Kecha, 11 noyabr kuni Samarqand shahar “Xo‘ja Is'hoqi Valiy” jome masjidida "Vaqf" xayriya jamoat fondi viloyat filali hamkorligida gapirish va eshitishda nuqsoni bo‘lgan shaxslar ishtirokida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning tug‘ilgan oylari munosabati bilan Mavlud tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda Samarqand viloyat bosh imom-xatibi Zayniddin Eshonqulov, O‘zbekiston Musulmonlari idorasi vakili, surdo tarjimoni Rustam Berdiyev hamda “Xo‘ja Is'hoqi Valiy” jome masjidi imom xatibi Yoqub Mansurovlar ishtirok etdi. Viloyat bosh imom-xatibi so‘z olib, yig‘ilganlarga Payg‘ambarimiz alayhissalomning nasl-nasablari, tug‘ilishlari, hayotining dastlabki yillari va mana shu davrda u zot bilan sodir bo‘lgan mo‘jizalar haqida gapirib berdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hayotlari, amalga oshirgan ishlari haqida keyingi uchrashuvlarda yana suhbatlar bo‘lishi ta’kidlandi.
Shundan so‘ng tadbirda ishtirok etgan yetmish nafar gapirish va eshitish imkoniyati cheklangan fuqarolarga homiylar tomonidan taqdim etilgan shirinliklar tarqatilib, ularga bayramona kayfiyat ulashildi.
O‘MI Samarqand viloyat vakilligi
1. Sahar vaqtlarida istig‘for aytishni odat qilmoq.
"(Ular) sabrli, sadoqatli, itoatli, saxovatli va sahar choqlarida Allohdan mag‘firat so‘raydigan kishilar edi" (Oli Imron surasi 17-oyat).
2. Fikrlash uchun xilvatda qolmoq.
"...va osmonlaru yerning yaratilishi haqida fikr yuritadilar" (Oli Imron surasi 191-oyat).
3. Yaxshilar bilan suhbatdosh bo‘lmoq.
"Siz o‘zingizni ertayu kech Parvardigorlari "yuzi"ni istab, Unga iltijo qiladigan zotlar bilan birga sabr qilishga undang!" (Kahf surasi 2-oyat).
4. Hamisha Allohni esda tutmoq.
"Ey imon keltirganlar; Allohni ko‘p eslangiz" (Ahzob surasi, 41-oyat).
5. Xushu’ bilan namoz o‘qimoq.
"Ular namozlarida o‘zlarini kamtar tutuvchidirlar" (Mu’minun surasi, 2-oyat).
b. Tadabbur bilan Qur’on o‘qimoq.
"Qur’on (oyatlarining ma’nolari) haqida(chuqurroq)fikr yuritmaydilarmi? (Niso surasi, 82-oyat)
7. Qattiq issiq kunlarda nafl ro‘zalar tutmoq.
Alloh taolo faxrlanib aytadi: "Bandam o‘zining taomi, ichimligi va shahvatini Men uchun tark qildi".
8. Sadaqani yashirincha bermoq.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: "O‘ng qo‘l berganni chap qo‘l bilmasin".
9. Musulmonning bironta g‘amini ketkazmoq.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Musulmondan g‘amni ketkazgan insonni Alloh ham qiyomat kunida g‘amini ketkazadi", deganlar.
10. Bu o‘tkinchi dunyodan zuhd bilan o‘tmoq.
"Holbuki, oxirat yaxshiroq va boqiyroqdir" (A’lo surasi, 17-oyat).
«O‘kinma» kitobidan