekobod shahridagi Qur’on va tajvid markaziga tashrif buyurdilar.
Markaz ma’muriyati hamda u yerda ta’lim olayotgan tinglovchilar bilan bo‘lib o‘tgan suhbat har jihatdan samarali bo‘ldi. Xususan, uchrashuvda Shayx Alijon qori hafizahulloh Qur’oni karimni yodlash fazilatlari, bu borada yaratilgan shart-sharoitlarning qadriga yetish, shukrona keltirish, vaqtdan unumli foydalanish kabi mavzularda go‘zal mav’iza qilib berdilar.
Haqiqatan, Qur’oni karimni yodlash, oyatlar ma’no-mazmunlarini tafakkur va tadabbur qilish ibodat va chinakam saodatdir.
Usmon ibn Affon roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Sizlarning yaxshilaringiz Qur’oni karimni o‘rgangan va o‘rgatganlaringizdir", deb marhamat qilganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati